scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

TOPONIMIK ATAMALARNING GEOGRAFIYA DARSLARI SAMARADORLIGINI OSHIRISHDAGI O'RNI

Sultanova N.B.; Matnazarov A.R.

Full text

450 TOPONIMIK ATAMALARNING GEOGRAFIYA DARSLARI SAMARADORLIGINI OSHIRISHDAGI O‘RNI Sultanova N.B., Matnazarov A.R. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17401272 Annotatsiya: Maqolada toponimik nomlarning geografik tarqalishi va ularning mazmunmohiyatini o‘rganishda geografiya fanining o‘rni va salmog‘i yoritib berilgan. shuningdek, umumiy o‘rta ta'lim maktablari geografiya darslarida toponimik atamalardan ayrimlarining mazmunini izohlab berish orqali o‘quvchilarni geografiya faniga bo‘lgan qiziqishi va dars samaradorligini oshirish masalalariga e'tibor qaratilgan. Kalit so‘zlari: toponimika, geografiya, joy nomi, geografik tarqalish, toponimik kod, geografiya darsi. Abstract: The article highlights the role and importance of geography in the study of the geographical distribution of toponymic names and their content. Also, attention is focused on increasing the interest of students in geography and the effectiveness of the lesson by explaining the meanings of some toponymic terms in the geography lessons of secondary schools. Key words: toponymy, geography, toponym, geographical distribution, toponymic code, geography lesson. Mamlakatimizda milliy ta’limni xalqaro talablar asosida modernizatsiya qilish, ta’limni hayot bilan bog‘liq xolda tashkil etishga juda katta e’tibor berilmoqda. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, xususan, fan va madaniyat, iqtisodiyot jadal rivojlanib borayotgan bir paytda xalqaro aloqalar tilimizda joy nomlarini tobora ko‘proq ishlatilishini taqazo etmoqda. Natijada, Respublikamizda toponimik atamalarni to‘g‘ri nomlash, ularning kelib chiqish tarixi, mazmuni, geografik tarqalishini o‘rganish davlat ahamiyati darajasidagi masalalar qatoriga kiritildi va bu to‘g‘risida maxsus Qonunlar qabul qilindi. “Geografik ob'ektlarning nomlari to‘g‘risi”da Qonunchilik palatasi tomonidan 2011 yil 4 martda qabul qilingan, Senat tomonidan 2011 yil 26 avgustda ma’qullangan O‘zbekiston Respublikasining Qonuni va “Geografik ob'ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 yil 9 avgustda qabul qilingan hamda Senat tomonidan 2022 yil 7 oktyabrda ma’qullangan O‘zRQ – 799-sonli Qonunlari fikrimizning dalilidir. Ushbu Qonunlarda quyidagi asosiy tushunchalarga - geografik ob’ektlar – Yerning hozirda va o‘tmishda mavjud bo‘lgan hamda muayyan o‘rnashgan joy bilan tavsiflanadigan kelib chiqishi; - tabiiy yoki sun’iy bo‘lgan yaxlit va nisbatan barqaror hosilalari, shuningdek, geografik ob’ektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirishda mahalliy aholining fikri davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda tegishli 451 mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan hisobga olinishi belgilab qo‘yilgan [1,2]. Ular qatoriga ma’muriy-hududiy birliklar (viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar), tabiiy ob’ektlar (daryolar, ko‘llar, muzliklar, tekisliklar, tog‘lar, tog‘ tizmalari, g‘orlar, cho‘llar, vodiylar, daralar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, yonbag‘irlar, foydali qazilmalar, konlar) va boshqa ko‘plab ob’ektlarga e’tibor qaratilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, toponimik nomlarning geografik tarqalishi va ularning mazmun-mohiyatini o‘rganishda geografiya fanining o‘rni va salmog‘i alohida ajralib turadi. Ma’lumki, geografiya eng qadimgi fanlardan biri biri sifatida e’tirof etilshi bilan birga ushbu fanning yosh, navqiron ekanligiga xech qanday shubha yo‘q albatta. Hozirda geografiya qator