PROFESSOR RAVSHANXO'JA RASULOV METODI
Full text
65 PROFESSOR RAVSHANXO‘JA RASULOV METODI Ravshanxo‘ja Rasulov O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti filologiya fanlari doktori, professor DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17450458 Annotatsiya Maqolada sifatli ta’lim uchun xizmat qiladigan metod: “Chalg‘itish yoki hushyorlikni aniqlash va oshirish” haqida fikr yuritiladi. Ushbu metod talabalarni ta’lim – bilim olish jarayonida ham aqliy, ham nutqiy faollashtirishga qaratilgan. Maqolada tushunish va fikrlash g‘oyasi ilgari suriladi. Kalit so‘zlar: so‘zlash, tinglash, tushunish, tushuntirish, chalg‘itish. Hozirda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan o‘ta dolzarb va o‘ta muhim muammolardan biri ta'lim muammosi – sifatli ta’lim, ta’lim sifatidir. Sifatli ta’lim shunchaki ta’lim emas, balki nazariya va amaliyotga asoslangan, mazmunan yuksak ilmiy saviyaga ega bo‘lgan ta’limdir. O‘zbekiston yoshlarini dunyoga dadil, erkin chiqishiga har qanday raqobatga qarshi turadigan, ilmiy “jangovarlik”ka tayyorlaydigan ta’limdir. Shunday savol tug‘iladi: Ta’lim qachon va qayerdan boshlanadi? Ta’lim – sifatli ta’lim, fikrimizcha, aslida yoshlikdan, anig‘i, yoshlarimizning go‘dakligidan, yana ham anig‘i, hali tug‘ilmasidan – onaning bag‘rida yotgan paytdan boshlanadi. Fikrimizcha, ona hali tug‘ilmagan farzandiga doimiy she’r o‘qib tursa yoki musiqa chalib tursa yoki o‘z ona tiliga mehr uyg‘otib borsa, albatta, bu jarayon, shakshubhasiz, natija beradi. Chunki tug‘ilmagan bolada tinglash, eshitish va esda saqlab qolish qobiliyati kuchli bo‘ladi. Bu – haqiqat. Bola nafaqat eshitadi, balki unda har qanday tashqi ta’sirlarga javob harakatlari reaksiyasi ham yuz beradi. Uzoq vaqt musiqa eshitgan hali tug‘ilmagan go‘dak, tug‘ilgandan keyin, o‘sish jarayonida musiqaga mehr bilan qarashi – kelgusida musiqachi bo‘lib yetishishi hech gap emas. Tug‘ilmagan go‘dakka uzoq vaqt tez-tez doimiy she’rlar o‘qib turilishi natijasida kelgusida uning shoir bo‘lishi ham hech gap emas. Ushbu fikrimizni nisbatan qabul qilishingizni, ya'ni 10 tadan 10 tasi – hammasi musiqachi yoki shoir bo‘ladi, degan ma’noda tushunmasligingizni so‘rayman. Ammo bu ijobiy natija berishi aniq. Shu o‘rinda ulkan o‘zbek tilshunosi, turkolog ustozim – ruhlari shod bo‘lsin, professor Hamid G‘ulomovich Ne’matov – Buxoro tilshunoslik maktabining asoschisi va O‘zbekiston uchinchi avlod tilshunoslarining sardori bir kitoblarida [1:55] shunday faktni keltiradilar: “Oila va jamiyat” haftanomasining 1992-yil may oyida chiqqan 21-sonining 1-sahifasida “Larisaning mullo o‘g‘li” sarlavhali maqola
