scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

"BUYUK TURON AMIRI YOXUD AQL VA QILICH" ASARIDAGI ANTROPONIMLAR TAVSIFI

Jumayeva Sevara

Full text

153 “BUYUK TURON AMIRI YOXUD AQL VA QILICH” ASARIDAGI ANTROPONIMLAR TAVSIFI Jumayeva Sevara, Qarshi DU, Lingvistika (oʻzbek tili) yoʻnalishi magistranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17441395 Annotatsiya. Ushbu maqolada Nurali Qobul qalamiga mansub “Temuriylar epopeyasi”ning birinchi kitobi “Buyuk Turon amiri yoxud aql va qilich” deb nomlangan romanidagi antroponimlarning tasnifi va talqini beriladi. Kalit so‘zlar: antroponim, antroponimika, onomastika, “Temuriylar epopeyasi”, Amir Temur, tarixiy roman, Bibixonim. Abstract. This article presents the classification and interpretation of anthroponyms in the novel “Buyuk Turon amiri yoxud aql va qilich”, the first book of the “Temuriylar epopeyasi” by Nurali Qabul. Keywords: anthroponym, anthroponymics, onomastics, “The Epic of the Temurids”, Amir Temur, historical novel, Bibikhanim. Antroponim asli grekcha soʻz boʻlib, antro – odam+onim, ya’ni kishilarga berilgan atoqli otlardir. Fanda antroponimlarni tilshunoslikning yirik boʻlimlaridan biri onomastikada oʻrganiladi. Kishilarga ism-familiya, laqablar qoʻyilishi ijtimoiymadaniy ta’sirlar, qadimda esa turli urugʻ, qabila va joy nomlari bilan bogʻliq holda boʻlishi mumkin. O‘zbek tilshunosligida antroponimika bo‘yicha bir qancha ilmiy tadqiqot ishlari olib borilgan bo‘lib, ularga E.A.Begmatovning “O‘zbek tili antroponimikasi” mavzusidagi dissertatsiya ishi asos vazifasini o‘tagan. E.Begmatov nomzodlik dissertatsiyasidan so‘ng ham mavzuga doir bir qancha ilmiy asarlar chop ettirgan . “O‘zbek antroponimikasining asoschisi, hech shubhasiz, E.A.Begmatov sanaladi” – deb hisoblaydi professor B.Yoʻldoshev. Biz ushbu maqolada Nurali Qobul qalamiga mansub “Temuriylar epopeyasi”ning 1-kitobi “Buyuk Turon amiri yoxud aql va qilich” deb nomlangan romandagi antroponimlarni tahlil qilishni maqsad qilib oldik. Bu asar buyuk va jasur ajdodimiz Sohibqiron Amir Temurning hayot yoʻli davomida yogʻiylar bilan tinimsiz jang-u jadallar olib borgani, oqil va adolatli sarkarda boʻlib, oʻz yurtida tinchlik va farovonlikni oʻrnatgani xususida voqealar aks etadi. Quyida mazkur asarda keltirilgan antroponimlarning tasnifini berib oʻtamiz. 1. Amir Temur. Amir (ar.) – hokim, hukmdor, yoʻlboshchi – Buxoroda va baʼzi musulmon mamlakatlarida: xonlik, podsholik unvoni hamda shu unvon egasi. Temur (oʻz.) – temirdek mustahkam irodali, mahkam, ya’ni balo qazolarga bardoshli, umri uzoq bola. Asarda bu ism qoʻyilishi bilan bogʻliq ma’lumotlar 154 beriladi: Otasi Muhammad Taragʻay farzandiga ism qoʻyishni ustozi shayx Shamsiddinga topshiradi. Shunda shayx Shamsiddin aytadiki: – Men Qur’onning oltmish yettinchi “Al-Mulk” surasini oʻqib oʻtirgan edim. Olloh taoloning amri ila va dunyoga kelgan oʻgʻlonning ismi Temur, Temurbek boʻlsun! Doimo Ollohning yoʻlida sadoqatli, Haq ishiga sidqidil bel bogʻlasun!... 