ZAMONAVIY JAMIYATDAGI ETNOMADANIY O'ZGARISHLAR VA ULARNING MILLIY TURMUSH TARZIGA TA'SIRI
Full text
85 ZAMONAVIY JAMIYATDAGI ETNOMADANIY O‘ZGARISHLAR VA ULARNING MILLIY TURMUSH TARZIGA TA’SIRI Boymurodov Zohid Shokirovich, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), Xalqaro innovatsion universitet Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17444978 Annotatsiya. Maqolada zamonaviy jamiyatda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-madaniy o‘zgarishlar va ularning milliy turmush tarziga ta’siri bilan bog‘liq fikr-mulohazalar bildirilgan. Etnomadaniyat tarkibiy-funksional o‘zgarishlari, ommaviy madaniyat keng yoyilishi va uning ziddiyatli ta’siri o‘rganilgan. Kalit so‘zlar: Globallashuv, ommaviy madaniyat, madaniyat, milliy madaniyat, milliy turmush tarzi, elitar madaniyat. Globallashuv jarayoni nafaqat iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy jaranyolarning, balki milliy madaniyatlarning yanada yaqinlashuvi, boyishi, tarkibiy tuzilishining o‘zgarishiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlardagi o‘zgarishlarni ko‘rish, sezish va his qilish mumkin. Lekin ijtimoiymadaniy jarayonlardagi o‘zgarishlarni ko‘rish ham, sezish ham ancha mushkul, ayniqsa, g‘arb ommaviy madaniyatining etnomadaniyatlarga ta’sir ko‘rsatishi va uning tarkibiga singib borishini darhol aniqlash bir muncha mushkul. Shu boisdan ham ijtimoiy-madaniy jarayondagi o‘zgarishlarni xushyorlik bilan kuzatib borish, globallashuv jarayonining etnomadaniyatlarning mazmuni va tarkibiy tuzilishiga ko‘rsatadigan ta’sirini nazardan qochirmaslik kerak. Etnomadaniyatning shakllanishi, rivojlanishi va boyib borish jarayoniga nazar tashlansa, u vaqtlar o‘tishi bilan har bir davr ruhiyati, ya’ni zamona zayli bilan o‘zining tarkibiy tuzilishini doimo o‘zgartirib borishini ko‘ramiz. Etnik madaniyat – bu umumjamiyat madaniyatidir. Uning tarkibini nafaqat xalqning azaldan shakllangan elitar va avom madaniyati, balki, bugungi kunda milliy madaniyatlarning jonkuyarlari tomonidan inkor qilinayotgan zamonaviy “ommaviy madaniyat” ham tashkil etadi. Etnomadaniyat eng avvalo ishlab chiqarish munosabatlaridagi o‘zgarishlar, shuningdek, yonma-yon yashovchi boshqa etnik madaniyatlarning ta’siri ostida shaklan va mazmuna boyib boradi. Elitar madaniyat jamiyatdagi ilg‘or tafakkurga ega bo‘lgan kishilar tomonidan yaratiladi va o‘zlashtiriladi. Etnomadaniyatning ikkinchi ko‘rinishi – bu ommaning, avomning madaniyati, yuqori tabaqa vakillarining ta’biri bilan aytganda “tuban” madaniyatdir. Oddiy xalq ichidan yetishib chiqqan, xalqning dard-alamlarini tushunib yetadigan, ularning orzu-
86 armonlarini, ruhiy kechinmalarini o‘zining boshidan kechirgan ijodkorlar tomonidan yaratiladigan madaniyat ommaning, ya’ni avomning madaniyati, deb yuritilgan. Etnomadaniyatning tarkibini tashkil qiluvchi ommaviy madaniyat bilan milliy madaniyatlarni deformatsiya qilishga, millatsizlantirishga qaratilgan “ommaviy madaniyat” tushunchalari o‘rtasida juda katta farq mavjudligini ham unutmaslik zarur.. Bugungi kunda etnomadaniyatning tarkibiy qismidan o‘rin egallashga harakat qilayotgan zamonaviy ommaviy madaniyatning tarkibiy tuzilishiga chuqurroq nazar tashlansa, zamonaviy ommaviy madaniyatning ayrim ko‘rinishlari xalqning an’anaviy madaniyatini