scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK LUG'ATSHUNOSLIGI OLDIDAGI VAZIFALARI VA ISTIQBOLLARI

X.Narxodjayeva

Full text

249 O‘ZBEK LUG‘ATSHUNOSLIGI OLDIDAGI VAZIFALARI VA ISTIQBOLLARI X.Narxodjayeva Iqtisodiyot va pedagogika universiteti professori, filologiya fanlari doktori DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17392399 Annotatsiya: Ushbu maqolada o‘zbek lug‘atshunosligining hozirgi rivojlanish bosqichi, uning oldida turgan dolzarb vazifalar va istiqboldagi yo‘nalishlari tahlil qilinadi. Tilning leksik boyligini tizimlashtirish, yangi so‘zlar va neologizmlarni qayd etish, zamonaviy elektron lug‘atlar yaratish, terminologik birliklarni standartlashtirish hamda dialektal lug‘atlarni tuzish kabi muammolar lug‘atshunoslikning asosiy vazifalari sifatida ko‘rsatib o‘tiladi. Shuningdek, milliy merosni asrash va o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi mavqeini oshirishda lug‘atshunoslikning o‘rni yoritiladi. Kalit so‘zlar: o‘zbek lug‘atshunosligi, leksikografiya, yangi so‘zlar, neologizmlar, elektron lug‘at, terminologik lug‘at, dialektal lug‘at, milliy meros, istiqbol. Abstract: This article analyzes the current stage of development of Uzbek lexicography, its current tasks, and future directions. Such problems as systematization of the lexical richness of the language, registration of new words and neologisms, creation of modern electronic dictionaries, standardization of terminological units, and compilation of dialectal dictionaries are indicated as the main tasks of lexicography. It also highlights the role of lexicography in preserving national heritage and enhancing the international status of the Uzbek language. Keywords: Uzbek lexicography, lexicography, neologisms, neologisms, electronic dictionary, terminological dictionary, dialectal dictionary, national heritage, perspective. Kirish. O‘zbek lugʻatshunosligi mustaqillikdan so‘ng yangi bosqichga ko‘tarilib, tilning leksik boyligini tizimlashtirish, izohli, tarjima va terminologik lugʻatlar yaratish borasida bir qator muhim ilmiy yutuqlarga erishdi. Ayniqsa, izohli lugʻatlar orqali o‘zbek tilining so‘z boyligi, ularning semantik qatlamlari, qo‘llanish imkoniyatlari va uslubiy xususiyatlari chuqurroq o‘rganilmoqda. Tarjima lugʻatlari esa ikki va undan ortiq tillararo muloqotni rivojlantirishda, xalqaro hamkorlikni kengaytirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Terminologik lugʻatlar esa fan va texnologiyaning turli sohalarida qo‘llaniladigan atamalarni tartibga solishda muhim vosita sifatida xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, tilning uzluksiz taraqqiyoti, jamiyatda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar, madaniy hayotdagi yangilanishlar va texnologik jarayonlarning jadalligi o‘zbek lugʻatshunosligi oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Bugungi kunda internet va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng qo‘llanilishi natijasida yuzlab yangi so‘zlar, terminlar va ifodalar tilimizga kirib kelmoqda. Ularni tizimli ravishda qayd etish, izohlash va leksik tizimga kiritish jarayoni dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Demak, o‘zbek lugʻatshunosligi istiqbolida nafaqat mavjud yutuqlarni yanada boyitish, balki 250 zamonaviy talablarga mos ravishda yangi ilmiy yondashuvlarni shakllantirish ham zarurdir. Hozirgi globallashuv jarayonida o‘zbek tili xalqaro hamkorlik, fan-texnika taraqqiyoti, internet va ommaviy madaniyat ta’sirida tezkor ravishda yangilanmoqda. Natijada tilimizga turli sohalardan yuzlab yangi so‘zlar, iboralar va terminlar kirib kelmoqda. Bu hodisa tilning boyishini ta’minlasa-da, ularni o‘z vaqtida qayd etish va izohlash jarayoni talab darajasida olib borilmayapti. Neologizmlarning semantik doirasini aniqlash, ularning kelib chiqish manbasini belgilash va adabiy til me’yorlari bilan uyg‘unligini ta’minlash dolzarb vazifalardan biridir. Aks holda, yangi so‘zlarning ma’no qatlamlari aniqlanmay qolishi, ularning noto‘g‘ri yoki chalkash qo‘llanishi keng tarqalishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, til iste’molchilari orasida ma’no va qo‘llanishdagi beqarorlikni yuzaga keltiradi, til madaniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bugungi raqamli asrda lugʻatlarning nafaqat bosma nashrda, balki elektron shaklda yaratilishi ham zaruriy ehtiyojga aylanib bormoqda. Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, elektron lugʻatlar foydalanuvchilar uchun yanada qulay, tezkor va samarali vosita hisoblanadi. Afsuski, o‘zbek tilida yaratilgan lugʻatlarning ko‘pchiligi hanuz bosma shaklda qolmoqda va ularning imkoniyatlari zamonaviy talablarni to‘liq qondirmaydi. Elektron lugʻatlar bazasini yaratish, uni muntazam yangilab borish, qidiruv tizimlarini qulay qilish va turli foydalanuvchi guruhlari uchun interaktiv interfeys ishlab chiqish lugʻatshunoslikning dolzarb vazifasiga aylangan. Bundan tashqari, elektron lugʻatlar nafaqat izohli ma’lumot berishi, balki talaffuz, kontekstual qo‘llanish va tarjima imkoniyatlarini ham taqdim etishi lozim. Bunday tizimlarni shakllantirish o‘zbek tilining xalqaro maydonda raqobatbardoshligini oshiradi, ilmiytadqiqot ishlarida, ta’limda va kundalik muloqotda samarali foydalanish imkonini beradi. Hozirgi davrda ilm-fan, texnika, tibbiyot, axborot texnologiyalari va boshqa ko‘plab sohalar jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Shu jarayonda yuzlab yangi terminlar vujudga kelmoqda. Ammo ularni tartibga solish, yagona standart asosida qo‘llash masalasi o‘zbek tilshunosligida hali to‘liq hal qilinmagan. Natijada bir sohada qo‘llaniladigan termin boshqa sohada boshqa ma’noda ishlatilishi, hatto bir atamaning bir nechta variantlari mavjud bo‘lishi kuzatiladi. Bu esa ilmiy muloqotda noaniqlik, chalkashlik va tushunmovchiliklarga sabab bo‘ladi. Shuningdek, ba’zi hollarda chet tillaridan o‘zlashgan terminlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri, hech qanday moslashuvsiz qo‘llanilishi ham lugʻatshunoslik oldiga jiddiy muammolarni qo‘yadi. Shu bois, zamonaviy terminologik lugʻatlarni yaratish, ularni muntazam ravishda yangilab borish va xalqaro me’yorlarga moslashtirish dolzarb vazifadir. 251 Terminlarning yagona ilmiy asosda izohlanishi nafaqat ilmiy hamjamiyat, balki o‘qituvchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. O‘zbek tili turli hududlarda keng tarqalgan sheva va lahjalarga boy bo‘lib, ular xalqning tarixiy xotirasi, turmush tarzi va madaniyatini o‘zida mujassamlashtirgan. Afsuski, bugungi lugʻatshunoslikda dialektal leksikani tizimli o‘rganish va alohida lugʻatlarda qayd etish ishlari yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Bu holat xalqning ko‘p asrlik til boyligi va milliy merosining muhim qatlami unutilib ketish xavfini yuzaga keltiradi. Dialektal lugʻatlar tuzish nafaqat hududiy leksik xususiyatlarni hujjatlashtirish, balki o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyotini, tilning ildizlari va qadimiy qatlamlarini yoritishda ham muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois, shevalar asosida maxsus lugʻatlar yaratish, ularni elektron shaklda saqlash va ilmiy muomalaga kiritish bugungi lugʻatshunoslikning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi lozim. Bunday ishlar milliy til merosini asrab-avaylash, uni kelajak avlodlarga yetkazish va o‘zbek tilining boyligini yanada to‘liq namoyon etishda katta ahamiyat kasb etadi. Xulosa qilib aytganda, o‘zbek lug‘atshunosligi istiqbolda bir qator dolzarb masalalar bilan yuzlashadi. Avvalo, tilimizga kirib kelayotgan yangi so‘zlar va neologizmlarni tizimlashtirish, ularning semantik xususiyatlarini aniq belgilash va izohli lugʻatlarga kiritish jarayonini jadallashtirish zarur. Shuningdek, zamonaviy elektron va interaktiv lugʻatlarni yaratish, ularni muntazam ravishda yangilab borish bugungi kun talabi hisoblanadi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Omonturdiyev O‘.Xoliyorov, G.Qorjovova. Zamonaviy o‘zbek leksikografiyasi: Tahlil va tadqiq. -Termiz, 2016. 22-bet. 2. E. Umarov. Qomuslar madaniy boyligimiz. Guliston jurnali,1990. 6-son. 3. X.Narxodjayeva. O‘zbek terminologiya masalalari. –Qarshi, 2022. 4. H.Jamolxonov. Hozirgi o‘zbek adabiy tili.Toshkent “Talqin”2005. 5. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti. Toshkent.2020. 5 tomlik.