O'ZBEKISTON HUDUDLARIDA IJTIMOIY INFRATUZILMANING HOLATI VA SIFATI
Full text
98 O‘ZBEKISTON HUDUDLARIDA IJTIMOIY INFRATUZILMANING HOLATI VA SIFATI Qurbonov Sh.B., Chirchiq davlat pedogogika universiteti, O‘zbekiston Kaipov K.K. Qoraqalpoq davlat universiteti, O‘zbekiston DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17392734 Annotatsiya. Maqolada O‘zbekiston hududlarida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) ijtimoiy infratuzilmaning hozirgi holati va ularning sifat ko‘rsatkichlari tahlil qilingan. Asosiy e’tibor ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimi, kommunal-maishiy xizmat, shuningdek, muzeylar, teatrlar, rekreatsiya va turizm kabilarga qaratilgan. Kalit so‘zlar: ijtimoiy infratuzilma, aholi, xizmat ko‘rsatish sohalari, ta’lim, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim, oliy ta’lim tashkilotlari, sog‘liqni saqlash, kommunalmaishiy xizmat, muzeylar, teatrlar, rekreatsiya va turizm. Abstract. This article analyzes the current state of social infrastructure and its quality indicators in the regions of Uzbekistan (the Republic of Karakalpakstan, its provinces, and the city of Tashkent). The focus is on education, healthcare, public utilities, museums, theaters, recreational facilities, and tourism. Key words: social infrastructure, population, services, education, pre-school educational organizations, general secondary education, higher education organizations, healthcare, public utilities, museums, theaters, recreation and tourism. Ma’lumki, har qanday iqtisodiy rivojlanish pirovard maqsadda ijtimoiy manfaatlarni nazarda tutadi. Bizning mamlakatimizda olib borilayotgan siyosat ham, Respublika Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan asosiy maqsadlaridan biri ham aynan shu masalalarga qaratilgan. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev ta‘kidlaganidek, “Yangi O‘zbekistonni o‘z hayotidan rozi, baxtli insonlar mamlakatiga, har tomonlama rivojlangan ijtimoiy makonga aylantirish ushbu yonalishdagi islohatlarimizning asosiy maqsadidir. Biz ushbu jabhadagi ezgu ishlarimizni davom ettirib, ijtimoiy adolat tamoyili asosida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qollab-quvvatlash, kambagallikni bartaraf etishni davlat siyosati darajasiga kotardik. O‘zbekiston tarixida ijtimoiy soha boyicha bunday keng kolamli ishlar ilgari hech qachon bolmagan [1:199]. Aholi turmush farovonligining yuksalishida uning yashash va mehnat qilish, bilim va dam olish sharoitlari, salomatlik holati katta ahamiyatga ega. Bular, o‘z navbatida xududlarning zamonaviy infratuzilma salohiyati bilan chambarchas bog‘langan. Zero, infratuzilma moddiy ishlab chiqarish jarayonining barqaror kechishini hamda aholining kundalik turmushini ta’minlashga xizmat qiluvchi shart-
99 sharoitlarni o‘zida mujassam qiladi. Ayniqsa, uning ijtimoiy infratuzilma bo‘g‘ini aholining kundalik hayot shart-sharoitlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, o‘z tarkibiga ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarini, aholiga xizmat ko‘rsatishni qamrab oladi. Bugungi kunda ular rivojlanishining mintaqaviy muammolarini tadqiq qilish, xususan hududlarda infratuzilma salohiyatini o‘rganish muhim dolzarb masala hisoblanadi. Ta’lim. Har qanday mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri ta’lim tizimidir. