SOVETLARNING QATAG'ON SIYOSATI QURBONI JADID NAJAB QURBONOV
Abstract
Mazkur maqolada sovet hokimiyati yillarida qatag‘on qilingan “yosh buxoroliklar” harakatining faol qatnashchisi, jadid Najab Qurbonovning hayoti va faoliyati hamda fojiali taqdiri birlamchi arxiv manbalari asosida yoritib berilgan.
Full text
ILM FAN YANGILIKLARI KONFERENSIYASI OKTABR ANDIJON,2025 407 SOVETLARNING QATAG‘ON SIYOSATI QURBONI JADID NAJAB QURBONOV Maxkamov Azizbek Komiljon o‘g‘li Andijon davlat universiteti o‘qituvchisi, PhD Annotatsiya: Mazkur maqolada sovet hokimiyati yillarida qatag‘on qilingan “yosh buxoroliklar” harakatining faol qatnashchisi, jadid Najab Qurbonovning hayoti va faoliyati hamda fojiali taqdiri birlamchi arxiv manbalari asosida yoritib berilgan. Kalit so‘zlar: qatag‘on, O‘zbekiston SSR, Yosh buxoroliklar, Sho‘roi Islom, Laziz Azizzoda, Ichki ishlar xalq komissarligi, Milliy ittihod, aksilinqilobiy. Najab Qurbonov (uning o‘zi Sharipov Yusuf To‘pponcha) 1888 yil Eski Buxoroning Jabar qishlog‘ida tug‘ilgan, millati-fors, dastlab Buxorodagi boshlang‘ich maktabni, so‘ngra madrasani tamomlab oliy diniy ma’lumotga ega bo‘lgan. 1915 yili otasi Sharif Hakimov vafot etgach undan meros qolgan bir qancha to‘qimachilik ustaxonalariga egalik qilgan. XX asr boshlarida Buxoroning ko‘plab ilmli insonlari qatorida jadidchilik harakatini yoqlab chiqqan. O‘zi ham fors millatiga mansub aholi orasida jadidchilik g‘oyalarini targ‘ib qilgan. “Yosh buxoroliklar” harakati tashkil topgach Otaxo‘ja Po‘latxo‘jaev, Muinjon Aminov, Ibodulla Xo‘jaev (Fayzulla Xo‘jaevning ukasi) bilan birgalikda amir hukumatini isloh qilish tarafdori bo‘lgan. “Sho‘roi Islom” tashkilotining Buxorodagi bo‘limiga a’zo bo‘lgan. Amir askarlari tomonidan bir necha bor Kogon shaxridan noqonuniy qurol olib o‘tganlikda ayblanib bir necha bor zindonda kaltaklangan. Amir Said Olimxon 1917 yil aprelda jadidlarni quvg‘in qilganidan so‘ng Toshkentda muhojirlikda kun kechirgan. Amirlik hokimiyatini tugatish maqsadida tuzilgan Buxoro Kompartiyasiga birinchilardan bo‘lib a’zo bo‘lgan. 1920 yili amirlik hukumati ag‘darilib, Buxoro xalq sho‘ro jumhuriyatida jadidlar hokimiyat tepasiga kelgach, Najib Qurbonov hukumatning favqulodda qo‘mitasini boshqarish uchun jalb qilingan[1]. N.Qurbonov 1921 yil oxirlarida Anvar Poshsho Sharqiy Buxoroga ko‘chib o‘tib u yerda sovet hokimiyatiga qarshi kurashayotgan davrda unga mahfiy ravishda ko‘maklashgan. Shuningdek, 1922 yili Turkistonlik jadid Laziz Azizzoda Buxoroga kelganda sovet hokimiyatiga qarashli Qizil Armiyaning 13-korpus askarlari uni hibsga olganlar. Unga nisbatan Chorjo‘y ko‘prigini portlatmoqchi bo‘lganlik aybi qo‘yilgan. Shunda Najib Qurbonov Laziz Azizzodani himoya qilib hayotini saqlab qolgan va uni Turkistonga qaytib ketishini tashkil etgan. Boshqirdistonlik siyosiy arbob, sovet hokimiyatining ashaddiy dushmani Ahmad Zakiy Validiy 1921 yili Buxoroga tashrif buyurganida Najib Qurbonov u bilan suhbatlashgan. Mazkur voqea guvohlaridan biri bu haqida quyidagicha ko‘rsatma bergan: “Men o‘sha paytda Buxoroda noqonuniy bo‘lib turgan Ahmad Zakiy Validiy yashiringan Ibod Xo‘jaevning uyida edim. Zakiy Validiyning o‘g‘li vafot etgan kuni Najab Qurbonov Ibodxonning uyiga kelganini yaxshi eslayman. Choy ichilganidan so‘ng Zakiy Validiy Najab Qurbonovga "Milliy