scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

FIFANING TMS HAMDA MY LEAGUE DASTURLARINING O'ZBEKISTON QONUNCHILIGIGA INTEGRATSIYASI

Norqobilov Dilshod Boyqobil o'g'li

Abstract

FIFA TMS – bu futbolchilarning xalqaro transferlarini kuzatish va nazorat qilish uchun mo‘ljallangan majburiy onlayn tizimdir. [1] Uning asosiy maqsadi – transfer jarayonlarida shaffoflikni oshirish, pul yuvish, voyaga yetmagan futbolchilar savdosini cheklash va shartnomaviy majburiyatlarning bajarilishini ta’minlashdan iborat. Ushbu tizim orqali har bir xalqaro transferga oid ma’lumotlar – transfer narxi, to‘lovlar, shartnomalar shartlari – aniq ro‘yxatga olinadi va ikki tomonlama tasdiqlanishi shart. Bu transferlar bilan bog‘liq nizolarni kamaytirish va futbolchilarning huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Full text

Oktabr, 2025-Yil 225 FIFANING TMS HAMDA MY LEAGUE DASTURLARINING O‘ZBEKISTON QONUNCHILIGIGA INTEGRATSIYASI Norqobilov Dilshod Boyqobil o‘g‘li [email protected] +998903311662 https://doi.org/10.5281/zenodo.17395911 Zamonaviy futbol nafaqat sport musobaqasi, balki global miqyosdagi ulkan industriyadir. Ushbu industriyaning samarali faoliyat yuritishi, shaffofligi va adolatli rivojlanishi bevosita zamonaviy axborot texnologiyalari va raqamli boshqaruv tizimlarining joriy etilishi bilan bog‘liq. Jahon futbolini boshqaruvchi asosiy tashkilot – Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) bu borada yetakchi rol o‘ynab kelmoqda. FIFA o‘zining global tizimini takomillashtirish maqsadida bir qator innovatsion dasturlarni ishlab chiqqan bo‘lib, ular orasida FIFA Transfer Matching System (TMS) alohida o‘rin tutadi. Ushbu dasturlar xalqaro futbol transferlari va musobaqalarni tashkil etishda shaffoflik, nazorat va samaradorlikni ta’minlashning muhim vositalari hisoblanadi. FIFA TMS – bu futbolchilarning xalqaro transferlarini kuzatish va nazorat qilish uchun mo‘ljallangan majburiy onlayn tizimdir. [1] Uning asosiy maqsadi – transfer jarayonlarida shaffoflikni oshirish, pul yuvish, voyaga yetmagan futbolchilar savdosini cheklash va shartnomaviy majburiyatlarning bajarilishini ta’minlashdan iborat. Ushbu tizim orqali har bir xalqaro transferga oid ma’lumotlar – transfer narxi, to‘lovlar, shartnomalar shartlari – aniq ro‘yxatga olinadi va ikki tomonlama tasdiqlanishi shart. Bu transferlar bilan bog‘liq nizolarni kamaytirish va futbolchilarning huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi. My League dasturi esa asosan milliy assotsiatsiyalar darajasidagi musobaqalarni boshqarishga qaratilgan bo‘lib, u ligalar, kuboklar va boshqa futbol tadbirlarini rejalashtirish, natijalarni kiritish, futbolchilar statistikasini yig‘ish va umumiy ma’lumotlar bazasini yuritish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. My League tizimining joriy etilishi orqali milliy ligalar faoliyati yanada samaraliroq bo‘ldi, ma’lumotlar aniqligi ta’minlandi va boshqaruv jarayonlari avtomatlashtirildi. Bu esa yakuniy hisobda, milliy futbolning umumiy sifatini oshirishga xizmat qildi. Ushbu dastur FIFA connect dastruri bilan ham integratsiya qilingan. [2] Ushbu dastur voyaga yetmagan futbolchilarni har tomonlama qo‘llabquvvatlab, himoya qilishga qaratilgan. O‘zbekiston futboli ham global integratsiya jarayonlarining faol ishtirokchisi hisoblanadi. O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi (O‘FA) FIFA va Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) tomonidan ilgari surilgan barcha standartlar va talablarga rioya qilishga intilmoqda. [3] Shu