scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

ANTROPONIMLARNING YASALISHIDA ZOONIMLARNING O'RNI

Djurayeva Yulduz G'aybullayevna

Full text

217 ANTROPONIMLARNING YASALISHIDA ZOONIMLARNING O‘RNI Djurayeva Yulduz G‘aybullayevna, Qarshi DU O‘zbek tilshunosligi katta o‘qituvchisi, f.f.f.d.(PhD) [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387674 Annotatsiya. Ushbu maqolada kishi ismlarini o‘rganuvchi antroponimika sohasi, antroponimlarning yasalishida zoonimlarning o‘rni, ularning kelib chiqishi, tanlanish motivlari, tarixi yuzasidan ma’lumot beriladi. Antroponimlar xalqning urf-odatlari, an’analari, tarixi, madaniyatini ko‘rsatib turuvchi manba sifatida muhim ahamiyat kasb etishi, hayvonlar va qushlar nomlaridan hosil qilingan ismlar turkiy xalqlarning qadimgi davrlarida turli totemistik qarashlar va tasavvurlar asosida yuzaga kelganligi haqida fikr yuritiladi. Kalit so‘zlar: atoqli otlar, antroponim, antroponimika, ism, ism qo‘yish motivlari, zoonim, zooantroponimlar, totem, milliy madaniyat, leksik-semantik usul, onomastik konversiya, kompozitsiya usuli. Abstract. This article provides information on the field of anthroponymy, which studies personal names, the role of zoonyms in the formation of anthroponyms, their origins, selection motives, and history. The importance of anthroponyms as significant sources reflecting the customs, traditions, history, and culture of a people is discussed. The article explores how names derived from animals and birds emerged in ancient times among Turkic peoples, based on various totemic views and concepts. It delves into the idea that these names were formed as a result of diverse totemic beliefs and perceptions prevalent in the ancient periods of Turkic peoples. Keywords: proper names, anthroponym, anthroponymy, name, naming motives, zoonyms, zooanthroponyms, totem, national culture, lexical-semantic method, onomastic conversion, composition method. Tilshunoslikning antroponimika sohasi atoqli otlarning katta bir guruhi hisoblangan kishi ismlari, familiyalari, ota ismlari, taxalluslari va laqablarini lingvistik hamda sotsiolingvistik jihatdan tahlil qiladi. Dunyodagi turli tillardagi antroponimlar o‘zlarining milliy xususiyatlariga ega, ular o‘z millatlari uchun qimmatli va noyob ma’lumotlarni yetkazadi. S.I.Vlaxov va S.P.Florin barcha shaxsiy nomlar, ayniqsa, antroponimlarni milliylikni tashuvchilar sifatida ko‘rsatadilar [5, 238]. Antroponimlar millatning madaniyatini, qadriyatlarini o‘zida aks ettiradi, millatning urf-odatlari, an’analariga bo‘ysunadi. Hatto XIX asrdayoq ruhoniylar vakili M.Y. Moroshkin atoqli otlarni to‘plash va tizimlashtirish bilan shug‘ullanib, bu mavzuga o‘z munosabatini quyidagicha ifodalagan edi: “Atoqli otlar inson hayotining izlari, injiqliklari va xayolotlarini aks ettiradi, xalqning ichki turmushi va ruhiyatining qisqacha tarixi bo‘lib xizmat qiladi va afsonalar sukut saqlagan joyda atoqli otlar o‘z hikoyasini boshlaydi” [3 ,6]. Ism tanlash milliylik, etika va estetika qoidalari, shaxsning orzu-istaklari, dunyoqarashi va tasavvuri bilan bog‘liq jarayondir. Turkiy xalqlar qadimdan 218 farzandga ism tanlashga alohida e’tibor bilan qaraganlar. Barcha davrlarda bu jarayonga muayyan tarixiy davr, siyosiy hayot, milliy rasm-rusumlar, an’analar, turli tasavvur va e’tiqodlar asosida yondashilgan. Kishi ismlari uchun asos qilib olingan til birligi (so‘z va b.) antroponim vazifasiga o‘tgach, o‘zining avvalgi ma’no va vazifasidan uziladi hamda alohida shaxs (individ) – insonning ismiga aylanadi. Bundan tashqari, kishi