scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

BOSHLANGʻICH SINFLARDA MUSIQA MADANIYATI DARSLARIDA BLUM TAKSONOMIYASI TEXNOLOGIYASINI QOʻLLASH

1Bovomurzayev Oybek Komoliddin o'g'li, 2Mamajonova Oydin Abdulla qizi, 3Komilova Nodirabegim Karimovna, 4Raimjonova Sevinchbonu Raxmatjon qizi, 5Madaminova Sug'diyonaxon Otabek qizi

Abstract

Mazkur maqolada boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun musiqa madaniyati darslarini Blum taksonomiyasi asosida tashkil etishning nazariy va amaliy jihatlari tahlil qilingan. Ta’lim maqsadlarining olti bosqichi (eslab qolish, tushunish, qoʻllash, tahlil, baholash, yaratish) musiqa darslariga moslashtirilib, har bir bosqich uchun aniq metodik misollar va topshiriqlar keltirilgan.

Full text

INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE ON “MODERN APPROACHES AND TRENDS IN TEACHING FINE ARTS, DRAFTSMANSHIP AND MUSIC IN HIGHER PEDAGOGICAL EDUCATION” OCTOBER 22-23, 2025 1127 BOSHLANGʻICH SINFLARDA MUSIQA MADANIYATI DARSLARIDA BLUM TAKSONOMIYASI TEXNOLOGIYASINI QOʻLLASH 1Bovomurzayev Oybek Komoliddin o‘g‘li, 2Mamajonova Oydin Abdulla qizi, 3Komilova Nodirabegim Karimovna, 4Raimjonova Sevinchbonu Raxmatjon qizi, 5Madaminova Sug‘diyonaxon Otabek qizi 1,2,3,4,5Musiqa ta’limi yo‘nalishi 2-kurs talabalari, ChDPU, O‘zbekiston https://doi.org/10.5281/zenodo.17446139 Annotatsiya. Mazkur maqolada boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun musiqa madaniyati darslarini Blum taksonomiyasi asosida tashkil etishning nazariy va amaliy jihatlari tahlil qilingan. Ta’lim maqsadlarining olti bosqichi (eslab qolish, tushunish, qoʻllash, tahlil, baholash, yaratish) musiqa darslariga moslashtirilib, har bir bosqich uchun aniq metodik misollar va topshiriqlar keltirilgan. Kalit soʻzlar: musiqa madaniyati, boshlangʻich ta’lim, Blum taksonomiyasi, kognitiv rivojlanish, kreativ tafakkur, oʻquv maqsadlari, pedagogik texnologiya. Аннотация: В данной статье анализируются теоретические и практические аспекты организации уроков музыкальной культуры для учащихся начальных классов на основе таксономии Блума. Шесть уровней образовательных целей (запоминание, понимание, применение, анализ, оценка, создание) адаптированы к урокам музыки, для каждого уровня приведены конкретные методические примеры и задания. Ключевые слова: музыкальная культура, начальное образование, таксономия Блума, когнитивное развитие, креативное мышление, учебные цели, педагогическая технология. Abstract: This article analyzes the theoretical and practical aspects of organizing music culture lessons for primary school students based on Bloom's taxonomy. The six levels of educational objectives (remembering, understanding, applying, analyzing, evaluating, creating) are adapted for music lessons, with specific methodological examples and tasks provided for each level. Keywords: music culture, primary education, Bloom's taxonomy, cognitive development, creative thinking, learning objectives, pedagogical technology. Kirish. Boshlangʻich ta’lim oʻquvchi shaxsining har tomonlama rivojlanishi uchun poydevor vazifasini oʻtaydi [1]. Bu jarayonda musiqa madaniyati darslari nafaqat badiiy-estetik didni shakllantirish, balki