66 e’lon qilindi unda moskvalik Larisa ismli rus qizi Abdujaborxon ismli qashqadaryolik yigitga turmushga chiqishidan oldin butun qonuniyatlari bilan islom dinini qabul qilganligi, namoz o‘qib, ro‘za tutganligi, eng muhimi shundaki, oilada dunyoga kelgan to‘ng‘ich o‘g‘illari Temurxonga alla emas, ota – ona navbatmanavbat Qur’on o‘qib uxlayotganlari haqida batafsil ma’lumot berilgan. Natijada Temurxonning birinchi aytgan so‘zi “Ona” emas, “Olloh” bo‘lgan va bola 8 oyligida “La illaha illoloh” degan. Bir yoshga to‘lganda esa “Kalimai toiba” bilan “Kalimai shahodat”ni to‘liq aytgan. Bir yarim yoshida “Ixlos” surasini yod oladi, 2,5 yoshga yetganda esa 13 ta kichik surani yod bilgan va Toshkentdagi Mirzo Yusuf jome’ masjidida bo‘lib o‘tgan yosh qorilar musobaqasida Qur’on suralarini qiroat bilan o‘qib, hammani hayratga solgan. Fikrimizcha, bola Qur’on suralarini nafaqat tug‘ilgandan keyin, balki tug‘ilmasdan oldin ham eshitgan, tinglagan, ta’sirlangan. Demak, tug‘ilmagan go‘daklarda tinglash, qabul qilish qobiliyati, aytilganidek, kuchli bo‘ladi, bu tabiiy holdir. Xulosa shuki, biz farzandlarimizga go‘daklik chog‘idan til o‘rgatishimiz, ularning tinglash qobiliyatidan to‘liq foydalanishimiz shart. Bola tug‘ilganidan keyin ta’lim va tarbiya jarayoni boshlanadi. Anig‘i, oila, bog‘cha, maktab va oliy o‘quv yurtida ta'lim va tarbiya birgalikda, bir butun holda, uzviy va uzluksiz holda olib boriladi. Ma’lumki, oliy o‘quv yurtlarida ta'lim jarayoni, ya’ni ta’lim berish so‘zlash va tinglash dialektikasi orqali amalga oshadi. Bu – aksioma. So‘zlash va tinglash o‘zaro dialektik munosabatda bo‘lgan faol jarayondir. Biri ikkinchisisiz bilan chambarchas bog‘liq, o‘zaro zaruriy, mantiqiy aloqadadir. Biri ikkinchisiz sodir bo‘lmaydi va bo‘lishi ham mumkin emas. Aytmoqchimizki, so‘zlash bor joyda, albatta, tinglash ham bo‘ladi. So‘zlash murakkab fiziologik, psixologik va logik faoliyatdir. Shuning uchun bo‘lsa kerak faylasuf Suqrotdan: “Dunyoda eng qiyin ish nima? deb so‘raganlarida. Allomai zamona – so‘zlash” deb javob bergan. Buyuk adibimiz Abdulla Qodiriy esa: “So‘z so‘zlaganda, undan jumlalar tuzganda uzoq andisha [2: 84] kerak”, deganlar. Tinglashchi? Fikrimizcha, tinglash ham murakkab ijtimoiy, mantiqiy ruxiyat bilan bog‘liq jarayon. U so‘zlashga qiyosan olganda unga nisbatan turg‘un “qotgan”, “faolsiz” jarayon. Aslida esa u ham faollikni talab qiladi. Uning asosiy, muhim jihati nimada? Fikrimizcha, tushunishda, tushunishdir, ya’ni tushunish bilan bog‘liqligidir. Tushunish tinglash jarayonining “yuragi”, davomi, uning markaziy yadrosidir.
