O'ZBEKISTONDA AHOLI JOYLANISHINING HUDUDIY FARQLARI VA ULARNING TAHLILI
Full text
92 O‘ZBEKISTONDA AHOLI JOYLANISHINING HUDUDIY FARQLARI VA ULARNING TAHLILI Qarshiyev Sh.Q., O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston Sahrobov M.M. Toshkent viloyati Kadastr agentligi, O‘zbekiston DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17392717 Annotatsiya. Maqolada O‘zbekiston shaharlari va ma’muriy tumanlarida aholi zichligidagi farqlar an’anaviy usulda tahlil qilingan. Respublika ma’muriy-hududiy birliklarini tahlil qilish uchun statistik usul qo‘llanilgan. Ushbu usul zamonaviy geografik tadqiqotlarda o‘z afzalliklarini namoyon etadi, chunki u yozma usuldan farqli ravishda fikr va taxminlarni aniq raqamlar orqali ifoda etish imkonini beradi. Ushbu maqolada mazkur mavzu aynan statistik usul yordamida tahlil qilingan. Kalit so‘zlar. Statistik tahlil, ma’muriy-hududiy birlik, shaharlar, qishloq aholi punktlari, arifmetik o‘rta qiymat. Abstract. The article analyzes in the traditional method the differences in population density in the cities and administrative regions of Uzbekistan. To analyze the differences between the administrative-territorial units of the Republic of Uzbekistan, a statistical method was used. This method shows its advantages in modern geographical research, it allows you to express thoughts and predictions in exact numbers, in contrast to the written method. This method shows its advantages in modern geographical research, it allows you to express thoughts and predictions in exact numbers, in contrast to the written method. In this article, this topic is analyzed using a statistical method. Keywords. Statistical analysis, administrative-territorial unit, cities, rural settlements, arithmetic mean. Kirish. Butun dunyo mamlakatlarida ma’muriy-hududiy boshqaruvning turli usullaridan foydalaniladi. Qaysi tartibda boshqarilmasin ma’muriy-hududiy birliklar o‘zining chegarasiga, maydoniga va albatta ma’lum bir miqdordagi aholi soniga ega bo‘ladi. Lekin ma’muriy-hududiy birliklar maydonining katta kichikligiga, tabiiygeografik sharoitiga, ijtimoiy infratuzilmaning holatiga va shu joydagi aholining tabiiy harakatiga qarab turlicha miqdor ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan aholini hosil qiladi. Huddi shuning kabi mamlakatimizda ham ma’muriy-hududiy bo‘linishning o‘ziga xos uslublaridan foydalaniladi. Respublika viloyatlar, respublikaga bo‘ysinuvchi shaharlar, ma’muriy tumanlar, qishloq aholi punktlari va mahalla fuqarolar yeg‘inlariga bo‘linadi [1, 5]. Tadqiqot mavzuining dolzarbligi, maqsadi va vazifalari. O‘zbekiston hududida aholi zichligining notekis taqsimlanishi mamlakatning tabiiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Aholining ma’lum hududlarda
