TERMIN VA KASB-HUNAR LEKSIKASINING O'XSHASH VA FARQLI JIHATLARI
Full text
182 TERMIN VA KASB-HUNAR LEKSIKASINING O‘XSHASH VA FARQLI JIHATLARI Dilnoza Jamoliddinova, Qo‘qon davlat universiteti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Maxmudov Mirzobek, Qo‘qon davlat universiteti mustaqil tadqiqotchisi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387623 Annotatsiya. Mazkur maqolada kasb-hunar leksikasi terminlar kabi tilning maxsus birliklari qatoridan o‘rin olganligi, biroq kasb-hunar leksikasi va terminologik leksika bir-biridan o‘ziga xos belgilariga ko‘ra farqlanishi ko‘rsatib berilgan. Har qanday kasb-hunar kishilarning kasbiy faoliyati, insoniyat hayotining uzviy bir qismi bo‘lganligi sababli har bir tilning kasb-hunar leksikasini xalqning mehnat faoliyati, kasb-kori, shuningdek, kasbiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan o‘ziga xos urf-odatlari, qadriyat va an’analarini ham e’tiborga olib o‘rganilishi lozimligi ilmiy asoslab berilgan. Kalit so‘zlar: termin, kasb-hunar leksikasi, madaniyat xazinasi, chegaralangan leksika, tilning lug‘at tarkibi, moddiy-madaniy yodgorliklar, adabiy til, so‘z-terminlar . Respublikamizning moddiy-madaniy yodgorliklari, betakror me’moriy obidalari, kulolchilik, to‘qimachilik kabi san’at namunalari bilan jahon madaniyati xazinasida o‘ziga xos o‘rin tutishi sir emas. Ajdodlarimiz ko‘p asrlik ijodiy mehnati jarayoni natijasida shakllangan bundan-da boy madaniy meros – tilimiz leksik qatlami birliklarini to‘plash, tartibga solish adabiy til me’yorlarini belgilashda o‘ziga xos ahamiyatga ega. Akademik Sh.Shoabdurahmonov o‘zbek tili leksikasini tizimlashtirish va ilmiy jihatdan o‘rganish nihoyatda zarurligi haqida quyidagi fikrlarini bayon qilgan edi: “Agar yaqin kelajakda o‘zbek traditsion leksikasi to‘laligi bilan qayd qilib olinmasa, barcha mas’uliyatni hisobga olgan holda aytish mumkinki, keksa avlod tugab borishi bilan tilning ular hofizasida saqlanib, bizgacha yetib kelgan qimmatli materiallarning bir qismi hamishalikka yo‘qolishi mumkin” [Шоабдураҳмонов, 1962: 325]. O‘zbek tilidagi kasb-hunar leksikasini to‘plashga birinchi bo‘lib taniqli tilshunos olim S.Ibrohimov kirishgan edi. U turmushmizdan izi o‘chib borayotgan, hali hech kim tomonidan o‘rganilmagan Farg‘ona shevasidagi kasb-hunarga oid so‘zterminlarni to‘plab lingvistik jihatdan tahlil qildi va bunday so‘zlar lug‘atini tuzdi [Иброҳимов, 1969]. A.Sobirov olimning bu xizmatlarini e’tirof etib, quyidagi ma’lumotlarni keltiradi: “Kasb-hunar leksikasining tarkib topishi va rivojlanishida
