Full text
200 “FIRDAVS UL-IQBOL” ASARIDA OGAHIYNING FORSIY VA ARABIY SO‘ZLARDAN FOYDALANISH MAHORATI Botirova Alfiya Zikir qizi Iqtisodiyot va pedagogika universiteti o‘qituvchisi DOI: Annotatsiya: Ushbu maqolada XIX asrning yirik tarixnavis shoiri va nasr ustasi Muhammad Rizo Ogahiyning “Firdavs ul-iqbol” asarida forsiy va arabiy so‘zlardan foydalanish mahorati tahlil qilingan. Asarda qo‘llangan forsiy va arabiy so‘zlarning grammatik, semantik hamda uslubiy xususiyatlari o‘rganilib, ular muallifning badiiy ifoda uslubini boyitishdagi o‘rni yoritilgan. Tadqiqot davomida Ogahiy o‘z davrining adabiy an’analariga sodiq holda, fors va arab tillaridan kirib kelgan so‘zlarni nafaqat tarixiy voqealarni tasvirlashda, balki badiiy-estetik ta’sirni kuchaytirish, matnga ohangdorlik va tantanavorlik baxsh etishda mahorat bilan qo‘llaganligi ko‘rsatib berilgan. Maqolada shuningdek, “Firdavs ul-iqbol”dagi arabcha diniy-atvorli so‘zlar va forscha saroy-idoraviy, ma’naviy-axloqiy terminlarning uslubiy vazifasi ham tahlil etiladi.. Kalit so‘zlar: Ogahiy, Firdavs ul-iqbol, forsiy so‘zlar, arabiy so‘zlar, leksik qatlam, uslub, badiiy til, tarixiy asar. XIX asr o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy o‘zining “Firdavs ul-iqbol” asari bilan nafaqat tarixnavislik, balki badiiy nasr tilining ham yuksak namunalarini yaratdi. Asar o‘z davrining siyosiy-ijtimoiy hayotini yoritish bilan birga, muallifning til boyligi, forsiy va arabiy so‘zlardan mohirona foydalanish mahoratini ham yaqqol ko‘rsatadi. Ogahiy tarixiy asarlarida juda ko‘p miqdorda arabcha+forscha, forscha+turkiy, forcha+arabcha tarkibli so‘zlar ishlatilgan yoki ijod qilingan. Butun eski o‘zbek adabiy tilida bo‘lgani kabi Ogahiy tarixiy asarlaridagi fors va arabiy o‘zlashmalar asosan poetik leksika hisobiga ortgan. “Firdavs ul-iqbol” asari o‘zbek tilida yozilgan bo‘lsa-da, unda forsiy va arabiy so‘zlar muhim o‘rin tutadi. Bu hol o‘sha davr adabiy til an’analariga xos bo‘lib, Ogahiy mazkur unsurlardan badiiy, ma’naviy va uslubiy maqsadlarda foydalanadi. Arabiy so‘zlar asosan diniy, axloqiy, ilmiy tushunchalarni ifodalash uchun xizmat qilsa, forsiy so‘zlar badiiylik, tasviriylik, ohangdorlikni kuchaytiradi. Arabiy so‘zlar Ogahiy asarida ilmiy, tarixiy, diniy terminlarni ifodalashda qo‘llanadi. Ular asarning ilmiy-tarixiy ohangini kuchaytiradi:“Hazrat xoqoni a’zam va sultoni olam al-muxtas bi inoyot al-malik al-mustaon Abu-l-muzaffar val-mansur Abu –l-fath Eltuzar Muhammad Bahodirxon xaladdallohu mulkahu va sultanahu ba afoza alalolamin barrohu ba ehsonahuning zoti xujastabsifoti inoyoti ilohiy bila orasta va fazoili nomutanohiy bila piyrosta bo‘lib, salotini oliymaqom va xavoqini gardunihtishomdin mumtozdir””(Firdavs ul-iqbol, 36-bet)Bu jumlada “Hazrat”,“a’zam”,“sultoni”, “al-muxtas bi inoyot”, “al-malik al-mustaon”,“Abu-l-