oʻquvchilarning ijodiy fikrlashi, xotirasi, diqqati va hissiy intellektini rivojlantirishda beqiyos ahamiyatga ega. Zamonaviy ta’lim oladiga qoʻyilayotgan asosiy talablardan biri – oʻquvchilarni shunchaki ma’lumotlarni yod oluvchi obyektdan, mustaqil fikrlaydigan, tahlil qiladigan va ijod qiladigan subyektga aylantirishdir [3]. Bu maqsadga erishishda tizimli yondashuv muhim oʻrin tutadi. Benjamin Blum tomonidan ishlab chiqilgan ta’lim maqsadlari taksonomiyasi oʻquv jarayonini oddiydan murakkabga, ya’ni bilimlarni eslab qolishdan tortib, yangi ijodiy mahsulot yaratishgacha boʻlgan bosqichma-bosqich qurish imkonini beradi. Ushbu texnologiyani boshlangʻich sinf musiqa INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE ON “MODERN APPROACHES AND TRENDS IN TEACHING FINE ARTS, DRAFTSMANSHIP AND MUSIC IN HIGHER PEDAGOGICAL EDUCATION” OCTOBER 22-23, 2025 1128 darslariga tatbiq etish oʻqituvchiga darslarni yanada mazmunli, maqsadli va samarali tashkil etishga yordam beradi.[2] Blum taksonomiyasi ta’lim maqsadlarini tizimlashtirish uchun yaratilgan modeldir.[4] U oʻquvchilarning kognitiv (bilishga oid) jarayonlarini oltita ierarxik bosqichda tasniflaydi. Anderson va Kratvol tomonidan qayta ishlangan zamonaviy versiyasi esa fe’llarga asoslangan boʻlib, u eslab qolish, tushunish, qoʻllash, tahlil, baholash va yaratish kabi bosqichlardan iborat.[5] Bu tizim oʻquv maqsadlari, darslik mazmuni va baholash mezonlarini oʻzaro muvofiqlashtirish uchun qulay asos yaratadi. Musiqa madaniyati darslarida ushbu taksonomiyaning har bir bosqichini oʻquvchilarning yosh xususiyatlarini inobatga olgan holda qoʻllash, ta’lim jarayonini tizimli tashkil etishga yordam beradi.[5] Ushbu texnologiyani dars jarayoniga tatbiq etish oʻqituvchidan darsning har bir bosqichini puxta rejalashtirishni talab etadi. Bunda oʻqituvchi har bir kognitiv bosqich uchun aniq oʻquv maqsadlarini belgilab, ularga mos keladigan topshiriq va baholash usullarini tanlashi lozim. Bu esa darsning mantiqiy yaxlitligini ta’minlab, oʻquv materialining oson oʻzlashtirilishiga zamin yaratadi. Natijada, oʻquvchilar oʻz bilimlarining oddiy yod olishdan ijodiy qoʻllash darajasiga qanday oʻsib borayotganini aniq his qila oladilar. 1. Eslab qolish (Remembering). Bu bosqichda asosiy e’tibor musiqiy bilimlarning boshlangʻich elementlarini xotirada saqlashga qaratiladi, bu oʻquv faoliyatining poydevori hisoblanadi. Masalan, oʻquvchilar qoʻshiqning soʻzlari va ohangini yod olishlari, skripka kaliti yoki notalar kabi musiqiy belgilarni tanib, nomlashlari, shuningdek, doʻmbira, nay, doira kabi oʻzbek xalq cholgʻularini rasmlariga qarab yoki ovozini eshitib aniqlashlari mumkin. 2. Tushunish (Understanding). Bu bosqichda oʻquvchilar eslab qolgan ma’lumotlarining mazmun-mohiyatini anglay boshlaydilar va musiqiy tushunchalarni oʻz soʻzlari bilan izohlay oladilar. Jumladan, ular tinglangan musiqaning xursand, xafa yoki tantanavor kayfiyatini tavsiflashlari, tez va sekin temp yoki baland va past dinamika oʻrtasidagi farqni tushuntirishlari hamda qoʻshiqning naqorat va band qismlarini ajratib berishlari kutiladi. 