93 haddan tashqari to‘planishi yoki kam joylashuvi ishlab chiqarish kuchlarining samarali joylashishiga, mehnat resurslaridan foydalanish darajasiga, ijtimoiy infratuzilmaning rivojlanishiga hamda ekologik yuklamaning oshishiga sabab bo‘lmoqda. Hozirgi kunda demografik jarayonlarni hududiy tahlil qilish, aholi zichligining tabiiy-geografik, iqtisodiy va ijtimoiy omillar bilan bog‘liqligini aniqlash O‘zbekistonning barqaror rivojlanish strategiyasi uchun muhim ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. Shu sababli, aholi zichligining hududlar bo‘yicha farqlanishi va unga ta’sir etuvchi omillarni statistik, kartografik va GIS yondashuvlari asosida o‘rganish dolzarb masala hisoblanadi. Tadqiqotning asosiy maqsadi — O‘zbekiston Respublikasida aholi zichligining hududiy farqlarini aniqlash, ularning tabiiy-geografik, iqtisodiy va ijtimoiy omillar bilan bog‘liqligini statistik va fazoviy tahlil qilish hamda demografik siyosatni hududiy rejalashtirishda ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqot maqsadidan kelib chiqib, quyidagi vazifalar belgilandi: 1. Aholi joylanishi va zichligining nazariy-metodologik asoslarini o‘rganish, ilg‘or xorijiy tajribalarni tahlil qilish. 2. O‘zbekiston hududida aholi zichligining shakllanishiga ta’sir etuvchi tabiiy (relyef, iqlim, suv resurslari), iqtisodiy (sanoatlashuv, infratuzilma) va ijtimoiy (urbanizatsiya, migratsiya) omillarni aniqlash. 3. Aholi zichligining viloyatlar, tumanlar va yirik shaharlar bo‘yicha hududiy tafovutlarini statistik ko‘rsatkichlar asosida baholash. 4. Hududlar o‘rtasidagi farqlarni aniqlashda o‘rtacha arifmetik, dispersiya, variatsiya va korrelyatsiya ko‘rsatkichlaridan foydalanish orqali hududiy o‘zgaruvchanlikni tahlil qilish. 5. GIS texnologiyalari asosida aholi zichligining fazoviy (xarita) modeli va hududiy differensial xaritasini yaratish. 6. Aholi zichligi va iqtisodiy rivojlanish darajasi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni aniqlash hamda demografik muvozanatni ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish. Natijalar, ularning muhokamasi. Respublikada bugungi kunda 12 ta viloyat va Qoraqolpog‘iston Respublikasi, ularning tarkibiga kiruvchi 177 ta ma’muriy tuman, 120 ta shahar, 1059 ta shaharcha, 10987 ta qishloq aholi punktlari mavjud bo‘lib, ularning umumiy maydoni 448,9 ming km kv hisoblanadi (1-jadval). 1-jadval O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy-hududiy bo‘linishi
94 № Hududlar Maydoni Ma'muriy tumanlar soni QAP soni Shaharlar soni Shaharchalar soni 1 O‘zbekiston R. 448,97 177 10 987 120 1059 2 Qoraqalpog‘iston R. 166,59 16 1126 12 26 3 Andijon 4,30 14 455 11 79 4 Buxoro 40,22 11 1473 11 68 5 Jizzax 21,21 12 529 6 42 6 Qashqadaryo 28,57 14 1041 12 118 7 Navoiy 111,10 8 582 7 46 8 Namangan 7,44 13 388 8 115 9 Samarqand 16,77 14 1899 11 88 10 Surxondaryo 20,10 14 859 8 112 11 Sirdaryo 4,28 8 257 5 25 12 Toshkent 15,14 15 828 16 89 13 Farg‘ona 6,76 15 1000 9 194 14 Xorazm 6,05 11 550 3 56 15 Toshkent sh. 0,45 12 - 1 1 Jadval O‘zbekiston Respublikasi Milliy Statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan hisoblangan [4]. Ma’muriy hududiy bo‘linishiga ko‘ra respublikada qator tafovutlar uchraydi. Masalan, respublikaning eng katta ma’muriy-hududiy birligi hisoblangan Navoiy viloyati respublika hududining 24,74 foizini tashkil etsa, Sirdaryo (0,95), Andijon (0,96), Xorazm (1,35), Farg‘ona (1,51), Namangan (1,66) viloyatlarining respublika maydonidagi ulushi atiga 2 foizga ham bormaydi. Ushbu viloyatlar birgalikda 6,43 foiz ulushga ega bo‘lib, bu deyarli Qashqadaryo