sezdirmasdan ichdan yemiradigan (buzadigan) madaniyat eknligisha ishonch hosil qilish mumkin. Shu o‘rinda Respublikamizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “...chetdan biz uchun mutlaqo yot bo‘lgan, ma’naviy va axloqiy tubanlik illatlarini o‘z ichiga olgan “ommaviy madaniyat” yopirilib kelishi mumkinligini unutmaslik kerak”[1]. Shuningdek, har bir ijtimoiy hodisaning, shu jumladan zamonaviy ommaviy madaniyatning nafaqat salbiy, balki uning ijobiy jihatlari, ya’ni etnomadaniyatni boyitishga foyda keltiruvchi elementlari ham mavjudligini nazardan qochirmaslik kerak. Ayniqsa, bugungi globallashuv jarayonining ommaviy madaniyatning milliy madaniyatlarga foyda keltiruvchi va zarar keltiruvchi jihatlari to‘g‘risida aniq tasavvurga ega bo‘lish o‘ta muhim ahamiyatga ega. Buning boisi shundaki, zamonaviy ommaviy madaniyatning shunday ko‘rinishlari mavjudki, ulardan foydalanish nafaqat,etnomadaniyatning boyishiga, balki turli xil tabaqalarning ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga yordam beradi. Respublikamiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev ta’kidalagnlaridek, “Yangi tahdidlar, jumladan, “ommaviy madaniyat” xavfi va boqimandalik kayfiyati paydo bo‘layotgan, odob-axloq, qadriyatlarning yo‘qolish xavfi yuzaga kelayotgan hozirgi globallashuv sharoitida bu g‘oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda”[2]. Etnomadaniyat – bu kishilarning muayyan tarixiy birliklari tomonidan asrlar davomida yaratilgan, asrab-avaylanadigan, uzluksiz rivojlantiriladigan, ularning o‘zligini anglashida, hayotida ustuvorlikka ega bo‘lgan madaniy boyliklar, qadriyatlar, odob-axloq qoidalari, diniy e’tiqod, an’ana va marosimlarning, turmush tarzining umumiy harakatchan tizimidir. Jamiyat va kishilar hayotida ustuvorlikka ega bo‘lgan madaniyat avvalo milliy yoki etnik xarakterga ega bo‘lishi zarur.
87 Etnomadaniyat – kishilarning kundalik hayoti va maishiy turmushi xususiyatlari, talablari ta’sirida shakllanadi. U odamlarni avvalo turmush shart-sharoitlariga moslashtiradi va kun ko‘rishini, faoliyat yuritishini osonlashtiradi, turmush kechirish va mehnat qilish ko‘nikmalarini, ma’naviy-e’tiqodiy, diniy talablarni o‘zlashtirishga, jamoaga integratsiya bo‘lishiga yordamlashadi. Etnomadaniyat o‘ziga xos tashqi ko‘rinish, ya’ni tashqi tomondan yaqqol ko‘zga tashlanib turadigan tomonlar va ichki jihat, ya’ni narsa va jarayonlarning ko‘zga tashlanib turmaydigan yadrosiga egadir. Etnomadaniyat tashqi ko‘rinishi ko‘zimizga yaqqol tashlanib turadigan mehnat qurollari, turar-joylar, kiyimkechaklar, oziq-ovqatlar, harakatlanish moslamalari(vositalari)ni qamrab oladi. Uning yadrosini kishilarning ko‘ziga tashlanib turmaydigan faoliyatlari, ya’ni hattiharakatlari, yashashdan maqsadi va hayotining mazmunini belgilab beruvchi ongtafakkuri va ichki ruhiy kechinmalari, odob-axloq meyorlari, marosim harakatlarida yashiringan muayyan g‘oya va qarashlar, kundalik tartib-qoidalar, qadriyatlar, kishilarning bilimlari, diniy e’tiqodlari va ma’naviy faoliyat turlari tashkil etadi. Etnomadaniyat kishilar tarixiy birligining tabiiy yashash sharoiti, ular ta’sirida shakllanadigan mehnat ko‘nikmalari, ishlab chiqarish turlari, oziq-ovqat ratsioni, kiyim-kechak va ro‘zg‘or buyumlari janlanmasi, urf-odatlar, ijtimoiy