scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

FRAZEOLOGIZMLAR VA ULARNING O'ZIGA XOS XUSUSIYATLARI

Radjabova Ziyodaxon

Full text

266 FRAZEOLOGIZMLAR VA ULARNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI Radjabova Ziyodaxon f.f.f.d.(PhD) dotsent Qarshi davlat universiteti [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17392438 Annotatsiya: Maqolada mustaqil leksik birlik sifatida frazeologizmlarni xarakterlaydigan eng muhim belgilar haqida yoritilgan. Kalit so‘zlar: frazeologiya, turg‘un birikma, frazeologik chatishma, frazeologik butunlik, frazeologik qo‘shilma, idioma. Abstract: The article discusses the most important features that characterize phraseologisms as independent lexical units. Keywords: phraseology, stable combination, phraseological combination, phraseological whole, phraseological combination, idiom. Til shunchaki insonlar o‘rtasidagi aloqa vositasi emas, u shaxsning ruhiy holati, hissiyoti, istaklarini ham ifodalaydi. Tilning behad kuchli semantik imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanish, axborotni yanada tushunarliroq, yanada ifodaliroq yetkazish, nutq materialini izohlab, ta’sirchan tarzda uzata bilish bugungi zamonaviy shaxsning muhim belgisi hisoblanadi. Tilning asosiy ijtimoiy vazifalari – kommunikativ, kognitiv, emotiv, estetik, metalisoniy vazifalarini amalga oshirishda til egasining kommunikativ kompetentligi, saviyasi, madaniyati, ma’naviyati, topqirligi ifodasi bo‘lgan frazeologizmlarning roli muhim. Til va undan foydalanuvchi shaxs o‘rtasidagi xilma-xil munosabatlar tadqiqiga katta e’tibor berilayotgan ayni paytda frazeologik birliklar zamonaviy tilshunoslikning sotsiolingvistika, pragmalingvistika, psixolingvistika, neyrolingvistika, etnolingvistika, lingvodidaktika, lingvometodika, lingvokulturologiya, kognitiv tilshunoslik, assotsiativ tilshunoslik kabi yo‘nalishlarining asosiy muammosiga aylandi. Frazeologiya yunoncha φράσις − “ifoda, jumla”, λογος “ta’limot” ma’nolarini bildirib, tilshunoslikning nisbatan yangi bo‘limi hisoblanadi. Garchi tilning boshqa bo‘limlariga qaraganda keyinroq o‘rganila boshlagan bo‘lsa-da, frazeologik birliklarning paydo bo‘lishi uzoq davrlarga borib taqaladi. Frazeologiya qisqa muddatda o‘z lingvistik an’analari − tekshirish obyekti, tadqiq yo‘li va usuliga ega bo‘ldi, zamonaviy yondashuvlar asosida o‘rganilib katta yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, o‘zbek tilining frazeologik sistemasi an’anaviy usullarda ham, zamonaviy 267 usullarda ham atroflicha o‘rganildi, frazemalarning struktural-grammatik, semantikuslubiy, funksional jihatlari yoritildi, son-sanoqsiz frazeologik lug‘atlar nashr etildi. Dunyo tillarining leksik sistemasida alohida o‘rinni egallaydigan, jonli xalq tilining jamiyat taraqqiyoti bilan bog‘liq ravishda muntazam taraqqiy etib borayotgan alohida qismi hisoblangan mazkur murakkab tabiatli birliklar jahon tilshunosligida ham, turkiyshunoslikda ham, o‘zbek tilshunosligida ham har qancha chuqur o‘rganilgan bo‘lmasin, sohaning ko‘plab masalalari hanuzgacha o‘zining aniq yechimini topmay kelayotgani sir emas. Ko‘pchilik bahslar “frazeologizm” atamasi va frazeologiyaning birligi masalasi talqini bilan bog‘liq. Tilshunosligimizda frazeologizm tadqiqiga bag‘ishlangan dastlabki ishlarda akademik V.V.Vinogradov tomonidan ishlab chiqilgan struktural-semantik tasnif yetakchilik qilgan va frazeologik birliklar frazeologik chatishma, frazeologik butunlik, frazeologik qo‘shilmalarga ajratilgan bo‘lsa [1], so‘nggi tadqiqotlar o‘zbek frazeologiyasiga oid bu ishlardagi eng katta nuqsonni ularda tilimizning boy va serqirra frazeologik tizimiga akademik V.V.Vinogradov tasnifi nuqtai nazaridangina yondashilgani, turkiy tillarning, jumladan o‘zbek tilining o‘z ichki tabiati inobatga olinmaganligi bilan asoslab, tanqidiy yondashdi [2]. Frazeologizm boshqa o‘xshash hodisalardan “nutq jarayonida tayyor holda qo‘llaniladigan, semantik jihatidan so‘zga muqobil, struktura