scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

MAKTABDA SO'Z TURKUMLARINI O'QITISH MUAMMOLARI

Baхriddinova M.M.; Mirziyeva G.

Full text

67 MAKTABDA SO‘Z TURKUMLARINI O‘QITISH MUAMMOLARI Baхriddinova M.M. Toshkent shahar 62-sonli umumta’lim maktabi ingliz tili o‘qituvchisi Mirziyeva G. Toshkent shahar 62-sonli umumta’lim maktabi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17441163 Annotatsiya. Maqolada joriy ona tili darslarida so‘z turkumlarini o‘qitish bilan bog‘liq muammolar, ayni paytda o‘zbek tilshunosligida so‘z turkumlari tasnifi, ularning soni, maktabda o‘qitilishiga doir muammolar xususida so‘z boradi. Kalit so‘zlar. so‘z turkumi, mustaqil so‘zlar, yordamchi so‘zlar, so‘z gaplar, taqlid so‘zlar, undov so‘zlar, alohida olingan so‘zlar, oraliq so‘zlar. Abstract. The article discusses the problems associated with teaching word groups in current native language classes, as well as the classification of word groups in Uzbek linguistics, their number, and their teaching at school. Keywords: word group, independent words, auxiliary words, phrase, imitative words, exclamatory words, isolated words, interjections. So‘nggi yillarda o’zbek tili morfologiyasi o‘zining milliy tabiatidan kelib chiqqan holda tadqiq qilinib, qator yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Xususan, so‘z turkumlari, ularning lug‘aviy shakllari, munosabat shakllari tadqiqi yuzasidan bir qancha ishlar amalga oshirildi. Jumladan, fe’lning turkiy tillar gap qurilishidagi roli, uning so‘z turkumlari orasida tutgan o‘rni, ismlar to‘plamining ajratilishi, morfologik shakllarning lug‘aviy, sintaktik va lug‘aviy-sintaktik shakllar kabi turlarga ajratilishi, taqlidlarning mustaqil so‘zlar tarkibiga kiritilishi, olmoshlarning mustaqil so‘zlar orasida tutgan o‘rni, so‘z turkumlarining lug‘aviy ma’noviy guruhlarini ajratilishi, vazifadosh yordamchi so‘zlarning ajratilishi, ravishlarning mustaqil so‘zlar orasida mavqei bilan bog‘liq yangi tushunchalarning fanimizga kirib kelishi, ularni uzluksiz ta’lim bo‘g‘inlarida o‘qitish bilan bog‘liq turli-tuman muammolarni ham yuzaga keltirdi. Ayni paytda o‘zbek tilida oldingi bo‘limlarda aytilganidek, so‘zlar uch katta guruhga bo‘linadi. Ushbu bo‘linishni mavjud darsliklarning aksariyatida uchratamiz: 1. Mustaqil so‘zlar: fe’l, ot, sifat, son, ravish, olmosh; 2. Yordamchi so‘zlar: ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama; 3. O‘zicha mustaqil so‘zlar (ayrim darsliklarda alohida olingan so‘zlar ham deyiladi) – taqlid so‘zlar, undov so‘zlar, modal so‘zlar. Oliy ta’lim uchun chiqarilgan mavjud ayrim darslik va qo‘llanmalarda so‘z turkumlari soni va tartibi quyidagicha beriladi: 68 1. Mustaqil so‘zlar: fe’l, ot, sifat, son, ravish, taqlid, olmosh 2. Yordamchi so‘zlar: ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama 3. Oraliq so‘zlar - so‘z-gaplar: modal so‘z-gaplar, undov so‘z-gaplar, tasdiqinkor