scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

"BADOYI' UL-BIDOYA"DA OBRAZ VA JANRLAR UYG'UNLIGI

Muratova Aziza Kamilovna

Abstract

Mazkur maqolada Alisher Navoiy devonlaridan biri – “Badoyi' ul-bidoya” badiiy-falsafiy jihatdan tahlil qilinadi. Yusuf (a.s.) obrazi misolida g‘azal va muammo janrlarining poetik imkoniyatlari yoritilib, ularning uyg‘unligi Navoiy ijodiy kamolotida muhim omil sifatida baholanadi. Maqolada 16 ta g‘azal va 1ta muammo tarkibida qo‘llangan tazod, istiora, tashbeh va tajnis kabi badiiy san’atlar mazmun va g‘oyalarni chuqurlashtiruvchi vosita sifatida izohlanadi. Shuningdek, Yusuf (a.s.) timsoli orqali go‘zallik, sabr, sadoqat va ilohiy hikmatning ifodalanishi diniy rivoyatning poetik talqinga aylanganini ko‘rsatadi. Natijada, Navoiy turkiy adabiyotda obraz va janr uyg‘unligi asosida yangi badiiy-falsafiy an’ana yaratgani ilmiy xulosalanadi.

Full text

9 https://www.asr-conference.com/ V SHO‘BA: Til va adabiyot ta’limida dolzarb muammolar va yechimlar “BADOYI’ UL-BIDOYA”DA OBRAZ VA JANRLAR UYG‘UNLIGI Muallif: Muratova Aziza Kamilovna 1 Affiliyatsiya: Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU tayanch doktoranti 1 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17390740 ANNOTATSIYA Mazkur maqolada Alisher Navoiy devonlaridan biri – “Badoyiʼ ul-bidoya” badiiy-falsafiy jihatdan tahlil qilinadi. Yusuf (a.s.) obrazi misolida g‘azal va muammo janrlarining poetik imkoniyatlari yoritilib, ularning uyg‘unligi Navoiy ijodiy kamolotida muhim omil sifatida baholanadi. Maqolada 16 ta g‘azal va 1ta muammo tarkibida qo‘llangan tazod, istiora, tashbeh va tajnis kabi badiiy san’atlar mazmun va g‘oyalarni chuqurlashtiruvchi vosita sifatida izohlanadi. Shuningdek, Yusuf (a.s.) timsoli orqali go‘zallik, sabr, sadoqat va ilohiy hikmatning ifodalanishi diniy rivoyatning poetik talqinga aylanganini ko‘rsatadi. Natijada, Navoiy turkiy adabiyotda obraz va janr uyg‘unligi asosida yangi badiiy-falsafiy an’ana yaratgani ilmiy xulosalanadi. Kalit so‘zlar: Alisher Navoiy, “Badoyiʼ ul-bidoya”, g‘azal, muammo, Yusuf (a.s.), badiiy san’at, obraz, janr uyg‘unligi. Alisher Navoiyning “Badoyiʼ ul-bidoya” devoni uning ijodiy kamolotida mustahkam poydevor hisoblanadi. Ushbu devonda Yusuf (a.s.) siymosiga bag‘ishlangan 16 ta g‘azal va 1 ta muammo mavjudligi esa uning lirikasida Yusuf (a.s.) timsoli ko‘p qirrali poetik obraz sifatida qo‘llanganligini ifodalaydi. Masalan, 17-g‘azalida: “Кирпигинг тушган кўнгул ичра хаёлинг, эй пари, Гўйиё Юсуф нузул этмиш чаҳи Бобил аро” 1 – misralari orqali Yusuf (a.s.) Qur’oni karimda sabr, go‘zallik va sinov timsoli ekanligi, Navoiy uni ishqiy g‘azallari doirasida oshiq ko‘nglining tasviri bilan bog‘lagani xususida so‘z yuritiladi. “Kiprikning tushishi” poetik obraz sifatida qalb darvozasi ochilib, unda ma’shuqa siymosining hukmronlik qila boshlashini ifodalaydi. Yusuf (a.s.) sharqona poetik tafakkurda faqat payg‘ambar emas, balki go‘zallik ramzi sifatida qabul qilingan. Baytda “Go‘yo Yusuf nuzul etgandek chah-i Bobil aro” qiyosiy tasvirida Yusuf (a.s.)ning quduqqa tashlanishi bilan bog‘liq Qur’oni karimda zikr etilgan voqeaga ishora beriladi. Bu voqea sabr, sinov va ilohiy taqdirning ramzi sifatida tasvirlanadi. Shuningdek, oshiq ko‘ngliga mahbubaning hayoli tushishi, go‘yo Yusufning quduqqa tushishiga qiyos qilinadi. Bu orqali oshiq ko‘ngli “chah” (quduq) kabi tasavvur qilinadi. Oshiq qalbi – zulmatli choh, mahbuba siymosi esa Yusuf timsoli sifatida ko‘riladi. Alisher Navoiy lirikasida Yusuf (a.s.) timsoli faqat Qur’oni karim voqealarini eslatish yoki sharhlash bilangina cheklanmaydi. Aksincha, u oshiqning iztiroblari, 1 Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – Б. 41. “RAQAMLI TRANSFORMATSIYA DAVRIDA PEDAGOGIK TA’LIMNI RIVOJLANTIRISH ISTIQBOLLARI” 10 https://www.asr-conference.com/ V SHO‘BA: Til va adabiyot ta’limida dolzarb muammolar va yechimlar ruhiy kechinmalari va jamiyatdagi adolat masalalarini ifodalashda ham markaziy obraz sifatida xizmat qiladi. Shoirning 