Full text
2025 OKTABR NEW RENAISSANCE INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE VOLUME 2 | ISSUE 10 237 FUQAROLARNING DAVLAT BOSHQARUVIDA ISHTIROK ETISH HUQUQINING KONSTITUTSIYAVIY KAFOLATLARI Azimova Zahroxon Alisher qizi Xalqaro munosabatlar va zamonaviy siyosiy jarayonlar yo’nalishi bo’yicha xalqaro siyosatshunos, pedagog-tadqiqotchi mutaxasisligi buyicha magistrant. Davlat boshqaruvi va huquqshunoslikning xalqaro tajribalarini o’rganish yo’nalishida ilmiy izlanishlar olib boruvchi yosh mutaxasis. [email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.17450227 Annotatsiya. Ushbu tezisda O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi doirasida fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtirok etish huquqining mazmun-mohiyati, huquqiy asoslari hamda amaliyotdagi ahamiyati tahlil qilinadi. Yangi Konstitutsiyada “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili bosh g‘oya sifatida belgilangan bo‘lib, davlat siyosatining markazida inson manfaatlarini ta’minlashga alohida urg‘u berilgan. Fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtiroki saylov, referendum, jamoatchilik nazorati, murojaatlar instituti, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshiriladi. Maqolada ushbu institutlarning samaradorligi, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘nalishlari yoritilgan. Xulosa sifatida, fuqarolarning davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi demokratik jamiyatni shakllantirish va davlat javobgarligini kuchaytirishda muhim omil ekanligi ta’kidlanadi. Kalit so’zlar: Konstitutsiya, inson huquqlari, fuqarolik jamiyati, davlat javobgarligi, jamoatchilik nazorati, ishtirok huquqi, ochiqlik, demokratik boshqaruv. Kirish. O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab berdi. Unda inson huquqlari, erkinliklari va qonun ustuvorligi demokratik jamiyatning bosh tamoyili sifatida mustahkam o‘rin oldi. Shu jumladan, fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtirok etish huquqi ham Konstitutsiyaviy darajada kafolatlangan bo‘lib, mazkur institut davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni ta’minlovchi eng muhim mexanizmlardan biri sifatida namoyon bo‘ladi. Davlat boshqaruvida fuqarolarning ishtiroki deganda nafaqat saylovlarda qatnashish yoki deputatlar orqali vakillik qilish, balki davlat siyosatini shakllantirish, qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilik fikrini bildirish, nazorat o‘rnatish hamda takliflar berish kabi keng qamrovli faoliyat tushuniladi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 69-moddasida “Fuqarolar davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar” degan norma mustahkamlangan. Bu norma demokratik boshqaruvning asosi hisoblanadi, chunki xalq suvereniteti tamoyili — davlat hokimiyatining yagona manbai xalq ekanligini bildiradi. Fuqarolarning ishtirok etish huquqini amalga oshirish uchun bir qator konstitutsiyaviy institutlar mavjud. Ulardan eng asosiylari — saylov tizimi, referendum, jamoatchilik nazorati, murojaatlar instituti, siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshiriladigan ishtirokdir. Saylovlar orqali fuqarolar bevosita davlat hokimiyati organlarini shakllantiradilar, bu esa ularning siyosiy iroda ifodasidir. So‘nggi yillarda mamlakatimizda jamoatchilik fikrining davlat siyosatiga ta’siri yanada kuchaydi.
2025 OKTABR NEW RENAISSANCE INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE VOLUME 2 | ISSUE 10 238 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g‘oyasi konstitutsiyaviy siyosatning markazida turibdi. Shu ma’noda, ochiq parlament, raqamli boshqaruv, “Mening fikrim” elektron petitisiya tizimi kabi platformalar fuqarolarning davlat boshqaruvida bevosita ishtirok etish imkoniyatini kengaytirdi. Bugungi kunda mamlakatimizda “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonun, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonun, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun hamda “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonunlar orqali fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtirok etish imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi. Biroq amaliyotda hali ham ayrim kamchiliklar, xususan, jamoatchilik fikrini inobatga olishdagi sustkashlik, axborot olishdagi byurokratik to‘siqlar va ayrim mansabdorlarning javobgarlik masalasidagi bo‘shliqlar saqlanib qolmoqda. Shu bois, fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtirok etish huquqini yanada samarali amalga oshirish uchun bir nechta ustuvor yo‘nalishlarda chora-tadbirlar zarur: birinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarini — nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash lozim; ikkinchidan, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni oshirish, har bir qabul qilinayotgan qaror bo‘yicha jamoatchilik muhokamasini majburiy mexanizm sifatida joriy etish kerak; uchinchidan, jamoatchilik nazorati institutlarining mustaqilligini ta’minlovchi huquqiy kafolatlarni mustahkamlash talab etiladi. Xulosa. Fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtirok etish huquqi O‘zbekistonning demokratik taraqqiyot yo‘lida markaziy o‘rinni egallaydi. Ushbu huquqning to‘liq amalga oshirilishi xalq irodasining real ifodasini ta’minlaydi, davlat hokimiyati organlarining qonuniyligi, javobgarligi va ochiqligini kuchaytiradi. Natijada, O‘zbekiston Respublikasining “xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan konstitutsiyaviy tamoyiliga muvofiq, chinakam ochiq, javobgar va fuqarolarga xizmat qiluvchi boshqaruv tizimi shakllanadi. Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati: 1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (yangi tahrir, 2023-yil 30-aprel). 2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining nutqlari va ma’ruzalar to‘plami. – Toshkent, 2023. 3. “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonun. – 2018-yil 12-aprel. 4. “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonun. – 2014-yil 5-may. 5. Mirziyoyev Sh.M. “Yangi O‘zbekiston strategiyasi”. – Toshkent: O‘zbekiston, 2021.