183 prof. S.Ibrohimovning xizmatlari beqiyos sanaladi. Olim ipakchilar, tandirchilar, shuvoqchilar, degrezlar, rixtagarlar, metallsozlar, temirchilar, qulfsozlar, ignachilar, pichoqchilar, chilangarlar, taqachilar, na’lgarlar, misgarlar, anjomasozlar, mixgarlar, zanjirsozlar, naqqoshlar, muhrkanlar, zargarlar, miynogarlar, savotgarlar, gahchilar leksikasidan 2500 ga yaqin leksik birliklarni yig‘ib olib, ular ustida fundamental tadqiqot ishlari olib bordi. Natijada keyinchalik bajarilgan ko‘plab ishlar uchun uning asarlari qimmatbaho manba vazifasini o‘tadi. 60–90-yillarda terminolog va leksikologlarning butun bir avlodini tarbiyalab voyaga yetkazishda S.Ibrohimov asos solgan professional leksikologiya maktabining o‘rni beqiyos katta bo‘ldi” [Собиров, 2004: 27-28]. Darhaqiqat, xalqimiz hayotida faol qo‘llanuvchi leksik qatlamni tashkil qiluvchi oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy, uy-ro‘zg‘or buyumlarini ifodalovchi nomlarimiz boy va rang-barangdir. Qadimgi qo‘lyozmalar va arxeologik qazilmalarda topilgan narsa-buyum va ularni ifodalagan nomlar o‘rganilsa, hozirgi davr birliklariga qiyoslansa, o‘zbek xalqining tarixiy taraqqiyoti haqida sermazmun ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Xalqimiz bosib o‘tgan tarixiy yo‘l, xalq ijodiyoti, mehnat faoliyati tilning leksik qatlamida o‘z izini qoldirgan. Arxeologik qazilmalardan ma’lum bo‘lishicha, fan-texnika, madaniyat, hunarmandchilik sohalaridan erishgan ilk yutuqlarimiz bronza davri bilan bog‘lanadi. M.Aliyevaning ma’lumotiga ko‘ra, “arxeologik qazishmalar natijasida topilgan ashyoviy dalillar bevosita to‘qimachilik san’ati tarixi haqida ma’lumot beradi. Shuningdek, to‘qimachilikda qo‘llaniladigan ip, gazlama kabi xomashyolarning qoldiqlari topildiqning qaysi asrga oidligini aniqlashga yordam beradi. Masalan, Shimoliy Baqtriya hududidan (Kampirtepa, eramizdan oldingi II-III asrlar) topilgan ipak gazlamasi parchasi bu yerda juda qadimdan to‘qish va gazlamalarni bo‘yash texnikasi rivojlanganligini isbotlaydi. Qadimda va hozir ham Buxoro, Samarqand, Farg‘ona vodiysi (Marg‘ilon) milliy to‘qimachilikning markazlari bo‘lib hisoblanadi. Keksa atlas to‘quvchi ustalarning ma’lumot berishicha, xonatlasning birinchi naqshi osmonda suzib yurgan bulutlarning ko‘ldagi aksiga qarab solingan. Shu sababdan xonatlaslarni tayyorlash texnikasini “abrband” (to‘qilgan bulut) deb nomlashadi” [Алиева, 2018: 55]. Anglashiladiki, leksik birliklarda xalq hayoti, uning kasb-kori, mashg‘uloti, dunyoni anglashi haqidagi bilimlar aks etadi. Tilshunos olim V.V.Vinogradov ta’kidlaganidek, “Tilning lug‘at tarkibi uzoq davom etgan tarixiy taraqqiyot jarayonida tarkib topadi va rivojlanadi. Til tarixini xalq tarixidan ajratib olib, undan ayirgan holda o‘rganish mutlaqo mumkin emas. Tildagi har bir so‘zda jamiyat
184 hayotining barcha jihatlari to‘g‘ridan to‘g‘ri va bevosita aks etgan bo‘ladi” [Виноградов, 1977: 47]. Bu jihatdan kasb-hunar leksikasi ham kishilarning mehnat faoliyati, kundalik mashg‘uloti bilan bog‘liq holda o‘rganilishi maqsadga muvofiqdir. Ma’lumki, har qanday kasb-hunar, kishilarning kasbiy faoliyati insoniyat hayotining uzviy bir qismi hisoblanadi. Shu sababli har bir tilning kasb-hunar leksikasi mohiyatini xalqning mehnat faoliyati, kasb-kori, shuningdek, kasbiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan o‘ziga xos