ismi bo‘lgan so‘z antroponimik tizimning o‘ziga xos qonuniyatlariga bo‘ysunadi. Qadimgi davrlarda turkiy xalqlar orasida zoonimlar, ya’ni hayvonlar va qush nomlarining antroponimlarga asos bo‘lishi keng tarqalgan. Chunki ibtidoiy davrlarda turli hayvonlar va qushlar turkiy xalqlarning totemi hisoblangan. Yoki insonlar kuchqudrat, go‘zallik, shirinsuxanlik kabi fazilatlarni ba’zi jonivorlarda ko‘rishgan va farzandlari uchun ularning nomlarini ism sifatida tanlashgan. Odatda chiroyli, xushovoz qushlarning nomlari qizlar uchun tanlangan bo‘lsa, kuchli, kurashchan yirtqich qushlarning nomlari o‘g‘il bolalar uchun tanlangan. Shunga ko‘ra qushlar nomidan hosil qilingan ismlarni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin: 1. Qizlar uchun tanlangan ismlar: Qaldirg‘och, Qumri, To‘ti, Mayna, Tovus, Kabutar, Kaklik, Bulbul, Sulgun kabi. 2. O‘g‘il bolalar uchun tanlangan ismlar: Annato‘g‘on, Shunqor, Anqoboy, Boyqush, Bo‘zloq (to‘rg‘ay), Laylak, Qarchig‘ay, Qorasunqur, Ukki, Qirg‘iy, Qarchig‘ay kabi. 3. O‘g‘il bolalarga ham, qizlarga ham qo‘yiladigan ismlar: Lochin, Burgut, Humo kabi. Keyinchalik qushlar nomiga oy, gul, xon, xol, qiz, jon, niso, bonu, bu, bibi, buvi kabi qizlar ismlarini hosil qiluvchi so‘zlar qo‘shish bilan qo‘shma ismlar hosil qilingan. Masalan, To‘tiqiz, Qumriniso, Lochinbibi, Humogul kabi. O‘g‘il bolalar ismlariga esa bek, boy, qul, Ali kabi komponentlar qo‘shilgan. Masalan, Burgutali, Ukkiboy, Lochinbek, Humoqul kabi. E. Begmatovning “O‘zbek ismlari izohi” lug‘atida bir qator qushlar nomi bilan bog‘liq ismlar izohi berilgan. Masalan, qumri. Bu qushning nomidan hosil qilingan Qumri, Qumriniso, Qumriya, Qumriqiz, Qumrixol, Qumrioy, Qumribonu, Qumribibi kabi qizlar ismi, Qumriddin degan o‘g‘il bola ismi mavjud. Qumri (ar.) – qumri (qush)dek yuvvosh, beozor bola [1, 552]. Yoki to‘ti qush nomidan quyidagi ismlar hosil qilingan: To‘ti, To‘tibeka, To‘tibibi, To‘tixon, To‘tioy, Oyto‘ti, To‘timomo, To‘tiniso, To‘tibonu, To‘tiqiz. To‘ti (o‘z.) – shirinsuxan, notiqa bo‘lib o‘ssin, tili chiqib gapirib ketsin yoki onasining ismi berilgan qiz (1, 437). Bu tur ismlar tuzilishi jihatidan bir yoki ikki tarkiblidir. Yasalishi jihatidan semantik va kompozitsiya usuli bilan o‘zgarishga uchragan. Qaldirg‘och – qush nomi. Qaldirg‘och – qiz ismi. Leksik-semantik usul (onomastik konversiya) asosida qush nomi inson ismiga ko‘chgan. Qumriqiz, Oytovus kabi ismlar esa kompozitsiya usuli bilan yasalgan. Qushlar ismlari bilan yasalgan ismlar orasida lochin so‘zi asosida hosil qilingan ismlar katta 219 qismni tashkil etadi. Qadimgi davrlardan beri bu qushning nomi turlicha shakllarda atalgan va ularning deyarli barchasi insonga ism sifatida tanlangan. Masalan, Lochin, To‘g‘on (Lochin), Sunqur, Shunqor, Shohboz, Chag‘ri, Shahin kabi. E. Begmatovning lug‘atida bu ismga shunday izoh berilgan: Lochinbek (o‘z.) – beklar nasliga mansub va lochindek ziyrak, dovyurak bola. Lochinoy (o‘z.) – lochindek ziyrak va oydek ko‘rkam qiz. [1, 197]. Hayvonlar nomlarining antroponimlarda aks etish holati ham turkiy xalqlarning qadimiy davrlariga borib taqaladi. Bu turdagi ismlarni ikki guruhga ajratish mumkin: 1. Uy hayvonlarining nomlaridan hosil qilingan ismlar: Oqmoya, Tuyaboy, Toychoq, Yilqiboy, Qo‘zixol, Do‘non, Jiyronboy, Tanaboy, Qo‘chqorboy, Qo‘yli, Bo‘taboy, Buroq(ot), Qulunboy kabi. 2. Yovvoyi hayvonlarning ismlaridan hosil qilingan ismlar: Bo‘ri, Arslon, Sherxon, Yo‘lbars, Sirtlon, Suvsar(Savsar), Palang (yo‘lbars), Qunduz, Kiyik, Ohu,Maral, Jayron, Olmaxon kabi. Masalan, Maral – maral (bug‘usimon hayvon) – kiyikdek