3. Qoʻllash (Applying). Nazariy bilimlar amaliyotga tatbiq etiladigan ushbu bosqich oʻrganilayotgan materialni mustahkamlash uchun eng muhim qadamlardan biri boʻlib, pedagogik texnologiyalarning asosiy maqsadi ham shundadir. Bunga misol tariqasida oʻrganilgan qoʻshiqni yakka yoki jamoaviy tarzda ijro etishni, berilgan oddiy ritmni chapak chalib yoki bolalar cholgʻu asbobida takrorlashni yoki marshga mos ravishda qadam tashlash kabi musiqaga mos harakatlar bajarishni keltirish mumkin.[3] 4. Tahlil (Analyzing). Bu bosqich musiqiy asarni qismlarga ajratib, uning tuzilishini va elementlar oʻrtasidagi bogʻliqlikni oʻrganishni nazarda tutadi. Masalan, oʻquvchilar asarni tinglash davomida muayyan cholgʻu asbobining ovozini ajratib koʻrsatishlari, kuydagi takrorlanuvchi ritmik yoki ohang tuzilmalarini aniqlashlari yoki asarning kirish, asosiy va yakuniy qismlarini belgilashlari lozim boʻladi. 5. Baholash (Evaluating). Bunda oʻquvchilar musiqiy asar yoki ijroga nisbatan oʻz munosabatini bildirish va uni asoslash koʻnikmasini egallaydilar. Bu esa ularning mustaqil fikrini shakllantiradi va pedagogik mahoratni oshirishga xizmat qiladi. Misol uchun, oʻquvchi tinglangan musiqa asari haqida oʻz fikrini bildirishi (“Bu musiqa menga yoqdi, chunki u shoʻx...”), ikki sinfdoshining ijrosini solishtirib, qaysi biri aniqroq chiqqanini muhokama qilishi yoki oʻz ijrosini tanqidiy tahlil qilib, uni yaxshilash yoʻllarini aytishi mumkin. INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE ON “MODERN APPROACHES AND TRENDS IN TEACHING FINE ARTS, DRAFTSMANSHIP AND MUSIC IN HIGHER PEDAGOGICAL EDUCATION” OCTOBER 22-23, 2025 1129 6. Yaratish (Creating). Taksonomiyaning eng yuqori choʻqqisi boʻlgan bu bosqichda oʻquvchilardan mavjud bilim va koʻnikmalari asosida yangi, oʻziga xos ijodiy mahsulot yaratish koʻzda tutiladi. Jumladan, ular berilgan she’rga mos oddiy ohang yaratishlari, mashhur qoʻshiqning naqoratiga yangi soʻzlar yozishlari yoki toʻrt taktli oddiy ritmik naqsh tuzib, uni ijro etishlari mumkin. Xulosa. Xulosa qilib aytganda, Blum taksonomiyasini boshlangʻich sinflarning musiqa madaniyati darslariga integratsiya qilish oʻquv jarayonini jonlantiradi va uning samaradorligini oshiradi. Ushbu yondashuv oʻqituvchiga dars maqsadlarini aniq belgilashga, topshiriqlarni oʻquvchilarning bilish darajasiga qarab bosqichma-bosqich murakkablashtirishga yordam beradi. Natijada oʻquvchilarda nafaqat musiqiy savodxonlik, balki tahliliy, tanqidiy va ijodiy tafakkur ham rivojlanadi. Blum taksonomiyasi – bu zamonaviy musiqa oʻqituvchisi uchun oʻquvchilarni musiqa olamining sirlarini shunchaki kashf etuvchi emas, balki unda faol ijod qiluvchi shaxs sifatida tarbiyalashga yordam beradigan samarali pedagogik vositadir. ADABIYOTLAR ROʻYXATI 1. Mavlonova R.A. Pedagogika nazariyasi va amaliyoti. – Toshkent: Oʻqituvchi, 2019. 2. Saidahmedov N. Pedagogik mahorat. – Toshkent: Ilm Ziyo, 2010. 3. Ziyomuhammedov B. Pedagogik texnologiyalar va ta’lim jarayoni. – Toshkent: Fan va texnologiya, 2008. 4. Bloom B.S. Taxonomy of Educational Objectives: The Classification of Educational Goals. – New York: Longman, 1956. 5. Anderson L.W., Krathwohl D.R. A Taxonomy for Learning, Teaching, and Assessing: A Revision of Bloom’s Taxonomy of Educational Objectives. – New York: Longman, 2001.