scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK XALQINING URF-ODATLARI VA MAROSIMLARIDA TIL VA MADANIYAT UYG'UNLIGI

Maxmudova Muxabbat Jurayevna

Full text

242 O‘ZBEK XALQINING URF-ODATLARI VA MAROSIMLARIDA TIL VA MADANIYAT UYG‘UNLIGI Maxmudova Muxabbat Jurayevna Iqtisodiyot va pedagogika universiteti “Pedagogika va o‘qitish metodikasi” kafedrasi o‘qituvchisi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387715 Annotatsiya.Ushbu maqolada o‘zbek xalqining urf-odatlari va marosimlarida til va madaniyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik lingvomadaniyatshunoslik nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi. Kalit so‘zlar: til, madaniyat, urf-odat, marosim, lingvomadaniyatshunoslik, xalq og‘zaki ijodi, maqollar, milliy qadriyatlar, o‘zbek tili, zamonaviy o‘zgarishlar. Abstract.This article analyzes the intrinsic connection between language and culture in Uzbek folk traditions and ceremonies from the perspective of linguoculturology. Key words: language, culture, tradition, ceremony, linguoculturology, folk oral creativity, proverbs, national values, Uzbek language, modern changes Аннотация. В статье анализируется неразрывная связь между языком и культурой в узбекских народных традициях и обрядах с точки зрения лингвокультурологии. Ключевые слова: язык, культура, традиция, обряд, лингвокультурология, народное устное творчество, пословицы, национальные ценности, узбекский язык, современные изменения. Har bir xalqning ma’naviy boyligi, qadriyatlari, urf-odatlari va an’analari uning tilida o‘z ifodasini topadi. Til – nafaqat aloqa vositasi, balki xalqning tarixiy xotirasi, madaniy yodgorligi va ma’naviy o‘zligining ko‘zgusidir. O‘zbek xalqi ming yillik tarix davomida shakllangan, chuqur ma’naviy mazmunga ega bo‘lgan urf-odatlari orqali o‘z milliy tafakkuri, ijtimoiy hayoti va axloqiy tamoyillarini til vositasida namoyon qilib kelgan. Til va madaniyat o‘rtasidagi aloqadorlik tilshunoslikda lingvomadaniyatshunoslik yo‘nalishi orqali o‘rganiladi. Til madaniyatni aks ettiradi, madaniyat esa til vositalariga ta’sir qiladi. Ayniqsa, xalq og‘zaki ijodi namunalari matnlarida – to‘y urf-odatlari, marosimlar, mehmondo‘stlik, bayramlar, duolar, maqollar va dostonlarda – bu aloqadorlik yaqqol namoyon bo‘ladi. O‘zbek urfodatlariga oid matnlarda milliy realiyalar, ya’ni faqat shu xalq hayotiga xos bo‘lgan tushuncha va so‘zlar ko‘p ishlatiladi. Masalan, “beshik to‘yi”, “sovchi qo‘yish”, “non sindirish”, “fotiha to‘y”, “qiz bazmi” “kelin salom” kabi atamalar oddiy leksik birlik emas, balki madaniy hodisalarni belgilovchi tushunchalardir. Bu so‘zlar tarjima qilinayotganida oddiy sinonim topish emas, balki madaniy kontekst bilan tushuntirish talab etiladi. Ibora va maqollar o‘zbek xalqining urf-odatlariga asoslangan dunyoqarashi, qadriyatlari va axloqiy mezonlarini ifoda qiladi. 243 Masalan, “Qiz bola – elga omonat” iborasi chuqur ma’naviy va axloqiy mazmunga ega bo‘lib, unda qiz farzand oilaning, qolaversa, butun jamiyatning iftixori va kelajagi sifatida ko‘riladi. “Elga omonat” degan ibora orqali, har bir qiz bola o‘z oilasiga emas, balki ertaga u quradigan oila va jamiyatga daxldor shaxs sifatida tarbiyalanishi kerakligi ta’kidlanadi. Bu – mas’uliyatli yondashuvdir. Qiz bolaning sha’nini asrash, uni or-nomus bilan voyaga yetkazish – nafaqat oilaning, balki butun jamiyatning burchi sifatida ko‘riladi. Qiz farzandni elga omonat deb bilish – uni asrash, himoya qilish va to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish deganidir. Urf-odat va marosimlarga oid matnlarda xalqimizning ruhiy dunyosi, estetik qarashlari va diniy e’tiqodlari o‘z