scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

BIOLOGIK RESURSLARDAN SAMARALI FOYDALANISH ORQALI BARQAROR TURIZMNI TASHKIL ETISH (KATTAQOʻRGʻON TUMANI MISOLIDA)

Avezov M.M.; Elmurotova A.M.

Full text

342 BIOLOGIK RESURSLARDAN SAMARALI FOYDALANISH ORQALI BARQAROR TURIZMNI TASHKIL ETISH (KATTAQOʻRGʻON TUMANI MISOLIDA) Avezov M.M., Elmurotova A.M. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17400844 Annotatsiya: Ushbu maqolada barqaror turizmni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Xususan, turizm sohasining barqaror rivojlanishida biologik resurslarning o‘rni va ahamiyati xorijiy mutaxassislarning ilmiy ishlari asosida tahlil qilingan. Tadqiqot doirasida Kattaqo‘rg‘on tumanining biologik resurslari, jumladan, o‘simliklar va hayvonot olami chuqur o‘rganilib, ushbu hududning o‘simliklar xaritasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, turizm faoliyatining biologik xilmaxillikka ko‘rsatadigan potensial ta’siri ham o‘rganilgan. Kalit so‘zi: biologik xilma-xillik, ekoturizm, nice turizm, turizm, o‘simlik, hayvonot olami. Abstract: This article addresses the issues related to the development of sustainable tourism. In particular, the role and significance of biological resources in ensuring the sustainable growth of the tourism sector are analyzed based on the scientific works of international experts. Within the framework of the study, the biological resources of the Kattakurgan district — including its flora and fauna — have been thoroughly examined, and a vegetation map of the area has been developed. Additionally, the potential impact of tourism activities on biodiversity has also been investigated. Key words: biodiversity, ecotourism, nice tourism, tourism, flora, fauna. Kirish. So‘nggi yillarda xilma-xil tabiiy sharoitga ega bo‘lgan ko‘plab mamlakatlar o‘z tabiatining imkoniyatlaridan foydalanib turizmni rivojlantirmoqda. Shuningdek, ayrim holatlarda turistik faoliyatlarni tashkil etishda yatarli tajribaga ega bo‘lmaslik, resurslarning noto‘g‘ri qo‘llanilishi tufayli biologik turlarning yo‘q bo‘lib ketishi yoki yangi turning qo‘shilishi natijasida ham tabiatga, ham iqtisodiyotga zarar yetmoqda. Xususan, begona (invaziv) turlarni bir muhitga kiritish – biologik xilmaxillikka katta taʼsir koʻrsatuvchi omil boʻlib, bunda turistlar va turizm infratuzilmasi ekzotik turlarni tashuvchilar sifatida xizmat qilishi mumkin. XVII asr boshlaridan buyon sayyoramizdagi hayvonlarning deyarli 40%i invaziv turlar hisobiga yoʻlib ketgan [4]. Taxminan 480 000ga yaqin tur tasodifan yoki qasddan o‘zlarining tabiiy geografik chegaralaridan tashqaridagi hududlarga insonlar ta’siri ostida olib kiritilgan [2]. Shuning uchun hududlarda turizmni tashkil etishda biologik xilma-xillikka, undagi turlarni muhofazalashga alohida e’tibor qaratish lozim. Tadqiqot mavzusining dolzarbligi. Turizmni tashkil etishda tabiatning jozibadorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Tabiatning jozibadorligini esa uning o‘simlik va hayvonot olami, ya’ni bioxilma-xillik belgilaydi. Shuning uchun Butunjahon turizm tashkilotining 2023-yildagi “Turizm va bioxilma-xillik” 