geografik fanlar tizimidan iborat. Ushbu fan tizimiga kiruvchi fanlar ichida toponimika fani alohida xususiyatlarga egaligi bilan ajralib turadi. Bu borada, rus olimi N.I.Nadejdinning quyidagi so‘zlari fikrimizni isbotlaydi: - “toponimika – bu Yerning tili, Yer esa, shunday kitobki, insoniyat tarixi bu kitobga geografik nomlarda raqam qilinadi”. Toponimika - joy nomlarini o‘rganadigan fan. Toponim lotincha – topos - “yer”, “joy”, noma - “ism”, “nom” so‘zlaridan olingan bo‘lib, “joy nomi” degan ma’noni bildiradi. Joy nomlari esa toponimik atamalar hisoblanadi. Toponimika fan sifatida XIX-asrning oxiri va XX-asrning boshlarida vujudga kela boshlagan bo‘lsada, uning asosi qadimgi davrlarga borib taqaladi. O‘rta asrlarda dunyo fanining rivojlanishiga o‘zlarining juda katta hissalarini qo‘shgan Al-Xorazmiy, Jayhoniy, Abu Rayhon Beruniy, Yusuf Xos Xojib, Mahmud Qoshg‘ariy, Bobur asarlarida ko‘plab joy nomlari, ya’ni toponimlarni qiziqarli tarzda ochib berilgan. Respublikamizda ushbu fanni rivojlanishiga S.Qoraev (“Toponimika”, “Geografik nomlar ma’nosi”, “Geografik nomlar ma’nosini bilasizmi?”, “O‘zbekiston viloyatlari toponimlari”), H.Hasanov (“Geografik nomlar imlosi”, “O‘rta Osiyo joy nomlari tarixidan”, “Yer tili”, “Geografik nomlar siri”) P.G‘ulomov va M.Mirakmalov (“Toponimika va geografik terminshunoslik”) A.Nizomov (“Toponimika”) lar katta hissa qo‘shganlar. Toponimlarning shakllanishida muayyan sabablar, ya’ni, toponimlarni shakllantiruvchi sabablar - geografik nomlarni joyning holati, relyefi, iqlimiy xususiyatlari, hududning suv manbalari, o‘simliklari, hayvonlari, tog‘ jinslari, foydali qazilmalari, xalqlar, qabila, urug‘larning nomlari, afsonaviy va diniy nomlar bilan bog‘liq holda shakllangan toponimlar kabi ko‘plab geografik guruhlarga ajratib o‘rganishga imkon yaratadi. Ulardan toponimika fanining kalitlari, ya’ni kodlari vujudga kelgan. Toponimik kodlar – bu toponimik terminlar bo‘lib, ular agronimlar, 452 antroponimlar, dromonimlar, gidronimlar, indikator nomlar, zootoponimlar, oronim, oykonim (komonim, polisonim, urbonim), speleonim, fitotoponim, topoformat va boshqa ko‘plab terminlardir. Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, joy nomlari geografiya fanining eng asosiy tushunchalaridan biri, shuning uchun har ikkalasini bir-biridan ajratib o‘rganib bo‘lmaydi [3,4,5]. Joy nomlarini uzluksiz ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlari geografiya darslarida o‘rgatib borish orqali o‘quvchilarni ham geografiya faniga, ham geografik bilimlarni egallashiga qiziqtirishga erishishimiz mumkin. Joy nomlarining mazmunini va nima sababdan bunday atalishini ochib berish o‘tilgan dars mazmuni xotirada uzoq vaqt saqlanib qolishiga, ushbu holat esa darsga bo‘lgan e’tiborni kuchayishiga olib keladi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarni geografik bilimlar bilan qurollantirishda darsliklar asosiy qo‘llanma, bilim olishning eng muhim manbai hisoblanadi. Darslik yordamida o‘quvchilar mustahkam bilim, ko‘nikmaga ega bo‘ladi, bilish qobiliyatlari rivojlanadi. Shuning uchun geografiya darsliklari yuqori ilmiy darajaga ega bo‘lishi, metodik jihozi pedagogik jihatdan asoslangan bo‘lishi lozim. Hozirda umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilari uchun yaratilgan darsliklar xalqaro andozalar talabiga javob beradi. Amalda qo‘llanilayotgan geografiya darsliklari Respublikamizning yirik mahalliy olimlari tomonidan yozilgan bo‘lib, mazkur darsliklarda berilgan geografik bilimlar o‘quvchilarning yosh psixofiziologik xususiyatlarini inobatga olgan holda yozilgan. Darsliklar metodik jihatdan to‘g‘ri jihozlangan bo‘lib, unda berilgan rasmlar, xaritalar, chizmalar