sababli, FIFA TMS va My League dasturlarining O‘zbekiston futboliga joriy etilishi va ularning amaliyotda qo‘llanilishi milliy futbolimizning rivojlanishida muhim bosqichni tashkil etadi. Ushbu tizimlar O‘zbekiston futbolida shaffoflikni oshirish, professional klublar faoliyatini tartibga solish, futbolchilarning huquqiy himoyasini kuchaytirish va umumiy boshqaruv samaradorligini oshirishda qanday rol o‘ynayotgani chuqur tahlilni talab qiladi. FIFA TMS (Transfer Matching System) Tizim FIFAning 2007-yildagi qarori asosida joriy etilgan va 2010-yildan majburiy etib belgilangan. Tizimning asosiy maqsadi qora bozorga qarshi kurash, voyaga yetmaganlarni himoya qilish, moliyaviy shaffoflikni ta’minlash. Oktabr, 2025-Yil 226 TMS transferlarning moliyaviy tomonini ham qat’iy nazorat qiladi. Unda transfer to‘lovlarining miqdori, to‘lov rejasi va vositachilik komissiyalari aniq qayd etiladi. Shuningdek, tizim “Solidarity mechanism” (birdamlik mexanizmi) va “Training compensation” (mashg‘ulot kompensatsiyasi) to‘lovlarini avtomatik hisoblab, kuzatib boradi. Bu esa moliyaviy shaffoflikni ta’minlaydi va futbolni rivojlantirishga hissa qo‘shadi. TMS orqali futbolchining ro‘yxatga olinishi, diskvalifikatsiyalar, jarohatlar va shartnoma muddati kabi holatlari doimiy ravishda kuzatib boriladi. Tizim global transfer ma’lumotlari bazasini yaratish imkoniyatini beradi, bu esa o‘z navbatida tahliliy hisobotlar tuzish va futbol bozorini chuqur tahlil qilish imkonini beradi. Ushbu tizimning huquqiy asosi FIFA RSTP hisoblanadi. [4] Shuni ta’kidlash joizki, TMSda ro‘yxatdan o‘tmagan transferlar FIFA tomonidan tan olinmaydi, bu esa uning yuridik kuchini ko‘rsatadi. TMS xalqaro transferlar bozorini tartibga solish, adolatli raqobatni ta’minlash va klublarning moliyaviy intizomini oshirishda global futboldagi muhim ahamiyatga ega. My League musobaqa boshqaruv tizimi hisoblanadi. Uning konsepsiyasi va yaratilish maqsadi milliy assotsiatsiyalarga, jumladan, O‘zPFLga musobaqa boshqaruvida yordam berish, ma’lumotlar yaxlitligini ta’minlash va ma’lumotlar almashinuvini soddalashtirishdan iborat. Asosiy funksiyalariga musobaqa rejalashtirish kiradi, bunda liga jadvali tuziladi, o‘yin sanalari va vaqtlari belgilanadi, stadionlar tayinlanadi. Natijalar va statistika qismida o‘yin natijalari real vaqt rejimida kiritiladi, to‘purarlar ro‘yxati, jamoaviy va individual statistik ma’lumotlar yig‘iladi. Futbolchi va xodimlar ma’lumotlarida futbolchilarning ro‘yxatdan o‘tishi, kartochkalar, diskvalifikatsiyalar, jarohatlar, murabbiylar va rasmiylarning ma’lumotlari qayd etiladi. Hakamlar va inspektorlar tayinlash funksiyasida o‘yinlarga hakamlar va inspektorlarni tayinlash tizimi mavjud. Hisobotlar va tahlil qismida musobaqa rivoji, jamoalar va futbolchilarning ko‘rsatkichlari bo‘yicha tahliliy hisobotlar taqdim etiladi. Milliy assotsiatsiyalar uchun My League operatsion samaradorlikni oshirish, inson omili xatolarini kamaytirish, shaffoflik va ma’lumotlar ishonchliligini ta’minlash afzalliklariga ega. Global futboldagi ahamiyati esa turli mamlakatlarning liga ma’lumotlarini markazlashtirish, FIFA va OFK kabi tashkilotlarga global statistik ma’lumotlarga kirish imkoniyatini berishdan iborat. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining (O‘FA) xalqaro maydondagi faolligi, jumladan, FIFA va OFK a’zoligi, shuningdek, Osiyo Chempionlar Ligasi, U-17 va U-20 Jahon chempionatlarida muntazam ishtirok etishi mamlakat futbolini xalqaro standartlar va talablarga moslashtirish zaruriyatini keltirib chiqaradi. Bu moslashuv ayniqsa shaffoflik, moliyaviy fair-play va futbolchilar huquqlarini himoya qilish kabi muhim jihatlarda juda zarur. FIFA Transfer Matching System (TMS) tizimi O‘zbekistonda 2010-yillarning boshidan joriy etila boshlandi. O‘FA ushbu tizimga bosqichma-bosqich ulandi va vaqt o‘tishi bilan uni majburiy qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Tizimni muvaffaqiyatli joriy etish uchun dastlabki bosqichlarda o‘quv seminarlari o‘tkazildi va kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. TMSning joriy etilishi klublar va O‘FA uchun yangi tizimga moslashish jarayonini boshlab berdi. Bu jarayonda eng sezilarli o‘zgarishlardan biri hujjatlar aylanishining raqamli formatga o‘tishi bo‘ldi, bu esa avvalgi an’anaviy qog‘ozbozlikdan tubdan farq qiladi. Dastlabki davrda ma’lumotlarni kiritishda xatolar kuzatildi. Oktabr, 2025-Yil 227 Shuningdek, moliyaviy shaffoflikka nisbatan klublarning dastlabki qarshiliklari yoki moslashish davri ham kuzatildi, chunki yangi tizim transfer operatsiyalarining har bir detalini shaffof tarzda qayd etishni talab qiladi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan klublar ushbu tizimga moslashib, uning afzalliklarini tushunib yeta boshladilar. TMS joriy etilgandan so‘ng O‘zbekistonning xalqaro transfer bozoridagi faolligida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Tizimning shaffofligi va aniqligi tufayli o‘zbek futbolchilarining xorijga transferlari yanada tizimli va qonuniy asosda amalga oshirila boshlandi. Shu bilan birga, xorijlik futbolchilarning O‘zbekistonga kelishida ham tartib va shaffoflik ta’minlandi. Bu o‘zgarishlar nafaqat transferlarning miqdoriga, balki ularning sifatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. TMSning joriy etilishi O‘zbekiston futbolining xalqaro miqyosdagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qildi. My League dasturi O‘zbekiston futbolida yagona, markazlashgan statistika tizimini yaratishga qaratilgan. Dastlab 2022-yilda Superliga va Pro Liga uchun joriy etildi. Keyinchalik O‘zbekiston Kubogi, Birinchi Liga, ayollar futboli va yoshlar ligalari (U-21, U-18 va h.k.) ham qamrab olindi. Joriy etish jarayonida bir qator texnik va tashkiliy masalalar hal etilishi zarur edi. Bu dastur O‘zbekiston futbolida yagona markazlashgan statistika tizimini yaratadi. U futbolchilarning tarixi, jamoalar natijalari va o‘yinlar statistikasi bo‘yicha ishonchli ma’lumot manbai bo‘lib xizmat qiladi. To‘plangan ma’lumotlar tahlilchilar (o‘yinlarni chuqur tahlil qilish va strategik qarorlar qabul qilishda yordam beradi), murabbiylar (mashg‘ulotlarni rejalashtirish, taktikalarni ishlab chiqish va o‘yinchi tanlashda foydalanadi) va futbol mutaxassislari, menejerlar (iqtidorlarni topish va futbolchilarni baholashda asos bo‘ladi) uchun juda muhim. Shuningdek, TMS va My League dasturlarining O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiqligini chuqur tahlil qilish maqsadga muvofiq. 1. “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonun Bu qonunning 4-moddasida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida har kimning jismoniy tarbiya va sport bilan erkin shug‘ullanishga bo‘lgan huquqini ta’minlash belgilangan [5] TMS (Transfer Matching System) va My League bu prinsiplarga to‘liq mos keladi. TMS transferlarda moliyaviy shaffoflikni, My League esa musobaqa tashkilotlarida adolatni ta’minlash orqali sportchilarning sport bilan erkin shug‘ullanishga bo‘lgan huquqini ta’minlashga ko‘maklashadi. Qonun sport tashkilotlari faoliyatini, musobaqa