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari (MTT) faoliyatini takomillashtirish O‘zbekistonda davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Respublikamiz hududlari orasida MTTlar va ulardagi tarbiyalanuvchilar soni bo‘yicha Farg‘ona (3922 ta, tarbiyalanuvchilar soni 254,8 ming), Samarqand (4285 ta, tarbiyalanuvchilar soni 251,1 ming), va Andijon (3991 ta, tarbiyalanuvchilar soni 230,7 ming) viloyatlari yetakchi o‘rinlarda turadi (1-jadval). Eng kam MTTlar esa Sirdaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Umuman olganda, MTT tarmog‘i hududlar aholisiga proporsional tarzda shakllangan. 3-6 yoshdagi bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishi jihatidan 2024-yil oxiriga Buxoro (81,2 %), Navoiy (80,6 %), Andijon (79,6 %) va Xorazm (79,5 %) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi (77,9 %) eng yuqori ko‘rsatkichlar bilan ajralib turadi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha eng so‘nggi o‘rinlarni Qashqadaryo (56,2 %) va Surxondaryo (59,8 %) viloyatlari egallaydi. Shuningdek, Toshkent viloyatining bu boradagi ko‘rsatkichi yuqori emas (66,5 %). Umuman olganda, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent va Samarqand viloyatlarining bu boradagi ko‘rsatkichlari respublika darajasidan (71,1 %) past. 1-jadval O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimining asosiy ko‘rsatkichlari (2024-yil oxiriga) Hududlar MTTlar soni Ularda bolalar soni, ming nafar 3-6 yoshdagi yoshdagi bolalarning MTT tarmog‘i bilan qamrab olinishi (%) O‘zbekiston Respublikasi 35973 2169,5 71,1 Qoraqalpog‘iston Respublikasi 1809 117,6 77,9 viloyatlar: Andijon 3991 230,7 79,6 Buxoro 2077 127,3 81,2 Jizzax 1612 96,8 72,1 Qashqadaryo 3889 180,7 56,2
100 Navoiy 1385 70,0 80,6 Namangan 3612 192,4 71,4 Samarqand 4285 251,1 67,7 Surxondaryo 2921 160,4 59,8 Sirdaryo 1182 57,3 76,1 Toshkent 2198 152,2 66,5 Farg‘ona 3922 254,8 76,6 Xorazm 2065 125,0 79,5 Toshkent sh. 1025 153,2 73,0 Jadval mualliflar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasining rasmiy vebsayti ma’lumotlari asosida tuzilgan [4]. Maktabgacha ta՚lim tashkilotlarining pedagog xodimlari soni 167570 nafarni tashkil qilgan, bunday turdagi har bir muassasaga o‘rta hisobda 5 tadan mos keladi. O‘sib kelayotgan bolani har tamonlama kamolga yetishida nafaqat maktabgacha tarbiya muassasasi, balki umumiy o‘rta ta’lim maktablarining ham alohida o‘rni bor. O‘zbekistonda 2024-2025-o‘quv yili boshiga jami 10943 ta umumta’lim muassasalari mavjud va 2020/2021 o‘quv yili boshiga nisbatan 762 taga, ya’ni 7,5 % ga oshgan. Hududlar orasida umumta’lim muassasalari soni bo‘yicha Samarqand (1335 ta), Qashqadaryo (1272 ta) va Farg‘ona (1080 ta) viloyatlari alohida ajralib turadi. Eng kam umumta’lim muassasalari soni Sirdaryo (341 ta) Navoiy (384 ta) viloyatlariga va Toshkent shahriga (488 ta) to‘g‘ri keladi. Shuningdek, 2024/2025 o‘quv yili boshiga respublikada jami 455 ta nodavlat umumta’lim tashkilotlari faoliyat yuritgan va 2020/2021 o‘quv yiliga nisbatan ularning soni 4,5 barobarga ko‘paygan. Eng ko‘p nodavlat umumta’lim tashkilotlari Toshkent shahri (131 ta), Farg‘ona (93 ta) va Samarqand (38 ta) viloyatlarida, eng kam ko‘rsatkichlar esa Surxondaryo va Navoiy viloyatlari (har bir hududda 4 tadan) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (7 ta) qayd etilgan. Tahlil qilinayotgan 2024/2025 o‘quv yili boshiga umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan o‘quvchilar soni 6776,3 ming kishini tashkil etgan va 2020/2021 o‘quv yili boshiga nisbatan 488,4 ming kishiga, ya’ni 7,8 % ga oshgan. Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan o‘quvchilarning eng yuqori qismi Samarqand (801,5 ming kishi), Farg‘ona 721,7 ming kishi) va Qashqadaryo (682,0 ming kishi) viloyatlarida qayd etilgan boshqa viloyatlarga nisbatan eng past ko‘rsatkichlar Sirdaryo (164,6 ming kishi), Navoiy (194,6 ming kishi) va Jizzax (280,0 ming kishi) viloyatlariga to‘g‘ri kelgan. Nodavlat umumta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan o‘quvchilar jami soni 112,1 ming kishini tashkil etgan
101 holda, 2020/2021 o‘quv yili boshiga nisbatan 4,2 barobarga oshganini ko‘rish mumkin. Eng ko‘p o‘quvchilar soni Toshkent shahriga (41,3 ming kishi) jami respublikaga nisbatan 36,8 %, eng kami esa Surxondaryo va Navoiy viloyatlariga (har bir hududda 0,7 ming kishidan) to‘g‘ri kelgan. Respublikamizda har bir maktabga o‘rtacha 619 nafar o‘quvchi mos keladi. Bu ko‘rsatkich hududlarning demografik vaziyati, aholi soni, uning o‘sishi va joylanishi, yosh tarkibi kabi omillar ta’sirida bir xil emas. Chunonchi, yirik maktablar Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, ularning har birida o‘rtacha 1100-1150 o‘quvchilar ta’lim oladi. Viloyatlar miqyosida yuqoriroq ko‘rsatkichlar demografik sig‘imi yuqori, aholi punktlari ancha katta bo‘lgan Farg‘ona vodiysida ko‘zga tashlanadi (670-770 kishi). Ayni paytda xo‘jaligi ko‘proq tog‘ yoki cho‘l sharoitlariga moslashgan mintaqalarda, masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi umumta’lim maktablarida o‘quvchilar soni 475-500 kishiga ham yetmaydi, eng past ko‘rsatkich Jizzaxda 475 nafar o‘quvchi. O‘zbekiston Respublikasida 2024/2025 o‘quv yili boshiga faoliyat yuritayotgan akademik litseylar soni 92 tani tashkil etgan va o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 1 taga ko‘paygan. Ta’kidlash joizki, professional ta’lim muassasalari, ularning hududiy tashkil etilishi ko‘proq joylarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish xususiyatlari, xo‘jaligining ixtisoslashuviga bog‘liq. Odatda, pedogogika va tibbiyot kollejlari o‘rta va katta shaharlarda mavjud. Ixtisoslashgan savdo, iqtisodiyot, statistika, neft-gaz, turizm, mashinasozlik kabi kollejlar alohida joylarda tashkil etilgan. 1-rasm
102 1-rasm. Faoliyat yuritayotgan professional ta’lim muassasalari sonini hududlar kesimida taqsimlanishi (2023/2024 o‘quv yili boshiga, birlik). Rasm muallif tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasining rasmiy veb-sayti ma’lumotlari asosida tuzilgan. Statistik ma’lumotlar ko‘rsatishicha, 2023/2024 o‘quv yili boshiga o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan faoliyat yuritayotgan kasb-hunar maktablari soni 5 taga, kollejlar soni – 24 taga kamaygan, texnikumlar soni esa 30 taga ko‘paygan. Kasbhunar maktablari soni bo‘yicha Qashqadaryo, Toshkent va Samarqand viloyatlari yetakchilik qiladi, kollejlar esa, Samarqand, Andijon, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida nisbatan ko‘pchilikni tashkil qiladi. Texnikumlar soni bo‘yicha Farg‘ona