67 Shunday ekan, umuman xalq ta’limi va oliy ta’lim tinglovchilari ya’ni o‘quvchi va talabalar ma’ruzalarni tinglash jarayonida qanchalik faol? Ularning ko‘zi ham, qalbi ham, ongi ham tinglash jarayoniga tayyormi? Nutqni to‘la tushungan holda tinglay oladimi? Ma’ruzadagi fikrni, ilmiy xabarni tushunadimi? Anig‘i, tushungan holda notiqning nutqini yoza oladimi? Bizning kuzatishlarimiz, oliy o‘quv yurtlarida o‘tkazgan tajribalarimiz talabalarning dars jarayonida ma’ruzani tushungan holda tinglash faolligi – ma’ruzani tushungan holda yozib borishi talabga javob bermasligini ko‘rsatdi. Aytilganlar asosida men tavsiya etgan metod, ya’ni professor R.Rasulov metodi yuzaga keldi. Ushbu metod “Chalg‘itish yoki hushyorlikni aniqlash va oshirish” deb nomlanadi. Biz tavsiya qilayotgan chalg‘itish yoki hushyorlikni aniqlash va oshirish metodining mohiyati, ahamiyati, vazifasi nimada? degan savolning tug‘ilishi tabiiydir. Ushbu metod biz tomondan yillar davomida ma’ruza jarayonida qo‘llanib kelinmoqda. Biz darsda o‘tiladigan muayyan mavzuni, dastavval, bir necha yirik qismga bo‘lib, har biri haqida alohida fikr yuritamiz, ma’lumot beramiz. M: “Sistema va struktura” mavzusini o‘tishda uni quyidagi to‘rt qismga bo‘lamiz: 1. Sistema haqida ma’lumot 2. Struktura haqida ma’lumot 3. Sistema va struktura bog‘liqligi haqida 4. Tilda sistema va struktura yoki til sistem-struktur tuzilish sifatida. Demak, ma’ruzada, dastavval, sistema va struktura falsafiy kategoriya sifatida atroflicha o‘rganiladi, so‘ngra tilga sistema va struktura jihatidan yondashiladi. Tilning sistema ekanligi, uning strukturasi nimalardan iboratligi haqida misollar asosida mukammal, aniq ma’lumot beriladi. Ma’ruza og‘zaki ko‘rinishda olib boriladi, ya’ni ma’ruza mavzusining muayyan qismi puxta tushuntirilib, ayni vaqtda talabalarning ushbu muammo haqidagi bilimi ham aniqlab boriladi. Bundan maqsad talabaning muayyan hodisa haqidagi tushunchasi yetarlimi, aytilganlarni tushundimi, ularda muayyan ma’lumot hosil bo‘ldimi yoki yo‘qmi kabilarni bilishdir. Aytmoqchimizki, talabalarda muayyan ilmiy hodisa haqida muayyan bilim, tushuncha hosil bo‘lganligi aniqlangandan – bunga menda ishonch hosil bo‘lgandan so‘ng ushbu hodisa haqidagi ma’lumot talabalarda doimiy saqlanishi uchn yozdiriladi, ya’ni og‘zaki amaliyotdan yozma amaliyotga o‘tiladi. Aniqrog‘i, ma’ruzachi og‘zaki bergan ma’lumotini qisqa va aniq yozdiradi. Ana shu o‘rinda talabalar tomonidan yozish jarayoni mantiqli, tushungan
68 holda amalga oshirayotganligini aniqlash maqsadida talabalarda akustik qabul qilingan nazariy bilim yozish jarayonida – og‘zaki tushuntirishdan farqli holda – noto‘g‘ri, ya’ni to‘g‘risiga zid holda yozdiriladi. Masalan, strukturaga berilgan ta’rif sistemaning ta’rifi yoki, aksincha, sistemaga berilgan ta’rif strukturaning ta’rifi sifatida qayd etiladi. Qiyoslang: struktura – qismlardan iborat butunlik. Sistema esa strukturaning elementlari, qismlari, tuzilishidir. Aslida esa, sistema qismlardan iborat butunlik, yaxlitlikdir. Ushbu