YOSHLAR INFANTILLIGINING ASOSIY SABABLARI VA IJTIMOIY OMILLARI
Full text
117 YOSHLAR INFANTILLIGINING ASOSIY SABABLARI VA IJTIMOIY OMILLARI Jabborov Elbek Eshpo‘latovich, Qarshi davlat universiteti mustaqil tadqiqotchisi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17445008 Annotatsiya. Maqolada yoshlar orasida uchrayotgan infantilizm hodisasi, uning psixologik, oilaviy va ijtimoiy sabablari tizimli tarzda yoritilgan. Yoshlarning ijtimoiy mas'uliyatdan qochishga moyilligi, emotsional va ijtimoiy yetilmaganligi, shuningdek, ommaviy madaniyat va ta’lim tizimidagi muammolar infantilizmdagi asosiy omillar sifatida ko‘rib chiqiladi. Kalit so‘zlar: Yoshlar, infantilizm, psixologik yetilmaganlik, ommaviy madaniyat, javobgarlik, mustaqillik, ijtimoiy omillar. Bugungi globallashuv va axborot texnologiyalari davrida yoshlar tarbiyasi va rivojlanishi dolzarb masalaga aylangan. So‘nggi yillarda yoshlar orasida infantilizm holatlari-ya’ni ruhiy, emotsional va ijtimoiy jihatdan voyaga yetmaganlik holatlarikeng tarqalgan. Yoshlar o‘z hayotini rejalashtirishda, kasbiy yo‘nalish tanlashda yoki jamiyatda faol rol o‘ynashda sustlik ko‘rsatmoqda. Ushbu maqolada bu holatning asosiy sabablarini aniqlash hamda uni shakllantiruvchi ijtimoiy omillarni tahlil qilish maqsad qilingan. Infantilizm o‘zi nima degan savol tug‘ilishi tabiiy. Infantilizm – bu insonning mustaqil qarorlar qabul qilish yoki mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan qo‘rqishidir. Infantil inson o‘zini rivojlanish bosqichlaridan orqada his qiladi, ko‘pincha irodasizligi sababli qiyinchiliklarga duch keladi. Infantil yoshlarda mustaqil qaror qabul qila olmaslik, mas’uliyatsizlik, irodasizlik, loqaydlik, boqamandalik kabi salbiy xislatlar ko‘p uchraydi. Infantilizm L.S. Vygotskiy tomonidan bola rivojlanishining to‘xtab qolgan (involyutsiyaga uchragan) buzilishi sifatida ta’riflangan; I.B. Shenil va M.I. Buyanov esa uni umumiy to‘xtab qolgan ruhiy rivojlanishning bir qismi bo‘lgan intellektual faoliyat buzilishi shakli deb ko‘rsatganlar; V.V. Lebedinskiy va E.P. Ilyin infantilizmni to‘xtab qolgan ruhiy rivojlanish deb hisoblashadi; E.I. Isaeva va A.E. Lichko esa bu hodisani o‘smirlarning jismoniy hamda ijtimoiy-psixologik rivojlanishining maxsus xususiyati sifatida ta’riflaganlar [1]. Yoshlar infantilligining bir nechta sabablari va ijtimoiy omillari bo‘lishi mumkin, jumladan: 1. Psixologik sabablar. Yoshlar infantilizmi, avvalo, ruhiy rivojlanishdagi to‘xtab qolish yoki sustlik bilan bog‘liq. Bunga quyidagilar kiradi:
118 • Emotsional yetilmaganlik – yoshlar o‘z his-tuyg‘ularini boshqara olmaydi, stressga bardoshsiz bo‘ladi. Aqliga qarab emas, balki his-tuyg‘ulariga qarab ish tutadi. Masalan, oliy o‘quv yurtiga kirish uchun tayyorlanayotgan o‘quvchi yetarli ball ololmaganligi sababli o‘qishga kira olmasa, bir necha kun tushkun holatda yuradi va ko‘pchiligi keyingi yil ham kira olmayman (qo‘rquv sababli) deb o‘qishdan voz kechadi. • Iroda zaifligi – reja asosida ishlash, qat’iyatli bo‘lish va o‘z ustida ishlash yetishmaydi. Ko‘pincha maqsadsiz harakat qiladi yoki maqsadiga erishish yo‘lidagi qiyinchiliklardan qo‘rqib, uni amalga oshirmasdan voz kechadi. • Mas’uliyatdan qochish – mustaqil qaror qabul qilishdan qo‘rqish, oson yo‘lni tanlash. Bunda uning nomidan qarorlarni boshqalar chiqarishni kutadi. Oddiy kundalik muammolarni ham kattalar yordamisiz mustaqil hal eta olmaydi. 