Ittihod"aksilinqilobiy tashkilotining vazifalari va maqsadlarini batafsil tushuntirib bergan. Ular mazkur tashkilotga yollanib a’zo bo‘lganlar, Qur’oni Karim va revolverga o‘z sodiqliklarini bildirib, o‘lim oldida ham maxfiylikni saqlash, barcha topshiriqlarni bajarish haqida qasamyod qilganlar. Najab Qurbonov bilan suhbatni yakunlar ekan Zaki Validiy shunday degan: "Bugun mening motam kunim – o‘g‘lim vafot etdi, ammo forsiy aholi vakili bizning tashkilotimizga qo‘shilganidan va biz bilan Vatanni ozod qilish uchun harakat qilishidan xursandman.” Sovetlar tomonidan amalga oshirilgan 1937-1938 yillardagi “Katta terror” yillarida ko‘plab sobiq jadidlar qatori Najab Qurbonovga nisbatan ham asosan tuxmat va bo‘xtonlardan iborat
ILM FAN YANGILIKLARI KONFERENSIYASI OKTABR ANDIJON,2025 408 ko‘rsatmalar asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. U 1937 yil 5 yanvarda ayoli Shamsiya Xursanova, o‘g‘illari – Ibrohim, Ismoil, Narimon, qizi – Salomat bilan umrguzaronlik qilayotgan Buxoro shaxridagi xonadonida bir guruh Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) xodimlari tomonidan hibsga olingan. Tintuv vaqtida unga qarashli bitta revolver va 8 ta eski diniy kitob olib qo‘yilgan. O‘zi esa Buxorodagi turmaga olib ketilib mutassil ravishda so‘roq qilingan[2]. Ichki ishlar xalq komissarligi xodimlari Najab Qurbonovni qatag‘on qilish maqsadida ko‘plab “guvohlar” tomonidan majburiy ravishda olingan “ko‘rsatmalari”dan ham foydalangan. Masalan guvoh Karimjon Ubaydullaev 1936 yil 30 dekabrda so‘roq qilinganda u Najab Qurbonov 1920 yili “Ittihodi islom” tashkilotiga qabul qilingani, taniqli jadid bo‘lgani, “Ittihodi islom”ning rahnamosi bo‘lgan Otaxo‘ja, Aminov, Ibod Xo‘ja va boshqalar bilan “Ittixodi islom” tashkilotining ishonchli vakili bo‘lib katta ko‘lamda aksilinqilobiy ishlarni olib borgani qayd etilgan. Yana bir guvohning takidlashicha BXSRning favqulodda qo‘mita rahbari Najab Qurbonov 1921 yilda “Milliy Ittihod” aksilinqilobiy millatchilik tashkilotiga a’zo bo‘lgan. O‘sha yili Favqulodda Komissiya bir afg‘on fuqarosini josus sifatida hibsga olgan, undan 96 ingliz miltig‘i va 7 mauzer tortib olingan, bu ishni Najab Qurbonovning o‘zi ko‘rib chiqqan, keyin uni “Ittihodi islom” tashkilotining ko‘rsatmasi bilan ozod qilgan. Chunki bu qurollar afg‘onlarga bosmachilarni qurollantirish uchun olib kelingan va bundan tashqari, Afg‘onistonning sobiq konsuli Abdurasulxonning murojaati ham bo‘lgan edi[1]. Yana bir guvohlikda 1933 yili Najab Qurbonov hunarmandchilik sanoat uyushmasi raisi bo‘lib ishlaganida Jo‘ra Mo‘min tumanlararo hunarmandchilik sanoat birlashmasi partiya yacheykasining kotibi bo‘lib ishlagani, ular surgun qilingan troskiychi Tvelevni Samarqand shahridan, keyin troskiychi Alekseev, Kovalenko va boshqalarni taklif qilishgani ko‘rsatilgan[3]. 1922 yili Anvar poshsho boshchiligida bosmachilik harakati katta natijalarga erishgan edi. Taniqli jadidchilardan biri Laziz Azizzoda Chorjo‘y ko‘prigining portlashini tayyorlash uchun aksilinqilobiy millatchi tashkilotning Turkiston yacheykasi ko‘rsatmasi bilan Toshkentdan kelgan, ammo Kogonda 13-korpusning maxsus bo‘limi tomonidan hibsga olingan. Uni Buxoroga yetkazib bergandan so‘ng, Najab Qurbonov uni ozod qilishni buyurgan. Ayblov bayonnomasida yozilishicha Najab Qurbonov kunlarning birida shunday