scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK TILINI O'RGATISHDA LUG'AT USTIDA ISHLASHNING O'RNI VA AHAMIYATI

Bazarova Dildor Baxronovna; Erkinova Marg'iyona Yunus qizi

Full text

257 O‘ZBEK TILINI O‘RGATISHDA LUG‘AT USTIDA ISHLASHNING O‘RNI VA AHAMIYATI Bazarova Dildor Baxronovna Iqtisodiyot va pedagogika universiteti “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi dotsenti Erkinova Marg‘iyona Yunus qizi Iqtisodiyot va pedagogika universiteti talabasi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17392417 Annotatsiya. Ushbu maqolada o‘zbek tilini o‘rgatishda lug‘at ustida ishlashning o‘rni va ahamiyati yoritiladi. Maqolada fonetik muammolar, so‘z boyligining yetishmasligi, darsliklardagi lug‘aviy birliklarning kamligi kabi muammolarni tahlil qiladi. So‘zlarni o‘zlashtirish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, har bir yangi so‘zning grammatik, stilistik va semantik xususiyatlari chuqur o‘zlashtirilishi lozimligi ta’kidlanadi. Lug‘at ishlari o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini rivojlantirish, umumiy til kompetensiyasini mustahkamlashda muhim omil ekani qayd etiladi. Kalit so‘zlar: o‘zbek tili, lug‘at boyligi, talaffuz muammolari, so‘z zaxirasi, metodik yondashuv, til o‘rgatish, nutq malakalari, o‘zlashtirish bosqichlari. Аннотация. В данной статье рассматриваются роль и значение работы над словарным запасом при обучении узбекскому языку. Анализируются такие проблемы, как фонетические трудности, ограниченность словарного запаса учащихся и недостаточное количество лексических единиц в учебниках. Подчеркивается, что процесс усвоения слов должен происходить поэтапно, с глубоким освоением грамматических, стилистических и семантических особенностей каждого нового слова. Работа над лексикой определяется как важнейший фактор развития устной и письменной речи учащихся и укрепления их общей языковой компетенции. Ключевые слова: узбекский язык, овладение словарным запасом, проблемы произношения, лексический фонд, методический подход, обучение языку, речевые навыки, этапы усвоения. Annotation. This article examines the role and significance of vocabulary work in teaching the Uzbek language. It analyzes key challenges such as phonetic difficulties, limited vocabulary acquisition, and the insufficient number of lexical units in textbooks. The article emphasizes that the process of acquiring vocabulary should be implemented gradually, with each new word being thoroughly learned in terms of its grammatical, stylistic, and semantic features. Vocabulary-related activities are identified as a crucial factor in developing students’ oral and written speech, as well as in strengthening their overall language competence. Key words: uzbek language, vocabulary acquisition, pronunciation issues, lexical stock, methodological approach, language teaching, speech skills, stages of acquisition. O‘zbekiston Respublikasi ko‘p millatli davlat bo‘lib, mamlakat hududida turli tillarda ta’lim beriladigan maktablar faoliyat yuritadi. Jumladan, rus, qozoq, qoraqalpoq, qirg‘iz, turkman, tojik va boshqa tillarda ta’lim olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari mavjud. Ushbu maktablarda o‘qitiladigan o‘zbek tili fanining asosiy maqsadi — o‘quvchilarda o‘zbek tilida muloqot qilish, fikrni aniq va 258 ravon ifoda etish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat. Shunga qaramay, amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘zbek tili ikkinchi til sifatida o‘qitiladigan muhitda tilni chuqur o‘zlashtirishda qator muammolar mavjud. Ayniqsa, o‘quvchilarning fonetik jihatdan to‘g‘ri