scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

NURIDDIN EGAMOV SHE'RIYATIDA SHAKLDOSH SO'ZLARGA XOS BADIIY IMKONIYATLARNING VOQELANISHI

Raxmatova Shoxida Turaqulovna

Full text

63 NURIDDIN EGAMOV SHE’RIYATIDA SHAKLDOSH SO‘ZLARGA XOS BADIIY IMKONIYATLARNING VOQELANISHI Raxmatova Shoxida Turaqulovna Turon universiteti magistranti [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17441153 Annotatsiya: Ushbu maqola hozirgi adabiy jarayonda o‘z o‘rni va ovoziga ega bo‘lgan ijodkor Nuriddin Egamov she’riyatida tilning noyob badiiy tasviriy vositalaridan biri – shakldosh so‘zlardan badiiy timsollar yaratishda o‘rinli foydalanilishini lingvistik va poetik nuqtayi nazardan yoritishga bag‘ishlangan. Maqolada shoirning “Yozarmon” va “Chinni” tuyuqlari tilshunoslik nuqtai nazaridan tahlil qilinib, undagi polisemiya, omonimlik, xalqona ifoda vositalari va metaforik ramzlar yoritilgan. Kalit so‘zlar: tuyuq, polisemiya, omonimlik, xalqona ifoda, metafora, lingvopoetika. Abstract: This article is devoted to highlighting, from linguistic and poetic perspectives, the appropriate use of homonymous words as one of the unique artistic and figurative means in the poetry of Nuriddin Egamov — a poet who holds a distinct place and voice in contemporary literature. The article analyzes the poet’s “Yozarmon” and “Chinni” tuyuks from a linguistic standpoint, revealing the polysemy, homonymy, folk expressions, and metaphorical symbols used in them. Keywords: tuyuk, polysemy, homonymy, folk expression, metaphor, linguopoetics. Til insoniyat tafakkurining eng yuksak mahsuli, ma’naviy qurolidir. Shoirlarning badiiy ijodida til imkoniyatlarini keng qamrovda qo‘llash ularning poetik mahoratini belgilaydi. O‘zbek mumtoz adabiyotida tuyuq janri omonim va ko‘p ma’noli so‘zlarga asoslanib, qisqa shaklda chuqur ma’no ifodalash an’anasi bilan ajralib turgan. Hozirgi o‘zbek adabiyotining taniqli vakillaridan biri Nuriddin Egamov ijodi o‘ziga xosligi va ko‘p qirraligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Uning ijodiyotini qamrab olgan milliylik, odamiylik, soda til va zamon bilan hamnafaslik kabi ezgu fazilatlar tamoyili kitobxonni e’tiborsiz qoldirmaydi, albatta. Turkiy xalqlar adabiyotining eng ajoyib she'riy shakllaridan biri tuyuq bo‘lib, o‘zbek adabiyoti tarixida uning yuzlab namunalari yaratilgan. Tuyuq so‘zi “tuslash” va “tuymoq” ma'nosini bildiradi. Tuyuq so‘zi adabiy termin sifatida XIV asr oxiri va XV asr boshlarida ishlatila boshlangan. Bu hol mazkur janrining poeziyamizda o‘sha davrlarda to‘la shakllanganligidan dalolat beradi. Tuyuq janrining kelib chiqishi xalq poetik ijodiga borib taqaladi. Mumtoz adabiyotimizda Alisher Navoiy tuyuq yozish qonun-qoidalarini nazariy jihatdan asoslab bergan hamda amaliyotchi sifatida uning yuzlab namunalarini yaratgan [1]. 