scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

INGLIZ VA O'ZBEK BOLALAR NUTQINING SOTSIOLINGVISTIK TADQIQI

Qozoqboyeva Dilfuzaxon

Abstract

mazkur maqolada ingliz va o‘zbek bolalar nutqining sotsiolingvistik xususiyatlari qiyosiy tahlil qilinadi. Tilning ijtimoiy omillar bilan bog‘liqligi, bolalarning ijtimoiy muhitga moslashuvi, ijtimoiy maqom va jins farqlarining nutqqa ta’siri yoritiladi. Shuningdek, ingliz va o‘zbek jamiyatidagi madaniy qadriyatlar, tarbiya uslublari va ijtimoiy institutlarning bola nutqiga ko‘rsatgan ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, har ikki til muhitida bolalar nutqida umumiy rivojlanish qonuniyatlari mavjud bo‘lsa-da, ijtimoiy va madaniy farqlar ularning muloqot uslublarida sezilarli tafovutlarni keltirib chiqaradi.

Full text

ILM FAN YANGILIKLARI KONFERENSIYASI OKTABR ANDIJON,2025 222 INGLIZ VA O‘ZBEK BOLALAR NUTQINING SOTSIOLINGVISTIK TADQIQI Qozoqboyeva Dilfuzaxon Andijon davlat chet tillari instituti dotsenti, f.f.f.d (PhD) Annotatsiya: mazkur maqolada ingliz va o‘zbek bolalar nutqining sotsiolingvistik xususiyatlari qiyosiy tahlil qilinadi. Tilning ijtimoiy omillar bilan bog‘liqligi, bolalarning ijtimoiy muhitga moslashuvi, ijtimoiy maqom va jins farqlarining nutqqa ta’siri yoritiladi. Shuningdek, ingliz va o‘zbek jamiyatidagi madaniy qadriyatlar, tarbiya uslublari va ijtimoiy institutlarning bola nutqiga ko‘rsatgan ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, har ikki til muhitida bolalar nutqida umumiy rivojlanish qonuniyatlari mavjud bo‘lsa-da, ijtimoiy va madaniy farqlar ularning muloqot uslublarida sezilarli tafovutlarni keltirib chiqaradi. Kalit so‘zlar: sotsiolingvistika, bola nutqi, ingliz tili, o‘zbek tili, ijtimoiy omillar, madaniyat, muloqot. Sotsiolingvistika - tilning jamiyat bilan bog‘liqligini, uning ijtimoiy muhitda qanday shakllanishi va qo‘llanishini o‘rganadigan fan sohasidir. Bolalar nutqini sotsiolingvistik nuqtai nazardan tadqiq qilish ularning ijtimoiy muhitga moslashuvi, oilaviy tarbiya, ijtimoiy maqom, jins va madaniy qadriyatlar ta’sirida qanday nutqiy ko‘nikmalarga ega bo‘layotganini aniqlash imkonini beradi. Ingliz va o‘zbek bolalarining nutqini qiyosiy tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, umumiy psixolingvistik qonuniyatlar mavjud bo‘lsa-da, jamiyat va madaniyatning farqlari ularning nutqiy faoliyatida sezilarli tafovutlarni keltirib chiqaradi. Bolalar nutqi shakllanishida eng muhim omil ijtimoiy muhitdir. Ingliz bolalari kichik yoshdan mustaqil fikr bildirishga, o‘z talab va istaklarini ochiq aytishga o‘rgatiladi. O‘zbek bolalari esa ko‘proq oilaviy tarbiyada kattalarga hurmat ko‘rsatish, itoatkor bo‘lish va muloyim shakllarda murojaat qilish odatlarini o‘zlashtiradilar. Natijada ingliz bolalarining nutqida “Give me!”, “Let’s go!”, “Close the door!” kabi to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruq va so‘rov shakllari tez-tez uchrasa, o‘zbek bolalarida “Menga ham berasanmi?”, “O‘ynaymizmi?”, “Yordam qilasizmi?” kabi yumshoqroq, bilvosita ifodalar ko‘proq uchraydi. Sotsiolingvistikaning muhim jihatlaridan biri bu - ijtimoiy maqomning nutqqa ta’siridir. Ingliz bolalari tengdoshlari bilan muloqotda o‘zlarini ko‘proq teng pozitsiyada tutadilar, buyruq va talablarni bemalol ifoda etadilar. O‘zbek muhitida esa kattalarga murojaatda hurmat shakllaridan foydalanish majburiy hisoblanadi. Masalan, “Bering, iltimos” yoki “Kechirasiz, yordam qilsangiz” kabi iboralar bolaning nutqida ijtimoiy tabaqalanishning aksini ko‘rsatadi. Jins omili ham bola nutqida sotsiolingvistik farqlarni yuzaga chiqaradi. Ingliz jamiyatida o‘g‘il