201 muzaffar val-mansur”, “Abu–l-fath”,“xaladdallohu mulkahu va sultanahu”,“ba afoza alalolamin”,“barrohu”,“ehsonahu”,“inoyoti ilohiy’’, “salotini” kabi arabiy unsurlar islomiy-huquqiy mazmunni aniqlashtirgan. “Xoqoni”, “olam”, “Bahodirxon”, “xujasta”, “sifat”, “orasta”, “piyrosta”, “fazoil”, “oliymaqom”, “gardunihtishom”, “mumtoz” kabi mazkur so‘zlarning turli ma'no qirralari kashf etilishi, jilolanishi vositasida muallifning ijodiy salohiyati mahsuli sifatida o‘zlashmalar asosida yasalgan leksik birliklar o‘zbek adabiy tilining boyishida muhim o‘ringa ega bo‘lgan. Shu bilan birga ba’zi iboralar forscha va arabcha unsurlar aralash holda ishlatilgan: inoyoti ilohiy — inoyat (arabcha), ilohiy (arabcha, ammo fors tilida sifat yasovchi qo‘shimcha bilan ishlatilgan), fazoili nomutanohiy — fazilat (arabcha), nomutanohiy (forsiy qo‘shimchali shakl), oliymaqom — oliy (arabcha), maqom (arabcha), ammo fors uslubida birikkan ibora bo‘lgan so‘zlardan foydalangan. Ogahiy har uch til, ya'ni arab, fors, o‘zbek tilining sinonim so‘zlaridan foydalanib ma’nodosh so‘zlar tizimini shakllantirgan ya’ni xoqoni (forsiy), sultoni (arabiy), hazrat (arabiy) ma’nodosh so‘zlari bir o'rinda qo‘llanib asarning badiiy qiymatini oshirgan. Shuningdek, Ogahiy arabiy so‘zlarni balog‘at san’atlari bilan uyg‘unlashtirib, ularni ibora darajasiga ko‘targan:“Haqq taolo fazlu karam ila raiyatga rahmat qildi.” Bu kabi jumlalar arabiy so‘zlarning diniy-axloqiy rangini saqlagan holda, ma’nodagi jiddiyat va ehtiromni ifodalaydi. Forsiy tildan kirib kelgan so‘zlar, iboralar Ogahiyning tilida shoirona ohang va uslubiy nafislik yaratadi. Ular ko‘pincha sifat, tashbeh va tamsil yaratishda qo‘llanadi. Masalan: “Bazm arosta, mayxona gulshan misoli ziynat topgan, har so‘taraf sabza va gul bilan muzayyan edi.” (Firdavs ul-iqbol, 56-bet). Bu parçhada “bazm”, “mayxona”, “gulshan”, “ziynat”, “muzayyan” kabi forsiy so‘zlar tasviriylik va musiqiylikni kuchaytirgan. Ogahiy forsiy tarkibiy birikmalarni (masalan, dilnavoz so‘z, jamoli jahon, gulrux yor) qo‘llab, o‘z nasriga she’riy tildagi noziklikni olib kiradi. Ogahiy uslubining o‘ziga xos jihati — bu ikki qatlamni sun’iyliksiz, tabiiy tarzda uyg‘unlashtira bilishidadir. Masalan:“Sulton hazratlari adl va insof bilan mamlakatni obod qildi, har bir raiyat ro‘zg‘ori saodat va iqbol topdi.” (Firdavs uliqbol, 89-bet) Bu jumlada “adl” (arabiy), “saodat”, “iqbol” (forsiy) so‘zlari o‘zbekcha “ro‘zg‘or”, “obod qildi” so‘zlari bilan uyg‘unlashib, mazmuniy hamda ohangdor birlik hosil qilgan. Ogahiyning forsiy va arabiy so‘zlardan foydalanish uslubi quyidagi jihatlar bilan ajralib turadi. Ma’no qatlamini boyitish: har bir o‘zlashma so‘z o‘zbekcha muqobilini
202 takrorlamaydi, balki yangi semantik rang olib kiradi. Uslubiy go‘zallik yaratish: forsiy so‘zlar orqali she’riy ohang, arabiy so‘zlar orqali jiddiylik va ulug‘vorlik yaratiladi. Davr ruhini ifodalash: o‘sha davr Buxoro va Xiva madaniy muhitida forsiy va arabiy tillarning nufuzi yuqori bo‘lgan va Ogahiy bu muhitni o‘z uslubida aks ettirgan. Xulosa. “Firdavs ul-iqbol” asari tili Ogahiyning ko‘p qatlamli, madaniy va badiiy tafakkurini aks ettiradi. Muallif forsiy va arabiy so‘zlardan nafaqat leksik boylik sifatida, balki badiiy vosita sifatida foydalanadi. Bu orqali u o‘zbek nasrini yangi bosqichga ko‘targan, tarixiy asarga adabiy nafislik baxsh etgan. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Ogahiy M.R. Firdavs ul-iqbol. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2010. 2. Yo‘ldoshev Q. O‘zbek adabiy tili tarixi. – Toshkent: O‘qituvchi, 1998. 3. Rasulov R. Xiva adabiy muhiti va Ogahiy ijodi. – Urganch, 2005. 4. Oripov A. Ogahiy nasrining leksik xususiyatlari. – Samarqand, 2011. 5. Qodirov S. Sharq adabiyotida arabiy-forsiy unsurlar tahlili. – Toshkent, 2018.