153-g‘azalida: “Ҳар кимки Юсуфум ғамидин ўлди дашт аро, Ҳар тун магар бўри кўзи шамъи мазоридур” 2 – bayti ana shu ko‘p qirralilikning yorqin namunasi hisoblanadi. Baytda oshiq qalbining ichki iztirobi Yusuf (a.s.) qissasi bilan badiiy uyg‘unlikda tasvirlanadi. Shoir “Юсуфум ғами” iborasi orqali oshiqning mahbubaga bo‘lgan sog‘inch va hasratini ifodalaydi. Oshiqning qalb kechinmalari ilohiy timsollar bilan qiyoslanadi va ularning ma’naviy qadr-qimmati oshiriladi. Ma’lumki, Qur’oni karimda Yusuf (a.s.)ning birodarlari uni yo‘qotib qo‘yganliklarini isbotlash uchun qonli ko‘ylakni olib kelib, otasi Ya’qubga “ bo‘ri yedi” degan yolg‘onni aytgan edilar. Aytdilar: “Ey, otamiz! Biz Yusufni matohlarimiz oldida qoldirib quvlashib ketsak, uni bo‘ri yeb ketibdi. Rost gapirsak ham, (baribir) siz bizga ishonuvchi emassiz” 3 (“Yusuf” surasi, 17-oyat). Shoirning mahorati shundaki, u “bo‘ri ko‘zi” ramzini ikki qirrada ishlatadi. Birinchidan, u Qur’oni karimdagi qissaga ishora bo‘lsa, ikkinchidan, oshiqning ko‘z yoshlarini, firoqdan yoqib yuboruvchi ichki iztirobini ifodalaydi. Mazkur baytdagi bo‘ri timsoli yolg‘on, xiyonat va g‘amning poetik ramziga aylanadi. Navoiy bu ramzni oshiqning ruhiy holati bilan uyg‘unlashtiradi. “Шамъи мазор” iztirob chekayotgan oshiqning ruhiy holatini ifodalaydi. U endi yor yo‘qligida hayotini mazor ustidagi sham’ singari yoqib, asta-sekin so‘nib borayotganini bildiradi. Shoirning 195-g‘azalida: “Тушта Юсуф ҳайъатин кўрдум ҳабибим ёдидин? Гўйи ул қолаб бу руҳи маҳз учун андозадур” 4 – misralari orqali tush manzarasini keltiradi. Ma’shuqasini eslagan paytda tushida Yusuf (a.s.)ni ko‘radi. Bunday poetik tasvirning asosida Yusuf (a.s.)ning tush ko‘rishi yotadi. Qur’onda Yusufning tushlari ilohiy ilhom, anglash va ruhiy poklik ramzi sifatida talqin qilinadi. Navoiy ushbu manbani o‘z poetik tizimida qayta ishlagan deyishimiz mumkin. Baytda “qolab” va “andoza” tushunchalari orqali Navoiy go‘yo Yusufning surati inson ruhining sof, mukammal shaklini ifodalaydigan andoza bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlaydi. Demak, Yusuf siymosi ruhiy go‘zallikning eng yuksak andozasidir. 299-g‘azalda esa oshiqning qalbi go‘zallikni eslash orqali gulga, ya’ni tabiatdagi eng nozik va mukammal go‘zallik ramziga talpinadi. “Гулрухум ёди била кўнглум эрур гулга ҳарис, Ким берур Юсуф иси қон аро юз пора қамис” 5 – Qamis 6 – ko‘ylak demak. Qonli ko‘ylak Ya’qub uchun musibat ramzi bo‘lgan bo‘lsa, Navoiy talqinida oshiq uchun u go‘yo Yusufning isini olib keluvchi, qalbni tiriltiruvchi vositaga aylanadi. Bu tasvir oddiy tashbeh emas, balki Navoiy lirikasida ko‘p uchraydigan an’anani bildiradi. Ma’shuqa siymosi orqali tabiat go‘zalligi va ilohiy mukammallik uyg‘unlashadi. Shu bois oshiq qalbida gulga intilish aslida ruhiy mukammallikka intilish sifatida talqin qilinadi. 2 Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – Б. 144. 3 Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur – Toshkent, 2001. – B. 147. 4 Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – Б. 173. 5 Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – Б. 249. 6 Давлатов О. Алишер Навоий шеъриятида қуръон оятлари ва ҳадисларнинг бадиий талқини. Филол. фан. бўй. фалс. док. (PhD) ...дисс. – Самарқанд, 2017. – Б. 76. 11 https://www.asr-conference.com/ V SHO‘BA: Til va adabiyot ta’limida dolzarb muammolar va yechimlar “Истаб ул бутни хирад белида зуннорин кўрунг, Бир калоба ип била Юсуф харидорин кўрунг” 7 – deb boshlanuvchi 383-g‘azal baytida Qur’oni karimda Yusuf (a.s.)ning bozorda sotilgani hikoya qilinadi. Navoiy bu voqeani poetik tashbehga aylantiradi. Go‘yo faqatgina bir kalava ip evaziga Yusufni sotib olish mumkin. Bu ibora nafaqat Yusuf qissasiga ishora, balki oshiqning ma’shuqa yo‘lida o‘zini arzimas narsa evaziga ham taslim qilishga tayyorligini bildiradi. Tashbeh va mubolag‘a san’atlari orqali oshiq iztirobi va ma’shuqaning beqiyos qadri yuksaltiriladi. “Zunnor” 8 esa nasroniylarning beliga bog‘laydigan ip, chilvir, belbog‘ dir. U ko‘pincha “ishq bandi” , ya’ni insonni dunyoviy va ruhiy jihatdan qaram etuvchi kuch ramzida keladi. Baytda istiora san’ati orqali ma’shuqa siymosi “but” ga qiyoslanib, aqlning taslim bo‘lishi “zunnor bog‘lash” orqali ifodalanadi. Ўзунгни сотмоғингда ҳусн савдосидин, эй Юсуф, Ҳабибим етса эрди, не ушалғой эрди бозоринг 9 . Mazkur 389-g‘azal baytida ham uning Misr bozorida quldek sotilishi sahnasiga murojaat qilinadi. “Uni (Misrda) arzon – sanoqli dirhamlarga sotdilar va (bu ishda go‘yo) tarki dunyochilardan bo‘ldilar.” (“Yusuf” surasi, 20-oyat) 10 . Yusufning go‘zalligi butun basharni hayratga solgan bo‘lsa-da, oshiq nigohida u ma’shuqaning jamoliga nisbatan ojiz ko‘rinadi. Baytda ishlatilgan mubolag‘a orqali Navoiy shunchaki Yusufning go‘zalligini kamsitmaydi, balki oshiq qalbida ma’shuqa timsolining mutlaq mezon sifatida qabul qilinishini badiiy kuch bilan tasdiqlaydi. Shoirning “bozor” timsolidan foydalanishi ham tasodifiy emas. Go‘zallik “savdo” ga qo‘yilgan mol singari tasvirlanadi, ammo bu tashbeh orqali go‘zallik qadrsizlantirilmaydi, balki uning qadri odamlar nigohiga muhtoj holda baholanishi ta’kidlanadi. Shu jihatdan baytda tazod san’ati ham ko‘zga tashlanadi. Yusuf – ilohiy go‘zallik timsoli, ammo oshiqning “habib”i kelganida bu bozorda hech qanday qadr qolmaydi. Demak, shoir bir qarashda qiyos qilib bo‘lmaydigan ikki go‘zallikni – Qur’onda ta’riflangan jamol bilan ma’shuqa husnini qarama-qarshi qo‘yadi. Оламоро ҳусн ила жонбахш нутқунгму экин, Ё Масиҳо руҳи Юсуф жисмида қилмиш ҳулул? 11 Devondagi 417-g‘azal baytida Yusuf va Iso (Masih) timsollarini o‘zaro uyg‘unlashtirib, go‘zallik va ilohiylik masalasini yuksak falsafiy savol darajasida qo‘yadi. Shoir ma’shuqaning “olamoro husni” va “jonbahsh nutqi” ni tasvirlar ekan, uning so‘zlari shunchalik hayotbaxshki, u Masihning tiriltiruvchi nafasi bilan qiyos qilinadi. Shu bilan birga, ma’shuqaning qiyofasi Yusuf jismiga singgan ilohiy ruhga tenglashtiriladi. Demak, oshiq nigohida ma’shuqa nafaqat insoniy go‘zallik va latofat manbai, balki ilohiy nur va hayotbaxsh qudrat timsolidir. Baytda tashbeh va istiora badiiy san’atlari uyg‘un holda ishlatilgan. Masihning “nafas”i tashbeh asosida ma’shuqaning so‘zlariga qiyos qilinadi. Yusufning jismi esa ruhning ilohiy tajassum topgan qobig‘i sifatida talqin qilinadi. Bu orqali Navoiy Qur’on va Injil rivoyatlarida alohida o‘rin tutgan ikki payg‘ambar timsoli vositasida badiiy umumlashmaga erishadi. Tasavvufda Masih ruhi ilohiy haqiqatning “hayot baxsh etuvchi nafas” i, Yusuf jismi esa “jamol” ning mujassam shakli bo‘lib, oshiq qalbida jamol va kamolning 7 Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – Б. 310. 8 Алишер Навоий асарлари тилининг изоҳли луғати. 4 томлик. – T.: Фан, 1983. – Б. 653. 9 Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – Б. 315. 10 Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur – Toshkent, 2001. – B. 147. 11 Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – Б. 336. 12 https://www.asr-conference.com/ V SHO‘BA: Til va adabiyot ta’limida dolzarb muammolar va yechimlar uyg‘unlashuvini ifodalaydi. Demak, ma’shuqa timsolida faqatgina insoniy muhabbat emas, balki Haq jamolining zohir bo‘lishi ham ko‘zda tutiladi. Керак қуёш дирами танга ўлса байъона, Чу Юсуфумни ики даҳрға баҳо қилсам 12 . 507-g‘azalda Navoiy yana takror Yusuf qissasidagi eng ta’sirchan epizodlardan biri bo‘lgan bozorda sotilishi voqeasiga murojaat qiladi. Navoiy bu baytda uni o‘ziga xos badiiy-falsafiy talqinda qayta yaratadi. Yusuf (a.s.)ning “arzimas bahoga sotib yuborilgani” ni ifodalovchi holat Yusufning asl qiymati moddiy mezonlar bilan o‘lchanmasligini, uning ilohiy jamol va ma’naviy maqomini zamondoshlar anglay olmaganini ko‘rsatadi. Shoir “quyosh dirami” iborasini tashbeh sifatida kiritadi. Quyosh – nur va hayot manbai, “diram” esa pul birligi ma’nosida. Demak, quyoshni ham moliyaviy mezonga solish mubolag‘asi orqali Navoiy ma’shuqaning husnini ikki zamon (ikki dahr)ga sig‘maydigan yuksak qadriyat