va qiz bolalar nutqida katta tafovutlar ko‘zga tashlanmasa-da, tadqiqotlar qizlarning ko‘proq odobiy birliklardan foydalanishga moyilligini ko‘rsatadi. O‘zbek jamiyatida esa qiz bolalar odatda muloyim, uyatchan va odobli bo‘lishga o‘rgatiladi, shu bois ularning nutqida “iltimos”, “rahmat”, “kechirasiz” kabi iboralar ko‘proq uchraydi. O‘g‘il bolalarda esa ko‘proq to‘g‘ridanto‘g‘ri murojaatlar kuzatiladi. Oila va tarbiya uslublari ham bolalar nutqiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ingliz oilalarida bolaga mustaqillik berish, uning fikrini qadrlash va eshitish odatiy hol hisoblanadi. Shu sababli ingliz bolalari nutqida mustaqil qarorlar, e’tiroz va takliflar ko‘proq uchraydi. O‘zbek oilalarida esa kattalarga bo‘ysunish va ularning gapiga qarshi chiqmaslik tarbiyaviy qadriyat sifatida singdiriladi. Bu esa bola nutqida itoatkorlikni ifodalovchi “xo‘p”, “mayli”, “qanday desangiz shunday” kabi jumlalarning ko‘proq ishlatilishiga olib keladi. Til va madaniyat bir-biridan ajralmasdir. Ingliz bolalari odobiy muloqotning muhim qismlaridan biri bo‘lgan “please”, “thank you”, “sorry” kabi etikett birliklarini juda erta ILM FAN YANGILIKLARI KONFERENSIYASI OKTABR ANDIJON,2025 223 yoshdan o‘zlashtiradilar. O‘zbek bolalari esa “rahmat”, “iltimos”, “kechirasiz” kabi iboralarni qo‘llaydilar, ammo ularning qo‘llanilishi ko‘pincha kattalarning nazorati ostida shakllanadi. Masalan, ota-onalar yoki tarbiyachilar bolaga “rahmat de!” deb eslatib turadilar. Tengdoshlar bilan muloqot jarayoni ham bola nutqining sotsiolingvistik xususiyatlarini yaqqol ko‘rsatadi. Ingliz bolalari tengdoshlari bilan erkin va ochiqroq muloqot qiladilar: “Come here!”, “Play with me!”. O‘zbek bolalari esa do‘stlari bilan ham odatda muloyimroq shakllarni qo‘llaydilar: “Kelasizmi?”, “Birga o‘ynaymizmi?”. Bu o‘zgarish o‘zbek jamiyatida bolalarni odoblilik va muloyimlikka erta yoshdan o‘rgatish an’anasining natijasidir. Ta’lim tizimi ham bolalar nutqini shakllantiruvchi muhim omillardan biridir. Ingliz maktablarida o‘quvchilarni faol bo‘lishga, savol berishga, fikrini ochiq bildirishga rag‘batlantiradilar. Shu sababli ingliz bolalarining nutqida tashabbuskorlik, savol-javobga faol kirishish, o‘z fikrini ochiq aytish ustuvor bo‘ladi. O‘zbek maktablarida esa, ko‘proq tinglash va itoat qilishga e’tibor qaratiladi, natijada bolalar nutqida kamtarona ifodalar va tinglovchilik xususiyatlari kuchliroq aks etadi. Umuman olganda, ingliz va o‘zbek bolalar nutqining sotsiolingvistik tadqiqi shuni ko‘rsatadiki, umumiy rivojlanish qonuniyatlari mavjud bo‘lsa-da, ijtimoiy muhit, oila, jins, madaniyat va ta’lim tizimi ularning nutqiy shakllanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ingliz bolalari ko‘proq ochiq, mustaqil va erkin muloqot qilishga moyil bo‘lsalar, o‘zbek bolalari ko‘proq muloyim, odoblilikka asoslangan va ijtimoiy normalarga moslashuvchan nutqiy shakllardan foydalanadilar. Bu esa til va jamiyatning uzviy bog‘liqligini yaqqol tasdiqlaydi va bolalar nutqining sotsiolingvistik tadqiqini tilshunoslik, pedagogika va psixologiya uchun dolzarb masalaga aylantiradi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Labov W. Sociolinguistic Patterns. - Philadelphia: University of Pennsylvania Press, 1972. 2. Trudgill P. Sociolinguistics: An Introduction to Language and Society. - London: Penguin, 2000. 3. Holmes J. An Introduction to Sociolinguistics. - London: Routledge, 2013. 4. Karimova V.M. Psixologiya asoslari. - Toshkent: O‘qituvchi, 2004. 5. O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vazirligi. Bolalar nutqini rivojlantirish metodik qo‘llanma. - Toshkent, 2019.