viloyati katta ustunlikka ega (27 ta), shuningdek, Namangan va Samarqand viloyatlarida har birida 22 tadan mavjud. O‘rtacha bitta professional ta’lim muassasalarida 514 nafar talaba o‘qiydi (jami 374,4 ming). Kasb-hunar maktablarining har biriga o‘rta hisobda 577 ta, kollejlarda 379 ta va texnikumlarga 517 nafardan talaba mos kelgan. Farg‘ona viloyatida har bir kasb-hunar maktabida 872 nafar, Andijonda 653 nafar va Samarqand viloyatida 612 nafar talaba to‘g‘ri keladi. Samarqand viloyatida bitta kollejda o‘rta hisobda 577 kishi tahsil olgan. Toshkent shahrida kasb-xunar maktabining har birida 740 nafar, texnikumlarda 954 kishi va h.k. O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim uzluksiz ta’lim tizimining mustaqil turi bo‘lib, respublika qonunchiligiga muvofiq, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, professional ta’lim negizida, oliy ta’lim tashkilotlarida amalga oshiriladi. 2024-2025-o‘quv yili boshida oliy ta’lim tashkilotlarining (OTT) umumiy soni (hududiy filiallarni qo‘shgan holda) 222 taga teng bo‘lgan. Hududlar kesimida olganda, eng ko‘p OTTlar Toshkent shahrida mujassamlashgan. Shuningdek, Samarqand, Farg‘ona, Buxoro, Andijon va Toshkent viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida OTTlar soni qolgan hududlarga nisbatan ko‘proq. Eng kam oliygohlar esa Navoiy, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida joylashgan. OTTlarda tahsil olayotgan talabalar soni jihatidan ham, tabiiyki, Toshkent shahri alohida ajralib turgan holda, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari boshqa hududlar bilan taqqoslaganda birmuncha oldinda turadi. Sirdaryo viloyati esa talabalarning kamligi bilan boshqa hududlardan keskin ajralib turadi. Sog‘liqni saqlash. Aholi salomatligini muhofaza qilish va hududlar ijtimoiyiqtisodiy rivojlanishida sog‘liqni saqlash tizimi ham katta ahamiyatga ega. Mazkur tizim o‘zining ichki tuzilishiga ko‘ra ko‘p tarmoqliligi, murakkabligi, muassasalar sonining ko‘pligi bilan alohida ajralib turadi.
103 Odatda, sog‘liqni saqlash tizimining geografiyasi 3 asosiy yo‘nalishga ajratiladi. Bu: sog‘liqni saqlash muassalari geografiyasi, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish geografiyasi va aholi kasallanishi geografiyasi yoki nozogeografiya. Birinchi va ikkinchi yo‘nalishlarni hududiy tashkil etishda aholi joylashuv tizimi asos qilib olinadi va tibbiy xizmat ko‘rsatish muassasalari pog‘onasimon joylashtiriladi. Bu xususda ayniqsa qishloq vrachlik punktlarining ahamiyati katta, chunki aynan shu muassasa aholiga “yaqin” turadi. Qishloq vrachlik punktlari yirik qishloqlarda yoki bir-biriga tutash joylashgan, nisbatan uncha katta bo‘lmagan “qishloq aglomeratsiyalarida” yagona tarzda tashkil etiladi. Ko‘pincha, qishloq vrachlik punktlari qishloq fuqorolar yig‘inlariga to‘g‘ri keladi. Qishloq tuman markazlarida esa tuman kasalxonalari, viloyat markazlarida – viloyat kasalxonalari joylashgan. Yirik shaharlar, jumladan Toshkentda ixtisoslashgan bemorxonalar va boshqa yuqori darajali tibbiy muassasalar tashkil etilgan [3]. Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishda uning ikki bo‘g‘ini: davolash-profilaktika xamda ambulatoriya-poliklinika xizmati asosiy rol o‘ynaydi. Ularning birinchisida tibbiy xizmat ko‘rsatish turg‘un (statsionar) shaklda, ikkinchisida esa qatnab (turg‘un bo‘lmagan) davolanish shaklida amalga oshiriladi. Hududlar kesimida tahlil qilinganda, shifoxona muassasalari soni bo‘yicha Toshkent shahri, Andijon, Farg‘ona, Samarqand va Namangan viloyatlari alohida ravishda ajralib turadi. Eng kam shifoxona muassasalari Navoiy, Sirdaryo, Jizzax, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri keladi. Shifoxona o‘rinlari bo‘yicha Toshkent shahri yaqqol yetakchilikka ega, shuningdek, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarining ko‘rsatkichlari nisbatan yuqori. O‘z navbatda, Jizzax, Navoiy va Sirdaryo viloyatlari bu borada so‘nggi o‘rinlarni egallamoqda. Albatta, tibbiy infratuzilmaga oid mutlaq ko‘rsatkichlar ko‘p jihatdan hududlardagi aholi soniga ham bog‘liq. Har 10000 aholiga nisbatan olganda, shifoxona o‘rinlari soni jihatidan Toshkent shahri boshqa hududlarga nisbatan ancha peshqadam ko‘rsatkichga ega. Shuningdek, Toshkent, Наманган va Sirdaryo viloyatlarining ko‘rsatkichlari ham respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan biroz bo‘lsada, yuqoridir. Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida esa ushbu ko‘rsatkich hududlar ichida eng past darajada qayd qilingan. O‘zbekiston hududlari orasida shifokorlar bilan ta’minlanganligi jihatidan ham sezilarli tafovutlar mavjud. Respublika bo‘yicha har 10000 aholiga 28,7 nafar shifokor to‘g‘ri kelgan holda, Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich 75,9 nafarga teng. Boshqa hududlardan respublika bo‘yicha o‘rtacha darajadan biroz balandroq
104 ko‘rsatkichlar Samarqand, Xorazm, Navoiy va Buxoro viloyatlarida qayd qilingan. Eng past ko‘rsatkichlar esa Surxondaryo va Jizzax viloyatlariga tegishli bo‘lib, ularning ko‘rsatkichlari mamlakat bo‘yicha qayd qilingan o‘rtacha darajaning 55-67 % ini tashkil etadi, ya’ni undan 1,5-1,9 barobar pastdir. O‘rta tibbiyot xodimlari bilan ta’minlanganlik borasida hududlardagi vaziyat birmuncha ijobiyroq. Respublika bo‘yicha o‘rtacha ravishda har 10000 aholiga 105,3 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari to‘g‘ri kelgan holda, 7 ta hududda bu ko‘rsatkich bundan yuqori. Eng baland ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida qayd etilib (148,0), ikkinchi o‘rinda Navoiy viloyati (141,7), uchinchi o‘rinda esa Toshkent shahri (156,0) turadi. Eng past ko‘rsatkichlar bu borada Surxondaryo, Xorazm, va Samarqand viloyatlariga tegishlidir. Kommunal-maishiy xizmat. Aholining yashash sharoiti ko‘p jihatdan ijtimoiy infratuzilma shaxobchalarining qay darajada rivojlanganligiga bog‘liq. Bu borada ayniqsa aholining toza ichimlik suvi, gaz, muntazam elektr energiya va kanalizatsiya bilan ta’minlanishi katta mazmun kasb etadi. Ijtimoiy infrastruktura sohalari orasida, aholining turmush darajasini yaxshilashda tabiiy gaz bilan ta’minlanish darajasi ko‘rsatkichlari ham katta ahamiyatga ega. Mazkur ko‘rsatkich O‘zbekiston bo‘yicha o‘rtacha 56,7 % tashkil qilgan holda, respublikamiz hududlari bo‘yicha katta farqlarga ega. Toshkent shahrini hisobga olmaganda nisbatan yuqori ko‘rsatkich Toshkent viloyati (91,0 %), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (71,0 %), Navoiy (70,9 %) viloyatiga tegishli. O‘zbekistonning janubiy mintaqalari Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining bu boradagi ko‘rsatkichlari