scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

PUBLITSISTIK MATNNING PRAGMALINGVISTIK TALQINI

M.Sayimova

Full text

48 PUBLITSISTIK MATNNING PRAGMALINGVISTIK TALQINI M.Sayimova Qarshi DU Lingvistika (o‘zbek tili) 1-kurs magistranti [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17441123 Annotatsiya: Maqolada umumtilshunoslikda matn nazariyasiga yondashuvlar hamda publitsistik matnlarni pragmalingvistik tahlil qilishning o‘ziga xos jihatlari yoritilgan. Kalit so‘zlar: matn, matn tilshunosligi, pragmatik xususiyatlar, matn tadqiqi, publitsistik matnlar. Abstract: The article covers approaches to text theory in general linguistics and specific aspects of pragmalinguistic analysis of journalistic texts. Keywords: text, text linguistics, pragmatic features, text research, journalistic texts. Tilshunoslik fani bugungi kunga qadar tilning barcha sathlari doirasida muammolar tadqiqida jiddiy yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Matn va uning tabiatini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlar XX asr o‘rtalariga kelib paydo bo‘la boshladi[1:5]. Matn tilshunosligi masalalari juda ko‘p tilshunoslarning e’tiborini tortgan. Bu borada jahon tilshunosligida V.G.Admoni, N.F.Alefirenko, I.V.Arnold, N.S.Valgina, Y.A.Goncharova, Y.M.Lotman, Z.Y.Turayeva, K.A.Filippov, O.I.Moskalskaya, L.M.Loseva, V.V.Odinsov, I.R.Galperin, L.A.Novikov, kabi olimlar matn lingvistikasi bilan maxsus tadqiqotlar olib borgan va o‘z qarashlarini ilgari surgan [2:13]. Matn – ko‘p jihatli, murakkab tuzilishga ega bo‘lgan qurilma, shuning uchun ham uni tavsiflashda unga xos bo‘lgan semiotik, kommunikativ, strukturaviy, pragmatik, kognitiv, nominativ xususiyatlarini e’tiborga olish talab qilinadi. Ammo har bir tadqiqotchi, odatda, o‘zini qiziqtirayotgan jihatlarga e’tibor qaratadi, natijada, berilayotgan ta’rif mukammal, batafsil bo‘lmaydi. Boshqacha aytganda, hech qaysi ta’rif matn kabi murakkab hodisani har tomonlama mukammal ta’riflay olmaydi. Shuning uchun har bir tadqiqotchi yoki tadqiqotchilar guruhining matn hodisasiga nisbatan o‘ziga xos nuqtayi nazari shakllanadi va rejalashtirilayotgan tadqiqot shu nuqtayi nazarga bo‘ysundiriladi. Matn hodisasiga berilayotgan ta’riflarning hech biriga qat’iy e’tiroz bildirish qiyin, chunki ularning har birida matn hodisasining u yoki bu jihatlari yoritilgan, demak, har bir kuzatishda tadqiq qilinayotgan obyektning ma’lum bir qirralari o‘z ifodasini topadi [1:12]. Jahon tilshunosligida o‘tgan asrning birinchi choragidan boshlab matnni o‘rganishga bo‘lgan yondashuvlarda sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. N.S. Valgina ta’kidlaganidek, XX asrning 20 – 30 - yillariga kelib tilshunoslikda matn nutq 49 faoliyatining mahsuli sifatida talqin etila boshlandi. XX asrning 50-yillaridan boshlab esa tilni funksional nuqtai nazardan o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ortdi. Natijada til statik belgilar tizimi sifatida emas, balki dinamik, ya’ni faol muloqot jarayonida harakatlanuvchi tizim sifatida qaraladigan bo‘ldi. Aynan shu davrda lingvistik amaliyotda “nutq faoliyati” atamasi shakllandi. Shu bilan birga, matnda o‘quvchi (yoki tinglovchi) idrokini, u tomonidan yuzaga keladigan javob reaksiyasini hisobga oluvchi yozuvchi (so‘zlovchi) subyektning nutqiy faoliyati masalalari ham muhokama etila boshlandi. Natijada matnshunoslikda “muallif (matn