urf-odatlari, qadriyat va an’analarini ham e’tiborga olgan holda o‘rganish zarur. “Har bir tilda, – deb yozadi tilshunos olim V.I.Abayev, – so‘z va tushunchalarning hammaga ma’lum bo‘lgan, cheklangan muayyan zaxirasi bo‘ladi. Ularsiz qayerda yashashidan, madaniyati, texnikasi, iqtisodiyoti qanday bo‘lishidan qat’i nazar jamiyatning bironta a’zosi ham o‘z fikrini bildira olmagan bo‘lardi. Til o‘z tarixi davomida butunlay o‘zgarib ketishi, boyishi yoki maxsus leksikani yo‘qotib, qashshoqlanishi mumkin, ammo hech qachon asosiy jamg‘armani boy bermaydi. Uni yo‘qotish tanazzul bilan teng bo‘lardi” [Абаев, 1949: 16]. Kasb-hunar leksikasi terminlar kabi tilning maxsus birliklari qatoridan o‘rin oladi. Biroq kasb-hunar leksikasi va terminologik leksika bir-biridan o‘ziga xos belgilariga ko‘ra farqlanadi. “O‘zbek tili leksikologiyasi” kitobida kasb-hunar leksikasi va terminologik leksikaning quyidagi farqlari keltirilgan: “1. Terminlar fan va texnika, sanoat, qishloq xo‘jaligi kabi ma’lum sohaga doir rasmiy tushuncha nomidir. Kasb-hunar leksikasi esa ma’lum kasb-hunar kishilari orasidagina qo‘llaniladigan so‘zlardir. 2. Termin har qanday tushunchaning aniq atamasi sifatidagina emas, balki ilmiy tushunchani ifodalovchi vosita sifatida, asosan, yozma shaklda maydonga keladi. Kasb-hunar leksikasi esa ko‘pincha ma’lum kasb-hunar kishilari orasida og‘zaki nutq (so‘zlashuv) jarayonida paydo bo‘ladi. 3. Terminlar fan va texnikaning umumjahon, umumdavlat miqyosidagi rivojlanishiga bog‘liq holda keng mazmunga ega bo‘lsa, kasb-hunarga oid so‘zlar ma’lum mahalliy chegarada va birgina kasb-hunarga mansub bo‘lgan aholining kichik guruhidagina qo‘llanadi. Shuning uchun ham kasb-hunar leksikasining dialektal variantlari ham mavjud” [Ўзбек: 1981, 32]. Anglashiladiki, kasb-hunar leksikasi muayyan kasb-hunar doirasida qo‘llanuvchi, unga daxldor maxsus birliklardir. Har bir tilda xalq hayoti, turmushi bilan bevosita aloqador kasbiy sohalarga oid so‘zlar rang-barang bo‘lib, qo‘llanilishi jihatidan terminlarga nisbatan faol leksik qatlamlardan sanaladi.
185 Ayrim ishlarda kasb-hunar leksikasini farqlashda turlicha yondashuvlar kuzatiladi. S.Usmonov “ba’zi tilshunoslar va mantiqshunoslar terminga ilm-fan, texnikaga oid so‘z va birikmalarnigina emas, barcha uy-ro‘zg‘or asboblari nomlarini, ishlab chiqarishning hozirgi darajasidagi qurollar bilan birga o‘tmishdagi primitiv qurollarning nomlarini ham, turli kasb-hunarga oid so‘zlarni ham kiritayotganligini qayd etadi va rus tilshunosi D.K.Zelenin XX asr boshlarida rus dehqonlari ishlatgan turli qurollar, uy-ro‘zg‘or asboblarini anglatuvchi birliklarni “termin-nomlar” ostida birlashtirganligini keltirib o‘tadi” [Усмонов, 1964: 12]. Olimning e’tirof etishicha, o‘zbek terminshunosligida ham bunday holat kuzatiladi. Xususan, “N.M.Murodov iste’moldan chiqqan terminlar haqida fikr yuritib, qadimgi dehqonchilikka oid qo‘shchi, omoch so‘zlarini; kiyim nomlarini bildiruvchi paranji, chachvon, salla, kavush