viloyatining respublikdagi ulushiga tengdir. Bundan tashqari respublikaning Samarqand (1899 ta), Buxoro (1473 ta), Qashqadaryo (1041 ta) va Farg‘ona (1000 ta) viloyatlarida hamda Qoraqolpog‘iston Respublikasida 1126 ta qishloq aholi punktlari mavjud bo‘lib, ularda birgalikda respublika qishloq aholi punktlarining 59,4 foiziga egalik qiladi. Mavjud 177 ta ma’muriy tumanlar bo‘yicha aholi soni va aholi zichligi tahlil etilganda, eng katta aholi soniga ega bo‘lgan ma’muriy tuman Samarqand viloyatining Urgut tumani hisoblanadi. Unda bugungi kunda 578,5 ming kishi istiqomat qilmoqda. Eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan shunday ma’muriy tumanlar qatoriga Denov (Surxondaryo), Pastdarg‘om (Samarqand), Asaka (Andijon), Kattaqo‘rg‘on (Samarqand) tumanlari kiradi. 2-jadvaldan ko‘rinadiki, respublika bo‘yicha aholi soni eng yirik bo‘lgan 5 ma’muriy tumanda 2069,1 ming kishi mavjud bo‘lib, aholisi soni jihatdan Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumani shu
95 viloyatning 15,78 foiz aholisiga egalik qiladi. Lekin maydoni jihatdan Samarqand viloyatida o‘rtacha ma’muriy tuman hisoblangan Kattaqo‘rg‘on tumanida 302,5 ming kishi istiqomat qilsa-da uning viloyat maydonidagi ulushi 7 foizdan kamroqni tashkil etadi (2-jadval). 2-jadval Respublikaning aholi soni eng yirik va eng kichik bo‘lgan 10 ta ma’mariy tumanlari ayrim ko‘rsatkichlari № Ma’muriy tuman Ma’muriy tuman joylashgan viloyat Ma’muriy tuman maydoni (ming km2) Ma’muriy tuman aholi soni (ming kishi) Ma’muriy tumanning aholi zichligi 1. Urgut Samarqand 1,12 578,5 516,5 2. Denov Surxandaryo 1,15 430,5 374,3 3. Pastdarg‘om Samarqand 0,87 395,5 454,6 4. Asaka Andijon 0,27 362,1 1341,1 5. Kattaqo‘rg‘on Samarqand 1,39 302,5 217,6 1. Tomdi Navoiy 42,49 15,3 0,4 2. Qorovulbozor Buxoro 2,20 20,3 9,2 3. Yangiobod Jizzax 0,72 30,2 41,9 4. Konimex Navoiy 9,25 37,2 4,0 5. Uchquduq Navoiy 46,63 39,7 0,9 Jadval O‘zbekiston Respublikasi Milliy Statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan hisoblangan [4]. Bundan tashqari ushbu tumanlar aholi soni bo‘yicha respublikada yetakchilik qilsada, ammo 1 km kv maydonga to‘g‘ri keluvchi aholi soni ya’ni aholi zichligi bo‘yicha o‘z o‘rinlari boshqa ma’muriy tumanlarga bo‘shatib beradi. Demak, aholining mutloq soni bo‘yicha yetakchilik qilish u qadar ham aholi zichligining katta bo‘lishiga sababchi omillardan emas. Chunki aholi zichligi maydon birligida ma’lum kattalikka ega bo‘lishini hisobga olsak, maydoni yirik bo‘lgan tumanlarning aholi zichligi past ko‘rsatkich qayd etib boraveradi. Ammo bu holat bir tomonlama yondoshuv hisoblanib, aholisi siyrak deb e’tirof etiladigan ma’muriy tumanlarning ham katta zichlikka ega bo‘lgan alohida qismlari mavjud bo‘ladi. Bu haqida avvalgi tadqiqotlarda aytib o‘tilgan [2]. Huddi shuning kabi respublikaning aholisi soni eng kichik bo‘lgan 5 ma’muriy tumani statistik tahlil etilganda, eng kam aholi soniga ega bo‘lgan ma’muriy birlik Navoiy viloyatining Tomdi tumani hisoblanadi. Unda bugungi kunda 15,4 ming kishi istiqomat qilmoqda. Tumanning viloyatdagi ulushi 5,61 foizni tashkil etib, aholi zichligi 1 km kv maydonga 0,4 kishini tashkil etadi xolos (2-jadval).
