scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

"KALILA VA DIMNA" QO'LYOZMA NUSXALARIDA OBRAZLARNING BADIIY IFODALANISHI

Fazliyeva Mohigul Xayriddinovna

Abstract

Ushbu tezisda barcha xalqlar uchun birdek sevimli bo‘lmish “Kalila va Dimna” asari turkiy qo‘lyozmasi muqaddima boblarida kelgan asosiy hamda masallardagi turli yordamchi obrazlarning badiiy tahlili xususida so‘z yuritildi.

Full text

2025 OKTABR NEW RENAISSANCE INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE VOLUME 2 | ISSUE 10 176 “KALILA VA DIMNA” QO‘LYOZMA NUSXALARIDA OBRAZLARNING BADIIY IFODALANISHI Fazliyeva Mohigul Xayriddinovna “Xadichayi Kubro” ayollar madrasasi o‘qituvchisi [email protected] , +998901881162 https://doi.org/10.5281/zenodo.17406491 Annotatsiya. Ushbu tezisda barcha xalqlar uchun birdek sevimli bo‘lmish “Kalila va Dimna” asari turkiy qo‘lyozmasi muqaddima boblarida kelgan asosiy hamda masallardagi turli yordamchi obrazlarning badiiy tahlili xususida so‘z yuritildi. Kalit so‘zlar: “Kalila va Dimna”, qo‘lyozma nusxa, Dobshalim, Bedapoy, Anushervon, Barzuya, masal, hikoyat, Kalila, Dimna. Abstract. This article discusses the artistic analysis of the main and various supporting characters in the parables in the introductory chapters of the Turkish manuscript of the work "Kalila and Dimna", which is equally beloved by all peoples. Keywords: "Kalila and Dimna", manuscript copy, Dobshalim, Bedapoy, Anushervan, Barzuya, parable, story, Kalila, Dimna. “Kalila va Dimna” asarining dunyo bo‘ylab o‘rganilishi va tadqiq etilishi necha asrlardan beri olimlarning diqqat-e’tiborini o‘ziga qaratib kelmoqda. Ko‘plab o‘rta asrlarga tegishli arab badiiy asarlarida asosiy g‘oya axloqiy tarbiyalanish hisoblanib, aynan “Kalila va Dimna” muqaddimasida bu holat bosh maqsad darajasida ko‘tariladi. Buning sababi shunda ediki, VIII asrda kitobni arab tiliga tarjima qilgan zukko va faylasuf olim Ibn al-Muqaffa badiiy so‘zning vazifasi – insoniy moyilliklar va shaxs tabiatini tuzatish deb, qat’iy qarorga kelgan va buni o‘z asar-u tarjimalarida isbotlagan[4]. “Kalila va Dimna”ning maqsadi ham xuddi shu jihatdan insonlarni hajv va kulgi bilan majoziy obrazlar orqali to‘g‘ri yo‘lga solish hamda tarbiya berishdan iborat edi. “Kalila va Dimna” asaridagi obrazlar va xarakterlar haqida fikr yuritadigan bo‘lsak, unda shoh Dobshalim va vazir ― faylasuf Beydabo (Turkiy qo‘lyozmalarda Bedapoy deb keladi) va ular atrofidagi saroy a’yonlari, shoirlar va maslahatchilardan tortib, hikoyat va masallar tarkibida keluvchi turli-tuman qahramonlar ― shaxslar-u hayvonlargacha barchasi asarda o‘ziga xos dolzarb o‘ringa ega. Dobshalim shoh o‘z yoniga brahmanlardan bo‘lmish faylasuf Bedapoyni chaqirib, u o‘zidan oldin o‘tgan shohlarning hikmat xazinalari bilan tanishganini, ammo hech narsani tushunmaganligini, shuningdek, Dobshalimga bag‘ishlab biror kitob yozilmaganligi, buning natijasida shoh dunyodan o‘tib ketgach, uning haqida avlodlar xabarsiz qolib ketishidan xavotirdaligini aytib qoladi. So‘ngra Bedapoyga buyuradiki, butun ilm-u hunarini ishga solib, u haqida bir ajoyib kitob yozsa va unda xalqni qanday idora etish va tarbiyalash lozimligini ko‘rsatib, shohlarning axloqi qanday bo‘lishini, raiyatning shohga qanday xizmat