kabi so‘zlarni ham terminlar qatoriga kiritgan” [Усмонов, 1964: 13]. Tilshunoslikda professional so‘zlar, kasb-hunar leksikasi (S.Ibrohimov), so‘zterminlar (T.T.Dadaxonova, N.Ikromova) [Иброҳимов, 1956] deb atalib kelingan so‘zlar kasb-hunar terminlaridir. M.Aliyeva terminning, shu jumladan, kasb-hunar terminlarining ham yuzaga kelish jarayoni haqida quyidagi xulosani bayon qiladi: “Muayyan tushunchani ifodalagan so‘z maxsuslashtirilgandan keyin istiloh [Дадахонова, 1963: 338] so‘ngra atama, undan keyin termin darajasiga ko‘tarildi. Fanlar otasi bo‘lmish falsafa fani shakllanishi natijasida unga oid maxsuslashtirilgan so‘zlar istiloh nomi bilan atalgan, istilohot esa terminologiyani bildirib kelgan. Falsafa zamirida boshqa fanlarning rivojlanishi, kasb-hunar sohalarining taraqqiy etishi so‘z ma’nolarining maxsuslashtirish, xoslashish jarayonini kengaytirgan va natijada har bir fan hamda kasb-hunar sohasi uchun alohida atamalar yuzaga kelgan. Ushbu atamalar bir til ichida faoliyat ko‘rsatgan. Ularning ommalashishi, umumlashish, ko‘pchilik xalqlarga tushunarli bo‘lishi jarayonida termin yuzaga kelgan. Buni quyidagicha ko‘rsatish mumkin: So‘z → istiloh → atama → termin. Bu holat, so‘zlarning termin darajasiga ko‘tarilishi uchun ma’lum davr kerak bo‘lganligini ko‘rsatadi” [Икромова, 1964: 12]. Ko‘rinadiki, so‘z ma’nolarining maxsuslashish, xoslashish jarayoni ilm-fan, kasb-hunar sohasi birliklarida ham birday. Dialektikaning qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonuniga asosan bir butunning rivojlanishida o‘zaro bir-birini taqozo qiladigan, bir-biriga sababchi bo‘ladigan, bir-biriga o‘tadigan, bir-birini inkor etadigan qarama-qarshi tomonlarning, xossalarning munosabati asosiy manba bo‘ladi. Demak, shu qonunga asosan terminologiyada ham so‘zlarning terminlashishi va buning aksi, terminlarning determinlashishi yuzaga keladi.
186 Kasb-hunar leksikasi ham, terminlar ham maxsus leksika tarkibiga kiradi. Kasb-hunar leksikasi termin maqomida quyidagi xossalarga ega: 1. Kasb-hunar terminlari ham terminologik tizimga kiradi va uning komponenti hisoblanadi. 2. Terminologik tizim ichida kasb-hunar terminlari jins-tur (gipergiponimik) va butun-bo‘lak (partonimik, xolo-meronimik) munosabatda bo‘ladi: a) muayyan turlarga nisbatan umumiy ma’noni ifodalovchi va semantik maydonning yadrosi (markazi)da keluvchi bosh so‘zga, dominantaga nisbatan giperonim atamasi ishlatiladi. Bu so‘z jinsni bildiradi. Masalan, bog‘dorchilikda ishlatiladigan narsa-qurol nomlari umuman jinsni bildirsa, ishlatiladigan har bir narsa (ketmon, pichoq, qaychi) uning turini bildiradi. Bu holatda ikkilamchi jins-tur munosabatini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, pichoq bog‘dorchilikda ishlatiladigan narsa-qurolning bir turi hisoblansa, bog‘dorchilikda ishlatiladigan turli pichoqlarga (bog‘ pichoqlari, kurtak payvand pichog‘i, iskana payvand pichog‘i, qalamcha payvand pichog‘i) nisbatan jinsni bildiradi. Polizchilik