scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

SOVET DAVRIDA O'ZBEKISTONNING KINO SAN'ATI SOHASIDA XORIJ MAMLAKATLAR BILAN HAMKORLIK ALOQALARI

Shoxjaxon To'lqinjon o'g'li Sharifov

Full text

194 SOVET DAVRIDA O‘ZBEKISTONNING KINO SAN’ATI SOHASIDA XORIJ MAMLAKATLAR BILAN HAMKORLIK ALOQALARI Shoxjaxon To‘lqinjon o‘g‘li Sharifov Xalqaro innovatsion universitet o‘qituvchisi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17445070 Annotatsiya: Ushbu maqolada Sovet davrida O‘zbekistonning kino sohasida xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalarining olib borishi, rivojlanishi, Xalqaro kinofestivallarning o’tqazilishi, tizimda doimiy ravishda yangilanishlar va o‘zgarishlar yuz berayotganligi, kino sohasida o‘zaro tajriba almashinuvlar, qayd etilgan. Shuningdek, xorijlik kino sohasi vakillarining festival doirasidagi fikrlari ham aks etgan. O‘zbekiston sobiq sovet davlatining tarkibida bo‘lgan davrda kino sohasidagi xalqaro aloqalarida faol ishtirok etganligi manbalar asosida ko‘rsatib berilgan. Umuman olganda, O‘zbekistonning kino sohasidagi xalqaro aloqalarining rivojlanishida “O‘zbekfilm”ning munosib o‘rni ko‘rsatib o‘tilgan. Kalit so‘zlar: Xalqaro kinofestival, kino, xalqaro aloqalar, kinematografiya, san’at, madaniyat, “madaniy diplomatiya”. Kirish. Sovet davrida O‘zbekistonda kino san’ati nafaqat milliy madaniyatning ajralmas qismi, balki xalqaro madaniy diplomatiyaning muhim vositasiga ham aylandi. XX asrning 1950–1980-yillarida mamlakatda kino ishlab chiqarish sohasi jadal rivojlanib, “O‘zbekfilm” kinostudiyasi Markaziy Osiyoda eng yirik kinomarkazlardan biriga aylandi. Bu davrda o‘zbek kinematografiyasi turli janr va yo‘nalishlarda jahon tajribasi bilan boyib bordi, shuningdek, turli xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ijodiy hamkorlik aloqalari mustahkamlandi. Ayniqsa, 1968-yildan boshlab Toshkentda muntazam o‘tkazila boshlangan Osiyo va Afrika mamlakatlari kinolari xalqaro festivali O‘zbekistonni xalqaro kino hamkorligining markaziga aylantirdi. Festival orqali o‘zbek kinomadaniyati Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi xalqlari bilan madaniy muloqot, tajriba almashinuvi va hamkorlikning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Shu tariqa, kino san’ati Sovet Ittifoqining “madaniy diplomatiya” siyosatida muhim o‘rin tutgan bo‘lsa, O‘zbekiston bu jarayonning mintaqaviy poytaxti sifatida tanildi. Mazkur mavzuni o‘rganish Sovet davrida O‘zbekistonning xalqaro madaniy aloqalaridagi o‘rnini, kino orqali amalga oshgan g‘oyaviy-estetik hamkorlikni va bu jarayonlarning bugungi o‘zbek kinematografiyasi rivojiga ta’sirini tahlil etish imkonini beradi. Tadqiqot metodologiyasi. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-avgustdagi 695-son qarori–“Kinematografiya sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 695-son qarori, 2021-yil 7-apreldagi “Kino 195 san’ati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo‘llabquvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-6202-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi “Kinematografiya sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda soha vakillarining ijodiy faoliyati uchun munosib sharoit