o‘tkazishni va sportchilarni ro‘yxatga olishni tartibga soladi. My League orqali futbolchilar ro‘yxatga olinadi va musobaqalar boshqariladi. O‘zbekiston qonunchiligi bevosita FIFA va OFK qoidalariga murojaat qilmasa-da, xalqaro sport huquqi prinsiplariga zid kelmasligi kerak. O‘FA o‘z ustavida FIFA va OFK qoidalariga rioya qilish majburiyatini olgan, bu esa TMS va My League kabi xalqaro tizimlarning qo‘llanilishini asoslaydi. Sport arbitraji va nizolarni hal qilishda TMSdagi ma’lumotlar (masalan, shartnoma nusxalari) muhim isbot bazasi bo‘lib xizmat qiladi. 2. Mehnat qonunchiligi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi [6] professional futbolchilarning mehnat munosabatlarini tartibga soladi. Futbolchilar klublar bilan mehnat shartnomalari tuzadilar. Shartnomalar qonuniy kuchga ega bo‘lishi uchun TMSda aks etishi lozim. Voyaga yetmagan futbolchilarni himoya qilish O‘zbekiston qonunchiligi va FIFAning qat’iy qoidalari (18 yoshgacha Oktabr, 2025-Yil 228 xalqaro transferlarni cheklash) orqali amalga oshiriladi. TMS yosh futbolchilarning transferlarini nazorat qilib, ularning ekspluatatsiya qilinishining oldini oladi. 3. Fuqarolik kodeksi [7] Klublar o‘rtasidagi transfer shartnomalari va futbolchilarning shaxsiy shartnomalari Fuqarolik kodeksi talablariga muvofiq tuziladi. TMSdagi ma’lumotlar shartnomalarning haqiqiyligi va ijrosini tasdiqlashda muhim rol o‘ynaydi. Agar TMSdagi ma’lumotlar va asl shartnomalar o‘rtasida ziddiyat bo‘lsa, odatda asl yozma shartnoma ustuvor hisoblanadi, ammo FIFA nazorati ostida TMS ma’lumotlari ham dalil bo‘lib xizmat qiladi. 4. Shaxsiy ma’lumotlar qonunchiligi “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonun ma’lumotlarni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash va uzatish tartibini belgilaydi. [8] TMS va My League futbolchilar, murabbiylar, menejerlar va boshqa subyektlarning shaxsiy ma’lumotlarini to‘playdi. Bu ma’lumotlar Qonun talablariga muvofiq, subyektning roziligi bilan qayta ishlanishi kerak. Shuningdek, ma’lumotlarning transchegaraviy uzatilishi (FIFA serverlariga) O‘zbekiston qonunchiligi va FIFAning ma’lumotlar himoyasi qoidalari uyg‘unligini talab qiladi. Ma’lumotlar xavfsizligi esa – shifrlash kirishni cheklash orqali ta’minlanadi, chunki tizimlarda shaxga doir ma’lumotlar ko‘p. 5. Valyutani tartibga solish va soliq qonunchiligi Xalqaro transferlarda valyuta operatsiyalari O‘zbekistonning “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlari asosida amalga oshiriladi. [9] Transfer to‘lovlari va vositachilik komissiyalari Soliq kodeksiga muvofiq soliqqa tortiladi. TMS moliyaviy ma’lumotlarni shaffof qilib, soliq organlari uchun nazoratni kuchaytiradi va noqonuniy moliyaviy operatsiyalarning oldini oladi. TMS va My League dasturlari O‘zbekiston futboliga quyidagi ta’sir va afzalliklarni keltiradi: TMS transferlarda to‘lovlar va vositachilik komissiyalarining shaffofligini oshiradi, “kulrang zonalar”ni kamaytiradi. TMSdagi rasmiy ma’lumotlar (shartnomalar, to‘lovlar) klublar va futbolchilar o‘rtasidagi nizolarni hal qilishda isbot bazasi yaratadi, bu esa moliyaviy intizomni kuchaytiradi. My League O‘zbekiston futboliga oid barcha muhim ma’lumotlarni markazlashgan bazada jamlaydi. Bu murabbiylar va tahlilchilar uchun batafsil statistik tahlil imkoniyatini beradi, qarorlar qabul qilishda yordam beradi. Klublar va O‘FA uchun kadrlar siyosati, yoshlar futbolini rivojlantirish va transfer siyosatida aniq ma’lumotlarga asoslanish imkonini beradi. My League musobaqalarni tashkil