degan: "Bir kishi (o‘rtoq Kirov) uchun 6000 kishi otib tashlangan va Zinovev va Kamenev kabi kishilar qamoqqa tashlangan, vaholanki ular inqilobni amalga oshirganlar va inqilob oldida katta xizmatlariga ega edilar. Sovet hukumatining amalga oshirayotgane siyosati bamisoli qassoblarga o‘xshaydi." Yana bir “guvoh” Kayumov Shukurullo 1937 yil 29 yanvarda so‘roq qilingan. Unda quyidagi voqea aks ettirilgan: “1936 yil yozida shaharning mahalliy xo‘jaligi bog‘ida Jo‘ra Mo‘minov va Sharipov Ismoiljon huzurida Najab Qurbonov shunday degan: "Biz yosh buxoroliklar Buxoro amirining hokimiyatini ag‘dardik, lekin ular (bolsheviklar) bizdan barcha oltinlarni mashinalarda va aravalarda Moskvaga olib ketishgan. Moskva bizdan paxta va qorako‘l talab qiladilar, lekin ular bizga hech narsa bermaydilar. Endi biz o‘zimiz biror narsa qilishga ojizmiz, biz butunlay Moskvaga tobemiz.” 1937 yil 3 yanvar Najab Qurbonov tergov qilinganda o‘zi haqida quyidagilarni aytib bergan: “Otam Sharif Xakimov Jabor qishlog‘ida o‘zining xunarmandchilik ustaxonasi bo‘lib, unda o‘zi va qarindoshlari bilan birga mehnat qilgan. Mening o‘zim to‘qimachilikni o‘rganib yollanib ishlaganman. Inqilobga qadar Buxoro amiri tomonidan Kogonga miltiq olib borganim
ILM FAN YANGILIKLARI KONFERENSIYASI OKTABR ANDIJON,2025 409 uchun hibsga olinganman. Yosh buxoroliklar revolyusion komitetida ishlaganman, qurol sotib olganman. 1917-yildayoq Buxoro amir tomonidan manifest e’lon qilingan. Bu hujjat qozilar va ruhoniylar bilan birgalikda ishlab chiqilgan. Unda xalq emin-erkin o‘qishi mumkinligi e’lon qilingan. Aholi orasida inqilobiy harakat tug‘ila boshlagan. Buni ko‘rgan amir manifestni bekor qilgan va Sobir Dukchiga ko‘chada to‘plangan aholi olomonini tarqatib yuborishni buyurgan. Aholini Buxoro amiri saroyiga kelishiga qarshi amir askarlari kelib ko‘cha va hiyobonlarda aholiga qarshi hujum boshlagan. To‘planganlarning katta qismi qocha boshlagan. Men shunday xolatda Kogonga qochib borganman. U vaqtda Kogonda Fayzulla Xo‘jaev va boshqalar tomonidan Yosh buxoroliklarning inqilobiy komiteti tuzilgan edi, uning rahbari Fayzulla Xo‘jaev va boshqalar bo‘lgan. Men ham inqilobiy komitetga a’zo bo‘lib kirganman. Uning topshirig‘i bilan xo‘jalik mudiri Muinjon Aminov qurol sotib olish uchun 10 ming rubl olgan.” Sovetlarning qatag‘on organlari tomonidan Najab Qurbonov doimiy ravishda aksilinqilobiy guruh yig‘inlarida ishtirok etib, targ‘ibot-tashviqot olib borgani, aksilinqilobiy faoliyat olib borgani, mustaqil O‘zbekiston uchun kurashganlikda ayblanib O‘zbekiston SSR Jinoyat Kodeksining 63 va 66 moddalarida ko‘zda tutilgan ayblovlar asosida 1937 yil 17 avgustda otuvga hukm etilgan, hukm 26 avgustda ijro etilgan. Va nihoyat oradan roppa rosa 20 yil o‘tib, ya’ni 1957 yili tarixiy adolat qaror topib uning pok nomi oqlangan[5]. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Ўзбекистон Миллий Архиви 1714-фонд, 2-рўйхат, 61-иш, 11-варақ. 2. Ўзбекистон Миллий Архиви 1714-фонд, 2-рўйхат, 87-иш, 74-варақ. 3. Ўзбекистон Миллий Архиви 1714-фонд, 3-рўйхат, 49-иш, 17-варақ. 4. Шамсутдинов Р. Қатағон қурбонлари 5-китоб. Тошкент: Шарқ, 2009 йил. 413 бет. 5. Шамсутдинов Р. Ўзбекистонда советларнинг қатағон сиёсати ва унинг оқибатлари. Тошкент: Шарқ, 2012 йил. 432 бет. 6. https://www.calameo.com/books/001267152ae538d877da0