scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

IJTIMOIY-SIYOSIY TERMINLARNING TARJIMADA EKVIVALENTLIGI MASALALARI

Maftunabonu Xoljo'rayeva

Full text

300 IJTIMOIY-SIYOSIY TERMINLARNING TARJIMADA EKVIVALENTLIGI MASALALARI Maftunabonu Xoljo‘rayeva, ToshDO‘TAU doktoranti [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17392514 Annotatsiya. Mazkur maqolada ijtimoiy-siyosiy terminlarning tarjimada ekvivalentligi masalalari yoritiladi. Terminlarning xalqaro, milliy va metaforik qatlamlari alohida tahlil qilinib, ularning to‘liq ekvivalentlik, qisman ekvivalentlik va ekvivalentsiz holatlari misollar orqali ko‘rsatib beriladi. Islom Karimov, Shavkat Mirziyoyev va Barak Obama nutqlari hamda xalqaro manbalardan olingan siyosiy terminlar qiyosiy jihatdan ko‘rib chiqiladi. Maqolada ijtimoiy-siyosiy terminlarni tarjima qilish jarayonida nafaqat lug‘aviy moslik, balki ideologik yuklama, milliymadaniy konnotatsiya va pragmatik vazifa ham hisobga olinishi zarurligi ta’kidlanadi. Kalit so‘zlar: ijtimoiy-siyosiy termin, tarjima, ekvivalentlik, siyosiy diskurs, milliy-madaniy konnotatsiya. Abstrakt. This article discusses the issues of equivalence of socio-political terms in translation. The international, national and metaphorical layers of terms are analyzed separately, and their full equivalence, partial equivalence and non-equivalence are shown through examples. The speeches of Islam Karimov, Shavkat Mirziyoyev and Barack Obama, as well as political terms taken from international sources, are considered comparatively. The article emphasizes that in the process of translating socio-political terms, it is necessary to take into account not only lexical compatibility, but also ideological connotation, national-cultural connotation and pragmatic function. Key words: socio-political term, translation, equivalence, political discourse, nationalcultural connotation. Kirish. Ijtimoiy-siyosiy terminologiya zamonaviy tarjimashunoslikda eng muhim qatlamlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Chunki siyosiy matnlar faqatgina lingvistik birliklar majmuasi bo‘lib qolmay, balki ideologik yuklama, milliy-madaniy konnotatsiya va kommunikativ-pragmatik maqsadlarni ham o‘zida mujassamlashtiradi [1:58]. Siyosiy nutqning o‘ziga xosligi shundaki, u ko‘pincha xalqaro munosabatlar, milliy manfaatlar, davlat xavfsizligi, demokratiya, erkinlik, barqarorlik kabi tushunchalar bilan bog‘liq bo‘ladi. Shunday ekan, siyosiy terminlarning tarjimasi nafaqat lingvistik moslikni, balki ideologik yuklama va madaniy konnotatsiyani ham hisobga olgan holda amalga oshirilishi zarur. Tarjima nazariyasi bo‘yicha ko‘plab olimlar ekvivalentlik masalasiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan P. Nyumark ekvivalentlikni tarjimaning asosiy masalasi sifatida baholaydi va ko‘p hollarda to‘liq semantik moslik emas, balki “funksional ekvivalentlik”ka erishish muhimligini ta’kidlaydi [2:104]. E. Nida esa ekvivalentlikni “formal” va “dinamik” turlarga ajratib, ikkinchisini ya’ni maqsad auditoriya uchun qabul qilinadigan variantni ustuvor hisoblaydi. Ingliz tilshunosi J. Kettford 301 tarjimadagi ekvivalentlikni “lingvistik muvofiqlik” nuqtayi nazaridan ko‘radi. M. Beyker esa ijtimoiy-siyosiy terminlarning tarjimasida kontekst, diskurs va madaniy xususiyatlarni hisobga olish zarurligini qayd etadi [3:64]. Tarjima nazariyasidagi bu yondashuvlarning barchasi ijtimoiy-siyosiy terminlar tarjimasida o‘z aksini topadi. Chunki siyosiy terminlarning bir qismi xalqaro xarakterga ega bo‘lsa (demokratiya – democracy, konstitutsiya – constitution), boshqasi milliy va madaniy xususiyatlarga ega (masalan: mahalla, impeachment, checks and balances). Shu bois, tarjimon nafaqat lingvistik bilimga, balki siyosiy-madaniy kontekstdan ham xabardor bo‘lishi lozim. O‘zbek tilida ijtimoiy-siyosiy terminologiya asosan mustaqillikdan keyin faol shakllangan bo‘lsada, uning ildizlari ancha chuqur. Islom Karimovning “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida, xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarida “xavfsizlik”, “barqarorlik”, “taraqqiyot”, “demokratiya” kabi terminlar tizimli ravishda qo‘llangan. Ingliz tilida esa