sifatida ko‘rsatadi. Bu yerda tazod san’ati yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ya’ni, moddiy mezon sifatida “diram”, ruhiy-axloqiy mezon sifatida esa “Yusuf” timsoli qarama-qarshi qo‘yilgan. Shoir go‘zallikning ilohiy va abadiy qiymatini vaqt va pul singari nisbiy tushunchalar bilan o‘lchash mumkin emasligini ta’kidlaydi. Baytdagi “ikki dahr” tushunchasi faqat dunyoviy ikki zamon emas, balki dunyo va oxirat, moddiy va ma’naviy olamni anglatadi. Ma’shuqaning qadrini belgilashda Navoiy “Yusuf” obrazini ishlatishi esa tasodifiy emas. Chunki Yusuf timsoli mumtoz adabiyotda mutlaq jamol va ilohiy nur ramzi sifatida qaraladi. Yusufning qadrsiz sotilishi bilan ma’shuqaning beqiyos husni o‘rtasidagi qiyos aslida tasavvufiy ma’noga ega. Odamzod ko‘pincha, ilohiy go‘zallikni arzimagan bahoga sotadi, uni qadriga yetmaydi. Oshiq esa o‘zining “Yusuf”ini, ya’ni ma’shuqasini butun mavjudotdan ham qimmatli, ikki olamdan ustun deb biladi. Yusufning qadrsizlanishi Haq jamolining odamlar ko‘zida tan olinmasligini anglatadi. Navoiy esa oshiqlik nuqtayi nazaridan ilohiy jamolni mutlaq qadriyat deb biladi va uni ikki olamga ham tenglashtirib bo‘lmasligini ta’kidlaydi. 514-g‘azalda ham Alisher Navoiy Yusuf (a.s.)ni arzimas bahoga sotilishi lavhasini badiiy-falsafiy ruhda qayta talqin qiladi. Ўкуб жаннат гулин воиз, тиларким, айласам савдо Неча эски дирамға Юсуфум, ваҳ, кўргил идрокин 13 . Baytda voiz obrazining tilga olinishi ramziy ma’noga ega. Voiz “jannat gulini” , ya’ni oxirat ne’matini, najot va savobni targ‘ib qiladi. Oshiq esa bunday targ‘ibotga qarshi o‘zining sevgisini qo‘yadi. U jannatning abadiy ne’matlaridan ham voz kechib, ma’shuqasini arzimagan bahoga olsa-da, baribir u bilan savdo qilishni afzal biladi. Bu fikrning o‘zi mubolag‘aning yuksak namunasidir. Chunki oshiq uchun ma’shuqaning go‘zalligi jannat ne’matlaridan ham ortiq, uning jamoli esa oxiratning barcha lazzatlaridan ko‘ra muqaddasroq. Jannat guli abadiy nafosat timsoli. Yusuf esa ilohiy go‘zallik ramzi. Ularning bir savdoda qo‘yilishi tashbeh orqali go‘zallikning o‘lchovi qanday belgilanishini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, jannat kabi ulug‘ ne’mat va “eski diram” kabi arzimas pul birliklari qarama-qarshi qo‘yilib, tazod san’ati vositasida oshiqona qadriyatlarning mutlaq ustunligi ta’kidlanadi. Jannat ne’mati bu tashqi mukofot, voizning targ‘ibi esa odamlarni savob evaziga ibodat qilishga da’vatdir. Oshiq esa bu bilan kifoyalanmaydi, uning maqsadi mukofot emas, balki Haqning jamoli. Yusuf timsoli shu yerda Haq 12 Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – Б. 401. 13 Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – Б. 406. 13 https://www.asr-conference.com/ V SHO‘BA: Til va adabiyot ta’limida dolzarb muammolar va yechimlar jamolining ramziga aylanadi. “Eski diram” iborasi esa dunyo va oxiratning barcha mukofotlarini ifodalaydi ular qanchalik ko‘p bo‘lmasin, oshiq uchun beqadr. Uning yagona orzusi ilohiy jamol bilan “savdo” qilishdir. Shoirning 534-g‘azalidagi: “Навоий риштайи фикри чекар маъни суманбўйин, Хуш ул тожирки, Юсуф чеҳра кўргузгай танобидин” 14 – degan misralari nafaqat ma’naviy-irfoniy g‘oyalar, balki mumtoz adabiyotning ramziy-badiiy an’analari bilan ham bog‘lanib ketadi. Avvalo, “rishtayi fikr” iborasi tasavvufda insoning qalbidagi ma’rifat yo‘lini anglatadi. Rishta – yo‘lni ko‘rsatuvchi ip, yo‘lboshchi ma’nosida kelib, shayx-murid munosabatini ham eslatadi. Navoiy shu ma’noda, fikrning rishtasini “sumanbo‘yin” ga, ya’ni nafis ma’nolarga bog‘laydi. Bu yerda “sumanbo‘yin ” ramzi soflik, latofat, ruhiy ozodlik ni anglatadi. “Yusuf chehra” ilohiy jamolning timsoli sifatida keltirilgan. “Xush tojir” esa o‘z savdosida faqat dunyoviy manfaatni emas, balki ilohiy husnni qo‘lga kiritishga intiladi. Bu savdo ramzi tasavvufda jon va tan, nafs va ruh o‘rtasidagi almashishga ishora qiladi. Ya’ni jonni dunyoviy shahvatlardan xalos etib, uni ilohiy husn yo‘lida qurbon qilishdir. Mumtoz adabiyot an’anasida tojir va savdo obrazi ko‘p hollarda ruhiy safar va ma’naviy mubodila (almashish)ning ramzi sifatida qo‘llanilgan. Navoiy ushbu an’anani davom ettirib, uni yangi irfoniy ma’nolar bilan boyitadi. 