BADIIY ASARLARDAGI TOPONIMLARNING LINGVOMADANIY XUSUSIYATLARI
Full text
112 BADIIY ASARLARDAGI TOPONIMLARNING LINGVOMADANIY XUSUSIYATLARI Qurbonova Mohigul To‘raqul qizi Qarshi davlat universiteti Lingvistika (o‘zbek tili) 2-bosqich magistranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17441270 Annotatsiya: Hozirgi kunda o‘zbek tilshunosligida rivojlangan yo‘nalishlardan biri onomastika, ya’ni nomshunoslik sohasi hisoblanadi. So‘nggi yillarda tilshunoslikning boshqa birliklari singari onomastik birliklarini ham antroposentrik nuqtayi nazardan o‘rganish keng tus olmoqda. Ushbu maqolada onomastik birliklarning eng keng tarqalgan turlaridan biri hisoblangan toponimlar, xususan badiiy asarlardagi toponimlarni lingvomadaniy jihatdan tadqiq etishga doir fikrlar bildirildi. Maqolada Said Ahmadning “Ufq” romanida uchraydigan toponimlar obyekt sifatida tanlab olindi. Kalit so‘zlar: onomastika, antroponimika, toponimika, badiiy matn, badiiy uslub, toponim, gidronim, realiya, milliy mentallik, lingvomadaniy aspekt. Abstract. Currently, one of the developing branches of Uzbek linguistics is onomastics, that is, the science of names. In recent years, onomastic units, like other linguistic units, have been increasingly studied from an anthropocentric point of view. This article presents reflections on the linguocultural study of toponyms - one of the most common types of onomastic units, in particular, toponyms found in literary works. The object of the research is the toponyms used in Said Ahmad's novel "Horizon." Keywords: onomastics, anthroponymy, toponymy, literary text, literary style, toponym, hydronym, reality, national mentality, linguocultural aspect. O‘tgan asrning 60-yillaridan o‘zbek tilshunosligida ko‘plab yangi tarmoqlar ko‘zga tashlana boshladi. Shulardan biri tilshunoslikning tildagi har qanday atoqli otlarni o‘z tadqiqot obyekti sifatida belgilab olgan onomastika sohasi hisoblanadi. Hozirgi kunga qadar o‘zbek onomastikasining antroponimika, toponimika, etnonimika kabi yo‘nalishlariga doir ko‘plab tadqiqot ishlari olib borildi. Shuningdek, nomlarga endilikda shunchaki atoqli ot sifatida emas, balki, ularni millatning tarixi, uning milliy-madaniy qadriyatlarini o‘zida aks ettiruvchi birliklar sifatida baholash keng tus oldi. Bu esa onomastik birliklarni yangi tilshunoslik sohalari bo‘lgan sotsiolingvistika, lingvokulturologiya, pragmalingvistka sohalari nuqtayi nazaridan tadqiq etish zaruratini tug‘diradi. Nomlarni lingvokulturologik jihatdan o‘rganish haqida so‘z borar ekan, avvalo shuni ta’kidlash kerakki, har qanday nom o‘zida xalqning milliy madaniyatini, ma’naviyatini, uning etnik kelib chiqishini ko‘rsatadigan milliy realiyalardir. Onomastik birliklar ichida keng tarqalgan turlaridan biri bu toponimlardir. Toponimlar joy nomlari hisoblanib, insonlar tomonidan bir joyni ikkinchisidan, bir jilg‘ani boshqa bir jilg‘adan, shahar va qishloqlarni bir-birlaridan farqlash uchun o‘ylab topilgan nomlar hisoblanadi. Toponim yunoncha topos-joy va onoma-nom