343 hisobotida bioxilma-xillikning ahamiyati quyidagicha ta’riflanadi: “Biologik xilmaxillikning turizm uchun qiymatini baholashda, ekotizimlar bir nechta iqtisodiy va yashash faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlashini tan olish muhimdir, shuning uchun turizmda qiymat faqatgina biologik xilma-xillikning umumiy iqtisodiy qiymatining bir qismidir. Masalan, marjon riflari baliqchilikni ham, turizmni ham qo‘llabquvvatlaydi va qirg‘oqni ekstremal hodisalardan himoya qiladi. Faqat marjon riflarining turizm uchun qiymati riflarning umumiy iqtisodiy qiymatining bir qismini tashkil etadi” deb ta’riflaydi. [5, 10-b.]. Maqsad va vazifalari. Mazkur tadqiqot ishining maqsadi barqaror turizmni rivojlanitirishda biologik resurslarning ahamiyatini o‘rganish va baholash hisoblanadi. Bu maqsadga erishishda biologik resurslar (bioxilma-xillik)ning ahamiyatini xorijiy tajribalar asosida o‘rganish; Kattaqo‘rg‘on tumanining biologik resurslarini tahlil qilish va tuman o‘simliklari xaritasini ishlash asosiy vazifalar sifatida belgilandi. Natijalar va ularning muhokamasi. Muayyan mintaqa yoki mamlakatdagi ko‘ngilochar tadbirlar va maftunkor landshaftlar sayyohlarning mazkur hududga sayohat qilishi uchun muhim rol o‘ynaydi [6]. Biologik xilma-xillik sayyohlik faoliyatiga (masalan, safari turlari, pikniklar, rafting va boshqalar) bevosita ta’sir qiluvchi omil sifatida ham, “nice nature (“chiroyli va yoqimli tabiat” degan ma’noni anglatadi, bu esa tog‘lar, o‘rmonlar, ko‘llar, plyajlar yoki milliy bog‘lar kabi tabiiy go‘zal manzaraga ega joylarni nazarda tutadi)” bilvosita ta’sir qiluvchi omil sifatida ham turizm talabini belgilaydi, deb bir qator nazariy tadqiqotlarda ta’kidlangan [3]. Zhang va Jensen (2005) asosiy turizm oqimlari kuzatiladigan manzillarning biologik xilma-xilligini tahlil qilib, turistlar tashrif buyuradigan muhim manzillarga qiziqish qulay va xilma-xil tabiiy sharoit va madaniy meros obyektlari bilan bog‘liq degan xulosaga kelishgan, biroq bu borada isbot keltirilmagan [7]. Naidoo va Adamovikz (2005) esa Ugandada sayyohlar va chet ellik rezidentlarning yuqori darajadagi biologik xilma-xillikka (ko‘proq qush turlarini kuzatish imkoniyati) bo‘lgan talabini aniqlash uchun tajriba o‘tkazgan. Ushbu tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, biologik xilma-xillikning o‘zi – ya’ni, ma’lum joydagi turli xil turlar soni – tabiatga asoslangan turizm (nice turizm) ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki u muhofaza qilinadigan hududning sayyohlar uchun jozibadorligini oshiradi [1]. Agar rivojlanayotgan mamlakatlar nisbatan yuqori biologik xilma-xillikka ega deb hisoblanadigan bo‘lsa, ushbu mamlakatlarda turizm sanoatining o‘sishi uchun muhim shart-sharoit yaratishi mumkin. Natijada, turizm sanoatining rivojlanishi barqaror taraqqiyotga hissa qo‘shadi. Boy biologik xilma-xillik rivojlanayotgan mamlakatlarda turizm sohasida raqobatbardosh ustunlik yaratishi mumkin [6]. 