talaffuz ko‘nikmalari va so‘z boyligining yetarli emasligi tilni o‘rganishdagi asosiy to‘siqlardan biri hisoblanadi.Fonetik jihatdan to‘g‘ri talaffuz har qanday tilni o‘zlashtirishda muhim o‘rin tutadi. O‘zbek tilida tovushlarning talaffuzi, urg‘u va intonatsiya qoidalari boshqa tillarga nisbatan o‘ziga xos bo‘lib, ko‘p hollarda rus, qozoq yoki tojik tillarida ta’lim olayotgan o‘quvchilar uchun murakkablik tug‘diradi. Masalan, “g‘”, “q”, “o‘” kabi tovushlar ko‘plab o‘quvchilar uchun notanish bo‘lib, ularning noto‘g‘ri talaffuzi og‘zaki nutqning buzilishiga, so‘zlarni tushunishni qiyinlashtirishga va tilga bo‘lgan qiziqishni pasaytirishga olib keladi. Talaffuzdagi bu muammolarni bartaraf etish uchun maxsus fonetik mashqlar, tinglab tushunishga asoslangan audio-materiallar, rolli o‘yinlar hamda dramatik mashg‘ulotlardan foydalanish muhim sanaladi. Bu jarayonda o‘qituvchilarning metodik tayyorgarligi ham katta ahamiyatga ega. O‘zbek tilida erkin muloqot qilish uchun grammatik bilimlar bilan bir qatorda keng so‘z boyligiga ega bo‘lish zarur. O‘quvchining lug‘at boyligi qancha boy bo‘lsa, u shuncha aniq, mazmunli va ravon fikr bildirishi mumkin. Afsuski, boshqa tilda ta’lim olayotgan o‘quvchilarda o‘zbek tilidagi so‘z zaxirasi odatda chegaralangan bo‘ladi. Bunga quyidagi omillar sabab bo‘lishi mumkin: 1. Atrof-muhitda o‘zbek tilining kam qo‘llanishi – o‘quvchi o‘zbek tilini faqat darsda eshitadi, amalda ishlatmaydi. 2. O‘quv dasturlarining tor doirada bo‘lishi – darsliklarda keltiriladigan lug‘aviy birliklar soni cheklangan. 3. Qiziqarli va interaktiv metodlarning yetishmasligi – bu hol o‘quvchilarning tilga bo‘lgan qiziqishini pasaytiradi. So‘z boyligini oshirish uchun o‘quvchilarga turli vaziyatlarda yangi so‘zlarni o‘rganish imkonini beradigan mashg‘ulotlar taklif etilishi muhim. Masalan, mavzuga oid matnlar bilan ishlash, kichik hikoyalar tuzish, fikrni og‘zaki yoki yozma shaklda ifodalash, shuningdek, o‘zbek tilidagi kinolar, multfilmlar va audiokitoblar orqali til muhitini yaratish orqali mazkur muammoni kamaytirish mumkin. Shu jihatdan qaralganda, boshqa tillarda ta’lim olib boriladigan maktablarda o‘quvchilarning o‘zbek tilidagi og‘zaki nutq malakalarini rivojlantirish ishlarini tubdan takomillashtirish va sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish bugungi kunning dolzarb talablaridan biridir. Chunki o‘zbek tilini ikkinchi til sifatida o‘rganuvchi o‘quvchilar tilni faqat nazariy bilimlar asosida emas, balki amaliy nutq faoliyati orqali o‘zlashtiradilar. Bu esa, birinchi navbatda, ularning so‘z boyligini 259 oshirish, lug‘aviy zaxirasini kengaytirish, fonetik jihatdan to‘g‘ri talaffuz qilish va o‘z fikrini aniq ifoda etish ko‘nikmalarini shakllantirishni talab etadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham bu masalaga alohida e’tibor qaratib: “Mamlakatimizda o‘zbek tilini zamon talablari asosida rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida oldimizda katta va mas’uliyatli vazifalar turibdi”, — deya ta’kidlagan [Mirziyoyev, 2020:1]. Ushbu fikr o‘zbek tilini amaliy muloqot vositasi sifatida o‘rgatish, xususan, boshqa tilda ta’lim olayotgan o‘quvchilar orasida ham tilga bo‘lgan ehtiyoj va qiziqishni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi. Ma’lumki, erkin muloqot qilish uchun yetarli darajadagi so‘z boyligiga ega bo‘lish shart. So‘z zaxirasining yetishmasligi esa og‘zaki va yozma nutqda qoloqlikka, grammatik xatolarga va fikrning noto‘g‘ri yetkazilishiga olib keladi. Shu bois til o‘rgatish jarayonida o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini inobatga olgan