qilishi zarurligini bayon etsa ushbu asar undan yodgor bo‘lib qolgan bo‘lar edi. Shundan so‘ng Bedapoy sodiq va mehnatkash shogirdlaridan birini yoniga chaqirib, bir yil davomida uydan chiqmasdan bir kitob yozdiki, unda ham jiddiy va hazil-mutoyiba so‘zlar, ham hikmat va falsafaga oid fikrlar mujassamlangan edi. Bedapoy ushbu kitobga “Kalila va Dimna” deb nom qo‘yadi. Kitobda barcha 2025 OKTABR NEW RENAISSANCE INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE VOLUME 2 | ISSUE 10 177 gaplar vahshiy hayvonlar, darranda va parrandalar tilidan beriladi. Toki, kitob shakl jihatidan sodda, odamlarga ermak, mazmunan esa kishilarga ibrat bo‘lsin. Bu dunyoda ham, u dunyoda ham insonga nima lozim bo‘lsa, hammasini ular bu kitobda topa olsinlar, shohga tobe bo‘lish yoki zararli narsalardan qochib qutula olish uchun qanday tadbirlar foydali ekanligini bundan o‘rgansinlar. Kitobning o‘ziga xosligi shunda ediki, uni johil odamlar o‘qisalar ma’nosini tushunmas edilar, hayvonlarning so‘zlashiga hayron qolib, uni hazil deb o‘ylashardi, kimki bu kitobni yaxshi o‘zlashtirmasa, undagi so‘zlarning ma’nosi uning uchun qorong‘i bo‘lib qolardi. Kitobning ilk muqaddimalarida kelgan asosiy obrazlardan Bedapoy xarakteriga e’tibor bersak, u nafaqat saroyning, balki o‘z zamonasining eng aqlli, adolatli va donishmand faylasufi sanalgan. U ham do‘st, ham dushmanlariga adolatli, mehribon va saxovatli kishi edi. Oddiy xalqqa, raiyatga mehribonlik qilib, ularning dard-u hollarini tinglab, doimo ularga xayrixohlik qilib yurardi. Bedapoyning “Ma’rifatli odamlar ham o‘zlaridan past va yuqori vazifadagi odamlar bilan maslahatlashmog‘i kerak. Xususiy masalalarni hal etishda bir aql ojizlik qilganidek, umumiy masalalarni yechishga ham kifoya qilmaydi”[2], degan gaplaridan ham uning qanday inson ekanligini anglab olamiz. Xuddi shunday fazilatlarga ega ekanligi uchun ham podshoh Dobshalim unga “Kalila va Dimna”ni yozishni topshiradi va ushbu kitobning taniqli bo‘lishiga ishonadi. Dobshalim shoh esa ko‘pchilik hukmdorlar obraziga o‘xshab, shuhrat va laganbardorlikni ko‘tarolmay o‘zidan ketadi, raiyat ahvolidan bexabar bo‘lib, ayshga beriladi, bechora xalq ochyalang‘och qolib, juda qiyin holatga yetadi. Ammo Bedapoyning maslahat va nasihatlari, uning yo‘l-yo‘riqlari orqali Dobshalim to‘g‘ri yo‘lga tushib, adolatni o‘ziga shior qilib oladi, raiyat ishi bilan bevosita shug‘ullanib, dushmanlar harakatini kuzatadi. Natijada davlat farovonlashib, oddiy xalq to‘kin hayot kechira boshlaydi. Asarning yana bir muqaddimasidagi Eron shohi Anushervon obraziga ta’rif bersak, shunday jumlalarni uchratamiz: “Olloh taolo qudratli va saodatli Anushervon Kisro ibn Qubodni aql nuridan va adolat xazinasidan bahramand etgan, ishbilarmon, favqulodda g‘ayratli qilib yaratgandi. U o‘zining bu xizlatlari soyasida ilm o‘rganib, turli sohada shunday kamolot darajasiga yetganki, undan avvalgi shohlarning hech biri bunga erisholmagan”[3,31-bet]. Yuqoridagi misralardan ko‘rinib turibdiki, shoh nafaqat xalq orasida “Anushervoni odil” nomi bilan mashhur bo‘lgan, balki ishning ko‘zini puxta bilgan ilmli shaxs ekanligi uchun uning saroyi bilimdon olimlar va tafakkurli faylasuflar bilan boy bo‘lgan. Xuddi shu sababdan ham Anushervon “Kalila va