GESHTALT NAZARIYASINING ILMIY ASOSLARI VA BADIIY MATNDAGI QO'LLANISH XUSUSIYATLARI
Full text
34 GESHTALT NAZARIYASINING ILMIY ASOSLARI VA BADIIY MATNDAGI QO‘LLANISH XUSUSIYATLARI Niyozova Gulhayo Buxoro Xalqaro Universiteti II bosqich magistranti [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17441081 Annotatsiya. Maqolada geshtalt nazariyasining psixologik ildizlari va lingvistik talqinlari tahlil qilinib, uning badiiy matn idrokidagi o‘rni ko‘rib chiqiladi. Geshtalt tamoyillari — yaqinlik, o‘xshashlik, yopiq shakllar va davomiylik kabi qonuniyatlar asosida matnning yaxlit qabul qilinishi izohlanadi. Shuningdek, Lakoff va Johnsonning kognitiv metafora nazariyasi hamda I.A. Sternin, G.V. Tokarev, E.V. Smurova singari olimlarning qarashlari asosida geshtalt konsepsiyasining lingvistik va badiiy matn tahlilidagi namoyon bo‘lishi ilmiy jihatdan yoritiladi. Kalit so‘zlar: Geshtalt, kognitiv lingvistika, konsept, badiiy matn, metafora, obraz, idrok, o‘xshashlik tamoyili, yaqinlik tamoyili, yashirin shakllarni (geshtalt figurani, kaleydoskopik konseptlar. Kirish Dastlab psixologiyada idrokning yaxlitligi tamoyili sifatida paydo bo‘lgan geshtalt (nemischa “Gestalt” — “shakl”, “obraz”) keyinchalik tilshunoslikda ham qo‘llana boshlandi, ayniqsa badiiy matnlarni tahlil qilishda, chunki ular tilning estetik va kognitiv xususiyatlarini birlashtiradi. Shu nuqtai nazardan, geshtalt yangi kognitiv tushuncha sifatida qadrlanadi va F. Perls bu asosda geshtalt terapiyasi amaliyotini yaratgan; to‘liq ma’noda geshtalt idrokning ajralmas qismidir. Geshtalt tushunchasining lingvistik talqini va nazariy asoslari Geshtalt zamonaviy davrda ham psixologlar, ham tilshunoslar tomonidan o‘rganiladi. Voronej Davlat universiteti professori I.A. Sternin konsept strukturasini o‘rganishda geshtaltni asosiy metodologik birlik sifatida qo‘llagan. I.A.Sternin tushunchalar turlarini tekshirishda geshtaltni o‘rganishning murakkabligini ta’kidlaydi. 1 G.V.Tokarev esa geshtaltni lingvokulturologik jihatdan tadqiq qilib, madaniy konseptlarning tarkibida tasavvur, qadriyat, emotsiya va obrazlarning strukturaviy ifodasini ko‘rsatgan. G.Tokarev tushunchalar turlarining lingvomadaniy xususiyatlarini sharhlar ekan, ularning psixolingvistik jihatlariga to‘xtalib, badiiy muhitda tasvirlanishini ko‘rib chiqadi. 2 E.V. Smurova esa badiiy matnda geshtalt elementlarini kognitiv diskurs sifatida o‘rganib, til birliklarining emotsional va obrazli asosda bog‘lanishini ta’kidlaydi. Smurovaning fikricha, "epistemik baholash" 1 СтернинИ.А. Методика исследования структуры концепта. Методологические проблемы когнитивной линвистики: Научное издание. Воронеж: Воронежский государственный университет, 2001. Стр.58-65. 2 Токарев Г.В. Проблемы лингвокультурологического описания концепта (на примере концепта «трудовая деятельность»). Тула: 2000. Стр.34.
