FUTBOL MUXLISLARI NUTQINING PRAGMATIK ASPEKTLARI
Full text
61 FUTBOL MUXLISLARI NUTQINING PRAGMATIK ASPEKTLARI Xasanov Zafar Baxtiyorovich O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili 2-fakulteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha dekan muovini DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17450433 Annotatsiya: Zamonaviy tilshunoslikda lingvopragmatika tilning real kommunikativ vaziyatlardagi qo‘llanilishi va nutq faoliyatidagi funktsional xususiyatlarini o‘rganadi. Pragmatikaning shakllanishi Charlz Morris nomiga bog‘liq bo‘lib, uning ta'rifi tilni nafaqat ichki tizim, balki foydalanuvchilarga bog‘liq holda o‘rganish zarurligini ta'kidlaydi. Bu yondashuv "tilmatn-nutq" modelidan "so‘zlovchi-matn-tinglovchi" muloqot modeliga o‘tishga olib keldi. Keyinchalik, J.Austin va J.Searl tomonidan yaratilgan nutqiy aktlar nazariyasi, nutq orqali bajariladigan amallarni aniqlashga yordam berdi. Austin tomonidan taqdim etilgan performativ nutq kontseptsiyasi tilni faqat borliqni aks ettirish vositasi sifatida emas, balki borliqni o‘zgartiruvchi vosita sifatida qarashga turtki bo‘ldi. Pragmatikaning rivojlanishida Sh. Safarov va M. Hakimovning g‘oyalari, til birliklarining pragmatik tabiatini va ularning amaliy muloqotdagi rolini tushunishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, xushmuomalalik nazariyasi (Politeness Theory) va madaniyatlararo pragmatika, turli madaniyatlardagi kommunikativ strategiyalarning farqlarini o‘rganadi. Sport, xususan futbol kontekstida, ba'zi pragmatik hodisalar universal xarakter kasb etib, madaniyatlararo o‘xshashliklarni ko‘rsatadi. Ushbu tadqiqot zamonaviy tilshunoslikda pragmatikaning o‘rni va uning amaliy qo‘llanilishi bo‘yicha yangi ko‘rinishlarni ochib beradi. Kalit so‘zlar: Lingvopragmatika, Kommunikativ vaziyatlar, Nutq faoliyati, Pragmatik yondashuv, Charlz Morris, Semiotika, Sintaktika, semantika, pragmatika, Nutqiy aktlar nazariyasi, John Austin, John Searle, Performativ nutq, Konstativ va performativ funktsiyalar, Lokutiv, illokutiv, perlokutiv aktlar, Sh. Safarov, Yashirin nutqiy shakllar, M. Hakimov, Xushmuomalalik nazariyasi (Politeness Theory), Madaniyatlararo pragmatika, Sport diskursi, futbol, Universal va madaniy-spetsifik pragmatik hodisalar, Yuzni saqlash (face). Zamonaviy tilshunoslik fanida lingvopragmatika alohida o‘rni bor bo‘lgan sohaga aylanib, tildagi belgilarning real kommunikativ vaziyatlarda qo‘llanilishi va ularning nutq faoliyati jarayonidagi funktsional xususiyatlarini o‘rganadi. Pragmatik yondashuv tilshunoslikka XX asr ikkinchi yarmida kirib kelgan bo‘lsa-da, uning dolzarbligi hali ham saqlanib qolmoqda. Tilshunoslikda pragmatika tushunchasining shakllanishi Charlz Morris nomiga bog‘liq bo‘lib, u semiotika doirasida sintaktika, semantika va pragmatika o‘rtasidagi farqni belgilab bergan. С.Morrisning ta’kidlashicha, pragmatika belgilarning ulardan foydalanuvchilar bilan bo‘lgan munosabatlarini o‘rganadi 1 . Ushbu ta’rif keyinchalik tilshunoslikda pragmatik tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishini belgilab berdi va nutqiy faoliyat jarayonida til birliklarining qo‘llanilishi masalalarini o‘rganishga yo‘l ochdi. 1 [ Morris C. Signs, Language and Behavior. – New York: Prentice-Hall, 1946. – Р. 217. ]