535-g‘azaldagi: Не гули хандон, не Исодур, не Юсуф муждаси, Топти бир маҳжур ўлар ҳолатда жонон муждасин 15 . misralarda shoir an’anaviy ishq va tasavvufiy timsollarni qiyosiy qo‘llab, “jonon mujdasi”ni eng oliy qadriyat sifatida ko‘rsatadi. “Gul” timsoli – ishq maydonida hayot, latofat va yashnash ramzi. “Guli xandon” tasavvufiy ma’noda dilning ilohiy nur bilan ochilishi, ruhiy go‘zallikning yuzaga chiqishidir. Mumtoz adabiyotda Iso (a.s.) hayot baxsh etuvchi nafasi bilan “ruhiy qayta tirilish” ma’nosini anglatadi. Ishq yo‘lidagi solik uchun bu nafas ma’naviy uyg‘onishning, qalb tirilishining ramzi hisoblanadi. Navoiy “Iso mujdasi” ni ham o‘sha mahjur holatda topilgan jonon mujdasi bilan teng qila olmaydi. Yusuf (a.s.) husnning oliy ramzi sifatida mujda beruvchi, nur tarqatuvchi chehra sifatida adabiyotda alohida o‘rin tutadi. Baytning markaziy nuqtasi esa “jonon mujdasi” dir. Jonon – ilohiy zot, komil ma’shuq, ya’ni Allohning jamoli sifatida talqin etiladi. Shoirning bayon etishicha, mahjur, ya’ni hayotdan umidsiz, ruhiy holati zaiflashgan inson uchun haqiqiy mujda jonning yangidan hayot topishiga sabab bo‘luvchi ilohiy jamoldan kelgan xushxabardir. 552-g‘azaldagi: “Кўнглагингдин ким, топар жон дам-бадам Юсуф иси, Эй азизим, мен ҳам ул кўнглак аро бир тормен” 16 – baytida ilohiy ishqning ramziy manzarasini yaratadi. Ma’lumki, Ya’qub (a.s.) Yusuf (a.s.)ning ko‘ylagi orqali uning isini sezib, ko‘zlari nur topgan. Bu voqea mumtoz adabiyotda ilohiy visol, ruhiy uyg‘onish va qalbning 14 Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – Б. 420bet 15 Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – Б. 421. 16 Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – Б. 432. 14 https://www.asr-conference.com/ V SHO‘BA: Til va adabiyot ta’limida dolzarb muammolar va yechimlar poklanishi ramziga aylangan. Navoiy ham “Yusuf isi” ni oshiq qalbida seziladigan ilohiy muhabbatning, ruhiy uyg‘onishning, ma’naviy shifo va najotning ramziy belgisi sifatida talqin etadi. Baytda Navoiy “ko‘nglagingdin” deya murojaat qilib, ma’shuqaning qalbini ilohiy nurlar manbai sifatida tasvirlaydi. Bu qalbda “Yusuf isi” ya’ni poklik, ruhiy jamol, hidoyatning nafasi doimo sezilib turadi. Lirik qahramon esa o‘zini shu qalb aro “bir tor” deb tasvirlaydi. “Tor” so‘zining badiiy ma’nosi ikki xil talqin qilinishi mumkin. Bir tomondan, u tor joy, siqiq makon ma’nosini anglatib, oshiqning o‘zini ma’shuqaning keng qalbi ichida kichik, ojiz va mutaassir holatda ko‘rishini ifodalasa, ikkinchi tomondan, “tor” so‘zi musiqa asbobidagi torni ham eslatadi. Oshiq esa ana shu ruhiy bo‘stonning ichida bir tor kabi titrab, ilohiy zikrga hamohang bo‘ladi. “Badoyiʼ ul-bidoya” devonining 580-g‘azalidagi bayt: Қуёшни Юсуфим байъиға бермак бор эса мумкин, Дегаймен тангайи байъонадур эрмас баҳосидин 17 – mumtoz she’riyatning ramziy-ma’naviy talqinlarini teran ifodalashga xizmat qiladi. Baytda “Yusufim” timsoli Yusuf (a.s.) obraziga ishora qilib, jamol, poklik, ma’naviy barkamollik va ilohiy go‘zallik ramzi sifatida talqin qilinadi. Shuningdek, Yusuf timsoli Navoiy she’riyatida nafaqat tashqi husn, balki Haq tajallisini ifodalovchi ruhiy nur manbai sifatida gavdalanadi. Shoir mubolag‘a vositasida quyoshni tangaga qiyoslab, Shoir quyoshni ham Yusufning “bay’iga” – ya’ni savdosiga qo‘yilsa ham, Yusuf jamolining haqiqiy qiymatini ifodalashga yetmasligini ta’kidlaydi. Baytdagi “tangayi bay’o” (savdo tangasi) – dunyoviy o‘lchov, “bahosi” esa ilohiy qiymat timsolidir. Bunday tasvir orqali Navoiy dunyoviy qadriyatlarning nisbiyligini, ilohiy go‘zallikning esa mutlaq va cheksizligini ifodalaydi. Inson qalbi ilohiy jamolni dunyo miqyosida baholashga qodir emas. Quyosh – dunyoning eng buyuk va nur taratuvchi manbai va shu bilan birga ilohiy tajallining oldida faqatgina bir “tanga” dir. Quyosh