113 so‘zlaridan tashkil topgan. Toponimlar qanday obyektni nomlashiga ko‘ra bir necha turga bo‘linadi. Bular: gidronimlar – daryo, ko‘l, dengiz, soy, kanal kabi suv havzalari nomlari; oronimlar – tog‘, cho‘qqi, qir, vodiy, tekisliklar nomlari; oykonimlar – turar-joy nomlari; polinim yoki urbanonimlar – qishloq va shahar nomlari (1; 5). Toponimlar xalqning tarixi, kelib chiqishi, milliy mentalligi, qadriyatlarini o‘zida aks ettirgan birliklar bo‘lganligi uchun ham ahamiyatli hisoblanadi. Xususan, badiiy asarlarda qo‘llanadigan joy nomlari ham asar mazmunida g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Badiiy matnlardagi toponimlar yozuvchi badiiy uslubini aks ettirishi bilan birgalikda badiiy asar tilini tushunishda yordamchi vosita bo‘lib xizmat qiladi. Bu xususda tilshunos E.Qilichev shunday deydi: “Badiiy asar tilidagi geografik joy nomlarini o‘rganish, avvalo, toponimika ilmini rivojlantirish uchun muhim bo‘lsa, so‘ngra yozuvchi uslubini belgilash uchun ham ahamiyatlidir” (2; 6263). Shuningdek, badiiy asarlarda qo‘llangan onomastik birliklarni, xususan, toponimlarni lingvomadaniy jihatdan tahlil qilish ham hozirgi tilshunosligimizdagi dolzarb masalalardan biri deb aytish mumkin. Toponimlarni bu yo‘nalishda tadqiq etish badiiy asarlarda tasvirlangan hududlarning tarixiy-madaniy manzarasini, kelib chiqishini, xalqimizning joylarni nomlash bo‘yicha milliy an’ana va qadriyatlarini o‘rganish imkonini beradi. Zero, toponimlarni lingvokulturologik aspektda o‘rgangan tilshunos olim L. Davletqulovaning fikriga ko‘ra, “har bir hudud xalq mentaliteti va madaniyatining qaysidir ma’noda “berkinib yotgan” xususiyatlarini saqlaydigan o‘ziga xos topomakondir” (3; 5). Quyida o‘zbek adabiyotida yorqin iz qoldirgan asarlardan biri hisoblangan Said Ahmad qalamiga mansub “Ufq” romanida qo‘llangan bir necha toponimlarning lingvomadaniy xususiyatlariga to‘xtalib o‘tamiz. Bilamizki, ushbu asar Ikkinchi jahon urushi, undan oldingi va keyingi yillardagi xalqimiz hayotini yoritib bergan chinakam o‘zbekona asardir. Asar voqealari, asosan, Farg‘ona vodiysi hududlarida bo‘lib o‘tgan voqealarni yoritgan. Shunga ko‘ra asardagi toponimlar guruhiga mansub atoqli otlar quyidagilardir: Shahar, qishloq, guzar kabi aholi yashash punktlari nomlari: Zirillama, Zarkent, Yakkatut, Eshonto‘pi, Quva, Marg‘ilon, Qoratepa, Shahrixon, Haqqulobod, Kuyganyor, Uchqo‘rg‘on, Mirobod, Nayman, Chinobod, Poytuq, To‘rtko‘l, Chuvama, Maygir, Tolquduq, Buloqboshi, Asaka, Ketmontepa, Qoryog‘di, Tuyachi, Kampirrovot, Jalaquduq, Xarko‘p, Dardaq, Oltiariq, Chorterak va boshqalar; Suv havzalari nomlari (gidronimlar): Norin, Qoradaryo, Qipchoq ariq, Log‘on kanali, Ulug‘nor, Moyli suv, Oktyabr arig‘i, Siza arig‘i, Maylisoy,
114 Uchqo‘rg‘on to‘g‘oni, Lug‘umbek sharsharasi, Kuyganyor to‘g‘oni, Qapchig‘ay to‘g‘oni va boshqalar. Odatda badiiy asarlarda qo‘llangan toponimlarni shartli ravishda ikki turga bo‘lib o‘rganiladi: 1) real toponimlar; 2) shartli (to‘qima) toponimlar (4; 124). Toponimlarning har ikki turi ham asarlarda o‘ziga xos g‘oyaviy-badiiy maqsadlarni namoyon etishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu birliklar o‘zida milliy va madaniy kodlarni saqlagan