scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

SUD DISKURSIDA NUTQIY AKTLARNING IFODALANISHI

Z.I.Esanova

Full text

44 SUD DISKURSIDA NUTQIY AKTLARNING IFODALANISHI Z.I.Esanova Qarshi davlat universiteti magistranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17441117 Annotatsiya. Maqolada nutqiy aktlar nazariyasi tushunchasi, bu borada olib borilgan jahon va o‘zbek tilshunoslarining tadqiqotlar ishlari haqida so‘z yuritilgan. Nutqiy aktlar sud diskursi misolida tahlil etilgan. Kalit so‘zlar. Nutqiy aktlar, sud diskursi, xabar akti, iltimos akti, tasdiq akti, va‘da akti. Annotation. The article talks about the concept of the theory of speech acts, the research work of world and Uzbek linguists in this regard. Speech acts are analyzed on the example of court discourse. Key words. Speech acts, court discourse, act of communication, act of request, act of confirmation, act of promise. XX asrning ikkinchi yarmidan boshlangan til tahliliga makon, zamon munosabatlari qatorida shaxs tamoyilining kirib kelishi tilshunoslik taraqqiyotida ko‘plab yangi yo‘nalishlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Nutqiy aktlar nazariyasi bugungi antroposentrik tilshunoslik doirasida olib borilayotgan pragmalingvistik tahlil jarayonining muhim tushunchalaridan hisoblanadi. Nutqiy aktlar nazariyasi dastlab 1962-yilda ingliz faylasufi J.L.Ostin tomonidan ilmiy termin sifatida qo‘llanilgan[1]. Keyinchalik tilshunoslik doirasida Ch.Pirs, L.Vitgenshteyn, J.Serl, Z.Vendler, V.Gumbolt, K.Byuller, M.Baxtin kabi jahon olimlarining qarashlari ushbu nazariyaning istiqboli uchun dastlabki nazariy ma‘lumotlarni taqdim etgan. O‘zbek tilshunosligida nutqiy aktlar muammosiga dastlab M.Hakimov, N.Mahmudov, Sh.Safarovlar tomonidan ilmiy izoh berilgan bo‘lsa, keyinchalik Z.Pardayev, M.Qurbonova, X.Yo‘ldasheva kabi tilshunoslar o‘z asarlarida nutqiy aktlar nazariyasi yuzasidan ilmiy-nazariy qarashlarini bayon etishgan[2,3,4,5,6]. So‘nggi yillarda mavzu doirasida maxsus kuzatishlar ham amalga oshirilmoqda. M.Buzrukova, M.Nasriddinov olib borgan tadqiqot ishlari shular jumlasidandir [7,8]. Kommunikativ akt tushunchasi nutqiy muloqot jarayonida kommunikantlarning verbal aloqa-aralashuv faoliyati uchun olib boriladigan lisoniy harakatlari hisoblanadi. Maqsadli muloqot jarayoni uchun adresant o‘z nutqiy intensiyasini samarali muloqot tamoyillari asosida, lisoniy va ifodasi ma‘lum maqsadga yo‘naltirilgan, jamiyat a‘zolari uchun muayyan, o‘zaro umumiy nolisoniy harakatlar vositasida ifodalaydi. Pragmalingvistik tahlil jarayonida kommunikativ intensiya - illokutiv akt mazmuni va mohiyatan ularning turlarini tahlil qilish muhimdir. 