ifodasini topadi. Ayniqsa, “kelin salom”, “beshik to‘yi” kabi marosimlarda aytiladigan duolar, tilaklar va so‘zlar badiiy obrazlarga, tavsiflovchi sinonimlarga, metafora va taqqoslashlarga boy bo‘ladi. Bu orqali nafaqat marosimning ruhiy-estetik qiymati oshadi, balki xalqning dunyoqarashi, hayot falsafasi ham namoyon bo‘ladi. Masalan, to‘y marosimlarida quyidagi kabi badiiy duolar yangraydi: “Yurtimizga — bahor nafasi, ro‘zg‘orimizga — rizq-u ro‘z chashmasi, farzandlarimizga — ilm-u odob gavhari, yuragimizga — imon nuri ato etgaysan, ey Yaratgan Egam!” Bu kabi iboralarda diniy va milliy qadriyatlar, xalqning tabiatga mehr-muhabbati, hayotga musbat nigohi aks etadi. “Beshiging mustahkam, umr yo‘ling ravon bo‘lsin, bolajon! Qadaming yurt tuprog‘iga baraka olib kelsin, yuraging — imon, ko‘zing — nur, so‘zing — hikmat bo‘lsin. Ota-onangning umri uzun, orzusi ro‘yob, duosi doimiy bo‘lsin. Ey Yaratgan, bu go‘dakka quvvat, aql-farosat va baxt ato et!” Bu duo orqali bolaning kelajagiga tilaklar bildiriladi, xalqona timsollar — beshik, tuproq, yurak, ko‘z, so‘z orqali baraka, hikmat, sog‘lik va baxt singari qadriyatlar badiiy ifodalangan. Bunday iboralar xalqimizning og‘zaki ijodiga xos bo‘lgan badiiy tasvir vositalari — sifatlash, metafora, ta’riflovchi sinonimlar orqali boyitilgan bo‘ladi. Urf-odat matnlari odatda an’anaviy tuzilishga ega bo‘lib, kirish, asosiy qism va duolar bilan yakunlanadi. Har bir qismda o‘ziga xos madaniy kodlar – til orqali avloddan avlodga o‘tadigan axborotlar mavjud. Masalan, “Kelin salom” marosimida aytiladigan so‘zlar, qo‘shiqlar va duolar kelinning jamiyatdagi yangi maqomi, unga nisbatan kutilyotgan axloqiy mezonlarni bildiradi. Internet, ijtimoiy tarmoqlar til va madaniyatda o‘z ta’sirini kuchaytirdi. Yoshlar orasida milliy til va urf-odatlarga qiziqishning kamayishi yangicha ijod shakllari (blog, vlog, video kontent) urf-odatlarni yangicha til vositalari bilan aks ettirish imkoniyatini beradi. 244 Zamonaviy sharoitda urf-odatlar va ular bilan bog‘liq til vositalari ham o‘zgarishga duch kelmoqda. Shahar madaniyati, ta’lim tizimi, ommaviy axborot vositalari, tarjima faoliyati, global aloqa imkoniyatlari – bularning barchasi milliy til va madaniyatga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Natijada, ba’zi iboralar yo‘qolib bormoqda yoki ularning qisqartirilgan, zamonaviy shakllari paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar tili, ingliz tilidan kirib kelgan so‘zlar (“baby shower”, “love story”, “gender party”,“trend”, “vibe”) milliy marosim va urf-odatlarga doir matnlarda ham uchray boshladi. Shu bilan birga, zamonaviy urf-odat matnlari yangi til vositalari bilan boyimoqda: qisqartmalar, emoji orqali ifoda, memlar va internet slanglari ham muayyan ijtimoiy va madaniy mazmunni aks ettiradigan vositaga aylanmoqda. Masalan, to‘y taklifnomalarida yoki kelin salom videolarida zamonaviy sheva, internet ifodalari bilan boyitilgan jumlalar ishlatilmoqda. Shunday qilib, urfodat va marosimlarga doir til vositalari xalqning tarixiy-madaniy xotirasini saqlovchi vosita bo‘lish bilan birga, zamon bilan hamnafas yashash xususiyatiga ham ega. Ular o‘zgaradi, yangilanadi, ammo asosiy ma’naviy negizini saqlab qolishga intiladi. Bu esa til va madaniyatning uyg‘un rivojlanishida uzviy bog‘liqlik borligini yana bir bor isbotlaydi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Sherdjanova S. O‘zbek milliy urf-odatlariga oid maqollar va ularning lingvomadaniy xususiyatlari //Tamaddun nuri jurnali. – Toshkent: 2024. 2. Eshto‘xtarova, B. Lingvomadaniyatshunoslik: til va madaniyat o‘rtasidagi munosabatlar // O‘zMU xabarlari. – Toshkent: 2024.