lingvokulturoligik birliklar sifatida ham ahamiyatli. Masalan, xalq orasida “Onangni Uchqorg‘ondan ko‘rasan” degan ibora mavjud bo‘lib, odatda, bu gap yoshi katta kishilar tomonidan biror qiyin yumushni bajarishga otlangan kishini ogoh etish uchun aytib o‘tiladi. “Ufq” romanida aynan shu iboraning xalq orasida qanday paydo bo‘lganligi to‘grisida rivoyat keltirib o‘tilgan: “Ketmontepadan bu yog‘iga Norin daryosi ming burilishlardan o‘tib, ming bir pastliklarga bosh urib, ko‘pirib, quturib keladi. Nihoyat, Uchqo‘rg‘onga kelib holdan toyadi, yuvosh bo‘lib qoladi. Ketmontepada bir kampir Noringa tushib ketgan ekan. Bolalari qirg‘oq bo‘ylab chirqillab, uni qidirib yurishganda bir chol shunday deydi: - Bolam, onangni endi Uchqo‘rg‘onda ko‘rasan. Xalq orasida yurgan “Onangni Uchqo‘rg‘onda ko‘rasan” degan gap o‘shandan qolgan” (5; 140). Boshqa bir misolda esa hozirgi Andijon viloyatida joylashgan Kuyganyor tumanining kelib chiqish tarixiga doir rivoyatlarni ko‘rishimiz mumkin: “Kuyganyor to‘g‘risida ajoyib afsona ham to‘qiganlar. Bir qipchoq yigiti oqyorlik Oyjamol degan qizga oshiq bo‘lib ishqida kuyib-yonadi. Yigit qipchoq urug‘idan bo‘lganidan qizning ota-onalari rozilik berishmaydi. Yigit Oyjamol ishqida o‘zini yondiradi. Ana shuning uchun ham bu yerning nomini o‘sha yigit tufayli Kuyganyor deb atashgan. Kuyganyor qishlog‘ining biqinida Oyjamol degan qishloq ham bor” (5;51). Shuningdek, ushbu joyni dastavval Kuygan jar deb nomlanib keyinchalik jar so‘zi yor so‘zi almashib ketganligi to‘g‘risida ham yoziladi: “Kuyganyor qishlog‘idan Qoradaryo o‘tadi. Daryo o‘pirgan qirg‘oqlar sonsiz jarliklar hosil qilgan. Unda ot mingan kishini ham ko‘rsatmaydigan qamishlar o‘sadi. Har yili bahorda sholikor dehqonlar jarliklardagi qamishlarni kuydirib sholipoya ochadilar. Ana shundan qishloqning nomi “Kuygan jar” deb atalgan. Turkiy tillarda jar so‘zi ko‘pincha yor so‘zi bilan almashadi. Andijon taraflardagi Yorboshi, Oqyor qishloqlarining nomlari ham aslida jar boshi, oqjar ma’nosini anglatadi. Ammo kuyganyorliklar o‘z oyjamollari, o‘z kuygan yorlarini faxr bilan tilga oladilar” (5;52). Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tish kerakki, badiiy asarlarda qo‘llangan atoqli otlar, xususan, toponimlar xalqimizning turmush tarzi, an’analari, tarixiy xotirasi va milliy tafakkurini o‘zida aks ettirishga xizmat qiladigan va ularni kelgusi avlodlar uchun meros qilib qoldiradigan muhim manbalar hisoblanadi. Ularni
115 tilshunoslikning turli yo‘nalishlarida o‘rganish ularning qimmatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Qorayev S. Toponimika. O‘quv qo‘llanma. – Toshkent: O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyot, 2006. – B.5. 2. Қиличев Э. Бадиий тасвирнинг лексик воситалари. – Тошкент: Фан, 1982. – Б.62-63. 3. Давлеткулова Л. Н. Топонимы в лингвокультурологические аспекте (на примере Оксфордшир и Челябинской области): Канд. дисс. фил. наук. –Челябинск, 2014. – С. 5. 4. Анданиёзова Д. Бадиий матнда ономастик бирликлар лингвопоэтикаси: Филол. фан. фалс. док …дисс. – Тошкент, 2017. – Б.124. 5. Саид Аҳмад. Уфқ. – Тошкент, 1976. – Б.51; 52; 140.