64 Biz quyida tahlilga tortayotgan N.Egamovning tuyuqlari ham keng mushohadaga tortuvchi ijod namunalaridan biridir. Bilamizki, tuyuq janri asosini omonimlik hodisasi tashkil etadi. Shoir leksik tartibdagi omonimlarni o‘z ijodiy faoliyatida yuksak mahorat bilan qo‘llagan. Omonimlar bu yozilishi va talaffuz qilinishi bir xil, lekin ma’nosi har xil bo‘lgan so‘zlardir. “Omonimlar, avvalo, bir til doirasida belgilanadi: boshqa tilga mansub, hali o‘zbek tiliga o‘zlashmagan leksema bilan o‘zbek tilidagi leksemani o’zaro omonim deb bo‘lmaydi”[2]. Tadqiqotda N. Egamov tuyuqlaridagi omonimlik va polisemiya hodisalarining lingvopoetik xususiyatlarini o‘rganish maqsadida bir qator metodologik yondashuvlar qo‘llanildi. Jumladan, lingvopoetik tahlil usuli she’riy matndagi omonimlarning semantik va stilistik vazifasini aniqlashga yo‘naltirildi. Deskriptiv metod omonimlarning lug‘aviy ma’nolarini va ularning kontekstdagi qo‘llanish xususiyatlarini tavsiflash imkonini berdi. Kontrastiv yondashuv orqali turli satrlarda qo‘llangan omonimlarning semantik farqlari qiyoslandi, bu esa ularning poetik ma’no ko‘pqirraliligini ochib berishga yordam berdi. Nihoyat, kontekstual tahlil omonimlarning she’riy matn ichida yuzaga kelgan ramziy va obrazli mazmunini aniqlashga qaratildi. N.Egamov she’riyatining qanchalik omonim so‘zlarga boy ekanligini “Yozarmon” va “Chinni” tuyuqlarini tahlil qilish orqali ochib berishga harakat qilamiz. Yozay desam, bori ko‘nglim yozarmonmu, Ay, yozarmon, sen-la ko‘nglim yozarmonmu, Qahratonlar o‘tib, yashnab, keldimu yoz, Yozug‘im ne, ay muz ko‘nglim, yoz armonmu?! [3] Ushbu tuyuqning asosini “yoz” so‘zi tashkil etadi va u o‘ziga xos ohangdoshlikni yuzaga keltirgan. O‘zbek tilining izohli lo‘hatida “yoz” so‘zi quyidagicha izohlanadi: Yoz 1 Yilning bahor bilan kuz orasidagi eng issiq fasli. Laylak keldi - yoz bo‘ldi. Yozmoq – o‘rog‘liq, tahlog‘liq narsani ochmoq. Oʻrogʻliq, taxlangan narsani ochmoq, yoymoq. Gilamni yozib koʻrmoq. Qogʻoz yoki boshqa narsaga biror belgi (harf, raqam) tushirmoq, yozuv orqali ifodalamoq; bitmoq. Ariza yozmoq.[4] Birinchi misrada qo‘llangan “yoz” so‘zi bevosita harakat ma’nosini bildirib, “harf belgilar bilan tekst tuzmoq” degan ma’noda qo‘llanilib, ushbu misrada fe’l vazifasida kelgan va u xohish-istak ma’nosini bildirmoqda. 65 Bundan tashqari, birinchi ikki satrda lirik qahramonning ichki iztiroblari va ko‘ngil holati ifoda etilgan. “Yozarmon” so‘zi orqali ham fasl, ham ruhiy holat uyg‘unlashtirilgan. Bu yerda omonimlik va ma’no ko‘p qirraliyligi bor: yoz-fasl sifatida ham, yozmoq-qalamga olish ma’nosida ham qo‘llanmoqda. Shuningdek, “yozarmon” so‘zi tarkibida “yo‘qolmas iztirob” ma’nosi ham ifodalanmoqda Uchinchi satrda fasllar almashinuvi orqali inson hayotidagi qiyinchilik va iztiroblarni yengish, qahratondan keying yozning kelishi kabi timsol yaratilgan. Bu faqat tabiat jarayoni emas, balki inson qalbidagi muzlik-ruhiy sovuqqonlikning ham erishi sifatida talqin qilinishini ko‘rishimiz mumkin. Oxirgi satrda “muz ko‘ngil” iborasida ichki iztirob, sovuq hissiyot va tuyuqning asosiy dramatizmi mujassamdir. Shu bilan birga “yozarmon” so‘zi tarkibi bir vaqtning o‘zida ham umid (yoz kelishi) ham iztirob (armon qolishi) ma’nolarini ifoda etadi. N.Egamov “Yozarmon” tuyug‘i orqali zamonaviy o‘zbek she’riyatining ma’no qirralarini kengaytirdi. Uning uslubida: 1. Shakl va mazmun uyg‘unligi – tuyuqning qoidalariga qat’iy amal qilingan; 2. Okkozionalizm elementlari, “yozarmon” kabi noodatiy birikmalar orqali yangi ma’no yaratilgan; 3. Fasl va ruhiyat