Dimna”ning ovozasini eshitgach, saroy fuzalolariga qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham ushbu kitobdan nusxa olib kelishlarini buyuradi va, albatta, bunga erishadi. Anushervon tomonidan Hindistonga yuborilgan, otasi qo‘shin boshliqlaridan, onasi Zardusht ulamolaridan bo‘lgan Barzuya obraziga kelsak, u iste’dodli olim, fozil, fors hamda hind tillarini yaxshi biladigan, bundan tashqari, tib ilmidan shuhrat qozonib, tabiblik kasbini puxta egallagan yigit edi. Barzuya Hindga borib, saroy olimlaridan biri bilan yaqin do‘st tutinadi, unga nima maqsadda kelganligini oshkor qilmay, samimiy o‘rtoqlik hissi bilan o‘ziga yaqin oladi. Do‘stlik rishtalari mustahkamlangach, o‘zining bu yurtga kelish sababini bayon etadi. Shu o‘rinda uning nima maqsadda kelganligini sezib yurgan do‘sti uning tutgan yo‘liga tan beradi. Barzuya qo‘llagan makr-hiyla yomonlik uchun qilinmaganligini, shu o‘rinda yigitning nazokat va muloyim muomalasi, o‘zining va boshqalarning sirini yaxshi saqlay olishi, shirin til bilan saroy odamlarini 2025 OKTABR NEW RENAISSANCE INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE VOLUME 2 | ISSUE 10 178 qo‘lga ola bilishi va ortiqcha so‘zlamay o‘zini doim sipo tutishlarini yaxshi fazilat deb biladi va quyidagi jumlalarni bayon etadi: “Men sening sabr-u irodangga qoyil qoldim. Suhbat vaqtlarida biror so‘z bilan siringni fosh qilib yurarsan deb, poylab yurdim. Lekin bunday bo‘lmadi, matonating, ehtiyotkorliging senga bo‘lgan e’tiqodimni oshirdi, do‘stlik va birodarlik hislarini kuchaytirdi”[3,33-bet]. Kitobning muqaddima boblari yakunlangach, asosiy voqea qismi boshlanadi. “Suxani chin va chaqimchilar so‘zidin qochmoq bayonida”, deb nomlanuvchi avvalgi bob hind rojasi va brahmanning mulohaza va savol-javoblari bilan boshlanadi. Ushbu obrazlar asarning poydevorini tashkil qilib, voqealar zanjirini bir-biri bilan bog‘lab turuvchi kuchlardir. Chunki hind rojasining brahmanga qaysidir masala yuzasidan savol berishi hamda unga javob sifatida brahmanning hikoyat yoki masal aytib berishi bilan voqealar silsilasi rivojlanib boradi. So‘ngra sahnaga kitobning asosiy qahramonlari Kalila bilan Dimna keladi. O‘rmonda yashovchi hayvonlar orasida ikki shag‘ol bo‘lib, ikkovi ham sezgir va makkor edilar, ammo Kalila adolatli va mehribonroq bo‘lib, Dimna esa ziyrakroq va yovuzroq edi: Mazmuni: “Aning qotida ikki jo‘bori bor erdikim, birining oti Kalila va yana birining oti Dimna va har ikkisi ziyraklik va donishmandlik birla mashhur erdilar. Ammo Dimna ulug‘ bo‘lmoqqa va martaba topmoqg‘a haris erdi. Farosat birla bildikim, sherg‘a na qo‘rqunj paydo bo‘lubdur ”[1, 55-a bet]. Sherning ishonchiga kirmoqchi bo‘lib, avval uni ho‘kiz bilan do‘stlashtirib qo‘ygan, so‘ngra ularning orasida do‘stlik kuchayib ketganidan, sherning asosiy vaqtini ho‘kiz bilan o‘tkazishidan jahli chiqib, g‘ashi kelgan Dimna bor makr-u hiylasini ishga soladi. Uning yolg‘on fitnalariga ishonib, do‘sti ho‘kizni o‘ldirib qo‘ygan sher juda pushaymon bo‘ladi hamda Dimnaning ishlarini taftish qilib, yolg‘onlaridan xabar topadi. Haqiqat qaror topishi uchun Dimnani o‘limga hukm qiladi va do‘stining bunday ishlaridan xabar topgan Kalila tushkunlik va g‘amdan ado bo‘ladi. Kitob shunday yakunlanishiga qaramay, Kalila