so‘z-gaplar, taklif so‘z-gaplar. Bu yerda so‘z turkumlarining soni 14 taga yetkazilgan. Maktab darsliklarida quyidagi tartib saqlanadi: 1. Mustaqil so‘zlar: fe’l, ot, sifat, son, ravish, olmosh; 2. Yordamchi so‘zlar: ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama; 3. Alohida olingan so‘zlar – taqlid so‘zlar, undov so‘zlar, modal so‘zlar, tasdiq va inkor so‘zlar. Yа’ni bunda 13 ta guruh ajratiladi. Akademik litsey, kasb-hunur kolleji talabalari uchun chiqarilgan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili darsligida quyidagi tartib kuzatiladi: 1. Mustaqil so‘zlar: ot, sifat, son, olmosh, fe’l, ravish; 2. Yordamchi so‘zlar: ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama; 3. Alohida olingan so‘zlar – taqlid so‘zlar, undov so‘zlar, modal so‘zlar. Yа’ni bunda 12 ta guruh ajratilishi kuzatiladi. Ko‘rib o‘tilganidek, uzluksiz ta’lim bo‘g‘inlarida nafaqat so‘z turkumlari sirasini ajratishda, balki mustaqil, nomustaqil guruhlariga kiritishda, o‘qitish tartibida ham tafovutlar ko‘zga tashlanadi. Ularning asosiylari haqida to‘xtalib o‘tamiz. Taqlidlarning mustaqil so‘zlarga kiritilishi Taqlid so‘zlar yangi darsliklarda allaqachon mustaqil so‘zlar tarkibiga kiritilgan. Negaki ular bugungi kunda yakka tartibda gap tarkibida mustaqil so‘roq qabul qilib, gap bo‘lagi bo‘lib kela oladi: Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Ko‘chada odam g‘ij-g‘ij. Shivir-shivir eshitildi. Eshik lang ochiq. Olmalar hil-hil pishgan kabi. Shuningdek, taqlidlar ism guruhiga kiritilib, egalik, kelishik shakllari blan erkin birika oladi: Shivir-shiviri eshitildi. Dupur-dupuriga quloq tutdim. Taqlidlar olmosh, sonlar kabi o‘zi yasalmaydi, ammo ko‘pchilik qo‘shma va sodda fe’llarning, otlarning, sifatlarning yasalishi uchun asos bo‘la oladi: sharshara, bizbizak, qarsak, do‘mbira, gumburla, gurdura, taq etmoq, tiq-tiq qilmoq va hk. Taqlid o‘zbek tilida katta bir guruhni tashkil etadi va mustaqil so‘z sirasidan o‘rin olishining bir nechta ilmiy asosi bor. Birinchidan, turkiy tilda taqlid miqdoran ko‘p va ma’no jihatdan rang-barang. Ikkinchidan, undagi tovush tizmasi ma’lum obyektiv voqelikdan xabar berib turadi. Uchinchidan, u gap tarkibida ma’lum bir sintaktik pozitsiya egallaydi. To‘rtinchidan, taqlid morfologik jihatdan o‘zgaruvchan. 69 Demak, taqlid «borliq hodisasiga taqlidning lisoniy ifodasi» umumiy grammatik ma’nosiga ega. Ko‘rinadiki, o‘zbek tilidagi taqlid semantik-morfologik-sintaktik jihatdan mustaqil so‘z maqomiga ega. Demak, taqlidlarni mustaqil so‘z sifatida baholash uchun asoslar yetarli. Olmoshlarning so‘z turkumlari sirasidagi o‘rni Ma’lumki, so‘zlar ma’noviy belgisiga ko‘ra uch tipga bo‘linadi: a) mustaqil ma’noli so‘zlar (fe’l, ot, sifat, son); b) bo‘sh - ishora ma’noli so‘zlar (olmosh); v) yordamchi ma’noli so‘zlar (ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama, ko‘makchi fe’llar). “Ishoraviylik” ramzi bilan ataluvchi olmoshlar