96 Ushbu 5 ta aholisi eng kam bo‘lgan ma’muriy tumanlarda birgalikda 142,7 ming kishi istiqomat qilmoqda. Bu ko‘rsatkich bilan ham ular yuqoridagi 5 ta ma’muriy tumanning birortasiga ham teng bo‘la olmaydi. Tahlillar natijalari katta hajmga ega bo‘lganligi sababli ularning barchasini jadvallarga kiritishning imkoni mavjud emas. Shuning uchun yana ayrim ko‘rsatkichlar statistik tahlilini ko‘rib o‘tamiz. Aholining u joylashgan maydonga nisbatan holatini aks ettiruvchi birlikka aholi zichligi deyiladi [3]. Yuqorida aytib o‘tilganidek, respublika aholisi zichligi 83,6 kishini tashkil etishi aytildi. Biroq respublika bo‘yicha ma’muriy tumanlar aholi zichligi taxlilida sezilarli farqlarni ko‘rish mumkin (3-jadval). 3-jadval Respublikaning aholi zichligi eng katta bo‘lgan 10 ta ma’mariy tumanlari ayrim ko‘rsatkichlari № Ma’muriy tuman Ma’muriy tuman joylashgan viloyat Ma’muriy tuman maydoni (ming km2) Ma’muriy tuman aholi soni (ming kishi) Ma’muriy tumanning viloyat aholisi soniga nisbatan ulushi Ma’muriy tumanning aholi zichligi 1. Hazorasp Xorazm 0,13 210,0 10,32 1615,3 2. Asaka Andijon 0,27 362,1 10,45 1341,1 3. Toshkent Toshkent 0,16 204,1 6,39 1275,6 4. Namangan Namangan 0,20 216,7 6,27 1083,5 5. Andijon Andijon 0,29 292,6 9,53 1008,9 6. Izboskan Andijon 0,28 260,3 7,55 929,6 7. Oltinko'l Andijon 0,21 194,3 5,68 925,2 8. Toshloq Farg‘ona 0,24 221,9 5,39 924,5 9. Buvayda Farg‘ona 0,28 252,7 6,07 902,5 10. Uchko‘prik Farg‘ona 0,28 246,9 6,11 881,8 Jadval O‘zbekiston Respublikasi Milliy Statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan hisoblangan [4]. 3-jadval ma’lumotlaridan ko‘rish mumkinki aholi zichligi eng yuqori bo‘lgan 10 ta ma’muriy tumanning 8 tasi Far’gona vodiysi viloyatlari xissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bundan ko‘rinadiki vodiy viloyatlari ma’muriy tumanlarida aholi zichligi yuqori ekanligi ma’lum bo‘ladi. Mazkur maqolada qayd etilmagan hisob ishlariga ko‘ra aholi zichligi bo‘yicha keyingi 11-20 o‘rinda turuvchi ma’muriy tumanlarning ham yana 8 tasi Farg‘ona vodiysi viloyatlari ma’muriy tumanlari hisoblanadi. Faqatgina bu guruhga Toshkent viloyatining Zangiota (787,2 kishi) tumani va Samarqand viloyatining Toyloq (779,0 kishi) tumani mos keladi xolos.
97 Xulosa. Umumiy xulosa o‘rnida aytib o‘tish kerakki, respublika ma’muriy tumanlari va shaharlarida aholi joylanishining son jihatdan hamda ma’muriy tuman va shaharlarning maydon jihatdan katta farqlanishlarga ega. Ularni taqqoslash va qiyoslash orqali keyingi o‘zgarishlari va dinamikasini haqida fikr bildirish iqtisodiy va ijtimoiy geografik jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi. Foydalanilgan adabiyotlar. 1. Абдувалиев Ҳ. Аҳоли зичлиги билан ижтимоий-экологик вазиятнинг ўзаро боғлиқлиги (Фарғона вилояти мисолида)// Ўзбекистон география жамияти ахбороти, 52-жилд. – Тошкент, 2018. 2. Аҳмадалиев Ю., Абдувалиев Ҳ. Фарғона водийсида аҳоли жойлашувини тадқиқ этишда ландшафт ёндашувининг қўлланилиши // Ўзбекистон география жамияти ахбороти, 57жилд. –Тошкент, 2020. –Б. 83-87 б. 3. Жумаханов, Ш.З. Совершенствование территориальной структуры населения Наманганской области (Doctoral dissertation, Т. ТашГУ. 1998. C. 22. (Improvement of the territorial structure of the population of the Namangan region.: Author's abstract. dis. can. geogr. sciences. T.: Tashkent State University. 1998, p. 22)). 4. O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida»gi Qonuni. https://lex.uz/uz/docs/-4973063 5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlari: https://stat.uz/uz/