ancha past, mos holda 26,7; 28,5. Shuningdek, Andijon, Namangan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari ham respublika o‘rtacha darajasidan past. Aholi punktlari kvartira (uy)larning ichimlik suvi bilan ta`minlanganligida katta hududiy tafovutlar ko‘zga tashlanadi. Respublika bo‘yicha bu ko‘rsatkich 2024yil holatiga ko‘ra 78,9 % tashkil qilgan. Bu jihatdan mamlakatimiz yirik ma’muriy birliklarining deyarli yarmi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari respublika darajasidan past. Ayniqsa, Qashqadaryo viloyatining bu boradagi o‘rni eng oxirgi hisoblanadi. Ushbu viloyat jami kvartira (uy)larning ichimlik suvi bilan ta`minlanganligi 41,8 % tashkil qiladi, xolos. Aholini qulay va shinam uy-joy bilan ta’minlash inson farovonligi va ularning turmush tarziga katta ta’sir ko‘rsatadi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida 2024 yil boshiga respublikamizda jami 692512643,2 kv.m. hajmdagi uy-joy fondi tashkil etilgan bo‘lsa, 2010 yilda bu ko‘rsatkich 427132875
105 kv.m. 2020 yilda esa 548995771 kv.m. ga to‘g‘ri keldi va har bir aholiga nisbatan o‘rtacha 19,2 kv.m. ni tashkil etdi. Har bir aholiga nisbatan to‘g‘ri keladigan uy-joy bilan ta’minlanish ko‘rsatkichlarida ham hududiy tafovutlarni ko‘rish mumkin. Jumladan, mamlakat o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori vaziyat Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlariga to‘g‘ri kelib, ularda bu miqdor 19,9-26,5 kv.m. ga teng. Eng past daraja Surxondaryo va Andijon viloyatlarida kuzatilib, aholining uy-joy bilan ta’minlanish ko‘rsatkichi 13-16 kv.m. ga yetadi. Shu bilan birga, kanalizatsiya bilan ta’minlanish darajasida hududiy tafovutlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Jumladan, 2024 yil bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha 50,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, u Toshkent shahrini hisobga olmaganda, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatidan tashqari barcha hududlarda respublika o‘rtachasidan past. Surxondaryo viloyati aholi manzilgohlarining bor-yo‘g‘i 1/3 qismigina kanalizatsiya bilan ta’minlangan, xolos. Shuningdek, kvartira (uy)larning issiqlik bilan ta'minlanganligi bo‘yicha ham katta hududiy farqlar ko‘zga tashlanadi. 2024-yilda respublika aholisining bu turdagi infratuzilma bilan ta’minlanganligi 56,2 % tashkil qilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi (74,0 %), Sirdaryo (61,9 %), Toshkent (75,6 %) va Xorazm (95,6 %) viloyatlari va Toshkent shahri (94,8 %) kvartira (uy)larning issiqlik bilan ta'minlanganligi oldingi o‘rinlarda. Bu borada eng past ko‘rsatkich Buxoro va Qashqadaryo viloyatlariga tegishli. Umuman olganda, respublikamiz ijtimoiy hayoti, uni hududiy tashkil etishda ijtimoiy infratuzilmaning holati va sifati ham o‘ziga xos muhim o‘ringa ega. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Mirziyoyev Sh.M. Yangi O‘zbekiston strategiyasi. –Toshkent: - O‘zbekiston, 2021. 2. Xalq ta’limi raqamlarda. Risola. II nashr. – Toshkent, 2022. – B. 69. 3. Qurbonov Sh.B., Fedorko V.N. O‘zbekiston geografiyasi (II qism. O‘zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi). Darslik. – Toshkent: Yangi Chirchiq prints, 2024. – 382 b. 4. www.stat.uz [O‘zbekiston Respublikasi Milliy Statistika qo‘mitasiining rasmiy veb-sayti]