boshqa leksemalardan ajralib turadi. O‘zbek tilshunosligida olmoshlarning doirasi va vazifasi zo‘rma-zo‘rakilik bilan ancha chegaralanib “ot, sifat, son o‘rnida qo‘llanuvchi so‘zlar” deb o‘ta tor tushunilgan. Vaholanki, bu bilan olmoshning nafaqat ot, sifat, son, balki fe’l, ravish, taqlid, undov, gap va, hatto, matnni almashtira olish, ularga ishora etish xususiyati hisobga olinmagan edi. Olmoshlar guruhiga men, sen, u, biz, siz, ular kabi shaxsga; kim, nima, bu, ana, mana, mana bu kabi predmetga; qanday, bunday, shunday kabi belgiga; buncha, shuncha, qancha kabi miqdorga; qachon kabi paytga; qaer kabi o‘ringa; shunday bo‘lmoq, qanday qilmoq kabi harakat-holatga ishora qiluvchi leksemalar kiradi. Olmoshlar shaxs, predmet, belgi yoki miqdorga xos bo‘lgan umumiy (mavhum) ma’noni anglatadi. Olmosh bildiruvchi ma’no nutq jarayonida aniq yuzaga chiqadi. Ular o‘zi almashtiruvchi so‘z kabi morfologik jihatdan o‘zgaradi. Olmosh qaysi so‘z turkumi o‘rnida qo‘llansa, shu turkumga xos sintaktik vazifani bajaradi: O‘qituvchi darsga kirdi. U o‘quvchilar bilan salomlashdi. Olmoshlar o‘zidan oldin aniqlovchi talab qilmaydi: Hamma xursand va shod. U kitobni o‘qidi. Fe’llarning so‘z turkumlari sirasida birinchi o‘ringa chiqarilishi Leksemani guruhlashda til o‘zining yaxlit sistema ekanligini yana bir bor ta’kidlaydi. U turli sath – ma’noviy, morfologik, sintaktik, hatto fonetik vositadan ham katta iqtisod va yuksak samaradorlik bilan foydalanuvchi qurilma sanaladi. Tilning bosh iqtisodchilik omili shunda namoyon bo‘ladiki, bir narsa bilan biror narsani farqlar ekan, o‘zining asosiy farqlovchi vositasi bilan kifoyalanib qoladi va boshqa sathning vositasi bilan bu farqlanishni ortiqcha ta’kidlab turmaydi. Shuning uchun ot, sifat, son, fe’l kabi turkumni morfologik jihatdan farqlarkan (ya’ni buning har biriga ma’lum bir tasniflovchi kategoriya biriktirar ekan), bu turkumni qo‘shimcha ravishda ma’no va sintaktik jihatdan yana farqlashga kuch sarflab 70 o‘tirmaydi, aksincha, uni morfologik jihatdan keskin farqlab, ma’noviy hamda sintaktik jihatdan, aksincha, yaqinlashtiradi. So‘z turkumlari tasnifida fe’lning birinchi o‘ringa chiqarilishining ilmiy asosi shundaki, turkiy tillarda fe’lning gap qurilishidagi roli muhim. Fe’l hech qanday qo‘shimcha qabul qilmagan holda ham, gap bo‘lib kela oladi: O‘qi, Yoz va hk. So‘z-gaplar to‘plamining ajratilishi O‘zbek formal tilshunosligida so‘z-gaplarning mohiyati, turlari, ularning leksik materiali tavsifi, qo‘llanish xususiyatlari empirik asosda etarlicha o‘rganilgan. Shaklvazifaviy tilshunoslikda gapning eng kichik qurilish qolipi [WRm] sifatida talqin qilingach, ziddiyatli, izohtalab nuqtalarga ega bo‘lgan so‘z-gaplarga ham lison/nutq ixtilofi nuqtai nazaridan yondashish zarurligi ayon bo‘lib qoldi va har bir gapning til bosqichida o‘z qolipi mavjud bo‘lgani kabi, so‘z-gaplarning ham o‘ziga xos muayyan bir lisoniy qurilish qolipi bo‘lishi