344 Kattaqo‘rg‘on tumanining turistik jozibadorligini belgilashda ham biologik xilma-xillikning, ayniqsa, o‘simlik qoplamining ahamiyati yuqori hisoblanadi. Kattaqo‘rg‘on suv ombori atrofidagi hududlarda, asosan cho‘l-dasht va quruq dasht landshaft xili shakllanganligi tufayli, mazkur hududdagi o‘simliklar kserofit, mezofit, efemer va efemeroidlardan iborat [8, 214-215 b.]. Shuningdek, sayyoh uchun tabiatning yashilligi muhim turistik jozibadorlik sanaladi. Tumanning tabiiy obyektlariga turistik marshrutlarni o‘simlik qoplami zich bo‘lgan vaqtda tashkil etish lozim, chunki o‘sha davrda tuman tabiati betakror jozibadorlikka ega bo‘ladi. Kattaqo‘rg‘on tumani hududida qadimdan sug‘orma dehqonchilik yaxshi rivojlangan. Shu tufayli, tuman hududining katta qismini sug‘oriladigan egallagan, qolgan tog‘oldi-tog‘ qismi esa lalmikor dehqonchilikda band. 1-rasm. Kattaqo‘rg‘on tumani o‘simliklari xaritasi Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklar faqatgina tumanning shimoliy qismidagi Oqtov tizmasida o‘sadi. Bunday turdagi yovvoyi o‘simliklarga oqquray, qo‘ziquloq, 345 ingichka bargli shuvoq kabi o‘simliklar kiradi [9, 20-22 b.]. Bundan tashqari tuman hududida eng ommabop yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklardan bir qanchasini uchratish mumkin. Xususan, Oqtov yonbag‘irlarida tikanli bodom daraxti, sassiq kovrak, perovskiy norichnigi bargli, zibtorp exinoforasi, buxoro bodomi, mayda gulli jambil, oddiy garmala, oddiy isiriq, dag‘al qizilpoycha, qichitqi o‘t, sarxush bozulbang, soxta yantoq, yirik bargli andiz kabilar o‘sadi [8; 9]. Daryo bo‘ylarida it na’matak, bibershteyn bo‘yimodaron, tubulg‘abargli bo‘zimodaron, bo‘yoqli ro‘yan kabi o‘simliklarni uchratish mumkin. Tumanning janubiy qismida dala jabnigi, kichik sanchiqo‘t kabi yovvoyi o‘simliklar tarqalgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitob”iga kiritilgan martius qilicho‘ti, zarafshon soxta klausiyasi, turkiston eulofiyasi, aralash piyoz, nurota astragali, oqtog‘ moviyguli, qoratog‘ chalovi, sarhush bozilbang kabi o‘simlik turlari ham mavjud. Tuman hududida 1996-yil 17-may sanasida Kattaqo‘rg‘on o‘rmon xo‘jaligi tashkil etilgan bo‘lib, u nafaqat Kattaqo‘rg‘on tumanida balki, qo‘shni Narpay va Nurobod tumanlarida ham o‘z faoliyatini olib bormoqda. O‘rmon xo‘jaligining umumiy maydoni 3442 ga teng. 2022-yilda o‘rmon xo‘jaligi 80 ming tup pavloniya daraxtini 26 ga maydonga ekdi [10]. Tuman hududida terak, tol, majnuntol, turli xil mevali daraxtlar, yapon soforasi, qoraterak, jiyda, oq tut daraxti, chinor, turkiston archasi, zarafshon archasi, pavloniya, turkiston do‘lanasi kabi daraxtlar, na’matak, malina, smorodina kabi butalar, semizo‘t, yantoq, sho‘ra, qizg‘aldoq, chuchmoma, oqbosh, jag‘-jag‘ kabi o‘simliklar madaniy holda o‘sadi. Qadimdan inson xo‘jalik faoliyati yaxshi rivojlanganligi uchun, tumanning katta qismida yovvoyi hayvonlar ko‘p emas. Shunga qaramasdan, tumanda uchrovchi aksariyat hayvonlar O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitob”iga kiritilgan. Kattaqo‘rg‘on tumanida sutemizuvchi hayvon turlaridan qorsoq, sariq yumronqoziq, quloqdor tipratikan, chiyabo‘rilar, qushlardan oddiy chumchuq, zarafshon qirg‘ovuli, dala chumchug‘i, oqbovur, yo‘rg‘a tuvaloq, o‘rdaklar, kulrang g‘oz, boyo‘g‘li, ilonburgut, qorabuzov, qora kaptar, yovvoyi