scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

ALISHER NAVOIY LIRIKASIDA VALOYAT MAVZUSI

Ortiqova Mavluda Nurmahammadovna

Full text

335 ALISHER NAVOIY LIRIKASIDA VALOYAT MAVZUSI Ortiqova Mavluda Nurmahammadovna Xalqaro innovatsion universitet o‘qituvchisi [email protected], DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17445229 Annotatsiya. Ushbu maqolada tasavvuf ta’limotidagi valoyat maqomi va unga xos xususiyatlar, sifatlar va martabalar Alisher Navoiyning lirikasi misolida tahlil qilinadi. Valiylikka oid nazariyalar, xususan, valiylarga xos ilhom, kashf, farosat, karomat kabi tushunchalar she’riy baytlar orqali badiiy tahlil ostiga olinadi. Kalit so‘zlar: Alisher Navoiy, devonlar, valiy, kashf, karomat, pir. Alisher Navoiyning boy ijodiy merosi o‘rganilishida lirik asarlarning o‘rni alohida. Bu jihatdan ilmiy-tadqiqot ishlari salmoqli bo‘lib, ayniqsa XX asrda Navoiy ijodini o‘rganish fan darajasiga chiqqanligi ham muhim omillardan biri bo‘ldi. Navoiyning poetik mahorati, badiiy vositalardan o‘rinli foydalanish, shakl va mazmunning mutanosibligi har bir baytda o‘z aksini topishi shoir ijodini o‘ziga xosligini taminlaydi. Mavzu va g‘oyada tasavvuf ohanglarining jilolanishi yangi danyangi mazmun sathlarini ochadi. Aslini olganda Navoiyni anglash, asarlarini tahlil qilish uchun nazariy bilimlarni o‘zi kamlik qiladi. Navoiy anglagan mazmunni ifodalash, ochiqlash uchun tasavvuf bilimlari bilan bir qatorda uning ma’naviy pirlik rag‘batiga, ko‘magiga muhtojmiz. Bu ulug‘ zotning ma’naviy marhamatlaridan umidvor holda Alisher Navoiy ijodida valoyat mavzusini o‘rganar ekanmiz, uning lirikasidagi valiylar obrazini poetik xususiyatlarini o‘rganish uchun Alisher Navoiyning devonlariga murojaat qilamiz. Navoiy lirikasidagi g‘azal, ruboiy, qit’a, tarkibband, masnaviy, fard va boshqa janrdagi asarlarida valiy obrazi tavba, zuhd, taqvo, tavoze, sidq, rizo, luqmai hilliyat, parhezkorlik, sabr, riyozat, shariat va tariqat odoblari, Allohga bo‘lgan ishq, ma’rifat kabi sifatlar orqali ruhiy kamolotga yetishi ifodalanadi. “Xazoiyinu-l-maoniy” kulliyotidan o‘rin olgan devonlarda valoyat mavzusiga bir necha bor murojaat qilinadi. Kulliyotning birinchi devoni bo‘lgan “G‘aroyibu-s-sig‘ar” devonining 112- “shayx” radifli g‘azalining 3bayti quyidagicha: Yo xayoli bang yoxud xonaqah fikri edi, Har karomotu maqomoteki ifsho qildi shayx. [ 1:133] Ushbu baytdagi lug‘at so‘zlar: bang-forscha, nashi, ko‘knori kabi kayf beruvchi narsa, xonaqoh-arabcha, shayxlar, darveshlar o‘tirib zikru samo qiladigan joy, machit, ifsho-arabcha fosh etish, ochish, oshkor qilish kabi ma’noda. 336 Baytning ma’nosi: Shayxning ko‘rsatgan karomatlari yo ruhiy mastlik holatida, yoki ilm va ibodatda bo‘lgan holatidan nishona sifatida ko‘rsatiladi. Bunda ruhiy mastlik holatini mukoshafa holatida – Haqdan qaysiki bir sir ayon bo‘lgan holati deb izohlasak, xonaqoh fikri – darveshning, avliyolarning Allohga bo‘lgan ishqi bilan yolg‘iz qolib unga ibodatda bo‘lish holati kabi anglasak bo‘ladi. Demak, mana shu ikki holatda valiy maqomidagi shayxning karomati, maqomoti namoyon qilinadi. 