munosabatlar, xalq amaliy bezak san’ati, folklor tizimi sifatida ancha barqarorlik va sobitlik ko‘rsatadi. Birdaniga, tezda siyosiy oqimga moslashib qolmaydi. U siyosiy-huquqiy va ko‘p hollarda sinfiy-tabaqaviy xususiyatlardan ustun turadi. Boshqacha qilib aytganda, qadim davrlardan o‘zining asl mazmun-mohiyati va ayrim tashqi jihatlarini barqaror saqlab asrlar davomida shakllanib kelgan qadriyatlar etnomadaniyatning ichki qatlamini tashkil etadi. Vorisiylik qatorida yangilanib turish etnomadaniyatga xosdir. Etnomadaniyat qotib qolgan bir tizim emas. U davr talablarini o‘zida aks ettiradi. Yangilanib turish tashqi ta’sirlar natijasida ham (ekzogen shaklda) va ichki ta’sirlar natijasida (endogen shaklda) ham sodir bo‘lishi mumkin. Etnomadaniyatdagi vorisiylik va barqarorlik ichki an’analarning muayyan qisqa yoki uzoqroq davr ichida etnosning ayrim qisminigina qamrab olish jarayoni shaklida ham, madaniy qadriyatlarni ajdodlardan avlodlarga uzoq davrlar mobaynida yetkazib berilishi jarayoni shaklida ham mavjud bo‘ladi. Madaniyatning tashqi doimo o‘zgarishda bo‘lgan qiyofasi uning ichki qatlamlarida, ichki mazmunida sodir bo‘ladigan o‘ziga xos jarayonlar ta’siri ostida amalga oshadi. Albatta, bunday o‘zgarishlar o‘z-o‘zicha sodir bo‘lmaydi, balki etnik
88 birlikning tasavvurlari, qat’iy ishonch-e’tiqodlari va davr talabi asosida vujudga keluvchi tartib qoidalar (tamoyillari) ta’siri natijasida amalga oshadi. Qaysi davrda etnik birlik vakillarining ongida millat ruhi, milliy qadriyatlarga bo‘lgan sadoqat ruhi saqlanib qolinmas ekan, mazkur xalq etnik birlik sifatida tanazzulga yuz tutadi, astasekin o‘zligidan mahrum bo‘ladi, boshqalarga assimilyatsiya bo‘lib ketadi. Etnik madaniyat – bu umumjamiyat madaniyatidir. Uning tarkibini nafaqat xalqning azaldan shakllangan elitar va avom madaniyati, balki, bugungi kunda milliy madaniyatlarning jonkuyarlari tomonidan inkor qilinayotgan zamonaviy “ommaviy madaniyat” ham tashkil etadi. Etnik madaniyatda vaqt ruhidan kelib chiqqan holda modernizatsiyalashuv jarayoni sodir bo‘lib turadi. Lekin ayrim davrlarda mazkur jarayon bir muncha yaqqolroq ko‘zga tashlanib turishi mumkin. Masalan, umumijtimoiy-madaniy taraqqiyot jarayonining ta’siri kuchli bo‘lgan davrlarda modernizatsiyalashuv – zamonga moslashuv ko‘zga yaqqolroq tashlana boshlaydi. Shu o‘rinda etnik madaniyatning tarkibini tashkil etuvchi qismlarni, “elitar” va avom madaniyat (ya’ni “tuban” madaniyat)lar tushunchasini aniqlab olish maqsadga muvofiq. Elitar madaniyat – (frans. elite so‘zidan olingan bo‘lib, “saralangan”, “afzal” degan ma’nolarni ifodalaydi) jamiyatdagi saralangan guruhlar, ya’ni madaniy ijod yoki madaniy boyliklarni saqlovchi kishilar uchun va ular tomonidan yaratiladigan madaniyatga nisbatan ishlatiladi. Elitar madaniyat jamiyatdagi ilg‘or tafakkurga ega bo‘lgan kishilar tomonidan yaratiladi va o‘zlashtiriladi. Albatta, “elitar” madaniyatni ikki xil ma’noda tushunmoq o‘ta muhim ahamiyatga ega. “Elitar” madaniyatning birinchi tushunchasi – jamiyatning yuqori tabaqasi, yoki hukmron tabaqalar, jamiyatning xos kishilari talablariga moslab yaratilgan madaniy boyliklarni ifodalasa, “elitar” madaniyatning ikkinchi tushunchasida professional ijodkorlar tomonidan mazmunan boy, kishilarning ma’naviy ehtiyojlarini