scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

TARIXIY SO'ZLARNING ZAMONAVIY O'ZLASHMALARNI MILLIYLASHTIRISHDAGI O'RNI

Xamrayev Fozilbek Yo'ldoshevich

Full text

225 TARIXIY SO‘ZLARNING ZAMONAVIY O‘ZLASHMALARNI MILLIYLASHTIRISHDAGI O‘RNI Xamrayev Fozilbek Yo‘ldoshevich Turon universiteti o‘qituvchisi, f.f.f.d. E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387684 Annotatsiya. Ushbu maqola tarixiy so‘zlarning til taraqqiyotidagi o‘rniga bag‘ishlangan. Unda so‘zning qadr-qiymatini belgilashda uning etimologiyasidan boxabar bo‘lish muhim ahamiyat kasb etishi urg‘ulangan. Shuningdek, maqolada tarixiy so‘zlardan yangi o‘zlashmalarni milliylashtirishda foydalanish xususida fikr yuritilgan va tarixiy manbalarda uchraydigan bir qancha so‘zlar tahlil qilinib, ularni tegishli xorijiy so‘zlar o‘rnida qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Kalit so‘zlar: eski so‘zlar, tarixiy so‘zlar, arxaizm, etimologiya, milliylashtirish, neologizm, xorijiy so‘zlar, ilmiy atamalar. Abstract. This article is devoted to the role of historical words in the development of language. It emphasizes the importance of being aware of the etymology of a word in determining its value. The article also discusses the use of historical words in the nationalization of new borrowings, analyzes a number of words found in historical sources, and gives recommendations for their use in place of the corresponding foreign words. Keywords: old words, historical words, archaism, etymology, nationalization, neologism, foreign words, scientific terms. Eskirgan, til egalari xotirasidan deyarli o‘chib ketgan so‘zlarni muloqotga qayta olib kirish oson emas. Ayniqsa, ularni tilda yangi paydo bo‘lgan tushunchalarni ifodalashga safarbar etish yana-da mushkul. Chunki eskirgan so‘zlar tilda ularga ehtiyoj qolmaganligi yoki ularning o‘rnini boshqa so‘zlar egallaganligi tufayli tabiiy ravishda o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Yangi tushuncha va so‘zlar esa zamon talablariga mos bo‘lgan yangicha yondashuvni talab etadi. Akademik Azim Hojiyev ham leksikaning eskirgan so‘zlarni ishga solish yo‘li bilan boyishini boshqa yo‘llar, masalan, so‘z yasash, o‘zga tillardan so‘z o‘zlashtirish kabi yo‘llariga nisbatan uncha aktiv (faol) bo‘lmagan holat deb baholaydi [1; 150]. Shunga ko‘ra, eskirgan so‘zlarni o‘zbek tili leksikasini boyituvchi yasama so‘zlar, shevaga oid so‘zlardan keyingi muhim manba sifatida e’tirof etish mumkin. Umuman, har bir so‘zning o‘tmish bilan bog‘liq o‘z “sarguzashti” bor, har biri o‘zi mansub xalqning madaniyati va turmush tarziga oid kichik bir bo‘lak (detal)ni o‘zida aks ettiradi. Lekin, tabiiyki, jamiyat hayotidagi o‘zgarishlar, yangilanishlar tilda yangi nomlarning paydo bo‘lishiga, shuningdek, ko‘plab so‘zlarning eskirib, iste’moldan chiqishiga sabab bo‘ladi. Bu holat kishilar o‘rtasidagi muloqot jarayoniga deyarli ta’sir qilmasa-da, tilning zamonlar (o‘tmish, hozir, kelajak)ni bir- 226 biriga bo‘g‘lash vazifasiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shuning uchun tilda paydo bo‘lgan bo‘shliqlarni to‘ldirishda mavjud so‘zlar, jumladan, eskirgan so‘zlardan samarali foydalanish tilning barqaror rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbek tilidagi xorijiy so‘zlarni milliylashtirishga qaratilgan dastlabki sa’yharakatlar rus bosqinidan so‘ng (XIX asr oxiri – XX asr boshlari) bo‘y ko‘rsata boshlagan. Bunga