280-g‘azalning 5-baytida: Shayxi johil bо‘lmoq о‘z asrori birla munbasit, G‘aflat ahli bang ila qilg‘an kebidur inbisot. [1:301] Lug‘at so‘zlar: munbasit-ar. Ochiq chehrali, shod, xursand. inbisot-ar.shodlik, xursandchilik, yozilish, yoyilish. 280-g‘azalning 4-baytidagi birinchi misrada shayx Haqning siridan boxabar bo‘lsa-yu, bundan g‘ururlansa, g‘aflat ahlining bang bilan shodlanishiga o‘xshashligi aytiladi. Ya’ni, valiylar ilhom va karomatga sazovor bo‘lganida Alloh ularga qaysidir sirni ko‘ngliga soladi. Haqiqiy valiy esa bu sirni hammadan pinhon tutmog‘i lozim. Agar sirni pinhon tutmadimi, undan valoyat maqomi ketadi. Bu esa valiylikka da’vo qilgan shayxning johilligi – Haq sirini saqlamagani deb izohlanadi. Ikkinchi misrada esa, bang, ya’ni kishini g‘aflatta qoldiruvchi, kayf qilish uchun iste’mol qilinadigan modda insonni qanchalar aqldan yiroqlashtirsa, uni iste’mol qilgan kishilar sarmast holatida naqadar shodlanishlari johil shayxning karomat bilan g‘ururlanish holatiga o‘xshatilmoqda. Aslida, haqiqiy valiy uchun unga beriladigan karomat muhim emas. U uchun karomat o‘z do‘sti bilan yaqinlashish, Haq uni yodga olishi deb anglaydi. “G‘aroyibu-s-sig‘ar” devonidagi 19-qit’a: ROSTLIQ SIFATIYU ROSTRAVLAR KAROMATI Xiromon suda soyir bо‘lmoqu uchmoq havo uzra Ajab ermas, qachonkim rostravliq qilsa zoda. Shior aylab bu ishni kema tiyri, kо‘rki, su uzra Xirom aylab havog‘a bodbondin soldi sajjoda. [1:712] Rostravlarf. to‘g‘ri yuruvchi, to‘g‘ri, halol. Soyir bo‘lmoqa. sayr etuvchi, kezuvchi, dasht kezuvchi. Zoda-a. tug‘ilgan, farzand, avlod, bola. Tiyr-f. qorong‘u, qora, bulg‘onch, g‘am-g‘ussali. bodbondinf. kema chodiri, yelkan. Sajjoda-a. joynamoz. Ma’nosi: Rostlik yo‘lidagi rostrav, haqiqat ilmi yo‘lidagi sayr qiluvchi valiy inson shariatga muvofiq yo‘l tutsa, suv ustida yurish va havoda uchish karomati unga xosdir. Ya’ni suv ustida yurish, havoda uchish odatlari solih insonda yuz bersa bu 337 karomat bo‘ladi, go‘yoki kema suv uzra yurishni shior qilib, go‘zallik namoyon qilgani kabi. Bunda Haq yo‘lidagi valiy inson kemaga, suv uzra yurish karomati kemaning yurishiga o‘xshatiladi. Suv esa foniy dunyoga, suvda yurish insonning amallariga mengzaladi. Kemaning yelkanlari yuqorida parvoz qiladi va shaklan valiyning joynomoziga o‘xshaydi. Valiy suvda va havoda karomat ko‘rsatgani bilan doim sajdada bo‘ladi. Ya’ni valiyning karomati kema yelkanlari kabi uni yuksak maqomda ekanligini anglatsa ham, sajda qilib (tavoze bilan egilib) Allohga iltijo qiladi. Bu qit’ada Alisher Navoiy istiora, tashbih san’atidan mohirina foydalanadi. Yuqoridagi qit’a mazmuniga o‘xshash tarzda mazmun anglashiladi. Valoyat sohibi uchun karomat emas, balki Allohning valiyligi muhim ekanligini ifodalaydi. Devondagi 45qit’a quyidagicha: TUS MAZORLARI BOBIDAKIM VAYRONADA GANJI MADFUNG‘A, BALKI SADAF ICHRA DURRI MAKNUNG‘A MUSHOBIHDURLAR Avliyoullah mazori Tus vayroni aro Kо‘pturur, yо‘q bok agar tavfida kо‘rsa kimsa ranj, Munchakim vayrona kezdim ganj bir