go‘zal, zebo qiz. Maralbibi – maraldek go‘zal, chiroyli qiz. Maraljamol – maraldek suluv qiz. Maralbeka – beklar nasliga mansub va maraldek dilbar, suluv qiz [1, 210]. Maral so‘zi eski o‘zbek tiliga xos, eskirgan leksema. Kiyikning urg‘ochisini maral deyishgan. Maral so‘zida jins tushunchasi, semasi ham bor. Shuning uchun ham bu so‘zning qizlar ismiga aylanish imkoniyati kuchli. Maral so‘zining ma’nodoshlari kiyik, ohu so‘zlaridir. Xotin-qizlar ismlari orasida Ohu, Ohuniso ismlarining borligi ma’lum. Maral, kiyik, ohu so‘zlarining yana bir ma’nodoshi – Quralay ismli qizlar bor. Kiyik bolasi quralay deb atalgan. Bu ismlar go‘zallik motivi asosida tanlangan ismlardir. Arslon, Sherxon, Yo‘lbars, Sirtlon, Palang, Haydar (arslon); Qo‘chqorboy, Tuyaboy, Jiyronboy kabi ismlar esa o‘g‘il bolalar uchun tanlangan. Ularda kuchlilik, qo‘rqmaslik, botirlik, mardlik, jasurlik motivlari ifoda etilgan. Yovvoyi hayvonlar ismlaridan yasalgan ismlar orasida bo‘ri so‘zi bilan bog‘liq ismlar katta qismni tashkil etadi. Bo‘ri qadimda turkiy xalqlarning totemi hisoblangan. Shu sababli ham bu hayvonning nomi bilan bog‘liq ismlar o‘g‘il bolalarga ham, qiz bolalarga ham tanlayverilgan. Masalan, Bo‘ri, Bo‘rixon, Bo‘riboy, Bo‘riqul, Bo‘riberdi, Bo‘rimuhammad (Bo‘rimat) kabi ismlar o‘g‘il bolalarga qo‘yilgan bo‘lsa, Bo‘rigul, Bo‘rixol, Bo‘ritosh, Bo‘ritoji, Bo‘riniso, Oybo‘ri kabi ismlar qizlar uchun tanlangan. Qadimgi davrlarda bo‘ri ma’nosini anglatuvchi Gurtboy, Qashqirboy, Uvays kabi ismlar ham uchragan. N Mirzayev “O‘zbek zooantroponimlari” nomli maqolasida qadimgi turkiy xalqlar ba’zi yirtqich va uy hayvonlari haqida totem tasavvurga ega bo‘lganligi, xususan, bo‘riga bo‘lgan totemistik qarash, uni turkiy xalqlarning asosi deb qarash mavjudligi aytib o‘tilgan [4,129]. Totemistik qarashlarga ko‘ra tishi chiqqan holda tug‘ilgan chaqaloqlarga ham bo‘ri 220 so‘zi bilan bog‘liq ismlar tanlangan. Bo‘ri komponentli ismlarni yaqin o‘tmishimizga oid antroponimik birliklar orasida ham ko‘p uchratamiz. Hayvonlar va qushlar nomlari bilan bog‘liq ismlar bugungi kunda kam qo‘llanilayotgan bo‘lsa-da, xalqimizning qadimiy urf-odatlari, an’analari, e’tiqodlari, ma’naviy qadriyatlarini o‘zida aks ettiradi. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, hayvonlar va qushlar nomlari bilan bog‘liq ismlarning aksariyati turkiycha ismlardir. Bu holat ushbu ismlar turkiy xalqlarning qadimgi davrlarida yuzaga kelganligini anglatadi. Shuni ta’kidlash kerakki, qushlar va hayvonlar nomining ismga aylanishi bir qator nolisoniy – ijtimoiy omillar bilan bog‘liqdir. Antroponimlar xalqning dunyoqarashini, ma’naviy va moddiy sivilizatsiyasini ochib beruvchi manba sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Ular millatimizning ma’naviy boyligi hisoblanib, barchamizdan alohida e’tibor bilan yondashmoqni talab etadi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Бегматов Э. Ўзбек исмлари изоҳи. – Тошкент: Ўзбекистон миллий энциклопедияси Давлат илмий нашриёти, 2016.– 605 б. 2. Бегматов Э. Ўзбек тили антропономикаси. – Тошкент: Фан, 2013. – 261 б. 3. Djurayeva Y. O‘zbek tilida xotin-qizlar ismlarining lingvistik xususiyatlari: Filol.fan. fal. dokt. dissertatsiyasi. – Qarshi, 2025. – 154 b. 4. Мирзаев Н. Ўзбек зооантропонимлари // Ономастика Узбекистана – Ташкент, 1989. – Б. 206-207. 5. Nafasova V.T. Gidronimlarning yasalishida zoonimlarning o‘rni // Til, madaniyat va ta’lim. Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi. – Qarshi, 2025. – B. 5-7. 6. Влахов C.И., Флорин C.П. Непереводимое в переводе. – Москва, 2012. – 406 c.