kabi bebaho timsol ham faqatgina “tanga” darajasida qolib, ilohiy go‘zallikning qiymati, ishqning haqiqiy manbai bo‘lgan Haq go‘zalligini hech qanday dunyoviy qiymat bilan o‘lchab bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Shoirning maqsadi dunyo qadriyatlarining nisbiyligini ko‘rsatib, ilohiy ishqning mutlaq mohiyatini yuksak badiiy san’atlar yordamida ifoda etishdir. Кўнгулким васлин истар ҳар тараф доғи ситам бирла, Эрур Юсуф харидори неча эски дирам бирла 18 – deb boshlanuvchi 623-g‘azal baytida ham Navoiy, talmeh vositasida murojaat qilib, qalb istagini Yusuf savdosi bilan qiyoslaydi. Bir qarashda oddiy savdo-sotiq manzarasi, aslida, esa bu voqea orqali ko‘ngilning ilohiy haqiqat sari intilishi, uning har tarafdan dunyoviy sitam va to‘siqlarga duch kelishi tasvirlanadi. G‘azal mutaqorib vaznida bitilgan bo‘lib, misralardagi takroriy tovushlar “do‘g‘i sitam birla”, “eski diram birla” ichki qofiya va tasvirning musiqiy uyg‘unligini yanada kuchaytiradi. “Sitam – dirham” o‘xshashligi faqat ohangdorlikni emas, balki mazmuniy qarama-qarshilikni ham ifodalaydi. Biri azob-uqubatni, ikkinchisi arzimas qiymatni bildiradi. Baytdagi “ko‘ngul” so‘zi tasavvufda Alloh jamolining oynasi sifatida talqin etiladi. Ko‘ngilning “vasl” istashi bu Haq bilan qovushishga, ilohiy jamolni mushohada qilishga bo‘lgan ruhiy tashnalikdir. Shu bilan birga, “dog‘i sitam” iborasi ko‘ngilning bu yo‘lda cheksiz imtihon va sinovlarga duch kelishini ifodalaydi. Tariqat yo‘li 17 Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – Б. 453. 18 Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – Б. 484. 15 https://www.asr-conference.com/ V SHO‘BA: Til va adabiyot ta’limida dolzarb muammolar va yechimlar ko‘pincha “sitam”, “dog‘”, “olov” kabi obrazlar orqali ifodalangan. Shoir, ko‘ngilning ilohiy visol sari intilishi, lekin bu yo‘lda dunyo “sitam” lari va arzimas manfaatlar evaziga Yusufni boy berib qo‘yish xavfi borligini ogohlik bilan eslatadi. Ikkinchi misrada esa “Yusuf xaridori” obrazi orqali badiiy-tasavvufiy ma’no yanada chuqurlashadi. Baytda ishlatilgan “eski dirham” obrazi qadrsizlik, arzimaslik ramzi sifatida xizmat qiladi. Bu insonning abadiy ruhiy kamolotni vaqtincha dunyo havaslari evaziga sotib yuborishi, ya’ni “ruhni arzon savdoga qo‘yishi” ni bildiradi. Ushbu bayt inson qalbining ilohiy vaslga bo‘lgan cheksiz intilishi va shu yo‘ldagi qiyinchiliklarini anglatadi. Qalb Haq ishqiga oshno bo‘lishni xohlasa-da, bu yo‘lda nafs, dunyo manfaatlari va sitamlar uni sinovdan o‘tkazadi. “Eski diram” esa dunyo qulayliklari va o‘tkinchi lazzatlarni ramziy tarzda anglatadi. “Badoyiʼ ul-bidoya”dagi navbatdagi 642-g‘azalida uchraydigan quyidagi baytda: Юсуфим ҳажрида Яъқубий ғам ичра, мутрибо, Уйла менким, хушлуғум йўқ нағмайи Довуд ила 19 – Ya’qub (a.s.) o‘g‘li Yusufdan ayrilganida ko‘zlari oqarguncha g‘am chekkani, iztirobda qolgani tasvirlangan. Navoiy ham o‘zini Ya’qubiy g‘am ichra deb tasvirlab, Yusuf timsolida o‘zining ma’shuqini, ilohiy haqiqatni yo‘qotgan qalb holatini aks ettiradi. “Yusufim” so‘zi bevosita payg‘ambar shaxsidan tashqari, ruhiy mukammallik, ma’naviy kamolot, Haqqa qovushuv timsoli sifatida talqin qilinadi. Shoir o‘z holatini musiqiy ramzlar “Ya’qubiy g‘am” va “nag‘mayi Dovud” orqali ifodalaydi. “Nag‘mayi Dovud” Qur’oni karim va boshqa rivoyatlarda Dovud (a.s.)ga xos bo‘lgan betakror ohang, qalblarni yumshatadigan musiqiy mo‘jiza sifatida tanilgan. Navoiy “xushlug‘um yo‘q” deya o‘zining ruhiy musaffoligidan, qalbidagi shodlikdan mahrumligini bildiradi. Hatto Dovudning mo‘jizaviy nag‘masi ham uning dardini yengillashtira olmaydi. Bir tomonda dunyoviy va ilohiy musiqaning eng yuksak ifodasi bo‘lgan Dovud nag‘masi, boshqa tomonda esa ma’shuq hajridan butkul mahrum bo‘lgan qalbning sado bermasligi tasviri tazod san’ati orqali mahorat bilan ochib berilgan. Shuningdek, shoir Yusuf timsoli ruhning ilohiy manbaga qaytishga bo‘lgan talpinishini, Ya’qubning g‘ami esa orifning hajr va hijron yo‘lidagi iztirobini anglatadi. Mutribga