ham yо‘q edi, Buyla vayron kim kо‘ruptur anda madfun muncha ganj. [1:721] (Mushobih-ar.o‘xshash, o‘xshagan, monand, madfun-ar. ko‘milgan, ko‘mig‘lik, dafn qilingan, maknun-ar.yashirilgan, mahfiy, berkitilgan, yaxshi saqlangan, bok-fors. qo‘rquv, xavf, zarar. Bok yo‘q-zarari yo‘q, hech qusuri yo‘q, tavf-a.aylanish, yuzni surtish, ziyorat, bo‘yla-f. bunaqa, bu kabi, bunday.) Qit’aning nomini izohlaydigan bo‘lsak, Tus shahrining mozorlari vayronada xazina ko‘milganiga, balki dur-u sadaflar yashirilganiga o‘xshashligi xususida bayon etiladi. Qit’aning misralariga izoh berilsa, Tus shahrining vayrona holdagi mozorlarida ko‘p avliyolarning mozorlari borki, bu mozorlarni ziyorat qilganda hech qanday qo‘rqinch va xavf sezilmaydi. Qancha qabristonlarni kezamizki, ularda bitta ham ganj topolmaysan. Ammo, Tus shahrining avliyolar dafn etilgan qabristonlarida xazina va yashirilgan sadaflarni uchratasan. Ya’ni avliyolar tirik chog‘larida Allohning inoyatlariga, marhamatlariga sazovor bo‘lib, xalq orasida ularni sharafidan obodlik, to‘kin-sochinlik, baraka bo‘lgan. Ular shunday mo‘tabar zotlarki, vafot etsalar ham, qabrlari vayrona joylarda bo‘lsa ham ularning barokatidan ular yotgan joylarda ham fayz bo‘lishi nazarda tutiladi. 68-ruboiyda ham valiylar karomati ifodalanadi. Berding manga dayr aro iqomat, ey mug‘, Tuttung qadahi mayi malomat, ey mug‘. 338 Bu ishni xud aylading karomat, ey mug‘, Yo rabki, hamisha bо‘l salomat, ey mug‘. [1:735] Mug‘-f.1.majusiy, otashparast, o‘tga cho‘qinuvchi, 2.mayfurush; Mug‘ dayrimayxona, ichkilikxona 2) o‘tga topunuvchilar ibodatxonasi. Iqomat-ar. biror joyda turish, turib qolish. Ma’nosi: Ey, mug‘, dayrda menga yashashga joy berding, menga qadahda malomat mayini tutting, bu bilan karomat aylading. Sendan minnatdorman, doim salomat bo‘l! Bu yerda mug‘ ishq mayini tutuvchi – tasavvufiy ma’zmunda esa, ilohiy ilmni o‘rgatuvchi murshid timsolida. Dayr esa – butxona. Badiiy konteksda esa ilohiy ilmlarni anglash manzili. Qadah – may ichiladigan idish – ramziy ma’noda ilohiy ilm. Malomat mayi – ramziy ma’noda ilohiy, ammo malomatli may. Yani Ey pir, sen menga ilm maskanidan joy berding, ilohiy ilmni o‘rgatting. Bu ilm xosilidan valiylikka va valiylarga xos karomatga erishdim. Buning uchun sendan minnatdorman hamisha salomat bo‘l ma’nosida. Bunda Allohning valiyligiga orzumand solikning valiy darajasiga yetishishida, albatta, pirdan ilm olishi zarurligi va bu ilm uni yuksak martabalarga olib chiqishi nazarda tutiladi. Shu bilan birga valiylarga xos doim mavjud holiga shukr qilish fazilati ham ulug‘lanadi. 115-ruboiy Yo koshifi asrori nihon bо‘lsa kishi, Haloli rumuzi osmon bо‘lsa kishi. Yo oshiqi zori notavon bо‘lsa kishi, Devonavu rasvoyi jahon bо‘lsa kishi. [1:743] Nihon – f. yashirin, berkitilgan. Halol – ar. hal qiluvchi, yechuvchi. Rumuzar. ishoralar, ramzlar. Shoir bu ruboiyda Allohni do‘sti, yaqini bo‘lishni orzu qilib, o‘z istagini umumiy ravishda izohlaydi. Birinchi misrada Allohning sirlaridan ogoh bo‘lishni va uni yashirishni, ikkinchi misrada samoviy ishoralarni (sirlarni) yechuvchi bo‘lishni, uchinchi misrada Allohni ishqida oshiq-u notavon bo‘lishni, to‘rtinchi misrada esa butunlay ishqdan o‘zga narsasi ham dardi ham bo‘lmagan devona bo‘lishga istak bildiradi. Biz bunda muallifni darveshlar ishqiga, Allohning valiysi bo‘lishni orzu qilgan solik timsolida ko‘ramiz. Birinchi va ikkinchi misrada valiylarga xos kashf holati, uchinchi misrada valiylarning oshiqlik darajasi, ya’ni Allohning ishqida notavon bo‘lish, to‘rtinchi misrada esa o‘zligini unutgan darajadagi Allohning ishqida mubtalo bo‘lib foniylikka yuz tutish, yani fano bosqichidagi valiylik darajasiga yetish maqsad qilinadi. 339 “Navodiru-sh-shabob”ning 186-g‘azali Asrori vaxdat ista xarobot piridan, Kim shayx va’zu pandi fusunu fasonadur. [2:191] Bu baytda ifodalanishicha, agar Allohning yagona ekanligi xususidagi bilimlardan xabardor bo‘lmoqchi bo‘lsang, xarobotdagi pirdan so‘ra. Shayx ko‘ringan hamma kishi ham haqiqiy valiy bo‘lmasligi mumkin. Shayx aytgan pand-u nasihatlari o‘zlarini avliyo qilib deb ko‘rsatishdir. Bu bilan ijtimoiy davr muhitida avliyolarning ulug‘lanishi, hurmat qilinishiga taqlidan paydo bo‘lgan soxta shayxlarning kirdikorlari qoralanadi. Haqning chin do‘stlari ko‘p so‘zlashdan yiroq bo‘lgani, pand-nasihat qilish o‘rni kelsagina, pand-nasihat kor qiladi, lozim deb o‘ylasagina qisqa va mazmunli tarzda ko‘ngilga ozor bermaydigan kalomlar bilan nasihat qiladi. 208-g‘azalda quyidagicha bayt bor: Bormen ey, piri dayr, bas maxmur, Karam ayla, karomate ko‘rguz. [2:213] Ushbu baytda muallif ilohiy ilm maskanidagi pirga murojaat qiladiki, ilm olishga keldim va juda mast holatdaman. Ya’ni ilohiy ilm sirlarini o‘rganishga kuchli ishtiyoqdaman deya murshidga yuzlanadi va valiylarga xos karomat ko‘rsatishini istaydi. Bunda pirning karomat ko‘rsatishi aslida, unga ilohiy ilm sirlarini yuqtirishini, valiylarning ma’naviy va ruhiy yuksalishini nazarda tutadi. 307-g‘azalda: Shayx aytur bir karomatini har dam o‘zga nav, Go‘yiyo nisoyin bo‘lur g‘olib kishi bo‘lsa harif. [2:312] Harif-ar. qarshi, muqobil. 2-sherik, birga ishlovchi hamkasb. 3-ulfat, o‘rtoq, nisyonar. esdan chiqarish, unutish. Ushbu misralarda valiyning har damda turli ko‘rinishda karomatlari zohir bo‘lishi tasvirlanadi. Ammo bu karomatlarni anglash ruhiy kamolotga yetgan kishigagina nasib etishi izohlanadi. Devondagi tarkibbandda valoyatga dahldor shunday misralar bor: Har kishi komil erur, bas anga Haq bandalig‘i Mundin o‘zga tama’i kasbi kamol aylamangiz. Turk piri kabi olamdan etakni silking, Do‘stdan g‘ayri tamannoi visol aylamangiz. [2:679] Ma’nosi: kimki komillikni orzu qilibdi, unga Haqning bandasiga xos sifatlar bo‘lishini o‘zi kifoya. Haqiqiy komil kishiga bundan o‘zga kasb-u kamol kerak emas. 340 Bu jihatda Turk piri kabi namuna bor. U kishining dunyo lazzatlaridan voz kechishi, o‘z nafsidan ozod bo‘lishi ayni komillikka misol bo‘lishini ta’kidlaydi. To‘rtinchi misrada esa dunyo havaslaridan yuz burgan komil do‘stdan, ya’ni Allohdan o‘zganing vaslini ko‘zlamasligini aytar ekan, Allohning valiylari haqida so‘z yuritilayotganligini anglaymiz. 