yaratish toʻgʻrisida”gi PQ-5060-son Qarori, 2021-yil 19-iyundagi “Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash va o‘tkazish to‘g‘risida” PQ-5151-son Qarori, shu bilan bir qatorda sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda mazkur tadqiqot ishi muayyan darajada xizmat qiladi. Natijalar va muhokama. O‘zbekiston qadimdan madaniyat taraqqiy etgan, qadim zamonlardan turli madaniyatlar kurtak yoygan mamlakat hisoblanadi. Madaniy taraqqiyot asrlar osha to‘xtab qolgan emas, aksincha, yanada rivojlandi. Bunday madaniy taraqqiyotni kino san’atida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Chunonchi, XX asr o‘zbek kinosi uchun katta va unitilmas davr bo‘ldi. Bu davrda dastlabki o‘zbek kinolari yaratila boshlandi, asr o‘rtalariga kelib esa, jahonning turli mamlakatlari ishtirok etgan kinofestivallar o‘tqazila boshlandi. Kinematografiya O‘zbekistonda 1908 yilda paydo bo‘lgan. Birinchi o‘zbek kinematografchisi Xudoyberdi Devanov Xorazmda (keyinchalik u kino, foto va fono ishlari bo‘yicha Xorazm xalq nozirligi rahbari bo‘lgan) film suratga olish ishlarini boshlagan. U xalq hayoti va turmushini aks ettiruvchi lavhalarni suratga olgan. Birinchi badiiy film — “Musulmon ayoli” (“Musulmonka”) 1925 yilda “O‘zbekkino” studiyasi tomonidan ekranga chiqarildi. Bu ilk filmlar yaratilishida juda ko‘p qiyinchiliklar va yetishmovchiliklarga qaramay, milliy kinematografiya uchun ilk pog‘onani yaratib berdi. 1 Shu davrdan e’tiboran O‘zbekistonda juda ko‘plab kinofilmlar suratga olish boshlandi. Kino san’atining rivojlanishi jahondagi boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlab bordi. Chununchi, Toshkent shahrida turli yillarda o‘tqazilgan kinofestivallar bunga misoldir. 1958-yil kuzida Toshkent shahri Afro-Osiyo kinosining markaziga aylandi — bu yerda Osiyo va Afrika mamlakatlari Xalqaro kino festivali bo‘lib o‘tdi. Shu tariqa O‘zbekistonda oradan o‘n yil o‘tib har ikki yilda o‘tqazilishi belgilangan xalqaro kinofestival bo‘lib o‘tadi. Festivalning vakillik darajasi faqatgina ishtirokchilar sonining ko‘pligi yoki mashhur rejissorlarning kelishi bilan belgilanmaydi. Eng avvalo, Toshkent festivali zamonaviy Afro-Osiyo kinosining keng va serqirra panoramasini taqdim etishi, ikki qit’a xalqlari 1 O‘z.MA, R-2564-fond, 1-ro‘yxat, 826-ish, 6-varoq. 196 hayotida kino san’atining o‘rni va ahamiyatini ko‘rsatib berishi bilan ahamiyatlidir. Bu esa, ayrim G‘arb festivallarida mukofot taqsimoti atrofida yuzaga keladigan shovshuvlardan ko‘ra muhimroqdir. 2 1968-yil 21 oktabrda O‘zbekistoni poytaxti Toshkent shahrida Osiyo va Afrika mamlakatlari filmlarining Birinchi xalqaro kinofestivali ochiladi va o‘n kun davom etadi. Uning nizomiga muvofiq, festival “Osiyo va Afrika mamlakatlarining kinosan’atida yaratilgan eng yaxshi asarlarni aniqlash va rag‘batlantirish, turli mamlakatlar kinematografchilari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish hamda xalqlar o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlash maqsadida” tashkil etiladi. Festivalda Osiyo va Afrikadagi barcha mamlakatlar ishtirok etishga taklif etilgan. Har bir mamlakat bir to‘liq metrajli badiiy film hamda davomiyligi 45 daqiqagacha bo‘lgan qisqa metrajli filmlar dasturini taqdim etishi mumkin bo‘lgan. Tashkiliy qo‘mita yangi kinoforumning shiori — “Tinchlik, ijtimoiy taraqqiyot va xalqlar ozodligi yo‘lida!” — jahon kinosan’ati arboblari orasida katta qiziqish va hamdardlik uyg‘otishiga ishonch bildiradi. Toshkentda o‘tkazilgan mazkur festival Osiyo va Afrika mamlakatlari kinosan’atidagi yangi, iste’dodli asarlarni ochib berib, xalqlar do‘stligini mustahkamlash kabi ulug‘ maqsadga xizmat qilgan. 