62 Ta’kidlab o‘tish joizki, C.Morrisning bu ta’rifi pragmatikaga mustaqil fan sohasi sifatida asos soldi. Uning asosiy xizmati shundaki, u tilni nafaqat ichki tizim (sintaksis) va ma’no (semantika) nuqtai nazaridan, balki til foydalanuvchisiga bog‘liq holda o‘rganish zarurligini ko‘rsatib berdi. Bu yondashuv “til-matn-nutq” an’anaviy tilshunoslik modelidan “so‘zlovchi-matn-tinglovchi” muloqot modeliga o‘tishga turtki bo‘ldi. Biroq, Morrisning ta’rifi umumiy bo‘lib, amaliy tilshunoslik uchun konkret mexanizmlarni o‘z ichiga olmaydi. Keyingi tadqiqotlar, xususan, J.Austin va J.Searlning nutqiy aktlar nazariyasi 2 , bu munosabatlarning konkret ko‘rinishlarini – so‘zlar orqali amalga oshiriladigan amallarni oydinlashtirdi. Lingvopragmatikaning asosiy tamoyillaridan biri, Sh. Safarovning ta’kidlashicha, “til birliklari bajarayotgan vazifasiga ko‘ra tadqiq qilinib, ularning pragmatik tabiati amaliy faoliyatda, muloqot jarayonida yuzaga chiqadi” 3 . Bu yondashuvning ahamiyati shundaki, til birliklari o‘zlarining lug‘aviy va grammatik ma’nolari hamda muayyan kommunikativ vaziyatda qo‘llanilgandagi ta’sir kuchi bilan baholangan holda, o‘zlarining asl ma’nosidan tashqari, tasdiqlash, buyurish, ogohlantirish, va’da berish kabi ma’nolarni ham ifodalashi mumkin. Sh. Safarovning bu g‘oyasi pragmatikaning o‘zbekistondagi tilshunoslik maktabi uchun muhim tamal toshidir. U С.Morrsining umumiy ta’rifini yanada konkretlashtirib, til birliklarining funktsional xususiyatlariga urg‘u beradi. Misol uchun, “havo juda issiq” degan gap shunchaki ma’lumot berishdan tashqari, agar eshik yoki deraza ochiq bo‘lsa, “derazani yoping” yoki “havo konditsionerini yoqing” kabi yashirin illokutiv kuchga ega bo‘lishi mumkin. Bu yondashuv M. Hakimovning “yashirin nutqiy shakllar” 4 haqidagi g‘oyalari bilan ham uyg‘unlashadi va tilning har doim o‘z lug‘aviy ma’nosidan ko‘ra ko‘proq ma’noni anglatishini isbotlaydi. Pragmatikaning rivojlanishida John Austin va John Searle tomonidan yaratilgan nutqiy xatti-harakatlar nazariyasi muhim ahamiyat kasb etib, jumladan, J.Austinning “How to Do Things with Words” asarida bayon etilgan performativ nutq kontseptsiyasi tilshunoslikda inqilob yaratdi 5 . J.Austin nutqning konstativ (tasvirlovchi) va performativ (ijro etuvchi) funktsiyalarini ajratib bergani nutq orqali harakatlarni amalga oshirish imkoniyatini nazariy jihatdan asosladi. J.Austinning performativ gaplar haqidagi g‘oyasi haqiqatan ham tilshunoslikda tub burilish yasadi. 2 [ Austin J.L. How to Do Things with Words. – Oxford: Oxford University Press, 1962. – 168 p.; Searle J.R. Expression and Meaning. – Cambridge: Cambridge University Press, 1979. – 187 p. ] 3 [ Safarov Sh. Pragmalingvistika. – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2008. – В. 76.] 4 [ Hakimov M. O‘zbek pragmalingvistikasi asoslari. – Toshkent: Akademnashr, 2013. – В. 82.] 5 [ Austin J.L. How to Do Things with Words. – Oxford: Oxford University Press, 1962. – P. 5. ]
63 Bu g‘oya tilni faqatgina borliqni aks ettiruvchi vosita emas, balki borliqni shakllantiruvchi, o‘zgartiruvchi vosita sifatida voqelantirdi. J.Austinning konsepsiyasiga ko‘ra, nutqiy xatti-harakatlar uch qatlamli tuzilishga ega: lokutiv (so‘zlarni talaffuz qilish), illokutiv (ma’lum maqsadda gapirish) va perlokutiv (tinglovchiga ta’sir o‘tkazish) aktlar 6 . Ushbu tuzilish M. Hakimovning ta’kidlashicha, “so‘zlovchi va tinglovchi o‘rtasidagi samarali muloqotni yuzaga keltirish va ayniqsa, so‘zlovchining kommunikativ maqsadini amalga oshirishda alohida ahamiyat kasb etadi” 7 . Nutqiy aktning uch bosqichli tabiati