35 (ya’ni, biror voqea yoki holatning qanchalik ishonchli, haqiqatga yaqin yoki taxminiy ekanini baholash) degan tushuncha o‘zida ikki xil geshtalt tuzilmani mujassam etadi: 1. Til darajasi (lingvistik daraja) – bu darajada biz faqat so‘z shakllari, jumla tuzilmalari, ya’ni til birliklarini ko‘ramiz. Bu darajadagi geshtalt – tilda mavjud bo‘lgan leksik, morfologik va sintaktik shakllarning umumiy shakli sifatida idrok qilinadi. 2. Nutq darajasi (mazmun yoki muloqot darajasi) – bu darajada biz mazmunni, ya’ni so‘zlovchining niyatini, bahosini, ishonchlilik darajasini tushunamiz. Bu yerda semantik (ma’no), pragmatik (voqelikda qanday amal qilishi) va kommunikativ (kimga va nima maqsadda aytilgani) jihatlar muhim. 3 O‘zbek tilshunosligida geshtalt tadqiqotlari O‘zbek tilshunosligida geshtalt tushunchasi lingvistik va kognitiv jihatlarni o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Sh. Safarovga ko‘ra, geshtalt matnni yaxlit tuzilma sifatida mazmuniy qismlarga bo‘lish va ularni kengaytirishga imkon beradi, bu esa matn tahlilini faqat grammatik birliklardan cheklanish xavfidan saqlaydi. D. Xudoyberganova esa lingvistik geshtalt o‘quvchi matnni idrok etishda alohida birliklarni yaxlit butunga birlashtirishini ta’kidlaydi, bu esa matnning chuqur mazmunini anglashga yordam beradi. Sh. Usmonova geshtaltni yaxlit obraz sifatida tushuntirib, obyektlarning alohida qismlari ma’nosini butunning tarkibida topishini qayd etadi. Qiyosiy tahlil va mualliflik yondashuvi. Geshtalt nazariyasi turli fanlar kesishmasida shakllangani bois, uning talqinlari psixologik, lingvistik va kognitiv nuqtai nazarlarga tayangan holda farqlanadi. Lakoff va Johnson tomonidan ilgari surilgan metaforik tafakkur nazariyasiga ko‘ra, insonlar abstrakt tushunchalarni ko‘proq konkret, obrazli ifodalar orqali tushunishga moyil bo‘ladi. Quyidagi misol iqlim o‘zgarishini ifodalashda ishlatilgan ikki xil metaforik geshtaltni ochib beradi: “So‘nggi o‘n yil ichida dunyo yetakchilari takror va takror xavf qo‘ng‘irog‘ini chalishmoqda: iqlim xavf ostida, bunga biz sababchimiz, va choralar ko‘rish shart. 2015-yil 18-iyun kuni Papa Fransisk atrofmuhitga bag‘ishlangan ensiklikasidan qisqacha ogohlantiruvchi tvit yozdi:“Yer, bizning uymiz, tobora ko‘proq ulkan ifloslik uyumiga aylanmoqda” (Fransisk, 2015). O‘sha yiliyoq, dunyo mamlakatlari vakillari Parijdagi 21-Konferensiya ishtirokchilari, ya’ni Parij Iqlim Konferensiyasida yig‘ilishdi. U yerda, o‘shanda Uels shahzodasi bo‘lgan Qirol Charlz quyidagi bayonotni berdi: “Tabiat butunlay bizning unga qilgan yomon muomalamizdan nolimoqda. Agar 3 Смурова Е.В. Семантические характеристики субъективной модальности и их репрезентация в художественном тексте // Известия РГПУ им. А.И. Герцена. 2004. №2. С. 120–123.
