LUG'AT MAQOLADA BOSH VA HOSILA MA'NOLAR, SINONIMLAR, SHAKLDOSH SO'ZLARNING BERILISHI
Full text
262 LUG‘AT MAQOLADA BOSH VA HOSILA MA’NOLAR, SINONIMLAR, SHAKLDOSH SO‘ZLARNING BERILISHI Sulaymonov Bobir, Iqtisodiyot va pedagogika universiteti, “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi dotsenti O‘zbekiston. Qarshi. DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17392429 Annotatsiya: Ma’lumki, lug‘at maqola lug‘atning asosiy qurilmasi, tayanchini tashkil etadi. Zamonaviy antropotsentrik leksikografiyada olamning muayyan til, muayyan davrga xos yaxlit lisoniy tasviri o‘zida aks ettiradigan alohida leksikografik janr sifatida lug‘at maqola tadqiqiga e’tibor oshib bormoqda. Mazkur maqolada lug‘at maqolada bosh va hosila ma’nolar, sinonimlar, shakldosh so‘zlarning berilishi xususida fikr yuritiladi. Kalit so‘zlar: lug‘at, lug‘at maqola, bosh ma’no, hosila ma’no, sinonim so‘zlar, shakldosh so‘zlar. Abstract: It is well known that the dictionary entry forms the core and main structural unit of any dictionary. In modern anthropocentric lexicography, increasing attention is being paid to the study of the dictionary entry as a specific lexicographic genre that reflects a holistic linguistic picture of the world characteristic of a particular language and historical period. This article analyzes the representation of primary and derived meanings, synonyms, and homonyms in dictionary entries. It also discusses the internal structure of dictionary entries, their semantic and grammatical principles, and their role within the lexicographic system. Keywords: dictionary, dictionary entry, primary meaning, derived meaning, synonyms, homonyms, lexicography, semantics. So‘nggi yillarda jahon leksikografiyasida tizimli leksikografiya, integral lingvistik talqin, olamning yaxlit lisoniy tasviri, leksemaning leksikografik portreti, sinxron semantika, diaxron semantikaga doir tadqiqotlar doirasida lug‘at maqolani o‘rganishning yangicha an’analari yuzaga keldi. Lug‘at maqola leksikografiyaning mustaqil janri, umuman, lug‘atning mustaqil – avtonom qismi, kompozit, matn; so‘zning leksikografik tasviri, semiosferaning yaxlit obrazi, lug‘at maqola multiqurilmasi – ichki uzvlari esa zona, maydon, bo‘lim sifatida nafaqat tilshunoslik, balki matn lingvistikasi, adabiyotshunoslik, semiotika, lingvokulturologiya, kompyuter lingvistikasi va boshqa fanlarning obyektiga aylandi. Lug‘at maqola tadqiqiga zamonaviy yondashuvlarning aksariyati antropotsentrik xarakterda bo‘lib, ularning asosida olamning tabiiy lisoniy tasvirini aks ettiruvchi ko‘p uzvli tizim sifatida qarash yotadi. Jumladan, lug‘at maqolaga mustaqil lingvistik janr sifatida yondashgan olimlar, xususan, akademik N.Y.Shvedova ham lug‘at maqola modeliga til olamining yaxlit tasviri deb qaraydi. “Lug‘at maqola – so‘z haqida shunchaki axborot beruvchi emas, balki uning turli qurshovlari – kontekstual, turkumiy, derivatsion, frazeologik, funksional jihatlari haqida to‘la ma’lumot