yaratuvchisi) – matn (nutqiy faoliyatning moddiy ifodasi) – o‘quvchi (interpretator)” uchligi konseptual asos sifatida shakllandi[3] Chex tilshunosi Yan Korjenskiy matn talqinini semantik va pragmatik komponent tushunchalari bilan bog‘lab olib boradi, ya’ni u semantik komponent birinchi galda matn materialini uyushtiruvchi ma’no bazasida hamda uning voqelanishini ta’minlovchi vositalardan iborat, deb hisoblaydi. Olim semantik komponent jumlasiga so‘zlovchini aniqrog‘i inson omilini ham kiritadi. Pragmatik komponent deganda esa ma’no ifodasi sistemasida ahamiyat kasb etuvchi turli xil munosabatlarni tushunadi [1:7]. M.V.Lyapon matn shakllanishida inson omilining eng muhim omillaridan biri ekanligini, inson matn shakllanishi uchun jonli manba ekanligini ta’kidlaydi [1:7]. Keyingi yillarda o‘zbek tilshunosligida matnga antropotsentrik nuqtai nazardan yondashildi va bu borada ko‘plab tadqiqotlar maydonga kelganligini ko‘rish mumkin. Jumladan, D.Xudoyberganova, M.Hakimov, S.Boymirzayeva, I.Azimova, X.Yo‘ldasheva, O‘.Qobilov, S.Maksumova, N.Qazaqova, M.Umurzoqova, U.Usmonovalarning dissertarsiyalarda matn antropotsentrik tilshunoslikning turli yo‘nalishlarida tadqiqot obyekti bo‘lgan. Publitsistik matnlar axborot uzatish va jamoatchilik fikrini shakllantirishning kuchli vositasi bo‘lib, u axboriylik, qisqalik, ekspressivlik kabi jihatlari bilan keng ommaga faktlar orqali axborotni tahlil qilish, jamiyatda sodir bo‘layotgan ijtimoiymadaniy jarayonlarni tushunishning muhim vositasi sifatida qaraladi. Publitsistik matnlar axborot qiymatini belgilovchi turli omillar ta’sirida shakllanar ekan, tilning ijtimoiy farqlanishini e’tiborga olish zarurati tug‘iladi. U kasbiy, demografik, ijtimoiy-madaniy, psixologik belgilarni o‘z ichiga olgan, barcha lisoniy resurslar tomonidan shakllangan, funksional bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega ijtimoiy aloqani o‘z ichiga oladi [4:37]. Shu sababli ham publitsistik matnlarning kommunikativ maqsadi, undagi til vositalarining funksional qo‘llanilishi, nutq strategiyalari, taktikalari, presuppozitsiya va tagma’noning mavjudligi ularning pragmalingvistik jihatdan tahlil qilish zaruriyatini tug‘diradi. Matnni tahlil qilish 50 jarayonida matnning muallifi, adresati, kommunikativ maqsadi, nutq strategiyasi va ekstralingvistik omillari aniqlanadi. Publitsistik matnlar tilning faqat axborot beruvchi emas, balki ta’sir ko‘rsatuvchi funksiyasini namoyon etadi. Shuning uchun ularni pragmalingvistik nuqtayi nazardan tahlil qilish, jamiyatdagi kommunikativ jarayonlarning samaradorligini oshirish, til birliklarining ijtimoiy ahamiyatini chuqurroq anglashga yordam beradi. Bu matnning mazmuniy, uslubiy va ijtimoiy ta’sir mexanizmlarini ochib beradigan muhim lingvistik yo‘nalishdir. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Валгина Н.С. Теория текста // http://evartist.narod.ru/text14/16.htm. 2. Qurbonova M. “Matn tilshunosligi” – Toshkent. “Universitet” nashriyoti -2014. – B. 12. 3. Yo‘ldasheva X. Badiiy matnning sotsiopragmatik tadqiqi. Monografiya. – Qarshi, 2023. 4. Usmonova U. Ingliz tili va o‘zbek tili publitsistik matnlarining funksional-stilistik va pragmatik tadqiqi: filol. fan.n-di…diss.-Jizzax, 2024. – B. 13. 5. Israel M. Sotsiolingvistik omillarning til taraqqiyotiga ta'siri(o‘zbek va rus mediamatnlari misolida): filol. fan. dok. disser.avtoref. Toshkent-2025. – B. 37.