rus tili orqali qisqa vaqt davomida juda ko‘p miqdordagi yangi so‘zlarning kirib kelgani sabab bo‘lgan. Qabul qiluvchi til bunday yirik hajmdagi yot so‘zlar oqimini “hazm qilish”ga qiynalgan. Tilshunos olim Nizomiddin Mahmudovning quyidagi fikrlari mazkur voqelikni ravshan ifodalaydi: “Bu jarayonlar [chetdan so‘z kirib kelishi]ning muayyan me’yor doirasida bo‘lishi tabiiy bir holat sifatida qaralgan, me’yordan ortib ketishi esa begona tilning so‘z bosqini ostida qolgan jamiyatning hamiyatini og‘rintirgan. Shuning uchun ham madaniyatlima’rifatli jamiyatning hech bir ongli a’zosi bunday jarayonlarga aslo befarq qaragan emas” [5; 4]. Bu davrda yangi xorijiy so‘zlarni milliylashtirish uchun o‘zbek tilining faol so‘z yasash modellaridan tashqari o‘rni bilan eskirgan so‘zlarga ham murojaat etilgan. Xususan, uchquch (аэроплан, самолёт so‘zlari o‘rnida), haydaguchi (шофер o‘rnida), bojxona (таможня o‘rnida), devonxona (министерство o‘rnida), kasalxona (больница, амбулатория so‘zlari o‘rnida), yotoqxona/yotoq (обшежитие o‘rnida), yig‘in (митинг, съезд so‘zlari o‘rnida), bo‘lma (купе o‘rnida), uyushma (общество o‘rnida), sanchqu (вилка o‘rnida), tomoshabog‘ (парк o‘rnida) kabi ko‘plab yangi milliy yasalmalar tegishli ruscha o‘zlashmalar o‘rnida yoki ularga sinonim sifatida qo‘llangan bo‘lsa, fuqaro (подданные, жители, народ so‘zlari o‘rnida), vazir (министр o‘rnida), tanug‘ (свидитель o‘rnida) [3; 284] kabi bir qancha eskirgan so‘zlarning ma’nosi maxsuslashtirilib, yangi o‘zlashmalarga muqobil sifatida foydalanilgan. XX asrning 20-yillarida yot so‘zlarni milliylashtirishga qaratilgan intilishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Tilimizni ishlashga kirishgan “Chig‘atoy gurungi” a’zolari dastlab unutilgan turkiy so‘zlarni tiklashga harakat qildilar. Natijada 20-yillar matbuotida ochun, o‘ksiz, chechak, eksik, yozoq, emgak kabi arxaik so‘zlar uchray boshladi [4; 14]. Ko‘plab jadid ma’rifatparvarlari singari Fitrat ijodida ham bir qancha eskirgan so‘zlar (cherik, do‘lob, ochun, osig‘siz, chog‘ir, tuzuk kabi)ning qo‘llanganini kuzatish mumkin. Fitrat, Elbek kabi ma’rifatparvarlarning asosiy maqsadi o‘zbek tilini nafaqat ruscha so‘zlardan, balki arabcha va fors-tojikcha so‘zlardan ham tozalash, o‘zbek tilining o‘z ichki imkoniyatlarini ishga solish, shuningdek, lozim o‘rinlarda qardosh 227 tillar sanalgan turk, ozarbayjon, tatar tillaridan foydalangan holda sof milliy til yaratish edi. Bu haqda Fitrat shunday deydi: “Emdi biz chin tilimizga yetmak uchun sheva [bu yerda milliy til ma’nosida]dan birisini yo‘q qilmoq kerak emas. Balki uchovi (o‘zbekcha, usmonlicha, tatarcha) birga yashamog‘i kerak. Bu uch shevadan yot so‘zlarni (arabcha, porsiycha, ruscha) chiqarsak, buyuk ideyalimiz bo‘lg‘on “turklik”ka yetishamiz. Shuning uchun bu uchovining yashashi kerakdir” [6; 37]. Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq milliy til bilan bog‘liq vaziyat tubdan o‘zgardi, o‘zbek tilining tarixiy nomlash imkoniyatlariga ko‘proq e’tibor qaratila boshlandi. Shuningdek, ma’lum vaqt iste’moldan chiqib, arxaizmlar qatoridan joy olgan so‘zlar qayta tiklandi. Xususan, ma’muriyat (admistratsiya), tarkib (sostav), alifbo (alfavit), badal (vznos), fuqaro (grajdan), dorixona (apteka), shirkat (kooperativ) kabi yuzlab so‘zlarni bunga misol sifatida keltirish mumkin. Bir qator eskirgan so‘zlarga yangi semalar yuklanib, zamonaviy tushunchalarni