1. Jaloliddin (ar.) – dinning ulugʻvorligi, shavkati, shukuhi, dinning buyukligi yoki dinning ulugʻ, shavkatli farzandi. Manguberdi (oʻz.) – umrini uzoq qilib berilgan bola, manguga berilgan boʻlsin. Asarda Jaloliliddin Manguberdi haqiqatan shavkatli, yuksak or-nomus egasi, yengilishni tan olmaydigan jasur yurak sohibi ekanligi bu ismning toʻgʻri tanlab qoʻyilganiga dalildir: – Jaloliddin Manguberdi chap qoʻli bilan ot jilovini ushlagancha suzib borar, oʻng qoʻlidagi bayroq dolgʻalanardi. 2. Oychechakbibi (oʻz.) – oydek va chechak (gul) dek chiroyli qiz. Asarda turkman xonimi deya atalgan Oychechakbibi Jaloliddin Manguberdining onasi obrazida beriladi: – Onasi malika Oychechakbibining soʻzlaridan soʻng uning quloqlari tom bitdi. 3. Chingizxon (moʻgʻ.) – buyuk, qudratli xon. Asarda Chingizxonga nisbatan ajalning oʻqi, qari tulki, mushuk sifat koʻppak degan laqablar ham qoʻllanilgan: – Chingizxon ona shahrini jon-jahdi ila himoya qilayotgan buxoroliklarni buxoroliklar qoʻli ila boʻgʻizlayotgan edi. 4. Takinaxotun, Teginabegim (oʻz.) – malika, shoh avlodiga mansub qiz. Tegina Mohbegim (taxminan 1318 – 1353, hozirgi Shahrisabz) – Amir Temurning onasi. Amir Muhammad Taragʻayning xotini. Yozuvchi asarida Takinabegimning tabiatan ziyrak, oqila, tadbirkor, gapga chechan, adolatli va yuksak mehrmuhabbatga toʻla fozila ayol siymosini badiiy-estetik boʻyoqlar bilan mohirona ochib beradi: – Takinabegimning bu iliq va allalovchi soʻzlari ular ruhiyatidagi holatga shu qadar mos ediki, onasi yana biroz shu ohangda soʻylasa, Temurning ichidan toʻlibtoshgan bir yigʻi otilib chiqadigandek edi. 5. Hojibek Barlos (oʻz.) – mard, botir, sarkarda. Barlos – o‘zbek xalqi tarkibiga kirgan qabila nomi. Asarda Amir Temurning amakisi obrazida keladi: – Toki, siz mening bir qorindan talashib tushgan akam Hojibek Barlos ila oramizda boʻlib oʻtgan voqealarni har kimdan eshitib hayron boʻlib yurmang, – deya oʻgʻlining dilidagi savolga javob bermoqqa kirishdi amir Muhammad. 6. Turmushogʻo. Turmush (oʻz.) – turuvchi, yashab ketadigan, oʻlmaydigan bola. Ogʻo – bu soʻz asosan turkiy xalqlar, jumladan, oʻzbeklar orasida uchraydigan 155 madaniy-lingvistik hodisa sanalib, kishilarni ulugʻlash va hurmatlash mazmunida qoʻllanilgan: – Temurbek oʻn toʻqqiz yoshida Chagʻuy barlosning qizi Turmushogʻoga uylandi. 7. Oʻljoy Turkonogʻo. O‘ljoy – topib olingan boylik, davlatimiz bo‘lgan qiz, Allohning tuhfasi, sovg‘asi: – Temurning xotinlari ichida qilichbozi va chavandozlardek ot choptira biladigani Oʻljoy Turkonogʻo edi. 8. Bibixonim (asl ismi Saroymulkxonim) (1341 – 1408) – Amir Temurning katta xotini, Chigʻatoy ulusi xoni – Qozonxonning qizi. Dastlab Amir Qazagʻonning nabirasi – Xusayn ibn Musallabga (1355), keyin (Xusayn qatl etilgach) Amir Temurga nikohlangan (1370). Shu bilan Amir Temur Koʻragon unvoniga musharraf boʻladi. Zotan xon avlodiga mansub Saroymulkxonim haramdagi barcha malikalardan ulugʻ hisoblanib, “Kattaxonim” yoxud “Bibixonim” degan unvonga noil boʻladi: – Amir Temur shu soʻzlarni aytarkan, ovozlari titrab, nigohlari mahzun tortganini Saroymulkxonim bir qarashda ilgʻadi. 