va Dimnaning o‘z aql va sezgirliklarini ishga solgan holda turli vaziyatlarda mushkul ahvolda qolgan asar personajlariga maslahat va yordam sifatida aytgan masal-u hikoyatlari diqqatga sazovordir. Dimna tomonidan so‘zlangan shunday masallardan biri “Qarg‘a, Ilon va Shag‘ol” bo‘lib, bu haqda O‘zRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida 5807 inventar raqami ostida saqlanayotgan qo‘lyozmada shunday qaydlarni o‘qiymiz: 2025 OKTABR NEW RENAISSANCE INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE VOLUME 2 | ISSUE 10 179 Mazmuni: Hikoyat. Dimna aydi: Kelturubdurlarkim, bir juft qarg‘a bir tog‘ belidag‘i tushukda uva(uya) qayub erdi. Ul tushukka yovuq bir ilon bor erdikim, hamisha ishi kishini halokatga solmoq va achig‘ zahar birla totlig‘ jonin olmoq erdi. Va har borkim, qarg‘a bola chiqarsa, ilon uya ichiga kirar erdi va bolasini olib yer erdi va zog‘-u zog‘ chakrin farzand firoqig‘a dog‘ kuydurur erdi, chun ilon satmi haddan oshdi[1, 57-b bet]. Qarg‘a o‘zining dushmani bo‘lmish, har yili bolalarini yeb, uni g‘amga qo‘yadigan ilondan qutulish uchun shag‘oldan borib maslahat so‘raydi. Makr-u hiylaga usta bo‘lgan shag‘ol unga shunday yo‘l-yo‘riq beradi: Havoda parvoz qilib, kishilarning unutib qoldirgan qimmatbaho ashyolarini olib kelib, ilonning uyasiga tashishini, bundan xabar topgan odamlar esa boylik ilinjida ilonni kelib o‘ldirishlarini aytadi. Shag‘olning bu maslahatini kamko‘stsiz bajo qilgan qarg‘a oxiri dushmani - ilondan xalos bo‘ladi. Ushbu masaldagi ilonning ochko‘z va fahmsizligi o‘zini boshiga yetganini ko‘ramiz. Aqlli va ayyor shag‘olning gapiga amal qilgan sodda va go‘l qarg‘a oxiri o‘z niyatiga yetadi. Unga javoban makrning yomon ekanligini isbotlash uchun Kalila “Tezhush va Xaramdil ” hikoyatini so‘zlaydi: Mazmuni: Hikoyat. Kalila aydi: ikki sherik bor erdilarkim, biri oqil va biri g‘ofil. Ul birikim, bag‘oyat ziyrakligidin suv yuziga turluk naqshlar solur erdi, oni Tezhush atar erdilar. Birikim, benihoyat eplilikdin sud va ziyonin imtiyoz etolmas erdi. Muni Xaramdil der erdilar. Bir kuni ularg‘a savdogarchilik havosi bo‘lub, bir-birlari birla ittifoq qilib safar qildilar, ketib erur erdilar… [1, 107-a bet] Ushbu hikoya obrazlariga diqqatimizni qaratsak, savdogarlik qilish uchun yo‘lga chiqqan ikki hamroh yo‘ldan bir xalta tilla topib olishadi. Yo‘lovchilardan biri juda hiylagar bo‘lib, uning taklifiga ko‘ra pulni ko‘tarib yurmasdan bir daraxt ostiga ko‘mib qo‘yishadi. Ammo sherigining soddadilligidan foydalangan Xaramdil shu joyga qaytib kelib, oltinlarni qazib oladi va uyga borib 2025 OKTABR NEW RENAISSANCE INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE VOLUME 2 | ISSUE 10 180 otasiga o‘z makr-u rejasini bayon qiladi. Avvaliga qarshilik ko‘rsatgan ota baribir otalik mehri ustun kelib, o‘gli aytgan ishni bajaradi. Oltinlarni topolmagan Tezhushning ustidan tuhmat qilib qoziga murojaat qilgan Xaramdil qozining “Guvohing qani?”,degan talabiga daraxt guvohlik berganini aytadi. Qozikalon qishloq odamlari bilan daraxt ostiga borishsa, haqiqatdan daraxt tilga kirib, tillalarni Tezhush olganini so‘zlaydi. Taajjubga tushgan qozi daraxtni aylanib, uning ichida odam borligini sezadi hamda daraxtga o‘t qo‘yishni buyuradi. Otashga chiday olmagan