45 Sud diskursi rasmiy uslubda, muayyan nutqiy strategik yondashuv asosida kechadigan nutqiy muloqot jarayonidir. Shunga ko‘ra, boshqa diskurs turlaridan farqli holda, muloqot ishtirokchilarining lisoniy faoliyatida nutqiy aktlarning o‘ziga xos ifodasini namoyon qiladi. Yuridik muloqotning mazmuni, odatda, kommunikantlar tomonidan belgilanmaydi. Chunki sud majlisida muloqot yigʻilgan dalillar va faktlarga tayangan holda olib boriladi. Shunga koʻra sud diskursida tasdiq, soʻroq, buyruq, talab, xabar aktlari faol qoʻllaniladi. Bundan tashqari, kommunikantlar nutqidagi funksional-semantik holatga koʻra iltimos, ishontirish, yalinish, minnatdorlik, vaʼda berish kabi nutqiy aktlar ham qo‘llanilishi mumkin. Xabar nutqiy aktining ifodalanishi: Sud muloqotida koʻrilayotgan ishning natijasini belgilash, masalaga adolat yuzasidan yechim topishda tinglanayotgan har bir adresantga xos kommunikativ maqsadda xabar aktini koʻrish mumkin. Prokuror: —Sudlanuvchi A.S. 2025-yil 19-sentabr kuni soat 23:30 da Chilonzor tumanidagi “Qudrat market” doʻkoniga noqonuniy ravishda kirib, qiymati 10 million soʻm boʻlgan telefon aksessuarlarini oʻgʻirlaganlikda ayblanmoqda. Berilgan matnda davlat ayblovchisi oʻz vakolati doirasida sud ishida koʻrilayotgan ayblov holatini eʻlon qilish propozitsiyasida xabar aktidan maqsadga muvofiq foydalanishi kuzatiladi. Shuningdek, yuqorida ketirilgani kabi rasmiy qolip doirasida qoʻllaniladigan performativ feʻllar jarayon qatnashchilarida kommunikatsiyaning tushunilishi, mazmunning tez idrok etilishi uchun xizmat qiladi. Tasdiq nutqiy aktining ifodalanishi: biror holat, voqelik yoki axborotning mavjudligi, toʻgʻriligi, ishonchliligini tasdiqlovchi nutqiy harakat bajarilishi orqali tasdiq nutqiy akti yuzaga chiqadi. —Ish boʻyicha oʻtkazilgan tergov, yigʻilgan dalillarga koʻra, ayblanuvchining harakati Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan kvalifikatsiya qilingan. Yuqoridagi prokuror nutqidagi ayblovda qonuniy asosning ifoda etilishi sodir etilgan jinoyat uchun huquqiy mezonlarda jazo muqarrar ekanligi va holat aynan koʻrsatilgan qonuniy manba asosida javobgarlikka tortilishini tasdiqlovchi tasdiq akti oʻz aksini topgan. Iltimos nutqiy aktining ifodalanishi: ushbu kommunikativ maqsad ba‘zan mavjud nutqiy tuzilma va ifoda holati orqali anglashilsa, ba‘zan so‘zlovchi bu maqsadni aniq ifoda etuvchi iltimos qilmoq, o‘tinmoq kabi fe‘llarga murojaat qiladi. Bunday holatda iltimos nutqiy aktining nisbatan aniqroq ta‘kidlanishiga erishish mumkin. Sud diskursida esa iltimos nutqiy akti rasmiy semantik tuzilmaga ega boʻladi. Masalan: Advokat: 46 —Sudlanuvchi A.S. muqaddam sudlanmaganligi, tergov mobaynida faol hamkorligi, sodir etilgan jinoyatni tan olishi, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zararni qoplab berganligi, shuningdek, o‘z qilmishidan qattiq pushaymon ekanligini hisobga olib sudlanuvchiga nisbatan jazoni shartli qoʻllash imkoniyatini koʻrib chiqishingizni soʻrayman. Advokat nutqidan keltirilgan parchada iltimos mazmunidagi direktiv akt oʻz aksini topgan. Soʻzlovchi oʻz niyatini amalga oshirish uchun nutqiy ta‘sir etish usuli yoki taktikasi vositasi bilan tinglovchining ichki ruhiyati yoki ichki pozitsiyasini aniqlab oladi [2, 126.] Berilgan matnda ham nutqiy intensiyaning natijasi uchun dalillar keltirish taktikasidan foydalanilgan. Talab nutqiy aktining ifodalanishi: Soʻzlovchining mavjud vaziyatdan talabini bildiruvchi nutqiy aktlar