263 beruvchi lingvistik janr. Lingvistik makroolam bu yerda so‘zning mikroolami orqali ixcham, siqilgan tarzda yoritib beriladi. Lisoniy alohidalik, ya’ni so‘z kontekstida namoyon bo‘lish, tilning katta olamini o‘z mikroolami chegarasigacha toraytirib taqdim etish vazifasini o‘z zimmasiga oladi”[1]. O‘zbek leksikografiyasida bevosita lug‘at maqola tadqiqiga bag‘ishlangan tadqiqotlar uchramaydi. Ammo o‘tgan asr o‘rtalaridan lug‘atshunoslik, manbashunoslikga doir ishlar, xususan, Alisher Navoiy asarlari uchun tuzilgan va boshqa mumtoz lug‘atlar ustida olib borilgan izlanishlarda lug‘atning tuzilishi tahlili jarayonida lug‘at maqola va uning tarkibiy qismlari ham tahlilga tortilganini kuzatish mumkin. Xususan, A.K.Borovkov, E.Umarov, B.Hasanov, H.Dadaboyev, R.Doniyorov, N.A.Sulaymonova[2], shuningdek, B.Baxriddinova, Z.Raxmatova, Z.Rajabova, G.Mirxanova, Sh.Nashirova, Sh.Nabiyevalarning o‘quv lug‘atchiligi tadqiqiga bag‘ishlangan ishlarida[3] lug‘at mikroqurilmasi tahlili doirasida lug‘at maqolaga doir fikrlarni uchratish mumkin. Lug‘at maqolada bosh va hosila ma’nolar, sinonimlar, shakldosh so‘zlarning berilishi. Bosh so‘zning umumiy izohi yoki uning ayrim hosila ma’nolari izohiga keltirilgan yaqin sinonimlar qatori orasida vergul, ma’nolari u qadar yaqin bo‘lmagan, shartli sinonimlar bir-biridan nuqtali vergul bilan ajratiladi: “QADR – miqdor, o‘lchov; daraja, martaba; taqdir, qismat; hayotda tutgan o‘rin; ahamiyat, muhimlik holati” kabi. Shakldosh so‘zlar lug‘atda alohida lug‘at maqola tarzida keltirilib, bir-biridan rim raqamlari bilan ajratiladi. Agar shakldosh so‘zlar ko‘p ma’noli bo‘lsa, polisemantik so‘z kabi hosila ma’nolar lug‘at maqola ichida beriladi. Quyida keltirilgan lug‘at maqolada “atmosfera, havo; iqlim; shamol; ob-havo” semalariga ega HAVO leksemasining beshta ma’nosi – “Yer atmosferasini hosil qiluvchi, inson, hayvon, o‘simliklar hayoti uchun zarur bo‘lgan, asosan azot va kisloroddan iborat gazlar aralashmasi”, “Yer ustini qoplagan ochiq bo‘shliq; fazo”, “Osmon, ko‘k”, “Atmosferaning ahvoli; holati; ob-havo”, “Holat, sharoit” – izohlangan: HAVO I [а. ءاوھ – atmosfera, havo; iqlim; shamol; ob-havo] 1 Yer atmosferasini hosil qiluvchi, inson, hayvon, o‘simliklar hayoti uchun zarur bo‘lgan, asosan azot va kisloroddan iborat gazlar aralashmasi. Toza havodan nafas olmoq. Havoni ifloslantirmoq. Tog‘ havosi. Archa daraxti havoni yaxshi tozalaydi. Hammaga ma’lumki, havoda zararli mikroblar ko‘p bo‘ladi. Gazetadan. 2 Yer ustini qoplagan ochiq bo‘shliq; fazo. Ro‘molini havoda silkidi. Havo jangi. Nafasni bo‘g‘adigan, ko‘zlarni ko‘r qiladigan chang-to‘zon buluti havoni tutdi. Oybek, Navoiy. Havoda momiq oq paxtalar arg‘amchi bo‘lib yurardi. Gazetadan.