2. Oilaviy omillar. Oila – shaxs rivojlanishining birinchi bosqichi. Ba’zi hollarda ota-onalarning noto‘g‘ri yondashuvi infantilizmga olib keladi: Haddan ortiq erkalatish – bolaga ortiqcha g‘amxo‘rlik ko‘rsatish uning mustaqilligini susaytiradi. Uyga vazifalarni bolaning o‘rnidan ota-onalarning bajarishi bolada ota-onaga haddan tashqari suyanish, individual o‘z ustida ishlash ko‘nikmalarini shakllanishiga to‘siq bo‘ladi. Bolalarni mehnat qilishga o‘rgatmaslik esa mas’uliyatsizlikni keltirish chiqaradi. Abu Rayhon Beruniy shaxs tarbiyasida mehnatga alohida e’tibor beradi. Uning fikricha hayot va baxtni mehnatsiz tasavvur etib bo‘lmaydi, mehnat bilan tarbiyalash – inson hayotining asosidir[2]. • Nazoratning yetishmasligi yoki haddan tashqari ko‘pligi – har ikki holatda ham bolada mas’uliyat hissi shakllanmaydi. Ota-onalar o‘z farzandlarini nazorat qilib borishlari zarur. Chunki hali u bola unda bilim yetarli emas. Eshitgan va ko‘rganlarini haqiqat deb o‘ylaydi va boshqalarning ta’siriga tez tushib qoladi. Shu sababli bolaning xato va kamchiliklarini o‘z vaqtiga to‘g‘rilash lozim. Haddan tashqari nazorat ham bolaga yomon ta’sir qilishi mumkin. Biron ish qilishdan qo‘rqadi va unda mustaqillik yo‘qoladi. 3. Ijtimoiy va madaniy omillar. Zamonaviy jamiyat infantilizmni yashirin tarzda qo‘llab-quvvatlaydi: • Ommaviy madaniyat – yoshlarni mas’uliyatli bo‘lishga emas, ko‘ngilxushlikka undaydi. “Ommaviy madaniyat”ning yovuzligi shundaki, u odamzodning fikrlashiga tishtirnog‘i bilan qarshi. To‘g‘ri bir qarashda “ommaviy madaniyat” hurfikrlilik, inson
119 erki tarafdoridek ko‘rinadi, lekin barcha “ilmuamali”ning negziga, asosiga e’tibor berilsa, insonning fikrlashiga, tafakkur qilishiga zid ekani ayon bo‘ladi. Shunday ekan, insonni komillikka eltuvchi asosiy omil odob-axloqdir. Millat manfaatlarini o‘z manfaati, o‘z manfaatini esa millat manfaatiga erishish sharti deb tushunadi. O‘z vazifasini millatning kuniga yarash, og‘irini yengil qilishda ko‘radi. “Ommaviy madaniyat” ma’naviy-axloqiy qadriyatlarimizga butunlay zid bo‘lib, milliy ma’naviyatimizni yo‘qotishga qaratilgandir. Shunday ekan, hozirgi davrda mamlakatimizda yashayotgan har bir inson, ayniqsa yoshlar “ommaviy madaniyat” tahdidining ma’no-mazmunini chuqur anglab olmog‘i va unga qarshi turmog‘i g‘oyat muhimdir [3]. • Ijtimoiy tarmoqlardagi “ideal hayot” – haqiqiy muammolarni inkor etib, illyuziyaga berilish. 4. Ta’lim tizimining roli. Ta’lim tizimida yoshlarni hayotga tayyorlay olmayotgan holatlar mavjud: • Reproduktiv ta’lim – mustaqil fikrlash emas, yod olishga urg‘u beriladi. Bunda bola berilgan topshiriqlarni tezda yodlab oladi va tezda esdan chiqaradi. O‘quvchilar mustaqil fikrlashga emas, balki berilgan ma’lumotni yod olish va qayta ifodalashga undaladi. Ijodkorlik, tahlil qilish yoki muammo yechish kabilar kamroq talab qilinganligi bois mustaqil fikrlash qobiliyati yaxshi shakllanmasdan qoladi. • Shaxsiy tanlovning yo‘qligi – tanlov erkinligi yo‘qligi ularni passiv qiladi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, infantilizm – bu shaxsning voyaga yetmaganligi emas, balki o‘z hayoti uchun javobgarlik olishga tayyor emasligidir. Bunday holatni bartaraf etish uchun kompleks yondashuv talab qilinadi: oilaviy tarbiya mustahkamlanishi, ta’limda mustaqillikni qo‘llab-quvvatlash, ommaviy axborot vositalarida mas’uliyatli hayot tarzini targ‘ib qilish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, yoshlarning o‘z shaxsiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishiga zamin yaratish infantilizmdan chiqishdagi asosiy omillardan biridir. Adabiyotlar: 1. Tatiana A. Podolskaya, Aleksey V. Utenkov. Detecting and overcoming infantilism in students at teachers colleges. Psychology in Russia: State of the Art Volume 11, Issue 1, 2018-yil 85-bet. 2. Q.Nazarov va boshq. Falsafa asoslari. O`zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti. T – 2018-yil 300-bet 3. Qosimov S.A. Kasb-hunar maktab o‘quvchilari ongida “ommaviy madaniyat”ga qarshi kurashishda mafkuraviy immunitetni shakllantirish omillari. ПЕДАГОГИКА И ПСИХОЛОГИЯ В СОВРЕМЕННОМ МИРЕ: ТЕОРЕТИЧЕСКИЕ И ПРАКТИЧЕСКИЕ ИССЛЕДОВАНИЯ. Published April 12, 2023 | Version v1. 120-bet.