talab nutqiy aktlari hisoblanadi. Ushbu akt turi sud diskursida soʻzlovchi sudyadan oʻzining qonuniy manfaatlari doirasida ish koʻrilishi hamda masalaning yechimi adolatli qaror topishini soʻragan holatlarda uchraydi. Talab nutqiy akti, odatda, himoyachi hamda jabrlanuvchi (daʼvogar) nutqida faol qoʻllanilishi kuzatildi. Jabrlanuvchi: —Hurmatli sud, Men Q.R, doʻkon egasiman. Sudlanuvchi A.S mening doʻkonimdan 10 million soʻm qiymatdagi mahsulotni mast holatda yashirincha olib chiqib ketgan. Kamera yozuvlari hamda guvohlar buni tasdiqlaydi. Sudlanuvchi koʻrgan moddiy zararimni toʻlab berdi. Lekin bu jinoyat jazosiz qolishi kerak degani emas. Suddan adolatli jazo belgilanishini soʻrayman. Jabrlanuvchi ushbu holatda suddan qonuniy jazo belgilanishini qat‘iy ohang va yo‘naltirilgan sintaktik qurilma vositasida talab qilmoqda. Bu uning nutqiy tuzilmasida talab nutqiy akti mavjudligidan darak beradi. Va‘da nutqiy aktining ifodalanishi: “va‘da”, “pushaymonlik”, “iltimos” kabi ma‘nolar ayblanuvchi nutqiga xoslangan nutqiy aktlardir. Ayblanuvchi: —Qilmishimdan pushaymonman. Qonun oldida javob berishga tayyorman. Lekin imkon bersangiz, bundan keyin ushbu jinoyatni sodir etmayman, bunday xato qilmayman (qatʼiy ohangda). Javobgarning so‘nggi so‘zi sifatida keltirilgan nutqiy tuzilmada uning qilgan ishidan pushaymonligi va suddan yengillik so‘rash jarayonida vaʼda berish nutqiy aktining voqelanishini kuzatish mumkin. Nutqiy aktlarning namoyon bo‘lishida nutq vaziyati bilan birga nutqiy intonatsiya ham muhim omil hisoblanadi. Qo‘llanilgan imkon bersangiz sintaktik tuzilmasida ayblanuvchining suddagi holatiga muvofiq nutqning iltimos, yalinish, pushaymonlik kabi aktlarga yo‘naltirilganligini anglash 47 mumkin. Yuqoridagi kabi pragmatik omonimiya kuzatilganda nutqiy vaziyat asosiy maʼnoni ko‘rsatib beruvchi omil hisoblanadi. Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, sud diskursida nutqiy aktlarning namoyon bo‘lishini tekshirish nutqiy aktlarni tasniflashda asos boʻluvchi omillarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Yuridik muloqot doirasida kommunikativ intensiyaning qaysilari faol ekanligini ko‘rsatadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Austin, J. L. How to Do Things with Words.1962. Oxford: Clarendon Press. 2. Hakimov M. O`zbek tilida matnning pragmatik talqini. Filol. fan. d-ri. diss…Toshkent-2001. 3. Safarov Sh. Pragmalingvistika. Toshkent, O`zbekiston Milliy ensiklopediyasi-2008. 4. Pardayev Z. Pragmatik lingvistika. O`quv-uslubiy qo`llanma. Samarqand-2013. 5. Qurbonova M. O`zbek bolalar nutqining pragmatik xususiyatlari. Filol. fan. d-ri. diss…Toshkent-2018. 6. Yo`ldasheva X. Badiiy matnning sotsiopragmatik tadqiqi. Monografiya. Qarshi «Intellekt» nashriyoti-2022. 7. Бузрукова М. Илтимос нутқий актининг прагматик ва лингвомаданий хусусиятлари (инглиз ва ўзбек тиллари материалларида): Филол. фан. фалс. док. ...дисс. автореф. – Самарқанд, 2021. 8. Nasridinov M. Buyruq aktining lingvopragmatik xususiyatlari: Filol. fan. b. fals. d-ri (PhD)… diss. – Farg‘ona, 2024.