sohasida: ko‘kcha giperonimi o‘z ichida qora ko‘kcha, egri ko‘kcha, uzun ko‘kcha, qo‘qon ko‘kcha kabi giponimlarni birlashtirib keladi. Me’morchilik sohasida: umuman rangni ifodalovchi terminlar giperonim, sovuq ranglar, issiq ranglar, iliq ranglar, axromatik ranglar, xromatik ranglar, moviy rang, lojuvard rang (fors. to‘q ko‘k tusli mineral), tillarang, targ‘il, zangori kabilar esa giponim bo‘ladi; b) butun-bo‘lak (partonimik, xolo-meronimik) munosabat. Masalan, chevarchilik sohasida kostyum butun nomi sifatida yeng, yoqa, tugma, yon cho‘ntak, ko‘krak cho‘ntak, etak, jiyak, astar kabi bo‘lak nomlarini bildiruvchi birliklar bilan partonimik munosabatga kirishadi. Bog‘dorchilik sohasida esa daraxt butun nomi sifatida barg, g‘uncha, kurtak, gul, ildiz, shox kabi bo‘lak nomlari bilan aloqamunosabatga kirishadi. Polizchilik sohasida qovun leksemasi butun nomi sifatida ildiz, palak, barg, urug‘ kabi birliklar bilan partonimik munosabatda bo‘ladi. Agar bu qatordagi palak yoki barg terminlarni olib tashlasak, butunlik o‘z xossasini yo‘qotadi. Chunki qovun palaksiz yoki bargsiz bo‘lmaydi. Partonimiyaning gipergiponimiyadan farqi shundaki, giponimiyada maydonning bir uzvi (a’zosi) boshqalarga nisbatan qarama-qarshi qo‘yilib, ular o‘rtasidagi ma’no munosabatlari aniqlansa, partonimiyada alohida olingan uzv (a’zo)ning uni tashkil qilayotgan ichki a’zolari bilan munosabati masalasi o‘rtaga tashlanadi. 1. Tuzilishi jihatidan boshqa terminlarga o‘xshab sodda, qo‘shma va murakkab (lingvoterminologik, ya’ni so‘z birikmalariga teng bo‘lgan terminlar) bo‘ladi. Masalan, bog‘dorchilik sohasida: Samarqand mohtobi, Tashkent kalvili, O‘zbekiston muskati kabilar. Bog‘dorchilik sohasida: shaftolining sarh kasalligi,
187 band bermoq, suv kirmoq, yer diskalash kabilar. 2. Tarkibida boshqa tildan kirgan so‘zlar mavjud bo‘lishi mumkin. Masalan, to‘quvchilik sohasida fors-tojikcha: avra, adras, kalava, kasana, kimxob, andaza, anjom, zar, band, astar; arabcha: alvon, atlas, alomat, ziynat, akbar; ruscha: volta (yupqa ip gazlama), gaz (ruscha-fransuzcha, yupqa, shaffof ipak gazlama), mayya (ruscha-yunoncha, yupqa ip gazlama), markizet (ipakdan to‘qilgan yupqa, nafis va pishiq gazlama), neylon (ruscha-inglizcha, sun’iy tola va shu toladan to‘qilgan gazlama) so‘zlari bunga misol bo‘la oladi. Bog‘dorchilik sohasida esa quyidagi birliklar o‘zlashgan: arabcha: nov, sohibi, arava, hosil, po‘rtaxol kabilar. 3. Transformatsiyaga uchraydi. Masalan, to‘quvchilik sohasidagi zardo‘z – tillado‘z terminlari o‘zbek tiliga transformatsiyalangan. 