qondira oladigan, jamiyatning muayyan davr talablariga javob beradigan, aniq bir g‘oyani yoritib beruvchi, yuksak va yetuk madaniy mahsulotlar nazarda tutiladi. Ba’zi bir bahsli fikrlarga ko‘ra, elitar madaniyat ijtimoiy bo‘hronlar avj olgan, eskining tanazzuli va yangicha an’analarning vujudga kelishi davrida, ya’ni eski ishlab chiqarish munosabatlarining tanazzuli va yangi ishlab chiqarish munosabatlari hamda yangicha madaniy qadriyatlarning shakllanishi, madaniy taraixiy jarayonning almashinuvi davrida vujudga keladi. Xuddi ana shu davrda jamiyatning elita qismi
89 azal-azaldan millatning milliy taraqqiyoti va milliy qiyofasini o‘zida mujassamlashtirib kelgan haqiqiy madaniy boyliklarni saqlab qolish, zamonga mos yangicha san’at asarlarini yaratishda jonbozlik ko‘rsatadi, yangicha tafakkurni shakllantirishga xizmat qiladigan san’at asarlarini yaratishadi, badiiy ijodning yangicha uslublariga asos solishadi. Bu yerda, aftidan, adabiyot va san’atdagi badiiy uslubda yuz bergan burilish nazarda tutilmoqda, xususan modernistik oqimlar va uslublarning vujudga kelishi. Lekin feodalizmdan kapitalizmga o‘tish tezlashgan davrda XVIII oxiri – XIX boshlarida mayda ijtimoiy inqirozlar yuz berib tursa-da, taraqqiyot chizig‘i yuksalish tomon yo‘nalgan. Tanqidiy realizm, inqilobiy romantizm, akademik uslublar aynan shu davrda shakllandi. Inqiroz davrida emas. Ma’naviy inqiroz XIX asr oxirgi choragida va oqibatda modernistik uslublar paydo bo‘lishiga olib keldi. Ammo iqtisodiy inqirozlar bu davrga kelib ancha kamayib qoldi. Birinchi jahon urushi ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz oqibati emas, balki geosiyosiy raqobat, mustamlaka mamlakatlarni qayta taqsimlash uchun kurash oqibatidir. Sharqda elitar madaniyatning shakllanishi va rivojlanishida biz tamomila o‘zgacha manzarani kuzatamiz. Jomiy va Navoiy davrida, undan avval Nizomiy, Firdavsiy keyin Umar Hayyom davrlarida ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz, tuzumning o‘zgarishi yuz berayotgani yo‘q edi. Ikkinchi tomondan, ayrim G‘arb mutafakkirlari, masalan, O.Shpengler, Adorno va Xose Ortega-i-Gassetlarning asarlarida ilgari surilgan g‘oyalarga ko‘ra, elitar madaniyat ommaviy jamiyatning rivojlanishi jarayonida shakllanadigan “omma” va “olomon” bilan to‘qnash kelish natijasida tanazzulga uchrab boradi. Ortega-iGassetning fikricha, “kartezian odami” (Rene Dekart va uning izdoshlari tomonidan 17-18 asrlarda yaratilgan falsafiy ta’limot. Mazkur ta’limotga ko‘ra, makon bo‘shliqdan iborat, u moddiylashtiriladi, yoki insoniy mehnat natijasida vujudga keluvchi madaniy boyliklar bilan to‘ldiriladi), ya’ni burjua jamiyatining shakllanishi natijasida vujudga kelgan madaniy boyliklarning ommaviy adadlar shaklida (ko‘p nusxada) ishlab chiqarilishi natijasida elitar madaniyat ong va tafakkurda yetuklikni talab qilmaydigan “omma”, uchun yaratilgan madaniyat bilan to‘qnashadi. “Elitar” professional san’at o‘z oldiga san’atkor-ijodkorning shaxsiy konsepsiyasini, his-tuyg‘ulariga yo‘g‘rilgan dunyoqarashini ifodalab berish vazifasini qo‘yadi. Qadim davrlardan buyon insoniyat tomonidan yaratilgan umumetnik madaniyat ikkiga - “elitar” va ommaviy madaniyat, ya’ni xalqning yuqori – elita qismi va avom, ya’ni quyi tabaqasiga mo‘ljallangan madaniyatlarga bo‘lingan.