va ma’no jihatidan birikma va gapga teng, uzvlaridan birining yoki umumiy birikmaning ko‘chma ma’nosi asosiga qurilgan turg‘un birikmalardir” [3] tarzidagi qat’iy ta’rif bilan chegaralanadi. Shu sohada izlanishlar olib borgan B.Jo‘rayeva frazeologizmlarni maqollar bilan yonma-yon qo‘yadi va har ikkisini idiomaga kiritadi: “Maqollar va frazeologizmlar idiomalar deb yuritilar ekan, demak, ulardagi mazmun ko‘chma ma’noga asoslangan bo‘ladi” [4]. Frazeologizm – muayyan tildagi o‘ziga xos leksik tarkib va grammatik qurilishga ega, ayni paytda tarkibi o‘zgarmas holga kelib qolgan, odatda, ko‘chma ma’noda ishlatiladigan leksik birliklarning umumiy nomi bo‘lib, xalq milliy madaniyati va mentalitetining bebaho manbaidir. Ilmiy adabiyotlarda mustaqil leksik birlik sifatida frazeologizmlarni xarakterlaydigan quyidagi eng muhim belgilarga urg‘u beriladi: tayyorlik – leksemalar kabi nutq jarayoniga qadar yaratilganligi, jamiyat a’zolarining barchasi uchun umumiy va majburiy, tildan tayyor olinishi; barqarorlik − turg‘unligi, til taraqqiyotining muayyan davrida “qotib qolganligi”, qolipga kirganligi; tagma’noga egalik – majoziy ma’no anglatishi. Ba’zan frazeologik birlikning majoziy ma’nosini uning kelib chiqish tarixiga murojaat qilmasdan tushunish mumkin bo‘lmaydi; 268 yaxlitlik − tarkibi ikki yoki undan ortiq qismdan iborat bo‘lsa-da, bitta leksik birlikka teng kelishi, yaxlit bir ma’no ifodalashi, nutqda bir so‘roqqa javob bo‘lib, bitta gap bo‘lagi vazifasini bajarishi; obrazlilik ‒ leksemalardan farqlanib, harakat, belgi, holatni obrazli tarzda ifodalaydi. Frazemalar birikuvchanlik, grammatik qurshov, valentlik, semantik yaxlitlik singari kategorial belgilari asosida struktural-funksional jihatdan tasnif va tavsif qilindi. Frazeologik birlik (ibora)ning 3ta asosiy ko‘rinishi farqlandi: – qat’iy qolipga kirgan, tarkibi o‘zgarmas, yaxlit leksik birlikka aylangan turg‘un birikmalar: tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi, aravani quruq olib qochadi, umri xazon bo‘ldi, ko‘ngli xira tortdi, kavushini to‘g‘rilab qo‘ydi kabi; ‒ qoliplashgan, ammo moslashuvchan iboralar. Ayrim qismlari o‘z ma’nosida, ayrim qismlari ko‘chma ma’noda qo‘llanib, komponentlarini sinonim, uyadosh yoki o‘rnini bosuvchi boshqa so‘zlar bilan almashtirish mumkin: og‘ir xarakter, chuqur jimlik. Tarkibi ajralmas holga kelgan, ammo tarkibidagi biror so‘z o‘zgartirilganda ham, o‘z semantik xususiyatini saqlab qoladigan obrazli turg‘un birikmalar: temir daftar, halollik vaksinasi. ‒ frazemalashish jarayonlari oxiriga yetmagan, o‘rni bilan erkin birikuv tarzida ham, turg‘un birikma sifatida ham ishlatiladigan frazeologizmlar: barmog‘ini tishlamoq, boshiga ko‘tarmoq, tishni-tishga qo‘ymoq, to‘nini teskari kiymoq, labiga uchuq toshmoq, aqlini yemoq; Umuman olganda, o‘zbek frazeologiyasining qisqa tarixiy taraqqiyoti davomida fanning asosiy tushunchalari aniqlandi, frazeologik birliklar turli qirralariga ko‘ra tasnif qilindi, yozma adabiyot va xalq tilida mavjud frazeologizmlar to‘plandi, lug‘atlarda qayd etildi, tilshunoslikning an’anaviy va zamonaviy tadqiq metodlari asosida izchil o‘rganildi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Раҳматуллаев Ш. Ўзбек фразеологиясининг баъзи масалалари. - Тошкент: Фан, 1966. – 131 б.; Пинхасов Я.Д. Фразеологические выражения в языке произведений Хамида Алимджана. АКД. - Ташкент, 1953. - 19 с; Шамаксудов А.Ш. Язык сатиры Мукими (лексика и фразеология). АКД. - Ташкент, 1956. - 18 с.; Хусаинов М. Фразеология прозы писательницы Айдын. АКД. - Самарканд, 1959. - 18 с. 2. Йўлдошев Б. Ўзбек фразеологияси ва фразеографиясининг шаклланиши ҳамда тараққиёти. Монография. Тўлдирилган ва тузатилган иккинчи нашри. – Самарқанд: СамДУ нашри, 2013. – Б. 26 3. Маматов А., Болтаева Б. Фразеологик бирликларнинг лингвомаданий ва семантикпрагматик тадқиқи. –Т.: 2018., −Б. 13. 4. Жўраева Б. Мақолларнинг лисоний мавқеи ва маъновий-услубий қўлланилиши. Филол. фан. ном. дисс.. – Самарқанд: 2002, – Б. 11.