shart va zarurligi e’tirof etildi. Bo‘laklarga ajratilmaydigan gaplar yoki so‘z-gaplar umumiy atamasi ostida birlashtiriladigan gaplarning alohida belgilari mavjudki, ular shu belgilari bilan mustaqil so‘zlardan, yordamchi so‘zlardan, sodda yoxud qo‘shma gaplardan farq qiladi. Bular quyidagilar: 1) mustaqil holda gap bo‘la olish belgisi; 2) gap tarkibida shu gapning biror bo‘lagi bilan sintaktik aloqaga kirisha olmaslik belgisi; 3) o‘ziga xos g‘ayrioddiy ma’noga ega bo‘lish belgisi; 4)bog‘lamalar bilan birika olmasligi va shuning uchun mayl, zamon, shaxs/son shakllariga ega emaslik belgisi. So‘z-gaplar tasnifi. So‘z-gaplar o‘z ichida bir necha ma’noviy guruhga ajraladi: 1.Modallar. 2.Undovlar. 3.Tasdiq /inkor so‘zlar. 4.Taklif/ishora so‘zlar. Ayni paytda o‘zbek tilida so‘zlar uch katta guruhga bo‘linadi. Ushbu bo‘linishni mavjud darsliklarning aksariyatida uchratamiz: 1. Mustaqil so‘zlar: fe’l, ot, sifat, son, ravish, olmosh; 2. Yordamchi so‘zlar: ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama; 3. O‘zicha mustaqil so‘zlar (ayrim darsliklarda alohida olingan so‘zlar ham deyiladi) – taqlid so‘zlar, undov so‘zlar, modal so‘zlar. Oliy ta’lim uchun chiqarilgan mavjud ayrim darslik va qo‘llanmalarda so‘z turkumlari soni va tartibi quyidagicha beriladi: 1. Mustaqil so‘zlar: fe’l, ot, sifat, son, ravish, taqlid, olmosh 2. Yordamchi so‘zlar: ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama 3. Oraliq so‘zlar - so‘z-gaplar: modal so‘z-gaplar, undov so‘z-gaplar, tasdiqinkor so‘z-gaplar, taklif so‘z-gaplar. 71 Bu yerda so‘z turkumlarining soni 14 taga yetkazilgan. Maktab darsliklarida quyidagi tartib saqlanadi: 1. Mustaqil so‘zlar: fe’l, ot, sifat, son, ravish, olmosh; 2. Yordamchi so‘zlar: ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama; 3. Alohida olingan so‘zlar – taqlid so‘zlar, undov so‘zlar, modal so‘zlar, tasdiq va inkor so‘zlar. YA’ni bunda 13 ta guruh ajratiladi. Akademik litsey, kasb-hunur kolleji talabalari uchun chiqarilgan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili darsligida quyidagi tartib kuzatiladi: 1. Mustaqil so‘zlar: ot, sifat, son, olmosh, fe’l, ravish; 2. Yordamchi so‘zlar: ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama; 3. Alohida olingan so‘zlar – taqlid so‘zlar, undov so‘zlar, modal so‘zlar. Ya’ni bunda 12 ta guruh ajratilishi kuzatiladi. Ko‘rib o‘tilganidek, uzluksiz ta’lim bo‘g‘inlarida nafaqat so‘z turkumlari sonini ajratishda, balki mustaqil, nomustaqil guruhlariga kiritishda, o‘qitish tartibida ham tafovutlar ko‘zga tashlanadi. Foydalinilgan manbalar: 1. Eltazarov J. So‘z turkumlari haqidagi lingvistik nazariyalar. – Samarqand, 1996. – B. 118. 2. Ona tili. 7-sinf uchun darslik. N.Mahmudov va boshq. – T.: “Ma’naviyat”, 2009. –128 b. 3. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. A.Nurmonov, A.Sobirov va b. Akademik litsey, kasb-hunar kollejlarining 2-kursi uchun darslik. 2010-y