kaptar, ola qarg‘a, musicha, mayna, qaldirgoch, qarg‘a, oq va qora laylak kabilar tarqalgan. Sudralib yuruvchilardan dasht toshbaqasini uchratish mumkin. Baliq turlaridan Kattaqo‘rg‘on suv omborida qorabaliq, zog‘orabaliq, orol tikanagi, parrak (nashtarqanot) kabilar mavjud [9]. “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvon turlariga oq va qora laylak, zarafshon qirg‘ovuli, yo‘rg‘a tuvaloq, oqbovur, qora kaptar, ilonburgut, orol tikanagi, parrak kiradi. Xulosa. Bioxilma-xillik turizmning jozibadorligini oshirishiga qaramasdan, turizmning tobora rivojlanib borishi biologik resurslarning kamayishi, ayrim turlarning yo‘qolib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Tumanning bioxilma-xilligi yuqori 346 bo‘lishiga qaramasdan, ulardan noo‘rin foydalanish, turistlarning avtomobillarda belgilangan hududdan emas, o‘zlari istagan yerlardan yurib, o‘simliklarni payhon qilishi, belgilanmagan hududlarda ovqat tayyorlash uchun olov yoqib, uni o‘chirmasligi, o‘simliklarni maqsadsiz yulinishi hamda turli maishiy chiqindilarni tashlab ketish holatlari ko‘p kuzatilmoqda va natijada bir qancha mahalliy ko‘lamdagi ekologik muammolarga – mashina yurgan yerlardagi tuproqlarning berchlashib qolishi, olov yoqilgan yerlarda o‘simlik qoplami va tuproq mikroorganizmlarining nobud bo‘lishi, ayrim efemer o‘simliklarning urug‘lanmasligi, chiqindilar parchalanishi davomida turli xil zaharli kimyoviy moddalarning tabiatga (tuproqqa) tushishiga, bu orqali nafaqat tuproq, balki, yer osti suvlarining ham ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Naidoo R., Adomowicz W. L. (2005). Biodiversity and nature-based tourism at forest reserves in Uganda. Environment and Development Economics, 10(2), 159-178. 2. Pimentel, D., McNair, S., Janecka, J., Wightman, J., Simmonds, C., O’Connell, E., & Tsomondo, T.(2001). Economic and environmental threats of alien plant, animal, and microbe invasions.Agriculture, Ecosystems and Environment, 84, 1–20. 3. Qadar Bakhsh Baloch, Syed Naseeb Shah, Nadeem Iqbal Muhammad, Sheeraz Muhammad Asadullah, Sourath Mahar, Asia Umar Khan (2022) Impact of tourism development upon esnvironmental sustainability: a suggested framework for sustainable ecotourism. Environmental Science and Pollution Research. 4. Secretariat of the Convention on Biological Diversity. (2006). Global biodiversity outlook 2. Montreal: Author 5. United World Tourism Organization. (2023). Tourism and Biodiversity Achieving Common Goals Towards Sustainability. Madrid: UNWTO 6. Velvet Nelson. An Introduction to the Geography of Tourism. – Lanham • Boulder • New York • Toronto • Plymouth, UK “ROWMAN &LITTLEFIELD PUBLISHERS” 2013. 400 p. 7. Zhang J., Jensen C. (2007). Comparative Advantages in Tourism: A supply-Side Analysis of Tourism Flows. Annals of Tourism Research, 34(1), 223-243. 8. O‘zbekiston milliy atlasi. I jild – T.: “O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi kadastr agentligi”, 2020. 275 b. 9. O‘lkashunoslik atlasi (Samarqand viloyati) – T.: “Kartografiya”, 2016. 10. https://zarnews.uz/uz/post/kattaqorgon-davlat-ormon-xojaligida-ekoturizm-obektlari-tashkilqilinadi