3 Kinofestivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish maqsadida tashkiliy qo‘mita hamda Bosh direksiya tuziladi. Ushbu tuzilmalar kinofestival bilan bog‘liq barcha amaliy masalalarni hal etish uchun mas’ul bo‘ldilar. Tashkiliy qo‘mita va Bosh direksiya tarkibiga turli davlat idoralari, jamoat tashkilotlari hamda san’at va madaniyat sohasi vakillari kiritiladi. Ular orasida — Sotsialistik Mehnat Qahramoni, Lenin mukofoti laureati, Osiyo va Afrika mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha SSSR Qo‘mitasi raisi, mashhur tojik shoiri Mirzo Tursunzoda; SSSR xalq artisti, taniqli o‘zbek kinorejissyori Kamil Yormatov; Lenin mukofoti laureati, yozuvchi va Qirg‘iziston kinematografistlari ittifoqi kotibi Chingiz Aytmatov va boshqalar bor edilar. Tashkiliy qo‘mita raisi — S.A.Azimov, O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti Raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. 4 Bosh direktor lavozimida A.P.Kayumov (O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti huzuridagi Kinematografiya qo‘mitasi raisi) faoliyat yuritgan. 2 Под девизом мира, свободы и прогресса //Кино. –№ 9. Сентябрь, 1968. 3 Сарвар Азимов. Наш новый фестиваль в Ташкенте // Советский экран. - №14. Июль, 1968. 4 O‘z.MA, R-2564-fond, 1-ro‘yxat, 826-ish, 14-varoq. 197 Kinofestivalda Osiyo va Afrika mamlakatlaridan 67 davlat ishtirok etdi. Ulardan taxminan 50 mamlakat festivalga hujjatli va badiiy filmlar bilan qatnashdilar. 5 Festival juda ko‘tarinki ruxda o‘tadi. Festival ishtirokchilari ushbu festival xususida o‘z fikrlarini bildirib o‘tadilar. Jumladan, yapon kinorejissyori Iosida Kendzi shunday degan edi: “Men bu nufuzli kinoforumda ishtirok etayotganimdan juda mamnunman. Bu yerda biz turli mamlakatlar filmlarini tomosha qildik va birbirimizdan juda ko‘p narsani o‘rgandik…” Iordaniyalik kinematograf Muhammad Abu Guraning fikrlari quyidagicha bo‘lgan: “Bu kino festival xalqaro ahamiyatga ega bo‘lib, u poytaxt hududida katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi. Men O‘zbekiston tuprog’ining go‘zalligidan, xalqining mehmondo‘stligi va samimiyatidan chuqur taassurot oldim. Atrofda iliq va do‘stona muhit hukm surmoqda.” 6 Shuningdek, festival ishtirokchilari va mehmonlari O‘zbekiston xalqi tarixiy yodgorliklari, hayoti va mehnati bilan tanishdilar. Kinofestival kunlarida “Kino — tinchlik, ijtimoiy taraqqiyot va xalqlarning erkinligi uchun kurashda” mavzusida erkin muhokama o‘tkazildi. 