etishda (jadval tuzish, natijalarni e’lon qilish) samaradorlikni oshiradi, inson omilini kamaytiradi. Futbolchilarning shartnomalari, to‘lovlari TMS va My League’da aniq ro‘yxatga olinishi ularning huquqlarini himoya qilish uchun yuridik asos yaratadi. FIFA TMSning qat’iy qoidalari voyaga yetmagan futbolchilarning noqonuniy transferlardan himoya qilinishiga yordam beradi. Nizolarni hal qilishda TMSdagi rasmiy ma’lumotlar asosiy dalil sifatida ishlatiladi. TMS va My League O‘zbekiston klublari va futbolchilarini xalqaro futbol hamjamiyatiga integratsiya qiladi, ularni shaffof va ishonchli subyektlarga aylantiradi. Bu tizimlar orqali FIFA va OFK qoidalariga to‘liq rioya qilinadi. Natijada, O‘zbekiston futbolining xalqaro obro‘si mustahkamlanadi, chet ellik sarmoyadorlar va skautlar uchun jozibadorlik oshadi. Shu bilan birga, quyidagi muammolar va cheklovlar yuzaga kelishi mumkin: Oktabr, 2025-Yil 229 Tizimlarda katta miqdordagi shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlar mavjudligi sababli, ularning sizib chiqishi yoki buzilishi xavfi yuqori. Kibernetik tahdidlar doimiy xavf tug‘diradi. O‘zbekistonning shaxsiy ma’lumotlar himoyasi qonunchiligi va xalqaro standartlar (GDPR) o‘rtasidagi farqlar ham ma’lumotlarni uzatishda muammo tug‘dirishi mumkin.[10] Ba’zi hollarda FIFA qoidalari va milliy qonunchilik o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Bunday holatlarda Sport Arbitraj Sudi (CAS) qarorlari muhim hisoblanadi. [11] Futbol qoidalari va texnologiyalar tez o‘zgargani sababli, normativ-huquqiy bazani doimiy yangilab turish zarur. My Leaguening quyi ligalar va havaskor futbolga to‘liq joriy etilishi texnik va moliyaviy resurslar cheklanganligi sababli qiyin bo‘lishi mumkin. Bu klublar tizimdan foydalanish uchun qo‘shimcha investitsiyalar va o‘quv jarayonlariga muhtoj bo‘ladi. Barcha jamoalarning bir xil darajada foydalana olishini ta’minlash qiyin. Kamchiliklarni bartaraf etishda boshqa mamlakatlarning tajribasini chuqur tahlil qilish maqsadga muvofiq. Yevropa ligalari (Premer Liga, La Liga, Bundesliga): Bu ligalar TMS va o‘z milliy tizimlaridan faol foydalanadi. Angliyada murakkab transferlar TMS orqali shaffoflashgan. Germaniyada esa ma’lumotlar himoyasiga yuqori e’tibor beriladi. Ular kadrlar tayyorlash va ma’lumotlar sifatini ta’minlashda ilg‘or tajribaga ega. [12] Osiyo mamlakatlari (Yaponiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni): IT infratuzilmasi rivojlangan bu mamlakatlar futbolchilarni ro‘yxatga olish, transferlar va musobaqa boshqaruvida raqamli tizimlardan samarali foydalanadi. Ular yosh futbolchilarni himoya qilish va akademik ta’limga e’tibor berishda ham tajribaga ega. Boshqa mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston quyidagilarni tatbiq etishi mumkin: Kadrlar malakasini oshirishga investitsiya kiritish: Doimiy o‘quv kurslari va seminarlar tashkil etish; Qonunchilikni xalqaro standartlarga yaqinlashtirish: Sport va axborot qonunchiligini xalqaro normalarga uyg‘unlashtirish; Ma’lumotlar xavfsizligini kuchaytirish: Kibernetik xavfsizlik choralarini doimiy yangilab borish. Umumiy qilib aytganda, quyidagi takliflarni inobatga olish zarur: Asosiy topilmalarni umumlashtirish: FIFA TMS va My League dasturlari O‘zbekiston futbolida shaffoflikni, samaradorlikni va xalqaro integratsiyani oshirishda hal qiluvchi rol o‘ynadi. Shu bilan birga, bu tizimlarni qo‘llashda texnik, kadrlar va huquqiy masalalarda ayrim cheklovlar mavjudligi kuzatilmoqda. Kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish: O‘FA, klublar va hududiy assotsiatsiyalar xodimlari uchun tizimlardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha doimiy o‘quv kurslari va seminarlar tashkil etilishi kerak. Bu jarayonga FIFA va OFK mutaxassislarini jalb qilish samaradorlikni oshiradi. Texnik infratuzilmani rivojlantirish: Barcha futbol tashkilotlarida, ayniqsa quyi ligalarda, zamonaviy IT infratuzilmasini va barqaror internet ulanishini ta’minlashga ustuvor ahamiyat berilishi lozim. Bu ma’lumotlarni tezkor kiritish va qayta ishlash uchun muhimdir. Qonunchilikni takomillashtirish va uyg‘unlashtirish: Milliy qonunchilikni (xususan, sport, mehnat va shaxsiy Oktabr, 2025-Yil 230 ma’lumotlar himoyasi sohasidagi) xalqaro futbol qoidalari va FIFA standartlariga maksimal darajada uyg‘unlashtirish bo‘yicha tahliliy ishlar olib borilishi va tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi shart. Bu milliy va xalqaro normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf etishga yordam beradi. Ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash choralarini kuchaytirish: Futbolchilarga va klublarga oid shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlarning himoyasini kuchaytirish bo‘yicha choralar ko‘rish zarur. Bunga muntazam kiberxavfsizlik auditlari o‘tkazish va zamonaviy xavfsizlik texnologiyalariga investitsiya kiritish kiradi. Quyi ligalar va havaskor futbolni raqamlashtirishni davom ettirish: My League dasturini barcha darajadagi musobaqalarga to‘liq tatbiq etish uchun qo‘shimcha resurslar ajratish va quyi liga hamda havaskor jamoalar vakillarini tizimdan foydalanishga o‘qitish muhim. Ochiqlik va muloqotni kuchaytirish: Klublar, futbolchilar va ularning agentlari bilan tizimlar bo‘yicha muntazam muloqot o‘rnatish va ularning fikr-mulohazalarini inobatga olish tizimlarning foydalanuvchi qulayligini oshiradi. Kelajakdagi tadqiqotlar uchun yo‘nalishlar: Ushbu tizimlarning moliyaviy barqarorlikka ta’siri, yosh futbolchilarning rivojlanishiga ta’siri, transfer bozoridagi o‘zgarishlar va boshqa jihatlari bo‘yicha chuqur ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Ushbu tavsiyalar O‘zbekiston futbolining xalqaro arenadagi mavqeini mustahkamlash va raqamli boshqaruv samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. References: 1. FIFA. (2022). TMS User Manual. Zurich. 2. FIFA Connect. (2020). Integration Report. Zurich. 3. AFC. (2021). Club Licensing Regulations. Kuala Lumpur. 4. FIFA. (2023). Regulations on the Status and Transfer of Players. Zurich. 5. “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida (yangi tahriri)” O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 04.09.2015 yildagi O‘RQ-394-son O‘R QТ 2015 #36 473-modda 6. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi. Toshkent. Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 28.10.2022 yildagi O‘RQ-798-son 7. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi. Toshkent. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 2-songa ilova; 8. “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida” Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 02.07.2019 yildagi O‘RQ-547-son 9. “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida (yangi tahriri)” Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 05.11.2019 yildagi O‘RQ-580-son 10. Solix. GDPR Solutions. Retrieved from https://www.solix.com/uz/solutions/gdpr/ 11. CAS. (2022). Case Law Digest. Lausanne. 12. Smith, J. (2023). Digital Transformation in Football Governance. Journal of Sport Management, 35(2), 145–162.