TEMURIYLAR DAVRIDA SHAXS ISMLARINING MADANIY VA DINIY MOTIVLARI
Full text
211 TEMURIYLAR DAVRIDA SHAXS ISMLARINING MADANIY VA DINIY MOTIVLARI Muminova Nilufar Abdurahmonovna Iqtisodiyot va pedagogika universiteti dotsenti, f.f.f.doktori Ergasheva Asila Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) yo‘nalishi talabasi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387656 Annotatsiya: Mazkur maqolada Temuriylar davrida shakllangan antroponimik tizimning madaniy va diniy asoslari tahlil qilinadi. Ismlarning kelib chiqishi, ularning semantik ma’nosi, ijtimoiy-siyosiy hamda diniy qadriyatlar bilan bog‘liqligi ilmiy jihatdan asoslanadi. Shuningdek, arab, fors va turkiy qatlamlardan kirib kelgan antroponimlarning o‘zaro uyg‘unlashuvi, Temuriylar davridagi madaniy muhit va islom mafkurasining shaxs nomlariga ko‘rsatgan ta’siri yoritiladi. Kalit so‘zlar: antroponimiya, Temuriylar davri, diniy motiv, madaniy qadriyat, arabcha ismlar, turkiy antroponimlar, forsiy ta’sir. Abstract: This article analyzes the cultural and religious foundations of the anthroponymic system that developed during the Timurid era. The origins of names, their semantic meanings, and their connections to socio-political and religious values are scientifically substantiated. Additionally, the article examines the harmonious integration of anthroponyms from Arabic, Persian, and Turkic linguistic layers, as well as illuminates the influence of the Keywords: anthroponymy, Timurid period, religious motif, cultural value, Arabic names, Turkic anthroponyms, Persian influence. Til va madaniyat insoniyat tafakkurining ajralmas ikki jihatini tashkil etadi. Har bir xalqning tarixiy xotirasi, dunyoqarashi, urf-odatlari, qadriyatlari va e’tiqodi, eng avvalo, uning tilida, xususan, shaxs ismlarida o‘z ifodasini topadi. Shu ma’noda, antroponimlar, ya’ni insonlarga beriladigan shaxs nomlari, xalqning tarixiy taraqqiyoti, ijtimoiy-ma’naviy hayoti va milliy o‘zligini aks ettiruvchi noyob lingvokulturologik ko‘rsatkichdir. Temuriylar davri (XIV–XV asrlar) Markaziy Osiyo tarixida madaniyat, siyosat va ilm-fanning yuksak cho‘qqiga ko‘tarilgan davr sifatida tarix sahifalarida o‘chmas iz qoldirgan. Bu davrda ilm-ma’rifat, adolat, davlat boshqaruvi, me’morchilik, adabiyot va san’at sohalarida ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilgan bo‘lib, bularning barchasi jamiyat tafakkuriga, shu jumladan, nom berish madaniyatiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatgan. Temuriylar saroyidagi ma’naviy muhit, diniy-ma’rifiy g‘oyalar va madaniy qadriyatlar o‘sha davrda shakllangan shaxs ismlarining semantik mazmunida, tuzilishida va ma’naviy qatlamida yaqqol namoyon bo‘ladi. Amir Temur tomonidan asos solingan markazlashgan saltanatda e’tiqod, adolat, jasorat, ilm va fazilat kabi g‘oyalar davlat mafkurasining asosini tashkil etgan.