36 sayyora bemor bo‘lganida edi, biz uni allaqachon davolagan bo‘lardik. Siz, xonimlar va janoblar, uni hayotga qaytarish imkoniyatiga egasiz – shoshilinch tibbiy choralarni kechiktirmasdan boshlashingiz shart!” (Vindzor, 2015). Papa va Qirol bir xil muammoni – atrof-muhitning xavfli holatini yoritmoqdalar. Biroq, ular buni ifodalash uchun turlicha metaforalardan foydalanganlar. Biri yer yuzini asta-sekin ifloslik bilan to‘lib borayotgan uy sifatida tasvirlagan bo‘lsa, boshqasi unga shoshilinch yordam kerak bo‘lgan bemor ayol sifatida qaraydi”. 4 Bu misolda iqlim muammosi ikki xil konseptual metafora orqali ifodalanmoqda. Papa Fransisk “Yer – bu bizning uyimiz” degan metafora orqali ekologik inqirozni ichki makon (uy) kontseptsiyasi bilan bog‘laydi. Qirol Charlz esa “Yer – bu bemor” degan obraz orqali tibbiy yordamga muhtoj organizm sifatida tasvirlaydi. Har ikkisi ham muammoni tasvirlashda yaxlit geshtalt yaratadi, ammo bu geshtaltlarning asosiy semantik markazi turlicha: biri uy, ikkinchisi bemor obrazidir. Muallif sifatida biz ushbu nazariy asoslarni o‘zbek badiiy matnlari — xususan, Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romani tahliliga tatbiq etarkanmiz, geshtaltni: 1. Idrok jarayonining struktural bosqichi; 2. Badiiy obrazlarning yaxlit ifodasi; 3. Kognitiv harakat va tafakkur dinamikasining markaziy elementi sifatida ko‘rib chiqamiz. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, geshtaltlar inson tafakkuri va tili orqali yuzaga chiqadi. Bu ikki tizim – til va tafakkur – tajriba asosida o‘zaro uzviy aloqada ishlaydi. Inson tajribasini idrok etishda nafaqat ongdagi tasavvurlar (ya’ni aqliy geshtaltlar), balki til vositalari bilan ifodalangan birliklar ham ishtirok etadi. Shu sababli, biror tushunchaning til orqali qanday ifodalanishini o‘rganish orqali, uning mazmuni va ichki strukturasini ham anglash mumkin bo‘ladi. Bunda geshtalt – bu so‘z ortidagi butun hayotiy vaziyat, hissiy holat va kognitiv tajribaning til orqali jamlangan shaklidir. Masalan, Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanidagi Miryoqib obrazini olaylik. Uni bevosita “epaqa” deb atalishi ham o‘quvchi ongida to‘laqonli bir obrazni – dono, uddaburon, ishbilarmon, o‘z yo‘lini topadigan, har ishda pishiq, har joyda ishini bitira oladigan odam unsurlari mujassam bo‘lgan shaxsni ko‘z oldiga keltiradi. Matndagi bunday obrazlar, ularning tashqi va ichki tavsifi orqali to‘plangan elementlar jamlanmasi – aynan geshtaltning badiiy ko‘rinishidir. Miryoqib epaqa – bu birgina ism emas, balki voqealar kontekstida idrok qilinadigan murakkab semantik tuzilma, u orqali o‘quvchi o‘sha davr shaxsining ijtimoiy roli, ichki taraddudi, tashqi 4 Lakoff, G., & Johnson, M. Metaphors We Live By. UniversityofChicagoPress, 1980.
37 qiyofasi va jamiyat bilan ziddiyatli munosabatlarini ham tasavvur qiladi. Aynan shunday boy obrazlar orqali matndagi geshtaltlar shakllanadi va idrok qilinadi. Shunday qilib, badiiy matnni idrok etishda geshtalt uch bosqichda namoyon bo‘ladi: birinchidan, matn butun holda qabul qilinadi; ikkinchidan, undagi obrazlar ko‘p qatlamli semantik ma’nolar bilan boyitiladi; uchinchidan, ushbu idrok jarayoni ong faoliyatining markaziy qismiga aylanadi. Demak, badiiy matndagi geshtalt obrazlar o‘quvchi tafakkurida integratsiyalashgan yaxlit tuzilma sifatida shakllanadi. Adabiyotlar: 1. Lakoff G., Johnson M. Metaphors We Live By. — Chicago: University of Chicago Press, 1980. — 242 p. 2. Стернин И.А. Методика исследования структуры концепта // Методологические проблемы когнитивной лингвистики: научное издание. — Воронеж: Воронежский государственный университет, 2001. — С. 58–65. 3. Токарев Г.В. Проблемы лингвокультурологического описания концепта (на примере концепта «трудовая деятельность»). — Тула, 2000. — 34 с. 4. Смурова Е.В. Семантические характеристики субъективной модальности и их репрезентация в художественном тексте // Известия РГПУ им. А.И. Герцена. — 2004. — № 2. — С. 120–123.