murojaat esa bunday ruhiy iztirobni dunyoviy musiqiy ohanglar bilan emas, balki ilohiy zikr va Haq jamolini mushohada qilish orqali yengish mumkinligini nozik tarzda eslatadi. Bu uyg‘unlik insonning ruhiy yo‘li hijrondan visolga, g‘amdan mushohadaga, sukutdan ilohiy nag‘maga tomon intilishini ifodalaydi. Shoirning 675-g‘azalida: Тушумда лаълию рухсоридур, уйғотманг мени, гар худ Масиҳо бирла Юсуф бошим узра етсалар ногаҳ 20 . Navoiy tush motivi orqali o‘zining ruhiy kechinmalarini ifodalaydi. Sharq adabiyotida tush (ro‘yoyi solih) ilohiy ilhom va ruhiy mushohada timsoli sifatida talqin qilinadi. Shoir “tushumda la’liyu ruxsoridur” deya, ma’shuqaning husni va go‘zalligini la’l (qimmatbaho gavhar) hamda ruxsor (go‘zal yuz) orqali ta’riflaydi. Bu yerda tashbeh va istiora uyg‘un qo‘llanib, ma’shuqa yuzining nur, qalbni yorituvchi jamol sifatida talqin qilinishiga zamin yaratadi. 19 Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – Б. 496. 20 Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – Б. 519. 16 https://www.asr-conference.com/ V SHO‘BA: Til va adabiyot ta’limida dolzarb muammolar va yechimlar Shuningdek, shoir uyg‘onmaslikni iltijo qiladi, hatto agar Masih (Isoning tiriltiruvchi ruhi) va Yusuf (go‘zallik ramzi) kutilmaganda kelib qolsalar ham, u o‘z tushidan voz kechishni istamaydi. Bu o‘rinda juda kuchli tazod san’ati qo‘llanganiga guvoh bo‘lamiz, ya’ni Masihning mo‘jizaviy tiriltirish qudrati ham, Yusufning betakror go‘zalligi ham shoirni tushdagi ilohiy huzurdan uyg‘otishga qodir emas. La’l va ruxsor bu dunyoviy ma’shuqa husnidan tashqari, ilohiy jamolning ramzidir. Tush esa orif qalbining ilohiy tajalliyga yetishi sifatida talqin qilinadi. Shu bois, uyg‘onish dunyoviy hayotga qaytish, “hijron” ga tushish, uxlab qolish va tushda jamolni ko‘rish esa “visol” ramzidir. Bu nuqtayi nazardan, bayt “hijron va visol”ni mujassamlashtiradi. Shoir uchun haqiqiy jamol bu tushda kashf bo‘ladigan ilohiy nurdir. U shu qadar yuksakki, hatto Masihning mo‘jizasi va Yusufning husni ham uni ortda qoldira olmaydi. Bayt orif qalbidagi eng oliy tajriba Haq jamolini mushohada qilish holatini badiiy shaklda ifodalashdir. Mumtoz adabiyotimizda muammo janri o‘ziga xos tafakkur va badiiy mahoratni ifodalovchi shakl sifatida alohida o‘rin egallaydi. Alisher Navoiyning muammo janridagi mahorati bevosita “Badoyi’ ul-bidoya” devoniga kiritilgan muammolarida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. “Muammo” so‘zining lug‘aviy ma’nosi “ko‘r qilingan” (arab tilidan a’mo – ko‘r demakdir) yoki “yashiringan” degan ma’noni anglatadi 21 . Muammo janrining o‘ziga xos jihati shundaki, bir baytning yechimi ko‘pincha, birgina uslub bilan chegaralanib qolmaydi. Shoir aslida bitta ism yoki tushunchani yashiradi, lekin uni topish uchun turli usullarni uyg‘unlashtiradi. Masalan, shoirning ta’lif va imtizoj uslubida yozilgan “Сайр ичра қачонким юзунгга етти қуёш, / Тер оқиб, анинг чеҳрасидин борди ёш” 22 bayti muammo janrining eng yorqin namunasidir. Baytda shoir tashqi tasvir orqali oddiy sayr manzarasini chizgandek ko‘rinadi. Ammo diqqat bilan nazar tashlanganda, unda yashirin ism mujassam ekanini anglash mumkin. ي – و – س – ف. Baytning poetik tasvirlari har bir harfni alohida ramziy belgi orqali ifodalaydi. Birinchi misrada “yuzungga yetti quyosh” iborasi bevosita ramziy obrazdir. “Yuz” so‘zi bevosita “chehra, jamol” ma’nosida o‘zida semantik yukni jamlagan va quyosh bilan uyg‘unlashib, ilohiy jamolni ta’riflaydi. Baytda “yetti quyosh” obrazi tasmiya yo‘li bilan “Yusuf” qissasidagi go‘zallik ramziga ulanadi. Bu uslubda yashirin ism bevosita o‘zining ma’naviy-estetik mazmuni orqali topiladi. Baytni yechishda hamma so‘zlar muhim emas. “Yuz” so‘zi “yu” bo‘g‘iniga qisqaradi. “Қуёш” obrazida arab alifbosining “йо” harfi (ي) jilolanadi, u o‘zining nur sochuvchi shakli bilan Yusuf ismining birinchi harfiga ishora qiladi. Navoiy muammo orqali oddiy so‘zlar zanjiridan butun bir obrazli dunyo yaratadi. Shuningdek, ikkinchi misrada “Тер оқиб, анинг