7 Bu kinoforumlar yil sayin Arab Sharqi va Afrika mamlakatlaridan kelgan kino arboblarining tobora ko‘proq ishtirokini ta’minladi. Masalan, birinchi Toshkent kinofestivalida (1968 yil) 31 ta arab va afrika mamlakati ishtirok etgan bo‘lsa, ikkinchisi (1972 yil) — 26 ta, uchinchi festival (1974 yil) — 32 ta, to‘rtinchi (1976 yil) va beshinchi (1978 yil) kinofestivallarda esa 40 dan ortiq mamlakat qatnashdi. Arab Sharqi va Afrikadan ishtirokchi davlatlar sonining to‘rtinchi kinoforumda sezilarli ortishi Angola, Benin, Gvineya-Bisau, Mavritaniya, Madagaskar, Mozambik, Yashil Qirlar orollari, Ekvatorial Gvineya, Markaziy Afrika Respublikasi, San-Tome va Prinsipi orollari va Ruanda kabi yosh davlatlar hisobidan yuzaga keldi. Bu mamlakatlarda kino san’ati endigina shakllanayotgan bo‘lishiga qaramay, ularning festivalda ishtirok etishi katta ahamiyat kasb etdi 8 . O‘zbekistonning kino sohasidagi xalqaro hamkorligi doimiy ravishda davom etib turdi. O‘zbekiston jamoatchiligi har doim arab va afrika kinematografchilari tomonidan yaratilgan filmlarga katta qiziqish bildirib kelgan. Buning isboti sifatida quyidagi ma’lumotlarni keltirish mumkin: faqatgina 1971 yildan 1977 yilgacha 5 O‘z.MA, R-2564-fond, 1-ro‘yxat, 826-ish, 15-varoq. 6 O‘z.MA, R-2564-fond, 1-ro‘yxat, 826-ish, 18-varoq. 7 O‘z.MA, R-2564-fond, 1-ro‘yxat, 826-ish, 5-varoq. 8 "Международный форум кинематографистов в Ташкенте", Ташкент, 1978 г., с. 100–105, 109–115. 198 Afrika qit’asi mamlakatlaridan sotib olingan va O‘zbekistonda namoyish etilgan 27 ta filmni 9 million 127 mingdan ortiq tomoshabin ko‘rgan. 9 Xulоsа vа tаkliflаr. Xulosa o’rnida shuni aytish lozimki, Sovet davrida O‘zbekiston kinematografiyasi nafaqat ichki madaniy taraqqiyot omili, balki xalqaro maydonda madaniy diplomatiya vositasi sifatida ham muhim rol o‘ynadi. O‘zbekiston hududida faoliyat yuritgan “O‘zbekfilm” kinostudiyasi, Toshkent xalqaro kinofestivali, shuningdek, respublikaga kelgan xorijiy kinoijodkorlar ishtirokidagi madaniy almashinuvlar mamlakatning xalqaro nufuzini oshirdi. Ayniqsa, Toshkent Osiyo va Afrika mamlakatlari kinolari festivali (1968– 1988) O‘zbekiston SSRni xalqaro kinematografik hamkorlik markaziga aylantirdi. Mazkur festival orqali Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlari bilan do‘stona aloqalar o‘rnatildi, ularning madaniy qadriyatlari o‘zbek tomoshabinlariga tanitildi. Natijada, o‘zbek kino san’ati milliy o‘zlikni ifoda etish bilan birga, global janub davlatlari bilan ijtimoiy-g‘oyaviy birdamlik g‘oyasini mustahkamladi. Shuningdek, O‘zbekiston SSRda ishlab chiqilgan filmlarda xalqaro mavzular, tinchlik, mustaqillik, adolat va insoniy qadriyatlar g‘oyasi keng yoritildi. Bu esa kino san’atining mafkuraviy-ma’rifiy qudratini oshirib, xalqaro madaniy muloqotda samarali vosita bo‘lib xizmat qildi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. O‘z. MA, R-2564-fond, 1-ro‘yxat, 826-ish, 6-varoq. 2. Под девизом мира, свободы и прогресса //Кино. –№ 9. Сентябр, 1968. – Б. 3-4. 3. Сарвар Азимов. Наш новый фестиваль в Ташкенте//Советский экран. - №14. Июл, 1968. –Б. 2. 4. O‘z.MA, R-2564-fond, 1-ro‘yxat, 826-ish, 14-varoq. 5. O‘z.MA, R-2564-fond, 1-ro‘yxat, 826-ish, 15-varoq. 6. O‘z.MA, R-2564-fond, 1-ro‘yxat, 826-ish, 18-varoq. 7. O‘z.MA, R-2564-fond, 1-ro‘yxat, 826-ish, 5-varoq. 8. "Международный форум кинематографистов в Ташкенте", Ташкент, 1978 г., с. 100–105, 109–115. 9. O‘zbekiston Kinematografchilar uyushmasi joriy arxivi, 1977 yil. 9 O‘zbekiston Kinematografchilar uyushmasi joriy arxivi, 1977 yil.