scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK VA RUS TILLARIDA SEMANTIK MAYDONNING ASOSIY BELGILARI

Yorkinoy Xamrayeva

Full text

177 O‘ZBEK VA RUS TILLARIDA SEMANTIK MAYDONNING ASOSIY BELGILARI Yorkinoy Xamrayeva, QarDU professori v.b. [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387609 Annotatsiya. Maqolada o‘zbek va rus tillarida semantik maydonlar qiyosiy aspektda tahlil qilingan, qiyoslanayotgan tillardagi semantik maydonlarning asosiy belgilari, o‘xshash va farqli jihatlari yoritilgan. Kalit so‘zlar: semantik maydon, sema, arxisema, ma’no ko‘lami, ma’no bo‘lakchasi, ma’no zanjiri, lisoniy omillar. Abstract. The article analyzes semantic fields in Uzbek and Russian from a comparative perspective, highlighting the main features, similarities and differences of semantic fields in the languages being compared. Key words: semantic field, seme, archiseme, semantic volume, semantic shade, semantic chain, linguistic factors. Semantik maydon deganda odatda ma’no jihatdan bogʻlangan soʻzlar (yoki leksemalar) yigʻindisi tushuniladi. Bu tushuncha mazmuniy maydon, leksik sath yoki semantik tizim ma’nolarida ham qo‘llanadi. Azim Hojiyevning “Tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati”da mazkur atamaga quyidagicha izoh keltirilgan: “SEMANTIK MAYDON. Ma’lum bir arxisema asosida birlashuvchi so‘z va iboralar majmui. Mas., vaqt semantik maydoni. Bu semantik maydon yil, oy, hafta, kun va sh.k. leksik, frazeologik birliklardan tashkil topadi” [8; 87]. Rus tilshunosi T.V.Jerebilo ta’rifiga ko‘ra esa “Semantik maydon bu tilning ma’lum bir semantik sohasi bo‘lib, bir umumiy ma’no asosida birlashgan soʻzlarning onomasiologik va semantik guruhlanishi, ularning iyerarxik joylashuvidir. Semantik maydonning onomasiologik xususiyati uning negizida muayyan obyektlar sinfini bildiruvchi umumiy sema yoki gipersemaning mavjudligi bilan tavsiflansa, semasiologik xususiyati maydon a’zolarining umumiy va farqlovchi belgilariga ko‘ra o‘zaro munosabatga kirishishi bilan aniqlanadi” [1; 267]. Demak, semantik maydon obyekiv borliqning turli jihatlarini aks ettiruvchi so‘zlar majmui bo‘lib, ular umumiy ma’noviy belgilariga ko‘ra yagona kategoriya atrofida birlashadi. Tilda semantik maydonlarning mavjudligi tilning sinkret tabiati va ayni damda diskretlik xususiyati bilan bog‘liqdir. Bunday ma’noviy maydonlar tilga, jumladan, leksikaga system yondashuv asosida aniqlanadi. Zero V.M.Solnsev ta’kidlaganidek, til sistemalar sistemasidir [5; 8]. 178 Semantik maydonlarni qiyosiy-chog‘ishtirma aspektda tahlil qilish orqali biz turli madaniyat hamda har xil til sohiblari tomonidan olam va uning tuzilishini turlicha idrok etilishi haqidagi ma’lumotlarni olishimiz mumkin. Jumladan, оʻzbek va rus tillaridagi semantik maydonlarni qiyoslash ushbu tillarda soʻzlashuvchi xalqlarning tarixiy taraqqiyoti, madaniyati va tilidagi farqlar bilan bogʻliq boʻlgan bir qator oʻziga xosliklarni aniqlash imkonini beradi. E’tiborli jihatlardan biri shundaki, qiyoslanayotgan tillarda semantik maydonlar qay tartibda tuzilishi va tashkil etilishi til sohiblarining olamni idrok etish darajasi bilan bog‘liqdir. Misol uchun, rus tilida tushunchalarning aniq va keng tasniflanishini ko‘rishimiz mumkin, o‘zbek tilida esa ko‘p hollarda nisbatan umumiy kategorial turkumlanishni kuzatamiz. Oʻzbek va rus tillarida semantik maydonning struktur farqlari. Qayd etilganidek, semantik maydondagi soʻzlar umumiy ma’noviy xususiyatga ega. Koʻpincha bunday maydonlar mavzu asosida aniqlanadi, misol uchun, “organik olam”, “noorganik olam”, “inson tanasi a’zolari”, “o‘simliklar”, “oziq-ovqat mahsulotlari” yoki “jamiyat”, “ijtimoiy munosabatlar” va hokazo [7]. Semantik maydonga bir qator misollarni ko‘rib chiqamiz. Chunonchi, o‘zbek tilida “Hayot bosqichlari” semantik maydonida muayyan izchillikni kuzatish mumkin: chaqaloq – go‘dak – kichkintoy – bola – o‘smir – yigit – erkak – chol. Ushbu ma’no zanjiri rus tilida ham shu kabi qatorni tashkil etadi: новорожденный – младенец – малыш – ребёнок – юноша – парень – мужчина – старик. Bu zanjirda keltirilgan so‘zlar ma’no bolakchalariga ko‘ra farqlanadi, ammo ayrim leksemalar o‘rtasida o‘xshashlik (chaqaloq, go‘dak), ba’zi o‘rinlarda esa leksik bo‘shliq (lakuna)larni ko‘rishimiz mumkin Misol uchun, tilimizda “voyaga yetgan yoshdagi erkak jinsidagi insonlar”ni ayricha ifodalash mumkin bo‘lgan leksik birlik yo‘q. Shuni ham ta’kidlash lozimki, bola yoki kichkintoy kabi leksemalar ko‘proq so‘zlashuv uslubida qo‘llansa, o‘smir, yigit leksemalari asosan rasmiy yoki badiiy uslubda ishlatiladi. Bundan tashqari, ushbu semantik maydonda “voyaga yetganlar” – “voyaga yetmaganlar” guruhlanishini ham amalga oshirishimiz mumkin va bu, tabiiyki, rasmiy uslubga oid tushunchalar bilan ifodalanadi. Rus tilida esa leksik lakunalarni “сороколетний”, “пятидесятилетний”, “шестидесятилетний”, «восьмидесятилетний» kabi leksemalar bilan to‘ldirish mumkin. O‘zbek tilida ushbu tushunchalar leksemalar orqali emas, balki so‘z birikmalari yordamida ifodalanadi “qirq yoshli erkak” (binobarin, rus tilidagi -ий tugalmasi erkak jinsiga ishora qiladi). Rus tilshunosi S.A.Moiseyeva o‘z monografiyasida semantik maydon haqida fikr yuritar ekan: “Leksik-semantik maydon birliklari shunday tarzda uyg‘unlashadiki, ular muayyan konseptual sohalarga aloqador semantik uyalarlarni 179 o‘zaro bir-biriga bog‘laydigan o‘ziga xos iyerarxiyani tashkil etadi”, - deya ta’kidlaydi [3; 8]. Demak, leksik-semantik maydonni tashkil etuvchi so‘zlar majmuini voqelik tarkibi yoki voqelikning ushbu segmentini idrok etuvchi shaxs ongining bir qismi sifatida baholash mumkin. Boshqacha qilib aytganda, lisoniy faktlar nafaqat obyektiv voqelik, balki inson tafakkurining mahsuli sifatidagi kontseptual soha, ya’ni shaxsning obyektiv voqelikni qanday izohlashi haqidagi ma’lumotlarni ham saqlaydi. Bundan tashqari, inson voqelik faktlarini o‘zining hayoti uchun muhim bo‘lgan darajada idrok etadi va o‘zgacha yondashadi. Rus tilida «rang» tushunchasini ifodalovchi yuzlab so‘zlar mavjud: красный, розовый, красноватый, бордовый, голубой, жёлтый, зелёный, бурый, серый, салатный, коричневый, каурый va boshqalar. Bu so‘zlar har xil ranglarni ifodalash bilan birga, turli ma’no bo‘yoqlarini aniq yetkazish va idrok etishga xizmat qiladi. O‘zbek tiliga ham mazkur so‘zlarning aksariyati bir so‘z bilan tarjima qilinadi. Masalan: красный – qizil, розовый – pushti, красноватый – qizg‘ish, голубой – zangori, жёлтый – sariq, , зелёный – yashil, бурый – qo‘ng‘ir; ammo бордовый – to‘q qizil, серый – kulrang, фиолетовый – binafsha rang, салатный – salat rangi, коричневый – jigarrang, каурый – to‘q jigar rang [6]. E’tibor berilsa, ushbu qatorning oxirgi so‘zlariga “rang” so‘zi qo‘shilib lekemalar hosil bo‘lgan. Demak, o‘zbek tilida ko‘p tuslar uchun bitta umumiy so‘z qo‘llanilib, ma’no bo‘yoqlari orasidagi farqlar ko‘pincha kontekst yoki qo‘shimcha so‘zlarning qo‘shilishi orqali ifodalanadi. Ranglar o‘rtasidagi tafovutlarni belgilash leksik birliklarning semantik maydonda qanday guruhlanganligini ko‘rsatishga yordam beradi. Tabiiyki, semantik maydondagi barcha leksik birliklar bir xil maqomga ega bo‘la olmaydi. Misol uchun, yosh bolalar pushti, qirmizi va h.k. ranglarni tanishdan avval “qizil” rangni tanib oladilar va aynan uni esda saqlaydilar. Qizilga aloqador boshqa ranglar esa uning turli variantlari sifatida bola ongida keyinroq paydo bo‘ladi, binobarin “pushti” qizilning bir turi – juda oz miqdorda qizillikka ega bo‘lgan rang. Ammo “qizil” pushtining bir turi bo‘la olmaydi. Shunga ko‘ra, “Rang” semantik maydonidagi leksemalarni 1) “kuchli ifodaga ega bo‘lgan” hamda 2) “kuchsiz ifodaga ega bo‘lgan” guruhlarga ajratish mumkin. E’tiborli jihati shundaki, qizil, sariq, ko‘k, yashil kabi leksemalar “kuchsiz ifodaga ega bo‘lgan” ranglar guruhini tashkil qilsa, ularga aloqador bo‘lgan, ya’ni ushbu ranglarning oz yoki ko‘p miqdorini ko‘rsatadigan boshqa ranglar “kuchli ifodaga ega bo‘lgan” leksemalar guruhiga kiradi. 