90 Aslida, madaniyatdagi “elitar” va unga qarama-qarshi “ommaviy”lik tushunchasi XVIII asrda Yevropada vujudga kelgan. Badiiy ijodiyotdagi elitar va ommaviylik masalasi dastlab romantizm ijodiy yo‘nalishi vakillari orasida shaklangan. Romantizm vakillari elitar san’at deganda san’at asarlarining mazmun boy, teran fikrga to‘la va namuna bo‘ladigan jihatlarini nazarda tutganlar. O‘z navbatida san’atdagi namunaviylik tushunchasi asosida klassik asarning qadimgi yunon va rim san’ati darajasida namuna bo‘la oladigan jihatlari nazarda tutilgan. Aslida, klassitsizm san’ati masalasi Yevropa Uyg‘onish davridayoq ilgari surilgan. Mazkur tushuncha asosida antik davr san’ati masalasi yotadi. Keyinchalik klassitsizm ta’siri ostida shaklangan romantizm vakillari o‘zlarining asosiy e’tiborlarini badiiy ijod sohasidagi novatorlik(lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, yangilash, qadimgi san’at asarlarni qayta tiklash)ga qaratadilar. Klassitsizm nazariyotchilari hayotni izchil haqqoniyat bilan emas, balki “tozalab”, oliy tabaqaning estetik talablari va manfaatlari qolipiga solib tasvirlashga alohida e’tibor berganlar. Ular epos, drama va tragediyalarni “oliy san’at”, ya’ni “elitar madaniyat”, komediya va oddiy xalq tomonidan yaratilgan asarlarni esa “past san’at”, ya’ni tuban - ommaning madaniyati sifatida qabul qilganlar. Mazkur tendensiyaga ko‘ra, oliy san’at faqat yuqori tabaqa, ayniqsa hukmdorlarning hayotini; past, tuban san’at esa odiy avomning hayotini tasvirlab berishi lozim bo‘lgan. Bu bilan elitar madaniyat qisman sinfiylik, tuban madaniyat esa xalqchillik kasb etgan. Albatta, bu holatni to‘liq inkor qilish yaramaydi. Lekin kommunistik mafkuraga o‘xshab uni mutlaqlashtirish ham mumkin emas. Elitar madaniyat – bu avom madaniyatning aksi bo‘lib, kishilar ong tafakkuri taraqqiyotiga samarali ta’sir ko‘rsatuvchi, o‘zligini anglashi, ezgulik va insonparvarlik e’tiqodini saqlab qolishga rag‘bat beruvchi madaniyatning oliy ko‘rinishidir. Erkin, ijodkor, yetuk ong-tafakkurga ega va yaratuvchi faoliyat ko‘rsatishga rag‘bati kuchli shaxs, ijtimoiy taraqqiyotga o‘z ta’sirini ko‘rsatadigan, jamiyat hamda millat taraqqiyoti uchun o‘zining munosib hissasini qo‘sha oladigan kishilar tabaqasi elitar madaniyatning subyekti hisoblanadi. Demak, yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, elitar madaniyatni: a) murakkabligi, o‘ziga xos xususiyatga egaligi, maxsus kishilar guruhi uchun mo‘ljallanganligi, ya’ni kreativ (yaratuvchanlik) xususiyatga; b) borliqning obyektiv qonununiyatlariga moslashish, ong va tafakkurni shakllantirish, borliqni o‘zgartirishga rag‘batlantirish;
91 v) muayyan bir avlodning ma’naviy, intellektual va badiiy qobiliyatlarini umumlashtirish kabi xususiyatlarga ega, deb hisoblash mumkin. Etnomadaniyatning ikkinchi ko‘rinishi – bu ommaning, avomning madaniyati, yuqori tabaqa vakillarining ta’biri bilan aytganda “tuban” madaniyatdir. Oddiy xalq ichidan yetishib chiqqan, xalqning dard-alamlarini tushunib yetadigan, ularning orzuarmonlarini, ruhiy kechinmalarini o‘zining boshidan kechirgan ijodkorlar tomonidan yaratiladigan madaniyat ommaning, ya’ni avomning madaniyati, deb yuritilgan. Oddiy xalq – avomning hayotini yoritib berish, ularning ehtiyojlarini qondirish, xalqning erishishi qiyin bo‘lgan orzu-armonlarini ifodalash vazifasini bajaradigan madaniyat – ommaning madaniyati bo‘lib, mazkur madaniyat “tuban” madaniyat ham deb yuritiladi. Xalq o‘zining orzu-armonlariga ushbu madaniyat orqali hayoliy ravishda