holda, bosqichma-bosqich o‘zlashtirishga mo‘ljallangan lug‘aviygrammatik materiallarni ishlab chiqish va ularni tizimli asosda taqdim etish muhim ahamiyatga ega. Tilni o‘rganish jarayoni nafaqat darsliklar, balki kundalik kommunikativ faoliyat, madaniy muhit va ijtimoiy tajribaga ham tayanadi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek tilini o‘rgatishda uning murakkablik darajalari ilmiy asosda aniqlanishi, shuningdek, ushbu darajalar bo‘yicha differensial yondashuv asosida tuzilgan qo‘llanmalar, darsliklar va amaliy mashg‘ulotlar tizimi yaratilishi dolzarbdir. Bunday o‘quv-uslubiy vositalar soddadan murakkabga tamoyili asosida ishlab chiqilishi, o‘quvchining individual qobiliyatini hisobga olishi zarur [Mengliyev, 2020:378]. Til o‘rganishning metodik asoslarini belgilovchi lingvistik baza — lug‘at, grammatik va fonetik elementlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni tushunish uchun poydevor hisoblanadi. Mengliev ta’kidlaganidek, eng muhim lingvistik baza bu — lug‘atlar, ya’ni o‘rganilayotgan tilning boy va faol lug‘aviy zaxirasidir. Tilni o‘zlashtirish jarayoni bevosita so‘z boyligining kengligi va uni nutqda to‘g‘ri qo‘llay olish darajasiga bog‘liq. Lug‘at ustida ishlash esa faqat so‘zlarni yodlashni emas, balki ularning grammatik shakllari, stilistik xususiyatlari va semantik nozikliklarini ham o‘z ichiga oladi. Shu sababli lug‘at ustida ishlash markaziy didaktik vazifa sifatida qaraladi. Zamonaviy til o‘rgatish metodikasi lug‘at bilan ishlashni quyidagi yo‘nalishlarda olib borishni taklif etadi: 1. Kundalik lug‘at zaxirasini shakllantirish – o‘quvchilar turli mavzular bo‘yicha asosiy so‘zlar va iboralarni o‘zlashtiradilar. 260 2. So‘zlarni nutq jarayonida o‘rganish – lug‘aviy birliklar matn, suhbat, topshiriq va muhokama kabi faol nutqiy faoliyat shakllarida o‘zlashtiriladi. 3. Lug‘at zaxirasini boyitish – sinonim, antonim, omonim va frazeologik birliklar yordamida o‘quvchining semantik tafakkuri kengayadi va stilistik sezgirligi oshadi. 4. Faol va nofaol lug‘atni ajratish–kam qo‘llanadigan so‘zlarni muntazam faollashtirish orqali nutqqa singdirish muhimdir. An’anaviy yondashuvda yangi so‘zlar bilan tanishish matndan oldin beriladi, bu esa o‘quvchilarning matnni osonroq tushunishini ta’minlaydi. Ammo bunday yondashuvda lug‘at sonining kamligi o‘quvchilarning nutqiy faolligini cheklab qo‘yadi. Haqiqiy hayotiy til muhitida esa so‘zlar tabiiy ehtiyoj asosida, turli vaziyatlarda, miqdoriy chegaralarsiz o‘zlashtiriladi. Shu sababli dars jarayonida so‘zlarni qat’iy son bilan cheklash tabiiy tilni o‘rganish ehtiyojiga zid bo‘ladi. O‘quvchi o‘zbek tilida erkin va to‘g‘ri fikr bildira olishi uchun kamida to‘rt mingdan ortiq tub so‘zlarni bilishi zarur. Tub so‘zlarni o‘zlashtirish so‘z yasash tizimini chuqur anglashga yordam beradi. Masalan, “gul” so‘zidan “gulchi”, “gulli”, “gulzor”, “guldasta” kabi ko‘plab so‘zlar hosil bo‘ladi. Bu esa lug‘at boyligini sun’iy yodlashsiz, tizimli tarzda kengaytirishga xizmat qiladi. Shu bois lug‘at ustida ishlashni ikki yo‘nalishda olib borish maqsadga muvofiq: 1. Zarur miqdordagi tub so‘zlarni o‘zlashtirish – asosiy so‘z zaxirasini shakllantirish. 2. Tub so‘zlar asosida yasalgan so‘zlarni tanish va ulardan foydalanish – lug‘aviy salohiyatni kengaytirish va nutqning ifoda imkoniyatlarini oshirish. Yangi so‘zlarni o‘zlashtirish murakkab va ko‘p bosqichli jarayon bo‘lib, dastlabki tanishuv, matn doirasida qo‘llash, xotirada mustahkamlash va nutqning faol qatlamiga singdirish bosqichlarini o‘z ichiga oladi. O‘qituvchi bu jarayonda asosiy yo‘naltiruvchi bo‘lib, o‘quvchilarni yangi so‘zlar bilan tanishtiradi, ularni mustahkamlash mashqlarini tashkil etadi va nofaol lug‘atni asta-sekin faol so‘z zaxirasiga aylantirib boradi. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, yangi so‘zlarni mavzuga oid guruhlar asosida, vaziyatga mos yondashuv orqali, nutq faoliyatiga yo‘naltirilgan usullar bilan o‘rgatish bugungi kundagi asosiy metodik talabdir. Bunda: 1.Ko‘rsatmalilik asosida tanishtirish – so‘zlar tasvir, buyum yoki harakat orqali ko‘rsatiladi. 2.Mavzuviy guruhlarga ajratilgan lug‘aviy birliklar yordamida til o‘rgatish – lug‘aviy birliklar mavzular bo‘yicha (masalan: “Tabiat”, “Kasblar”, “Bizning oila”, “Vatanparvarlik”, “Sog‘lom turmush tarzi” va h.k.) guruhlanib beriladi. Bunda so‘zlar o‘zaro semantik bog‘liqlik asosida tartiblanadi, bu esa ularni tezroq va puxta 261 o‘zlashtirishga yordam beradi. Bunday darslarda yangi so‘zlar bir necha marta va turli vaziyatlarda qo‘llanilishi kerak: topshiriqni tushunish, suhbatda ishtirok etish, hikoya qilish kabi faol mashqlar orqali lug‘at birliklari tabiiy ravishda xotiraga mustahkam joylashadi. Yangi so‘zlar o‘zlashtirilgach, ularni mustaqil nutqqa tatbiq qilish uchun ijodiy savol-javob mashqlari qo‘llaniladi. Masalan, o‘quvchilarga quyidagidek topshiriq berilishi mumkin: Har bir o‘quvchi yangi o‘rgangan 3–4 ta so‘zdan foydalanib kichik voqea tuzadi va ushbu ishni guruh doirasida muhokama qiladi. Yoki mavzu asosida berilgan so‘zlardan foydalangan holda ijtimoiy ahamiyatga ega savollarga o‘z fikrini bildiradi: — Sog‘lom turmush tarziga amal qilish nima uchun muhim? — Sog‘lom turmush — bu faol hayot, to‘g‘ri ovqatlanish va zaruriy gigiyena demakdir. Bunday mashqlar o‘quvchini so‘zlarni faqat yodlab qolishga emas, balki ularni fikr ifodalash vositasi sifatida faol qo‘llashga undaydi. Har bir o‘quvchi so‘zning ma’nosini xotiradan chaqiradi, uni matnga moslashtiradi, grammatika jihatidan to‘g‘ri shaklga soladi va fikrni aniq yetkazishga harakat qiladi. Natijada, so‘zlar shunchaki xotirada emas, balki nutqning faol qatlamida mustahkam o‘rnashadi. Bu yondashuv o‘quvchining bilishga bo‘lgan tabiiy qiziqishini oshiradi, lug‘aviy boylikni o‘stirishni nutq o‘stirish bilan bevosita bog‘liq holda tashkil etishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, har bir yangi so‘z ustida ishlash jarayoni faqat uning ma’nosini anglash bilan cheklanmasdan, balki tilning keng qamrovli ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Xulosa qilib aytganda, ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda lug‘at ustida ishlash usullarini ijodiy takomillashtirish o‘quvchilarda boshqalarning nutqini to‘liq tushunish va o‘z fikrlarini aniq hamda samarali ifodalash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ushbu yondashuv lug‘at boyligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Natijada, o‘quvchilarning tilga bo‘lgan qobiliyatlari rivojlanib, muloqotdagi faollik va nutq madaniyati yaxshilanadi, bu esa ularning umumiy til kompetensiyasini mustahkamlashga olib keladi. Adabiyotlar: 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi // Xalq so‘zi, 2020-yil 20-oktabr, – № 221-222 (7723-7724). 2. Mengliyev B., Nigmatova L. Problems of language, culture and spirituality in general explanatory dictionaries of Uzbek language / Inernational Journal of Psychosocial Rehabilitation. ISSN: 1475-7192. 3. Yuldosheva N.E., Bazarova D.B. O‘zbek tilining xorijda o‘qitilishi: ta’lim nazariyasi va amaliyoti. 2025. 4. Bazarova D.B., S.Turayeva. Boshlang‘ich sinflarda o‘quvchilar so‘z boyligini oshirishning samarali usullari. Innovative developments and research in education. 2025/2/1.