Xaramdilning otasi “Dod”, deb chiqib, qilgan ishlarini bo‘yniga oladi. Shunday qilib, Xaramdil qilgan jinoyati uchun jazoga tortiladi. Ushbu hikoyani bayon qilish orqali Kalila sherigi Dimnaga barcha makr-u fitnalar ham doimo yaxshilikka eltmasligini, uning natijasi juda ayanchli oqibatlarga olib kelishini isbotlaydi. Hiylaning natijasi yomon, xiyonatning oqibati xatarli ekanligini bilgan Kalila Dimnani shaxsiyatparastlik, qalloblikdan qaytarish uchun butun kuchini ishga soladi. Kalilaning o‘z fikri isboti sifatida so‘zlagan yana bir hikoyati borki, “Maymunlar va qush” deb nomlanadi: Mazmuni: Hikoyat: Kalila aydi. Kelturubdurlar, bir bo‘lak maymunlar bir tog‘da o‘run tutub erdi. Aning meva va giyohlari birla kun o‘tkarur erdilar. Qazoro, bir kecha qarongg‘uluqda zolimning go‘ridin qarongg‘uroq va baxilning va johillar botinlaridin ham tararoq va sovuq lashkari ularg‘a ot soldi va zahar yarqumi qon asridin avlo uylaridin siqib chiqardi. Bechora maymunlar sovuqdin ranjur bo‘lub, panoh istamak birla go‘shaga yugurur erdilar. Nogoh yo‘l kanorida bir parcha ravshan qamish yotib erdi[1, 107-a bet]. Yuqoridagi parchadan ko‘rinib turibdiki, tog‘da yashovchi bir guruh maymunlar to‘satdan jilovsiz izg‘irin sovuqqa duch kelishadi va isinish uchun joy qidirib qolishadi. Nogoh yonlarida turgan yaltiroq qurtni ko‘rib, uni cho‘g‘ deb o‘ylab, atrofiga xashak to‘plashadi va puflay boshlashadi. Yonlaridagi daraxt ustida turgan qush maymunlarning ko‘zini ochmoq uchun shuncha harakat qilsa ham ular quloq solishmaydi. Shunda qush maymunlarning xatosini tushuntirish uchun daraxtdan tushib, ular yoniga keladi. Ahmoq maymunlar esa yordamni tushunmay, bechora qushning boshini uzib tashlashadi. Ushbu masaldagi qush obrazi har doim yaxshilik istab, yordamga intiluvchi shaxslarning ramziy ko‘rinishidir. Ular gapga tushunmaydigan, ahmoq maymunlarga o‘xshovchi odamlarga ko‘mak beraman, deb doimo o‘z boshlariga balo keltirishadi. 2025 OKTABR NEW RENAISSANCE INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE VOLUME 2 | ISSUE 10 181 Xuddi shunday savol-javob va natija-oqibat shaklida davom etadigan “Kalila va Dimna” asari xilma-xil obrazlar bilan boyitilgan bo‘lib, ular ba’zida insonlar, ba’zida hayvon-u parrandalar timsolida o‘zini namoyon etadi. Ushbu obrazlar turli xil xarakter va murakkablikda aks ettirilib, biz ular orasida ham yovuzlik va makkorlik tomonda turuvchilarni, ham yaxshilik va beg‘uborlik tarafdan yuruvchilarni tanib guvohi bo‘lamiz. Xulosa qilib aytsak, “Kalila va Dimna” qaysi asr yoki qaysi zamonda bo‘lmasin, barcha davr o‘quvchilari o‘zlariga kerak bo‘luvchi ozuqaviy va mantiqiy xulosa olishlari uchun muhim bir manba sifatida qadrlidir. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Kalila va Dimna. Osoriya Imomiya. Mulla Temur ko‘chirgan nusxasi. O‘zRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Qo‘lyozma №AR-5807. 2. Калила и Димна. Абдуллах ибн ал Мукаффа (перевод с арабского Б. Шидфар) – Москва: Художественная литература, 1986 3. Kalila va Dimna. Hind xalq eposi. (S.G‘aniyeva tarjimasi). – Toshkent: Istiqlol, 1994 4. Fazliyeva M. “Kalila va Dimna”ning qo‘lyozma va toshbosma nusxalari tavsifi. O‘zA elektron jurnali, 2024, 7-son(57) 5. www.googlescholar.uz 6. Ziyouz. com.