чеҳрасидин борди ёш” jumlasi orqali obrazli tasvir yanada kuchayadi. Bu misrada oqim va sirg‘alib tushuvchi chiziqlar orqali “sin” (س) harfi ramziy tarzda yuzaga keladi. Quyosh issig‘i ta’sirida ter oqishi, chehradagi yoshning yuzdan sirg‘alib ketishi tasvirida sathiy chiziqlarning oqimi, “sin”ning shakliy egri-bugri ifodasi gavdalanadi. Bu yerda tajohuli orif san’ati mavjud bo‘lib, shoir sodda hodisani tasvirlaganday ko‘rinadi, aslida esa badiiy topqirlik orqali ismni yashiradi. Keyingi bosqichda “vov” (و) harfi kutilmagan ramziy o‘rin oladi. “Борди ёш” iborasi tomchi va yoshning dumaloq shaklda oqib tushgan tomchi tasviri bilan o‘zaro uyg‘unlashib, aynan “vov”ning dumaloqligini anglatadi. Bu ifoda esa “suv” unsuri bilan 21 Зоҳидов Л. Алишер Навоий ижодида муаммо жанри. – Тошкент: «Фан» нашриёти, 1986. – 68 б. – Б. 12 22 Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – Б. 671. 17 https://www.asr-conference.com/ V SHO‘BA: Til va adabiyot ta’limida dolzarb muammolar va yechimlar bog‘lanadi. Ular qo‘shilib “Yusuf” shaklini beradi. Bu – baytning eng asosiy yechimi. Nihoyat, oqimning tugashi va pastki egri chiziq orqali “fe” (ف) harfi ham yuzning husnida, terning oqimida ko‘zga tashlanadi. Bu harf yuqorida ikki nuqtasi va pastki egri chizig‘i bilan ham timsollarni to‘ldiradi, ham poetik muammoni yakunlaydi. Shu tariqa Yusuf ismi (فسوي) ta’lif va imtizoj orqali yashirincha kashf etiladi va bayt mazmuni bilan uyg‘unlashadi. Ayni shi jihat, muammo janrining ko‘p qirrali mohiyatini va shoirning so‘z ustasi ekanligini yanada yoritib beradi. Navoiy mazkur muammosida tashxis, istiora, tashbeh, tajohuli orif kabi san’atlarni qo‘llagan holda ilohiy sirni, ko‘ngilning yashirin haqiqatini ifodalagan. Ya’ni, “сайр” jarayonida yuzga yetgan quyosh ham tashqi manzara emas, balki qalbda zuhur etuvchi nurdir. Shoirning muammosida “Yusuf” ismi ramziy yashirilishi ishora qilish orqali ilohiy haqiqatning oddiy ko‘zga ko‘rinmas, faqat ma’rifat ahli uchun kashf bo‘luvchi mohiyatini ko‘rsatadi. Yusuf timsoli – ilohiy jamol, ruhiy poklik va ma’naviy mukammallik ramzidir. Ya’qubning Yusufdan ayrilishi qanday ruhiy sinov bo‘lsa, orifning Haq jamolidan hijroni ham shunday azobdir. Quyosh – Haq nurini, ter va yosh – inson qalbidagi tajalliy va ishq iztiroblarini anglatadi. Quyoshning yuzga yetishi, ter va yoshning oqishi tashqi manzara sifatida qabul qilinsa-da, aslida qalbga tushayotgan Haq nuri, insonning ichki halovat va ilohiy jamol bilan uchrashuvi timsoli sifatida talqin qilinadi. Shunday qilib, yashiringan “Yusuf” ismi orifning ruhiy mukammallikka intilishini ifodalaydi. Tasavvufda Haqning jamoli bevosita so‘z bilan emas, ramz va ishora orqali anglashiladi. Shu jihatdan mazkur muammo aynan shu ma’naviy yondashuvni mukammal ifodalovchi shakl sifatida xizmat qiladi. “Badoyiʼ ul-bidoya”dagi baytlarning tahlili shuni isbotlaydiki, Navoiy so‘zning ko‘p qirraliligiga katta e’tibor qaratgan. Birgina so‘z o‘zida bir necha ma’noni mujassam etib, lirik qahramonning ruhiy holatini yanada chuqurroq yoritishga xizmat qiladi. Devondagi Yusuf (a.s.) timsoliga bag‘ishlangan baytlar shoirning badiiy tafakkur kengligini, ma’naviy-falsafiy mushohadasining chuqurligini ko‘rsatadi. Shu jihatdan devon nafaqat Navoiy she’riyatining poydevori, balki turkiy adabiyot tarixida bebaho namuna sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI 1. Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur – Toshkent, 2001. – 483 b. 2. Obidov R. Payg‘ambarlar tarixi islomiyat tarixidir. Birinchi kitob. – T.: Movarounnahr, 2005. – 131 b. 3. Алишер Навоий. Бадойиъ ул-бидоя. Мукаммал aсарлар тўплами. Йигирма томлик. Биринчи том. – Т.: Фан, 1987. – 689 б. 4. Алишер Навоий асарлари тилининг изоҳли луғати. 4 томлик. – T.: Фан, 1983. – 656 б. 5. Давлатов О. Алишер Навоий шеъриятида қуръон оятлари ва ҳадисларнинг бадиий талқини. Филол. фан. бўй. фалс. док. (PhD) ...дисс. – Самарқанд, 2017. – 160 б. 6. Зоҳидов Л. Алишер Навоий ижодида муаммо жанри. – Т.: Фан, 1986. – 68 б.