2-guruhdagi so‘zlar 1guruhdagilarga nisbatan nutqda ko‘proq ishlatiladi, ular asosan tub so‘zlar bo‘lib kengroq ma’no ko‘lamiga egadir. Shuningdek, bu leksemalar boshqa narsahodisalarning metaforik qo‘llanishi natijasida yuzaga kelmaydi. Masalan, 1- 180 guruhdagi “binafsha rang” leksemasi binafsha gulining rangi asosida hosil bo‘lgan. Rus tilidagi “фиолетовый» so‘zi ham “фиалка” guli nomi o‘zagidan yasalgan. Oʻzbek va rus tillarida semantik maydonning lingvomadaniy farqlari. Qiyoslanayotgan tillardagi semantik maydonning yana ahamiyatli belgilaridan biri bu muayyan madaniyatga xos eng muhim tushunchalar va hodisalar bo‘lib, misol uchun, rus tilidagi “qish”, tushunchasi rus xalqining tili, madaniyati, milliy an’analari, Rossiya iqlimi, aholining turmush tarzi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ko‘plab leksik hamda frazeologik birliklarni o‘z atrofida jamlaydi. O‘zbek tilida esa “qish” tushunchasiga aloqador assotsiatsiyalar kamroq bo‘lishi mumkin, chunki yurtimiz iqlimi nisbatan issiq bo‘lib, aksincha, bahor va yoz tushunchalari bilan bog‘liq leksemalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Demak, rus va oʻzbek xalqlari oʻrtasidagi madaniy tafovutlar til doirasida ham oʻz ifodasini topadi. Milliy va diniy an’analar, kundalik hayot bilan bog‘liq semantik tushunchalar ko‘p jihatdan o‘ziga xos belgilarni ko‘rsatadi. Rus tilida “oila”, “do‘stlar”, “bayramlar” kabi semantik maydonlar katta ahamiyatga ega bo‘lib, bu yerda “Rojdestvo”, “Maslenitsa”, “Pasxa”, “G‘alaba kuni” kabi rus milliy bayramlari bilan bog‘liq so‘zlar muhim o‘rin tutadi. Bayramga aloqador tushunchalar o‘zbek tili semantik maydonida ham yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi (Masalan, Navro‘z, Mustaqillik bayrami, Ramazon hayiti, Qurbon hayiti). Bundan tashqari, tilimizda “Mehmondo‘stlik” konsepti katta ahamiyatga ega, chunki o‘zbek madaniyatida mehmon kutish an’analari asosiy rol o‘ynaydi. Bu holat mehmon, mezbon, tavoze’, siylamoq, ko‘rmana, poyandoz, tog‘ora, hadya leksemalari, shuningdek xush kelibsiz, mehmon kutish, sarpo-suruq, bordi-keldi kabi ko‘plab birikmalarning qo‘llanishida o‘z aksini topadi. Xulosa sifatida ta’kidlash lozimki, o‘zbek va rus tillaridagi semantik maydonlarni qiyosan o‘rganish bizga bir tomondan, ushbu tillar orasidagi sistemstruktur tafovutlarni, ikkinchi tomondan esa, madaniy omillar bilan shartlangan farqlarni aniqlashga yordam beradi. Bu farqlar har bir til tomonidan olamning qanday holatda va qay darajada idrok etilishining o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettirish bilan birga, milliy an’analar va xalqlar mentalitetini yaxshiroq tushunish uchun til semantikasini o‘rganishning alohida ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi. Adabiyotlar: 1. Жеребило Т.В. Словарь лингвистических терминов. Назрань: Пилигрим, 2010. – 486 с. 2. Искандарова Ш. Тил системасига майдон асосида ёндашув. – Тошкент: Фан, 2007. – 152 б. 3. Моисеева С.А. Семантическое поле глаголов восприятия в западно-романских языках. Монография. – Белгород: БелГУ, 2005. – 248 с. 4. Собиров А. Ўзбек тилининг лексик сатҳини системалар системаси тамойили асосида тадқиқ этиш. – Тошкент: Маънавият, 2004. – 160 б. 181 5. Солнцев В.М. Язык как системно-структурное образование. – М.: Наука, 1971. – 293 с. 6. Хамраева Ё.Н. Имя прилагательное как средство художественной выразительности. Монография. Карши: BIG MAKRO WORLD, 2025. – 124 c. 7. Щетинина А.В., Блинова А.Н. Принципы и методы описания социальной лексики в идеографическом словаре // Научный диалог., 2017. № 10. - С. 111-127. 8. Ҳожиев А. Тилшунослик терминларининг изоҳли луғати. – Тошкент: ЎзМЭ Давлат илмий нашриёти, 2002. – 166 б.