264 Bog‘ ustida orombaxsh shabada esar, havoda ko‘katlar isi anqirdi. O‘.Hoshimov, Qalbingga quloq sol. 3 Osmon, ko‘k. Qushlar gur etib, havoga ko‘tarildi. Yomg‘ir endigina tingan, kecha qorong‘i edi. Havoda bitta ham yulduz ko‘rinmaydi. I.Rahim, Chin muhabbat. Yigitlar mushtlarini ko‘tardi. Keksalar hassalarini havoga qadadi. Oybek, Tanlangan asarlar. 4 Atmosferaning ahvoli; holati; ob-havo. Ochiq havo. Havoning harorati. Bulutli havo. Kuz havosi. Qutbiddin havoning tez-tez ayniyotganini ko‘rib, lagerni pastroqqa ko‘chirtirdi. S.Karomatov, Oltin qum. Havo bunchalik past kelib, sharmanda qilishini qayerdan bilaylik. «Mushtum». Dehqon osmonga qarab, yaxshi havodan quvonsa, yerga qarab, mo‘l hosilidan suyunadi. M.Ismoiliy, Farg‘ona t.o. 5 ko‘chma Holat, sharoit. Men o‘ylaymanki, bu besh yil mobaynida siyosiy havolar o‘zgarib.. N.Safarov, Tanlangan asarlar. Havoga ketmoq Behudaga, foydasiz ketmoq. O‘zining shunchalik gaplarining havoga ketib turganini.. yaxshi sezdi. A.Qodiriy, O‘tgan kunlar. Havoga sovurmoq (yoki sovrilmoq) Bekorga, foydasiz ketkazmoq, sarflamoq. Ellik ming so‘mni havoga sovurib qo‘yib, mahmadonalik qilishini qara-ya! «Mushtum» HAVO II [а. ءاوھ – injiqlik, noz; xayoliy havas, orzu] kam qo‘ll. Kibr, g‘urur. Yo‘q, sal havosi balandroq chiqib qoldi bu bolaning.. nima bo‘lsa ham, omon bo‘lsin. O‘.Hoshimov, Ko‘prik. Ko‘p bo‘lmaydi yaxshi odamning havosi. «Oysuluv». Maqtovdan Bozorboyning havosi oshdi. P.Tursun, O‘qituvchi. HAVO III [а. ءاوھ – fantaziya, erkin shakldagi musiqa] Kuy, ohang. Mashshoqlar cholg‘ularini qo‘lga oldilar. Endi guzarda shovqinli katta o‘yin havosi emas, shirin, mayin hujrabazm sadosi oqa ketdi. M.Ismoiliy , Farg‘ona t. o. «Ur!» degan komanda berilgach, nog‘orachilar «rez» havosida nog‘ora chala boshladilar, yasovullar ham o‘sha havoda cho‘plarini shartillatib, Yodgorning qipyalang‘och etiga ura boshladilar. S.Ayniy, Doxunda. HAVO IV havosini olmoq Mashqini olmoq, yo‘l-yo‘rig‘ini, usulini yaxshi egallamoq. Bir umr ko‘nikib, havosini olgan bu ishi endi o‘ziga ham vahimali ko‘rinib qoldimi.. «endi javob beringlar», deb turib oldi. A. Muxtor, Chinor. Kimning bilagida kuchi bo‘lsa, kim ishning havosini olsa, kimning kambag‘allik joniga tekkan bo‘lsa.. bu ishdan bir nima chiqishiga ishonsa, o‘sha zarbdor bo‘laveradi. A.Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari. Sinonim yoki dubletlar lug‘at so‘zligida alifbo tartibida berilib, o‘z o‘rnida bosh so‘z sifatida izohlanadi va zarur hollarda q. (qarang), ayn. (aynan) pometalari bilan sinonimi ko‘rsatiladi:
265 SABRSIZ 1 Besabr, betoqat, shoshma-shoshar. Katta bir quvonchdan Ziyodaning ko‘zlari yonib, o‘zi esa sabrsiz talpinib turardi. A.Muxtor, Asarlar. 2 ayn. qanoatsiz (O‘TIL, 3; 412) SAVIL s.t. q. sabil. Bu savil [eshak] ham egasiga o‘xshab juda o‘jar ekan, xali-veri yotadigan cho‘ti yo‘q. N.Aminov, Qahqaha. Bu savil uyda yo ukangiz turadi, yo men! O. Yoqubov, Pyesalar SAZAN ayn. zog‘ora baliq q. zog‘ora. (O‘TIL, 3; 421) Lug‘at maqolaning lug‘at megatuzilmasidagi o‘rnini ochib berishda lug‘atning boshqa uzvlari, ular o‘rtasidagi paradigmatik, sintagmatik va iyerarxik munosabatlarni aniqlash muhim ahamiyatga ega. Izoh tipidagi o‘quv lug‘atlar umumiy qurilishida lug‘at mikroqurilmasi – lug‘at maqola va uning ichki uzvlari, ularning maqola tarkibida o‘rinlashuvi muhim rol o‘ynaydi. Bu esa leksikografiya, jumladan, zamonaviy o‘zbek antropotsentrik leksikografiyasida lug‘at kompozitsiyasi, uning tarkibiy qismlari, ushbu qismlar orasida lug‘at maqolaning o‘rni, uning mikrotizim sifatida struktural tarkibi, hajmi masalalarini atroflicha ko‘rib chiqish zaruratini keltirib chiqarmoqda. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Шведова Н.Ю. Парадоксы словарной статьи // Русский язык. Избранные работы. – Москва: Языки славянской культуры, 2005. – С. 420 - 424. –Б.420 2. Боровков А.К. Бадаи ал-лугат: Словарь Тали Имани Гератского к сочинениям Алишера Навои. – Москва: Москва : Изд-во вост. лит-ры, 1961.; Умаров Э. “Бадайи ал-лугат” и “Санглах” как лексикографические памятники и источники изучения староузбекского языка: Автореф. дисс. ... доктора. филол. наук. – Ташкент, 1989. – 47 с.; Умаров Э.А. Грамматика староузбекского языка «Мабани ул-луғат» Мирзы Мехдихана: Автореф. дисс. … канд. филол. наук. – Ташкент, 1967. – 22 с.; Дониёров Р. Ўзбек тили техник терминологиясининг айрим масалалари. Тошкент: Фан, 1977; Дадабев Ҳ.А. Замонавий ўзбек лексикографияси ва терминологияси. – Тошкент, 2016. – 98 б. –Б 22.; Дадабаев Х.А. Общественно-политическая и социально-экономическая терминология в тюркоязычных письменных памятниках Х1Х1У вв. -Ташкент: Ёзувчи, 1991.; Сулаймонова Н.А. Махмуд Замахшарийнинг “Асос-ул-балоға” асарининг манбашунослик тадқиқи: филол. фан.. номз. дисс. автореф. – Тошкент, 2007. 24 б. –Б.12 3. Баҳриддинова Б.М. Ўзбекистонда ўқув луғатчилиги: лингвистик асослари, тарихи ва истиқболлари: Филол.фан... доктори (DSc) дисс. − Самарқанд. 2020. − Б.252.; Раҳматова З.Ҳ. Мактабгача ёшдаги болалар нутқини ўстиришнинг лингвистик асослари. Филол. фанлари бўйича фалсафа доктори (PhD)... дисс. – Қарши, 2021. – Б. 141.; .; Mирханова Г.Р. Ўзбек тилининг синонимлар ўқув изоҳли луғатини тузишнинг лингвистик асослари: Филол. фанлари бўйича фалсафа доктори (PhD)... дисс. – Қарши, 2022. –145 б.; Ражабова З.И. Ўзбек ўқув фразеографиясининг лингвистик аспекти: Филол. фанлари бўйича фалсафа доктори (PhD)... дисс. – Қарши, 2022. –145 б; Nashirova Sh.B. Ikki tilli o‘quv lug‘atlarda ko‘p ma’noli so‘zlarning leksikografik talqini (inglizcha-o‘zbekcha va o‘zbekcha inglizcha ikki tilli o‘quv lug‘atlari misolida): Filol. fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)... diss. – Termiz, 2023. –146 б.
266