212 Shuning uchun ham bu davrda bolalarga berilgan ismlarda diniy ramzlar, Qur’oniy obrazlar, payg‘ambarlar nomlari, fazilatni bildiruvchi so‘zlar, shuningdek, saroy madaniyatiga xos estetik motivlar keng qo‘llangan. Masalan, “Abdulloh”, “Ahmad”, “Ali”, “Shohrux”, “Ulug‘bek”, “Gavharshod” kabi ismlar diniy, ijtimoiy va madaniy mazmun jihatidan o‘sha zamon ruhi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan. Temuriylar davri antroponimik tizimi ko‘p qatlamli va murakkab bo‘lib, u turkiy, arabiy va forsiy madaniyatlarning o‘zaro sintezi mahsuli sifatida shakllangan. Bu holat nafaqat tilshunoslik, balki tarix, madaniyatshunoslik va diniyat nuqtayi nazaridan ham muhim ilmiy ahamiyat kasb etadi. Chunki shaxs ismlari orqali biz o‘sha davr kishilarining dunyoqarashi, e’tiqodi, ma’naviy qadriyatlari hamda ijtimoiy maqomini bilishimiz mumkin. Shu boisdan, Temuriylar davrida shakllangan shaxs ismlarini o‘rganish, o‘zbek antroponimik merosining tarixiy ildizlarini ochib berish, diniy va madaniy omillarning til tizimiga ta’sirini tahlil qilish, shuningdek, o‘sha davr madaniyatining ruhini anglash uchun muhim manba hisoblanadi. Temuriylar davrida islom dini davlat mafkurasining asosiy negizini tashkil etgan. Shu bois, arab tilidan kirib kelgan “Muhammad”, “Ahmad”, “Ali”, “Hasan”, “Husayn”, “Abdulloh”, “Abdurahmon”, “Abdurazzoq” kabi ismlar keng tarqalgan. Bu ismlar orqali ota-onalar farzandlariga diniy fazilatlar, Allohga sadoqat, payg‘ambarga muhabbat ramzi bo‘lgan ma’nolarni singdirganlar. Masalan: “Abdurahmon” – “Rahmon (Mehribon) Allohning quli”; “Abdulloh” – “Allohning bandasi”; “Ahmad” – “Eng maqtovga sazovor”, ya’ni Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning laqabi sifatida ishlatilgan. Bu ismlar orqali diniy ong, e’tiqodiy qarashlar va ruhiy qadriyatlar jamiyatda mustahkamlangan. Shuningdek, “Sulton”, “Amir”, “Mirzo”, “Xoja”, “Sayyid” kabi diniy yoki nasabiy unvonlar ham ism bilan birga ishlatilgan. Temuriylar davrida ismlar nafaqat diniy, balki madaniyestetik qarashlar, saroy madaniyati va davlat mafkurasi bilan ham bog‘liq bo‘lgan. Masalan, “Shohrux”, “Ulug‘bek”, “Boyqaro”, “Gavharshod”, “Bibixonim” kabi ismlar o‘z zamonasining ijtimoiy mavqeyini, shaxsning nasabini yoki estetik tushunchalarni ifodalagan. “Shohrux” – “Shoh ruhi” yoki “Shohning kuchi” ma’nosida, shohzoda uchun mos ism; “Ulug‘bek” – “Katta, buyuk bek”, ya’ni ilm va siyosatda yuksak maqom egasi; “Boyqaro” – “Boy va kuchli”, davlatparvarlik va qudrat timsoli; “Gavharshod” – “Gavhar (dur)dek go‘zal va pokiza” ma’nosida ayollar ismi; “Bibixonim” – “Hurmatli, ehtiromli ayol” ma’nosida saroy ayollari uchun xos ism.
213 Bu ismlar orqali o‘sha davrning go‘zallik tushunchasi, jamiyatdagi ayollar o‘rni, saroy madaniyati ham aks etgan. Temuriylar davri uch madaniyat: turkiy, arabiy va forsiy unsurlar uyg‘unlashgan davrdir. Ismlarda bu sintez yaqqol ko‘rinadi. Masalan, “Amir Temur” ismidagi “Amir” arabcha “sardor, qo‘mondon”, “Temur” esa turkiy ildizli “temirdek baquvvat” ma’nosini bildiradi. Shuningdek, “Muhammad Shohrux”, “Ulug‘bek Mirzo”, “Sulton Husayn Boyqaro” kabi ikki yoki uch komponentli ismlar turli madaniyat qatlamlarining uyg‘unlashgan shaklidir. Ismlarning shakllanishida Qur’oniy motivlar, hadislar, diniy shaxslar nomlari bilan bog‘liq holatlar keng uchraydi. Bu esa o‘sha davrda islom madaniyatining chuqur ildiz otganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, ismlarda ota-onalarning farzandlariga nisbatan duosi, niyati ham yashiringan: “Saodat, Baraka, Shodmon, Nigor, Rahmatulla, Nuriddin” kabi ismlar farovonlik, baxt, nur, rahmat, dinni ulug‘lash ma’nolarini ifodalagan. Xulosa qilganda, temuriylar davrida shakllangan antroponimik tizim nafaqat shaxsni belgilovchi lingvistik hodisa, balki o‘sha davrning madaniy, diniy va ijtimoiy hayotini aks ettiruvchi madaniy fenomen hisoblanadi. Shaxs ismlari orqali jamiyatdagi qadriyatlar, e’tiqodlar, ideal shaxs obrazlari ham ifodalangan. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Axmedov B. Amir Temur va uning davlati. – Toshkent: O‘zbekiston, 1996. 2. Raxmonov R. O‘zbek antroponimikasining tarixiy asoslari. – Toshkent: Fan, 2010. 3. Jamolxonov X. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2013.