uyg‘unligi – tabiat qonuniyatlari insonning ruhiy dunyosi bilan bog‘langanligini ko‘rishimiz mumkin. Shoirning “Chinni” tuyug‘ida ham asosiy badiiy qurol sifatida omonim so‘zlaridan foydalanilgan. Shoir turli ma’nolar qatlamini uyg‘unlashtirish orqali tutyuq janrining asosiy hususiyati bo‘lgan ma’no ko‘pqirraliligini ta’minlaydi. Quyida mazkur tuyuqdagi omonim so‘zlarini satrlar kesimida tahlil qilib o‘tamiz. Birinchi satr: “Zumda kezdim onlayn Farangu Rumu Chinni,”. Bu yerda “Chin “ so‘zi geografik nom sifatida qo‘llanilgan bo‘lib: ChinQadimgi sharq mamlakati (Xitoy). Shoir “Farangu Rumu” bilan qiyoslash orqali turli sivilizatsiyalarning global maydonda tez namoyon bo‘lishini tasvirlaydi. Ikkinchi satr: “Bul qaynar qozondan anglab na yolg‘on, na chinni,”. Bu o‘rinda “chin” so‘zi ma’naviy mazmunda qo‘llanilib: chin – haqiqat, rost, to‘g‘rilik. “na yolg‘on, na chin” birikmasi orqali ahborot maydonida haqiqat bilan yolg‘onning farqlanmay qolishi, voqeylikning chalkashligi ifodalangan. Uchinchi satr: “Dunyo ishlaridan lim-lim sabrimning kosasi,”. Ushbu satrda asosiy omonim so‘z ishtirok etmagan bo‘lsada, ammo “kosa” so‘zining ko‘chma ma’noda qo‘llanganligini ko‘rishimiz mumkin. Ya’ni, 66 kosa - idish ma’nosida. kosa – ramziy ma’noda sabr-toqatning chegarasi. To‘rtinchi satr: “Lek to‘lmadi, netay, ko‘ngil atalmish bul chinni...”. Bu yerda ham “chinni” so‘zi ikki qirrali ma’noga ega bo‘lib: Asosiy ma’nosi – kundalik ishlatiladigan nozik idish. Ko‘chma ma’nosi – inson ko‘nglining nozik, sinuvchan tabiatini ifodalangan. Shoirning ushbu qo‘llanmasi omonimlik vositasida janrning asosiy xususiyatlaridan biri – ma’no ko‘pqirraliligi va poetik uyg‘unlikni ta’minlagan. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Nuriddin Egamov tuyuqlari turkiy she’riyatning an’anaviy imkoniyatlarini saqlagan holda, zamonaviy ruhiy-ma’naviy mazmun bilan uyg‘unlashtirilgan asarlar sifatida alohida ahamiyatga ega. Shoir omonimlikning turli ko‘rinishlaridan samarali foydalanib, she’riy ma’no ko‘pqirraligini ta’minlaydi va badiiy g‘oyalarni ifoda etishda semantik imkoniyatlarni yuzaga chiqaradi. N.Egamovning tuyuqlarida omonim so‘zlar faqat janr talabini bajarish vositasi emas, balki asarning markaziy badiiy g‘oyasini ochib beruvchi estetik qurol sifatida xizmat qiladi. Bu holat shoirning tuyuq yaratish mahorati va til imkoniyatlaridan samarali foydalana bilishini ko‘rsatadi. Natijada, Nuriddin Egamov ijodi turkiy she’riyat an’analarini davom ettirish bilan birga, ularga zamonaviy ruh, yangi mazmun va ma’naviy-qadriy ahamiyat bag‘ishlaydi. Shu jihatdan, shoir tuyuqlari tilshunoslik va adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan ham qimmatli tadqiqot obyekti hisoblanadi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. O.Karimov. Mumtoz she’riyat janrlari. Uslubiy qo‘llanma – NamDU “Namangan” nashriyoti 2015-78b. 2. Sh. Rahmatullayev. O‘zbek tili omonimlarning izohli lug‘ati. –Toshkent: O‘qituvchi nashriyoti. 1984-215b 3. Egamov N. Kitob ko‘targan odam. – Toshkent: “Fan” nashriyoti, – 2021.-288 b. 4. O‘zbek tilining izohli lug‘ati: A. Madvaliyev tahriri ostida. Tashkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti-2006.