va diagrammalar darslik mazmunini boyitadi va o‘quvchilar yoshiga mos. Ammo, darslikda toponimik atamalarga e’tibor deyarli qaratilmagan. Vaholanki, geografiya darslarida o‘quvchilar joy nomlarining mazmuni bilishga juda qiziqadilar. Chunki, toponimlar ma'nosi jihatidan nomlangan joyning ma’lum tabiiy geografik, ijtimoiyiqtisodiy xususiyatlarini aks ettiradi. Shu sababli geografiya o‘qituvchisi darslarida toponimik atamalardan ayrimlarining mazmunini izohlab berish maqsadga muvofiq. O‘qituvchi geografiya darslarida, mavzuning mazmunidan kelib chiqqan holda, darslikdagi toponimik atamalarning ayrimlari mazmunini izohlab borish orqali geografiya darsining ham qiziqarli, ham samarali o‘tishiga erishishi, shuningdek, joy nomlari haqida o‘quvchilarda ma’lum bir tushunchalarni hosil qilish mumkin. Masalan, “O‘zbekiston tabiiy geografiyasi” (8-sinf) predmetida “Yer yuzasining asosiy xususiyatlari” mavzusida Ustyurt platosi, Bo‘kantov, Ko‘hitang tog‘i kabi atamalarni quyidagicha izohlab berish mumkin. Ustyurt “usti tekis”, “yassi yayla” degan ma'noni anglatadi. Bo‘kantov Qizilqum cho‘li o‘rtasidagi past tog‘. Bo‘kan so‘zining “to‘siq”, “to‘g‘on”", “to‘nka”, “kalta”, “"kursi”", “bukir” ma’nolari bor (Radlov, IV, 1877). Tog‘ning shakli ham, tasvirlarga ko‘ra, shunday yemirilgan, 453 yonbag‘irlari tik, uzoqdan qaragaida kursi yoki to‘nkaga o‘xshashdir. Ko‘hitangO‘zbekiston janubidagi tog‘. Tojikcha ko‘h –“tog‘”, tang-“tor”, “jar” so‘zlaridan hosil bo‘lib, “tor tog‘”, “ingichka tog‘” degan ma'noni anglatadi [5]. “O‘zbekistonning ichki suvlari va suv boyliklari” mavzusida Respublikamiz suv havzalarining gidrografik xususiyatlariga oid geografik ma'lumotlar bergan holda, ayrim daryolar, ko‘llar, suv omborlari mazmunini quyidagicha tushuntirib borish mumkin. masalan, Zarafshon - Tojikiston va O‘zbekiston Respublikalari hududidagi daryo. tarixiy manbalarda turli nomlar bilan atalgan. Dastlab “Avesto” yodgorliklarida daytiya shaklida tilga olingan. Mutaxassislar bu nomni “xosiyatli suv”, “muqaddas suv” deb izohlaydilar. Yunonlar daytiya so‘zini tarjima qilib Politimet - “ko‘p xosiyatli suv”, “o‘ta muqaddas suv” deb ataganlar. Sug‘d tilida daryoning sugd, jirt, jom, somjan nomlari ham ma’lum (“suv manbai”); pahlaviy nomik, (“mashxur” , “xosiyatli”, “muqaddas”), arabcha manbalarda Haramkom (arabcha uaram - “muqaddas”, buxoroliklar shevasida kom - “daryo”, “arik”) va h.k. Daryoning hozirgi nomining ma’nosi to‘g‘risida turli fikrlar bor. Chunonchi, ba’zilar daryo tilla baravar obi hayot keltirgani uchun Zarafshon deb atalgan deydilar. Bizning fikrimizcha, ham zarafshon - “zar sochuvchi” daryodir [4]. Bu kabi misollarni juda ko‘plab keltirishimiz mumkin. Ammo, darslikda bunday toponimik atamalarga e’tibor bir oz chetda qolgan bo‘lib, ayrim mavzulardagi yirik toponimik nomlarning mazmuni matn ichida yoki izoh tarzida ochib berilsa yoki darslik oxirida ilova tarzida keltirilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki, dars uchun ajratilgan vaqt chegaralanganligi bois har bir geografik nomning mazmunini o‘quvchilarga tushuntirish imkoniyati yo‘q. Foydalanilgan dabiyotlar ro‘yhati: 1. “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risi”dagi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni. T.: O‘zbekiston, 2011. 2. “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi O‘zRQ – 799-sonli Qonuni. t.: o‘zbekiston, 2022. 3. Nizomov A., Rahimova G., Rasulova N. Toponimika. – Toshkent: “Sharq”, 2012. 4. Qoraev S. O‘zbekiston viloyatlari toponimlari. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy entsikopediyasi”, 2005. 5. Hasanov H. O‘rta Osiyo joy nomlari tarixidan. Toshkent, “Fan”, 1965.