erishgan. Lekin zamonaviy “ommaviy madaniyat” tushunchasi deganda oddiy xalq madaniyati, folklor va maishiy urf-odatlar, an’analar nazarda tutilmaydi. O‘tmishga nisbatan “ommaviy madaniyat” tushunchasi qo‘llanilganda odatda, oddiy xalq, avom madaniyati nazarda tutiladi. Bu ayrim hollarda chalkashliklarga olib keladi. Shu sababdan “ommaviy madaniyat” tushunchasini faqat zamonaviy sivilizatsiya vujudga keltirgan standartlashgan, industirial usulda ishlab chiqiladigan iste’molchilik madaniyatiga nisbatan qo‘llash ma’qul. Biz xalq ommasi madaniyatini zamonaviy ommaviy madaniyat bilan chalkashtirmaslik uchun “an’anaviy madaniyat”, “xalq madaniyati” atamalaridan foydalanamiz. Xalq madaniyat – bu aslida qadim-qadimdan ommaning azal-azaldan yurakyuragidan sizib chiqadigan (ham ijobiy, ham salbiy) dard-alamlari, ichki ruhiy kechinmalari va ong tafakkurini o‘zida ifoda etuvchi ma’naviy boyliklardir. U xalq ommasida ham ijobiy, ham salbiy his-tuyg‘ularni uyg‘otadi, ma’naviy-ruhiy kechinmalarni boshdan kechirish va huzurlanish hissini vujudga keltiradi. Ommaviy madaniyat an’anaviy xalq madaniyatidan milliyligi zaifligi, kosmopolitik va “baynalmilal” xususiyat kasb etishi bilan, ba’zan milliylikdan uzoq bo‘lishi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda zamonaviy ommaviy madaniyatni uning tili, vositalari va ijrochilariga qarab ajratish mumkin. Xalqning an’anaviy ommaviy madaniyati hamma vaqt muayyan aniq bir makon bilan bog‘langan holda mavjud bo‘lsa, zamonaviy ommaviy madaniyatda bu holat kuzatilmaydi. U juda katta auditoriyalarga mo‘ljallangan. Unda insonga xos
92 hissiyotlar – muhabbat, qo‘rquv, muvaffaqiyatga erishishga bo‘lgan intilish, g‘aroyibotga ishonch va shu kabilarga asoslanish ustuvorlik qiladi [3]. An’anaviy madaniyatning xalq orasida keng tarqalgan janrlari - bu xalq qo‘shiqlari, afsonalar, ertaklar, rivoyatlar kabi xalq og‘zaki ijodining boshqa namunalari, udumlar, rasm-rusumlar, urf-odatlar va marosimlardir. Ular, bir tomondan, xalqning azaliy diniy e’tiqodlari bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, xalqning azaliy orzu-armonlarini, dard-alamlari-yu intilish va tashvishlarini o‘zida ifodalagan, uchinchi tomondan esa, xalqning tushkun ruhiy holatiga, ijtimoiy kuchlar oldidagi ojizligiga malham bo‘lgan, xalqqa taskin bergan, kelajakka umid bilan qarashga yordam bergan. Shu boisdan ham xalq maishiy turmushi va og‘zaki ijodiga asoslangan an’anaviy madaniyat chuqur ijtimoiy va madaniy ildizlarga ega. An’anaviy ommaviy madaniyat ommaning bir xil taxlitdagi ideallari va yurishturishlari, hatti-harakatlarini umumlashtirish bilan birga, o‘zi mansub bo‘lgan millat madaniyatining o‘ziga xos meyorlari va axloqiy qadriyatlarini, turmush kechmishlari va hayotiy faoliyatidagi turli xil vaziyatlarni o‘zida umumlashtiradi. Yuqorida keltirilgan fikrlardan xulosa chiqarish mumkinki, elitar madaniyat akobirlar – xos aristokratlar, boyvachchalar, oliy madrasalarni bitirgan aholining elita qismining talab va ehtiyojlarini, ularning dunyo qarashi va intilishlarini ifoda etgan bo‘lsa, an’anaviy madaniyat aholi quyi tabaqalarining orzu-armonlari, intilishlari va ehtiyojlarini ifoda etgan. Adabiyotlar: 1. Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – Toshkent. Ma’naviyat. 2008 yil, 117b. 2. Shavkat Mirziyoyev. Milliy taraqqiyot yo‘limizni qat’iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko‘taramiz. Asarlar. 1-jild. Toshkent. O‘zbekiston. 2018 yil, 29-b. 3. Falsafa. Qomusiy lug‘at.Toshkent. Sharq. 2004 yil,314-bet.