jarayonda, dastavval, talabalarning 90-95%i ma’ruzachining yozdirayotgan noto‘g‘ri ma'lumotini to‘g‘ri deb qabul qiladi va qanday aytilgan bo‘lsa, nimani eshitsa shuni yozadi, yozilayotgan fikrning mantig‘iga e’tibor bermaydi. Demak, bunda mantiqiy qabul qilish emas, balki mexanik, avtomatik qabul qilish jarayoni kechadi. Ma’ruzachi talabalar tomonidan yozib olingan noto‘g‘ri ma’lumotni o‘ziga o‘qitadi va tushuntirib berishini so‘raydi. Shunda yozma ma’lumotning og‘zaki berilgan ma’lumotga zidligi ma’lum bo‘ladi. Bahs, munozaradan so‘ng talaba yozilgan fikrning noto‘g‘ri, ya’ni asliga – og‘zaki tushuntirilganiga zid ekanligini, mos emasligini tan oladi. Gap shundaki, talaba eshitayotgan fikrni daftariga yozishida e’tiborsizlik bilan, mas’uliyatsizlik bilan qabul qiladi. Uning og‘zaki aytilganda to‘g‘ri tushungan hodisani noto‘g‘ri yozayotgani hayoliga ham kelmaydi. Bunda sanoqli talabalardagina ikkilanish yuzaga kelsa-da, ular ham bunga jiddiy e’tibor bermaydi. Demak, fikrni daftarga tushirish jarayoni talabga javob bermaydi. Og‘zaki nutq bilan yozma nutq o‘rtasida ilmiy izchillik, uzviylik, dialektik bog‘liqlik yo‘qoladi. Bizning maqsad – talaba fikrni daftarga yozishda ham diqqat-e’tibor bilan, mas’uliyat bilan tushungan holda faollik ko‘rsatsa, ana shunda talabaning og‘zaki to‘g‘ri olgan bilimi yana ham mustahkamlanadi, chuqurlashadi. Talaba yozish jarayonida miyasini egallagan bo‘lar-bo‘lmas hayollardan, fikrlardan qutiladi. Og‘zaki bilan yozma jarayon o‘rtasida bog‘liqlik, izchillik yuzaga keladi, maqsadga erishiladi. Yuqoridagi fikrlardan ma'lum bo‘ldiki, ma’ruzani o‘tish jarayonida talaba aytilgan fikrni daftarga qayd etayotganida ma’ruzachi tomonidan ongli ravishda chalg‘itish amalga oshiriladi. Shu orqali talabaning muayyan fikrni yozishda qanchalik hushyorlik bilan, tushungan holda “ishlayotgani” aniqlanadi. Asta-sekin ma’ruzadan ma’ruzaga talabaning ma’lumotni yozish jarayonidagi hushyorligi ortib boradi. U og‘zaki fikrni daftarga yozishda o‘ylab, diqqat-e’tibor bilan ish ko‘radi. Aniqrog‘i, talabada fikrlab yozish ko‘nikmasi – mantiqiy yozish shakllanadi. Bunda: 1. Talaba yozish jarayonida ma'ruzachining nutqiga tanqidiy munosabatda bo‘ladi.
69 2. Talaba muayyan mavzu haqidagi og‘zaki qabul qilingan fikrni yozish jarayonida uni aynan qayd etishga harakat qiladi. 3. Talaba yozish jarayonida ma’ruzachi tomonidan aytilgan noto‘g‘ri fikrni chetlab o‘tib, o‘zi mustaqil holda to‘g‘ri yozishga – og‘zaki tushunganiga moslashga kirishadi. U fikrlaydi “ijod qiladi”. 4. Talaba yozish jarayonida ma’ruzachi nutqining to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini bilish uchun, chalg‘itish jarayoni bormi yoki yo‘qmi ekanligini aniqlash uchun ma’ruzachi fikrini – nutqini diqqat bilan eshitishga va aniq tushunishga harakat qiladi. 5. Talaba chalg‘itish jarayoni kechayotganini sezsa, hushyorlik bilan ma’ruzachi fikriga qarshi fikr bildirishga, bahs-munozara yuritishga kirishadi. 