4. Kasb-hunar terminlarining yasalishida affiksatsiya faol usuldir. Masalan, -chi (bo‘z+chi, kalava+chi), -furush (chitfurush) kabilar kasb-hunar leksikasini yasovchi faol affikslar hisoblanadi. -chi, -furush affikslari ma’lum soha bilan shug‘ullanuvchi shaxs otlarini yasasa, -lash va -ish affikslari jarayon otlarini, - li va -siz affikslari esa belgi ma’noli kasb-hunar leksikasini hosil qiluvchi affikslar sanaladi. Ayrim tilshunoslar kasb-hunar leksikasiga oid birliklarning kasb-hunar bilan bog‘liq o‘tmish predmetlari va hodisalarini anglatishi haqida fikr bildirishadi. Xususan, S.Usmonov kasb-hunar leksikasiga quyidagicha tavsif beradi: “Kasb-hunar leksikasi hozirgi turmushda ishlab chiqarishning asosiy yo‘nalishi, turi bo‘lgan predmetlarni emas, balki unutilib ketgan yoki unutilib borayotgan o‘tmishning tarqoq va kuchsiz, hozirgi sanoat imkoniyatlari oldida qoloq bo‘lgan ishlab chiqarish qurollari, ishlab chiqarish jarayonlari nomlaridan iboratdir” [Усмонов, 1964: 35]. Mazkur xulosaga ko‘ra kasb-hunar leksikasi o‘z mohiyatiga ko‘ra allaqachon tarixiy so‘zlar qatoriga kirgan yoki unutilib borayotgan so‘zlardir. Bizningcha, kasbhunar leksikasi allaqachon tarixiy so‘zlar qatoriga kirgan yoki unutilib borayotgan so‘zlar emas, ular rivojlanayotgan, yangilanayotgan, zamon talabiga mos ishlab chiqarish terminlaridir. Xulosa qilib aytganda, termin va kasb-hunar leksikasi integral belgilari bilan bir umumiylikka birlashsa, differensial belgilari bilan alohida xususiyliklarni tashkil qiladi. Ularning integral belgilari quyidagilar bilan xarakterlanadi: har ikkalasi ham maxsuslashtirilgan leksika tarkibiga kiradi, so‘z yoki so‘z birikmasi tuzilishida shakllanadi, ma’lum ilm-fan sohasi, kasb-hunar doirasida monosemiklikka intilish tendensiyasiga ega, ilmiy yoki ishlab chiqarish sohasida predmet, hodisani aniq ifodalash uchun xizmat qiladi.
188 Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Шоабдураҳмонов Ш. Ўзбек адабий тили ва ўзбек халқ шевалари. – Тошкент, 1962. − Б. 325. 2. Иброҳимов С.Фарғона шеваларининг касб-ҳунар лексикаси. – Тошкент, 1969. 3. Собиров С. Ўзбек тилининг лексик сатҳини системалар системаси тамойили асосида тадқиқи этиш. – Тошкент: Маънавият, 2004. – Б. 27-28. 4. Алиева М.Ўзбек миллий газлама дизайнерлиги терминларининг семантик-грамматик тадқиқи: Филол. фан. бўй. фалс. док. (PhD)... дисс. – Фарғона, 2018. – Б.55 5. Виноградов В.В. Об основном словарном фонде словообразующей роли в истории языка // Избранные труды. Лексикология и лексикография. – М.: Наука, 1977. – С.47 6. В.И.Абаев Осетинский язык и фольклор. Т.I. – М.–Л.: Издательство Академии Наук, 1949. – С.16. 7. Ўзбек тили лексикологияси. – Тошкент: Фан, 1981. – Б.32. 8. Усмонов С. Ўзбек терминологиясининг баъзи масалалари. – Тошкент: Ўқитувчи, 1964. – Б.12. 9. Иброҳимов С. Фарғона шеваларининг касб-ҳунар лексикаси. – Тошкент: ЎзФА нашриёти, 1956. 10. Дадахонова Д. Чеварчилик лексикасига оид баъзи бир сўз-терминлар ҳақида // Ўзбек тили ва адабиёти. – Тошкент. – №1. 1963. 11. 11. Икромова Н. Таом номларини ифодаловчи сўз-терминлар ҳақида // Ўзбек тили ва адабиёти – Тошкент. – №4. 1964. 12. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. I ж. – Москва: Рус тили, 1981. – Б.338. 13. Алиева М. Ўзбек миллий газлама дизайнерлиги терминларининг семантик-грамматик тадқиқи: Филол. фан. бўй. фалс. док. (PhD) ... дисс. – Фарғона, 2018. – Б.12.