9. Shayx Shamsiddin. Shayx – musulmon ruhoniylarining oliy vakili. Shamsiddin (ar.) – dinning quyoshi, nuri, yogʻdusi: – Juma namozidan soʻng Amir Taragʻayga ergashgan shayx Shamsiddin masjiddan chiqishda oʻqiladigan duoni past ovozda takrorlar edi. 10. Amir Husayn (ar.) –qar.ismning eq.shakli bo’lib yaxshi, mehribon, saxiy; chiroyli, go’zal ma’nolarini anglatadi. Asarda Amir Husayn – Amir Temurning xotini Oʻljoy Turkonbegimning akasi – oʻz foydasi yoʻlida dushman deb bilganlariga ham doʻst tutinadigan, hiylakor, bergan va’dasida turmaydigan va uzoqni koʻzlay bilmaydigan obraz egasi: – Amir Husayn shu atrofdagi qal’alardan biriga borib yashirindi va Yasovuriy bilan Temurga chopar yubordi. Mazkur tarixiy romanda turli xalqlar hukmdorlari, xonlar, lashkarboshilar, oʻnboshilar, yuzboshilar, mingboshilar, saroy xizmatchilari-yu darveshlarning ham ismlari berilgan: Toʻgʻluqtemur, Bayonsulduz, amir Kulol, amir Qazagʻan, Toʻxtaxon, amir Yohmoq, Ilyosxoʻja, Ergashetana, Oʻtkuntegin baxshi, Hojibek oʻtogʻa, Akmal darvesh, Nurbek navkar va boshqalar. Quyida ayrim jangchi sarkarda ismlarining izohiga toʻxtab oʻtamiz: – Qutbiddin (ar.) – dinning qutbi, markazi; dinning asosi, tayanchi. – Shahobiddin (ar.) – dinning nuri, yogʻdusi yoki dinning nurli farzandi, 156 – Muhammad Xorazmshoh. Muhammad (ar.) – maqtovga, olqishga sazovor. Xorazmshoh – Xorazm davlati hukmdori. – Abulmuzaffar (ar.) – yengilmas, gʻolibning otasi. – Arslonxon (oʻz.) – sher, yoʻlbars; kuchli, qudratli, dovyurak. – Suyunchixon (oʻz.) – sevinch, baxtiyorlik boisdan qoʻyilgan bola yoki otaonasining suyanchi, tayanchi. – Inonchixon (oʻz.) – ishonish, umidlanish ya’ni bolaning yashab ketishiga umid bogʻlash. – Ixtiyoriddin (ar.) – dinning saralangan kishisi, dinning mumtoz farzandi yoki dinning irodasi, xohishi. – Rukniddin (ar.) – dinning tayanchi, suyanchi yoki oliy nav tillodek qimmatli, bebaho. – Badriddin (ar.) – aynan dinning toʻlin oyi, yoki din nuri, mash’ali, dinning goʻzal farzandi. – Mahmud yalavoch. Mahmud (ar.) – maqtalgan, maqtovga sazovor, dongdor, atoqli. Yalavoch – Chingizxon tomonidan Muhammad Xorazmshoh huzuriga elchi boʻlib kelganligi uchun yalavoch (elchi) laqabi bilan mashhur. – Ulugʻbek (oʻz.) – buyuk hukmron, buyuk sulton yoki beklarning eng ulugʻi, sardori Tarixiy roman boʻlmish bu asarda Amir Temur oʻz ajdodlarining shajarasini otasiga qoyilmaqom tarzda aytib beradi: – Turkxondan soʻng Shamarxon, – oʻz avlodi shajarasini yoddan ayta boshladi Temur. – Qoraxon, Ilyosxon, Qayonxon, Temirtoshxon, Oftobxon, Oyxon, Linguxon, Chubinaxon, Poyonsulton, Anquxon, Buqaxon, Dutummanixon, Qayduxon, Boʻysunturxon, Tumgʻaxon, Qobulxon, Bartonxon, Tarbonxon, Qojuvli, Bahodirxon, Irimchi Zalosxon, Amir Sugʻuchin, Qorachar Nuyon, Injalxon, sizning katta bobongiz Ilangiz Bahodir, mening katta otam Barqul Bahodir va siz – qiblagohim Muhammad Taragʻay Bahodir, men kim Temur Muhammad Taragʻay oʻgʻli. Mazkur asarda qadimgi urugʻ, qabila va joy nomlari bilan bogʻliq antroponimlar ham koʻplab uchraydi: Qutbiddin Oʻzluqshoh, Ilonchuq qipchoq, Muhammad an-Nasaviy, Hojibek Barlos, Kamolxoʻjandiy, amir Muayyat Arlot, amir Boyazid jaloyir, sulton Muhammad Oʻzbak, Tukan qoʻngʻirot, amir Saribugʻa qipchoq, shayx Ali Badaxshoniy, Xurdak Buxoriy. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. E.A.Begmatov. Oʻzbek ismlari ma’nosi. – Toshkent: OʻzME, 2010. 2. N.Qobul. Buyuk Turon Amiri yoxud aql va qilich. T.:“IJOD-PRESS”, 2015. 3.https://ismlar.com. 4.https://izoh.uz. 5.https://uz.wiktionary.org.