546-g‘azal: Chun azal qismatidin hech nima xorij emas, Aylamas foqasidin voqifi asror gila. Ey Navoiy, desang oyini rizo hosil etay, Yordin har ne kelur aylama zinhor gila. [2:551] gila-f.gina, o‘pkalash. xorij-ar.1-tashqari 2biror holatdan mast, bir narsa yoki ishning chegarasidan tashqari, i’tidolidan. foqasi-ar. kambag‘allik, faqirlik, muhtojlik. Oyin-f.1-rasm, odat, qiliq, ravish, tarz, tartib, marosim, usul 2-o‘xshash, monand Ushbu g‘azalning beshinchi baytida izohlanishicha, Allohning taqdiridan hech narsa i’tidolda emasligi va faqirlik siridan ogoh etilmasligi aytiladi. Ya’ni hech kim qismatida muhtojlik bor – yo‘qligidan ogoh emas. Shunga ko‘ra, rizo rasmini hosil etishni istasang, Haqdan nima kelsa gina qilmasdan qabul et deya uqtiradi. Bunda har bir banda Allohning oldida barobar ekanligi, agarda xos bo‘lishni istasang valiylarning rizo odatini hosil qilishga va ilohiy ishqning sohibi bo‘lgan Allohdan har ne kelsa ham xushnudlik bilan qabul etishga da’vat etadi. Devondagi 20qit’a Orif ko‘nglin daryog‘a nisbat berurki, Anda har ne tushsa singgurur, balki itirur Erur orifqa ganji fayz yetsa, Ishi dam urmayin oni yoshurmoq Quyosh aksi tushub daryo ichinda, Ne mumkindur aning suyin toshurmoq. [2:687] Birinchi misrada orif ko‘ngli daryoga, unga Allohdan berilgan g‘aybiy ilm, yoki ilhom daryoga tushgan durga mengzalgan bo‘lib, bunda orif, yani valoyati sug‘ro darajasidagi valiy o‘zi anglagan Haqning sirini yashiradi, uning daryodek keng va pokiza ko‘ngliga sigdiriladi, balki umuman yuqotadi. Ya’ni hech kimga ayon qilmaydi. Chunki, do‘stining siri omonat va bu omonat daryodagi javohirlardan-da aziz. Uchinchi va to‘rtinchi misralarda bu kabi valiyga kashf yoki ilhomning kelishi uning uchun eng katta xazina va u bu xazinasini hammadan pinhon asrashligi aytiladi. Keyingi baytda esa valiyning bu kabi omonotdorligidan, uning daryodek keng va pokiza ko‘nglida Haqning jamoli tajalli topib, uning ilmlarini yanada ziyoda 341 qiladi. Bunda Alisher Navoiy tashbeh san’atidan foydalanganligini, valiylarni o‘z do‘stining sirini saqlash xususiyatini va uning mukofoti qanchalar bebaho ekanligini izohlaydi. Xulosa qilib aytganda, Alisher Navoiyning ijod ummonida sayqal topgan har bir nodir asari borki, tasavvuf irmog‘idan suv ichgan. Shunga ko‘ra lirik asarlarida ifodalanayotgan valiylik mavzusi o‘ziga xos badiiylik kasb etadi. Avliyolarga xos sifatlar, martabalar majoziy obrazlarda ijtimoiy muhit, zamon va makonning dolzarb muammolarini aks ettirishi bilan ham ahamiyatlidir. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Alisher Navoiy. To‘la asarlar to‘plami 10 jildlik 1-jild.Toshkent: G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot - matbaa ijodiy uyi, 2012. – B 804. 2. Alisher Navoiy. To‘la asarlar to‘plami 10 jildlik 2-jild.Toshkent: G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot – matbaa ijodiy uyi, 2012. – B 768. 3. Shamsiyev P. Navoiy asarlari lug‘ati. – Toshkent: G‘.G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti 1972.