ifodalash uchun yo‘naltirildi: devon, madhiya, rayosat, muxolifat, jamoa, toifa, tuman, bildirgi kabi. Masalan, devon so‘zining “Hozirda O‘zbekistonda: Prezident tomonidan tuzilib, rahbarlik qilinadigan, Prezidentning samarali faoliyat yuritishini ta’minlaydigan ijro etuvchi hokimiyat idorasi” degan ma’nosi mustaqillikdan keyingi yillarda milliy davlatchiligimizni barpo etish bilan bog‘liq holda neologizm sema hisoblanadi [5; 12]. Jamoa so‘zining ma’nolari dastlabki O‘TIL (1981)da “dialektizm”, “eskirgan so‘z” sifatida izohlangan bo‘lsa [7; 271], mustaqillikdan so‘ng uning ma’no doirasi ancha kengayib, faol so‘zlar qatoridan joy oldi, shu bilan birga, rus tili orqali kirib kelgan komanda (“muayyan sport turi bo‘yicha birga harakat qilish uchun tuzilgan sportchilar guruhi”) so‘zini tildan surib chiqardi. Lekin jamoa so‘zining mazkur (“komanda”) ma’nosi O‘TILning yangi nashrlarida hozircha aks ettirilmagan. Asosan, qoramol go‘shti va oyoqlaridan tayyorlanib, sovitilgan taom jonli xalq tilida xolodes (ruscha холодец so‘zidan) deb ataladi. Lekin bu so‘z o‘zbek adabiy tilida mavjud emas, O‘TILga ham kiritilmagan. Mahmud Koshg‘ariy lug‘atida u to‘ng et ko‘rinishida uchraydi [8; 443]. To‘nglamoq (to‘ng+la) so‘zi hozir ham ayrim shevalarda pishgan go‘sht (yoki go‘shtli taom) tarkibidagi yog‘ning sovuqda qotib qolishini anglatadi. Shuning uchun ushbu taomni tarixiylik va milliylik tamoyillariga mos ravishda to‘ng et yoki to‘nglama deb nomlash va adabiy tilga kiritish maqsadga muvofiqdir. Xullasa o‘rnida aytish mumkinki, o‘zbek tili tarixan eng boy tillardan biri hisoblanadi. So‘zlar tarixi (etimologiyasi)ni bilish kishiga o‘z tilining qadr-qimmatini teranroq anglashga yordam beradi. O‘z davrida o‘zbek (turkiy) tilidan boshqa tillar, xususan, rus tiliga juda ko‘p so‘zlar o‘zlashgan. Sobiq sho‘ro davrida bir qancha 228 o‘zbekcha so‘zlarning iste’moldan chiqib ketishi (arxaiklashishi) va ko‘plab ruscha so‘zlarning o‘zbek tiliga kirib kelishiga tildagi tabiiy ehtiyoj emas, ko‘proq o‘sha davrdagi siyosiy, ijtimoiy bosim sabab bo‘lgan. Tildan noo‘rin siqib chiqarilgan bunday so‘zlarni qayta tiklash, shuningdek, zamonaviy tushunchalarni nomlashda imkon qadar o‘zbek tilining tarixiy-tadrijiy taraqqiyotidagi zaxira boyligini ishga solish o‘zbek tilining mustahkamligini, yashovchanligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Ҳожиев А. Совет даврида ўзбек адабий тилининг тараққиёти. III жилдли. III жилд. Сўз ясалиши ва лексика. – Тошкент: Фан, 1988. – Б. 150. 2. Фасмер М. Этимологический словарь русского языка. В 4 т. Т 4 (Т – Ящур) / Пер. с нем. и доп. О.Н. Трубачева. – 2-е изд., стер. – М.: Прогресс, 1987. – С. 18. 3. Маҳмудов Н. Ўзбек тилида ўзлашма сўзлар: меъёр ва миллийлик // Ўзбек тили ва адабиёти. – Тошкент, 2010, – № 6. – Б. 4 4. Усмонов О., Ҳамидов Ш. Ўзбек тили лексикаси тарихидан материаллар (ХIХ асрнинг охири – ХХ асрнинг бошлари). – Тошкент: Фан, 1981. – Б. 39–284. 5. Бобомуродова Ш. Ўзбек тилшунослиги ривожида Элбекнинг роли: Филология фанлари номзоди… дисс. автореф. – Тошкент, 2002. – 14 б. 6. Фитрат А. Танланган асарлар. III жилд. – Тошкент, 2003. – Б. 23. 7. Навоий асарлари луғати. – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги адабиёт ва санъат нашриёти, 1972. – Б. 201. 8. Маҳмуд Кошғарий. Девони луғот ат-турк. – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги нашриётматбаа ижодий уйи, 2017. – Б. 43.