6. Talaba yozish jarayonida fikrlashga, o‘ylashga, tafakkurini to‘liq ishga solishga o‘rgatiladi. Shu o‘rinda talabaning fikrlash faolligini oshirish maqsadida ma’ruzachi tomonidan mavzuning biron bo‘lagi, qismi og‘zaki nutq orqali mukammal tushuntirilganidan, ustozga talabalarning muammoni yaxshi tushunganligi haqida ishonch hosil bo‘lgandan so‘ng, ushbu mavzu qismi haqidagi xulosani yozdirish, ya’ni aytib yozdirish (diktovka) amalga oshirilmaydi, balki xulosani yozish talabaning o‘ziga vazifa qilib beriladi. Har bir talaba og‘zaki jarayonda tushunganini endi o‘zi, ma’ruzachisiz, yozishga kirishadi. U “ijod” qiladi, faol fikrlaydi, u so‘z qidiradi, gap tuzadi. Talaba og‘zaki olgan bilimini o‘zi mustaqil holda xulosa sifatida daftarga qayd etadi. Demak, talaba mantiqiy tafakkurga asoslangan holda ijod qiladi. Talaba tafakkurida faol fikrlash amalga oshadi. Xullas, bilim berishda qanday pedagogik texnologiyalardan, qanday metodlardan foydalanmaylik, ularni dars jarayonida qo‘llamaylik maqsad bitta, talaba ham og‘zaki, ham yozma tarzda puxta bilim olishi, mavzu haqidagi ma’lumotni xotirasiga mustahkam joylashtirishi, ma’ruzachi tomonidan lisoniy hodisalar yuzasidan beriladigan fikrlarga tanqidiy munosabatda bo‘lishi, dars jarayoniga e’tibor bilan, mas’uliyat bilan yondashishi shart. Shak-shubhasiz, “Chalg‘itish yoki hushyorlikni aniqlash va oshirish” metodi ham ta'lim sifati – sifatli ta'lim uchun xizmat qiladi. Yana bir umumiy xulosa shuki: 1. Talaba qachon ma’ruzachiningmavzu bo‘yicha fikriga tanqidiy munosabatda bo‘ladi?
70 2. Talaba qachon ma’ruzachi bilan mavzu yuzasidan bahs-munozaraga kirishadi? 3. Talaba qachon mustaqil fikrlaydi, ya’ni lisoniy “ijod” qiladi? Javob bitta. 1. Talaba qachonki ma’ruzani diqqat bilan tinglab, aniq tushungandagina u bahs-munozaraga kirishadi. 2. Talaba tushungandagina ma’ruzachi fikriga tanqidiy munosabatda bo‘ladi. 3. Talaba tushungandagina xulosani o‘zi mustaqil, erkin yoza oladi. Aytilganlarning barchasi ta’lim sifati uchun xizmat qiladi. Shundagina sifatli ta’lim amalga oshadi. Demak, sifatli ta’lim berishda ta’lim sifatini oshirishda ma’ruzachi puxta bilimli, pedagogik mahoratli va zarur pedagogik texnologiyalardan – shu kungi talabga javob beradigan zamonaviy metodlardan mohirona, unumli foydalanishi shart. Bular ta’limda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Shu o‘rinda eslatamiz, talabaning ma’ruzani yaxshi, to‘liq, mukammal tushunishi, shak-shubhasiz, ustozga bog‘liq. Chunki ustoz tushuntiradi, ya’ni tushuntirish ustozdan tushunish esa talabadan. Demak, ustozning tushuntirishi, pedagogik mahorati yuqori ilmiy saviyada, mukammal bo‘lishi shart. Anig‘i, tushunish tushuntirishdan kelib chiqadi. Tushuntirish – asos, sabab;tushunish – natija, “hosil”dir. Xulosa shuki, ustoz ham talaba ham dars jarayoniga ham ruhan, ham jismonan tayyor bo‘lishi lozim. Bu ayni – muddao. Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. Неъматов Ҳ.Ғ., Жўраева Б. Социолингвистика. – Бухоро, 2004. – 55-бет. 2. Andisha – o‘ylamoq, fikrlamoq ma’nosida. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 1-jild. –Toshkent, 2006. – 84-bet.