siyosiy terminologiya, xususan, AQSh va Buyuk Britaniya siyosiy diskursida keng o‘rganilgan. Masalan, Obama nutqlarida “democracy”, “freedom”, “power of people” kabi terminlar markaziy o‘rin tutadi [4:48]. Ijtimoiy-siyosiy terminlarning tasnifi. Ijtimoiy-siyosiy terminlar murakkab va ko‘p qirrali bo‘lib, uni uch asosiy qatlamda ko‘rib chiqish mumkin: xalqaro qatlam, milliy qatlam va metaforik qatlam. Ushbu tasnif terminlarning semantik xususiyatlarini, madaniy ildizlarini va tarjimada yuzaga keladigan muammolarni aniqlash imkonini beradi 1. Xalqaro qatlam. Xalqaro terminlar asosan yunon, lotin, fransuz va ingliz tillaridan kirib kelgan bo‘lib, ular deyarli barcha tillarda bir xil shaklda va ma’noda qo‘llanadi. Masalan: demokratiya – democracy, konstitutsiya – constitution, parlament – parliament. Bu terminlar siyosiy tizimning universal tushunchalarini ifodalaganligi sababli tarjimada muammo tug‘dirmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham, AQSh Konstitutsiyasida ham ushbu terminlar bir xil shaklda mavjud. Misol uchun, Islom Karimovning “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarida “demokratiya” tushunchasi davlatning kelajak taraqqiyoti va fuqarolik jamiyatini shakllantirishda asosiy mezon sifatida qo‘llanadi. Xuddi shu tushuncha Barak Obama nutqlarida ham ko‘p bora tilga olinadi: “Democracy is the cornerstone of our foreign policy”. Har ikkala matnda termin bir xil ma’no yukini saqlab qoladi, bu esa to‘liq ekvivalentlikning yorqin namunasi hisoblanadi. 2. Milliy qatlam. Milliy qatlam terminlari muayyan xalqning tarixiy-madaniy tajribasi asosida shakllanadi va boshqa tillarda bevosita ekvivalentga ega bo‘lmaydi. 302 O‘zbek tilida mahalla shunday terminlardan biridir. U nafaqat geografik hududni, balki ijtimoiy boshqaruv tizimini ham anglatadi. Shuning uchun ingliz tiliga “community-based self-governing body” yoki “neighborhood committee” tarzida izohli tarjima qilinadi. Aksincha, ingliz tilidagi impeachment yoki checks and balances terminlari o‘zbek tilida bevosita ekvivalentga ega emas. Ularni “davlat rahbarini lavozimidan chetlatish jarayoni” yoki “hokimiyat tarmoqlarining o‘zaro muvozanati va nazorati” tarzida izohlash talab etiladi. Bu holatlar tarjimada izohli strategiyalarning qo‘llanilishini ko‘rsatadi 3. Metaforik qatlam. Siyosiy diskursda metafora asosida shakllangan terminlar ham keng qo‘llanadi. Masalan: siyosiy maydon – political arena (sport sohasidan), davlat mashinasi – state machinery (texnikadan), winds of change – o‘zgarish shamoli (tabiatdan). Bu turdagi terminlarni tarjima qilishda metaforaning obrazliligini saqlash muhim. Chunki metafora ijtimoy-siyosiy matnning nafaqat semantik, balki pragmatik va ideologik ma’nosini ham oshirishga xizmat qiladi. Ekvivalentlik masalalari. To‘liq ekvivalentlik holatlari. To‘liq ekvivalent terminlar o‘zbek va ingliz tillarida bir xil semantik mazmun va funksiyaga ega bo‘ladi. Demokratiya – Democracy. O‘zbek tilida: “Biz demokratiya sari dadil qadamlar qo‘ydik [5:154]”. Ingliz tilida: Obama: “Democracy is the cornerstone of our foreign policy”. Har ikki til matnda ham “demokratiya/democracy” bir xil siyosiy tushunchani bildiradi. Bu to‘liq ekvivalentlikka misol bo‘la oladi. Konstitutsiya – Constitution. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi: “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – davlatning asosiy qonunidir”. AQSh Konstitutsiyasi: “This Constitution shall be the supreme Law of the Land”. Har ikki til matnida mazmunan ham, funksional jihatdan ham bir xil. Barqaror rivojlanish – Sustainable development. Ushbu termin Sh Mirziyoyev nutqlarining xalqqa murojaatlarida ko‘rinadi.: “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bizning asosiy vazifamizdir”. Ingliz tilida esa BMT hujjatlarida sustainable development bu terminning to‘liq ekvivalent sifatida qo‘llanadi: Sustainable Development Goals. Qisman ekvivalentlik holatlari. Qisman ekvivalentlik terminlar o‘zbek va ingliz tillarida umumiy ma’noga ega bo‘lsada, kontekstual farqlar mavjud bo‘ladi. Masalan: Xalq – People/Nation. Shavkat Mirziyoyev BMT nutqida: “Biz xalq ishonchini oqlash uchun harakat qilamiz”. Obama nutqida: “The American people expect us to work together”. Bu yerda “xalq” ingliz tilida people so‘zi orqali ifodalangan. Biroq people va nation o‘rtasida semantik farq mavjud: people – aholi, nation – millat. O‘zbek tilidagi “xalq” esa har ikki ma’noni o‘z ichiga oladi. 