uning murakkabligini ifodalaydi - oddiy so‘zlarning talaffuz qilishidan tortib to tinglovchi ongiga chuqur ta’sir o‘tkazishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar pragmatik tahlilning predmetiga kiradi. Ushbu uch bosqichli model pragmatik tahlilning asosi bo‘lib xizmat qiladi. Lokutiv akt - oddiy fonetik va grammatik akt, tilshunoslikning an’anaviy sohalari o‘rganadigan jihatdir. Illokutiv akt - bu pragmatikaning asosiy predmetidir, ya’ni gapirish orqali bajariladigan ma’lum bir maqsadli harakat (buyruq berish, so‘rash, va’da berish). Perlokutiv akt esa ushbu harakatning tinglovchiga ta’siridir, masalan, tinglovchining qo‘rqishi yoki hayratlanishi. Muhokamada M. Hakimovning bu modelni o‘zbek tilshunosligiga tatbiq etgani juda muhim, chunki u milliy til materialida pragmatikaning universal tamoyillarini o‘rganishga yo‘l ochdi. Ayniqsa, sport diskursida bu uch bosqich yaqqol namoyon bo‘ladi. Masalan, “Uch-nol, adolat qani?!” (lokutiv akt) gapining illokutiv kuchi hakamning qarorini shubha ostiga olish (tanqid qilish) bo‘lsa, perlokutiv ta’siri muxlislarning g‘azabini qo‘zg‘ash bo‘lishi mumkin. Zamonaviy lingvopragmatika yo‘nalishlarida xushmuomalalik nazariyasi (Politeness Theory) alohida ahamiyat kasb etadi. Penelope Brown va Stephen Levinson tomonidan ishlab chiqilgan ushbu nazariya insonlarning o‘z “yuzi” (face)ni saqlash istagi va boshqalarning “yuzini” himoya qilish ehtiyoji atrofida qurilgan 8 . Xushmuomalalik strategiyalari nutqiy xatti-harakatlarning ijrosini yumshatish yoki kuchaytirish uchun qo‘llaniladi va turli madaniyatlarda har xil ko‘rinishlarga ega bo‘ladi. Har bir madaniyatda “yuzni saqlash” tushunchasi o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi, bu esa turli madaniyatlarda turli xil xushmuomalalik strategiyalarining mavjudligiga olib keladi. 6 [ Austin J.L. O‘sha asar. – B. 81-82. ] 7 [ Hakimov M. O‘zbek pragmalingvistikasi asoslari. – Toshkent: Akademnashr, 2013. – В. 82.] 8 [ Brown P., Levinson S. Politeness: Some Universals in Language Usage. – Cambridge: Cambridge University Press, 1987. – P. 61.]
64 Pragmatik hodisalarning universal va madaniy-spetsifik tomonlari masalasi ham dolzarb hisoblanadi. A. Wierzbickaning madaniyatlararo pragmatika bo‘yicha tadqiqotlari turli madaniyatlardagi pragmatik an’analarning chuqur farqlarini ko‘rsatadi 9 . Biroq, sport, xususan futbol kontekstida ba’zi pragmatik hodisalar universal xarakter kasb etadi, chunki o‘yin qoidalari va asosiy emotsional reaksiyalar madaniyatlararo o‘xshashlikka ega. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Morris C. Signs, Language and Behavior. – New York: Prentice-Hall, 1946. – Р. 217. 2. Austin J.L. O‘sha asar. – B. 81-82. 3. Austin J.L. How to Do Things with Words. – Oxford: Oxford University Press, 1962. – P. 5. 4. Austin J.L. How to Do Things with Words. – Oxford: Oxford University Press, 1962. – 168 p.; Searle J.R. Expression and Meaning. – Cambridge: Cambridge University Press, 1979. – 187 p. 5. Austin J.L. How to Do Things with Words. – Oxford: Oxford University Press, 1962. – P. 5. 6. Hakimov M. O‘zbek pragmalingvistikasi asoslari. – Toshkent: Akademnashr, 2013. – В. 82. 7. Safarov Sh. Pragmalingvistika. – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2008. – В. 76. 9 [ Wierzbicka A. Understanding Cultures through Their Key Words: English, Russian, Polish, German, and Japanese. – New York: Oxford University Press, 1997. – Р. 145. ]