303 Xavfsizlik – Security. O‘zbek tilidagi xavfsizlik atamasi davlatning siyosiy, ijtimoiy va harbiy himoyasini anglatadi. U milliy manfaatlarni saqlash va davlat barqarorligini ta’minlash bilan bevosita bog‘liq. Ingliz tilida security esa ko‘proq keng semantik qamrovga ega: u nafaqat davlat xavfsizligi (national security), balki shaxsiy xavfsizlik (personal security), iqtisodiy xavfsizlik (economic security) va kiberxavfsizlik (cybersecurity) kabi turli kontekstlarda ham qo‘llanadi. Shu bois, xavfsizlik va security terminlari semantik maydonda qisman mos tushadi, biroq ingliz tilidagi security termini ko‘lamdor ma’noga ega. Tarjima jarayonida ushbu farqni hisobga olish va kontekstual aniqlik kiritish zarur. Ekvivalentsiz terminlar. Ba’zi terminlar tarjimada bevosita ekvivalentga ega emas. Masalan: mahalla termini. O‘zbekistonda mahalla qadimiy ijtimoiy institut sifatida shakllangan. Uni ingliz tiliga “community-based self-governing body” tarzida izohlash mumkin. Shavkat Mirziyoyev mahallani “xalqni davlat bilan bog‘lovchi ko‘prik” sifatida ta’riflagan. Checks and Balances. AQSh Konstitutsiyasida: “The system of checks and balances ensures that no branch of government becomes too powerful”. O‘zbek tilida buni “hokimiyat tarmoqlarining o‘zaro muvozanati va nazorati” deb izohlash mumkin. Impeachment. Impeachment – AQSh siyosiy tizimiga xos termin. “Donald Trump impeachment trials” sarlavhasi ostida The New York Times maqolalari chop etilgan. O‘zbek tilida “davlat rahbarini lavozimidan chetlatish jarayoni” tarzida izohlanadi. Shunday qilib, ijtimoiy-siyosiy terminlar tarjimasida semantik ekvivalentlikdan tashqari, ularning milliy-madaniy konnotatsiyasi va ideologik yukini ham saqlab qolish zarur. Xulosa. Qiyosiy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy-siyosiy terminlarning tarjimada ekvivalentligi masalasi murakkab va ko‘p qirrali jarayon hisoblanadi. Terminlar nafaqat lingvistik birlik sifatida, balki ijtimoiy-madaniy, ideologik va pragmatik yuklama tashuvchi vosita sifatida ham qaralishi zarur. To‘liq ekvivalent terminlar tarjimada muammo tug‘dirmaydi. Ular xalqaro xarakterga ega bo‘lgani sababli har ikkala tilda ham mazmunan va funksional jihatdan bir xil qo‘llanadi. Qisman ekvivalent terminlar esa kontekstual farqlar sababli izoh va moslashtirishni talab qiladi. Bunday hollarda tarjimon terminning semantik qamrovini va pragmatik maqsadini hisobga olib qaror qabul qilishi lozim. Ekvivalentsiz terminlar esa izohli tarjimani talab qiladi. Ularning mazmuni milliy yoki siyosiy tizimga xos bo‘lgani uchun bevosita ekvivalent topish imkoni yo‘q. Shu sababli funksional ekvivalentlik yoki deskriptiv tarjima strategiyalarini qo‘llash maqsadga muvofiqdir. 304 Umuman olganda, ijtimoiy-siyosiy terminlarni tarjima qilishda nafaqat lug‘aviy moslikka, balki madaniy konnotatsiya, ideologik yuklama va pragmatik maqsadlarga ham e’tibor qaratish lozim. Bu nafaqat tarjimonning lingvistik kompetensiyasini, balki uning siyosiy-madaniy bilimini ham talab etadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Crystal D. English as a Global Language. – Cambridge: CUP, 2003. 2. Newmark P. A Textbook of Translation. – London: Prentice Hall, 1988. 3. Baker M. In Other Words: A Coursebook on Translation. – London: Routledge, 2011. 4. Obama B. State of the Union Addresses. – Washington: Whitehouse.gov, 2010–2016. 5. Karimov I.A. O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida, xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari. – Toshkent: O‘zbekiston, 1997. 6. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (1992, 2017 tahriri). 7. 9. The Constitution of the United States, 1787. 8. 10. Mirziyoyev Sh.M. BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi (2021-yil 21-sentabr). – UzA.uz. 9. 13. BBC News, The Guardian maqolalari (2020–2024 yillardagi nashri). 10. 14. The New York Times. Impeachment Proceedings Against Donald Trump. – 2019–2020.