scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

TIL TA'LIMIDA SUN'IY INTELLEKT TEXNOLOGIYALARIDAN FOYDALANISH

Gulshan Asilova

Full text

90 TIL TA’LIMIDA SUN’IY INTELLEKT TEXNOLOGIYALARIDAN FOYDALANISH Gulshan Asilova Alfraganus University professori, pedagogika fanlari doktori e-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17450482 Annotatsiya. Maqolada til ta’limida o‘qituvchi faoliyatini optimallashtirish va talabalarning qiziqishini oshirish maqsadida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish masalalari tahlil qilingan. Sun’iy intellektdan ta’lim jarayonida foydalanishning ijobiy va salbiy jihatlari ochib berilgan. Kalit so‘zlar: o‘zbek tili, sun’iy intellekt, interfaol ta’lim, chat-bot. Sun’iy intellekt XXI asrda insoniyat tamadduniga jadal kirib keldi va hayotning barcha jabhalarini egalladi. Katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilib nutqni anglash, tabiiy tilni qayta ishlash borasida uning imkoniyatlari yanada kengaydi. Neyron tarmoqlari yordamida zamonaviy sun’iy intellekt tizimlari murakkab o‘yinlar o‘ynash, san’at asarlari yaratish, musiqa yozish va tabiiy tilda so‘zlashish imkoniga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, ta’limda sun’iy intellektdan to‘g‘ri va samarali foydalanish masalasi kun tartibida dolzarb bo‘lib, bu borada ko‘plab savollar va bahsli masalalar vujudga keldi. Ta’limning barcha bo‘g‘inlarida jumladan, til ta’limida ham sun’iy intellektning ishtiroki ortib bormoqda. Yevropa mamlakatlarida maktab ta’limida raqamli vositalar, sun’iy intellektdan foydalanish keng yo‘lga qo‘yilgan. Tilga oid dasturlar va kurslar sun’iy intellektni talaffuz yoki grammatikani o‘zlashtirishda ta’limni personallashtirish, qayta aloqa o‘rnatish uchun integratsiya qiladilar. Shuningdek, interaktiv mashqlar, chat-botlar, virtual dialogik vaziyatlarni taklif qiluvchi ilovalar va platformalar yaratilgan. O‘quvchilarning motivatsiyasini oshirish uchun o‘yinlar, kvestlar, multimodal resurslarga (audio, video, grafika) asoslangan loyihalardan foydalaniladi [1]. Har qanday yangilik kabi, sun’iy intellektning ham ta’lim jarayoniga ta’sirini e’tiborga olish zarur. Til ta’limida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish davomida uning quyidagi ijobiy jihatlari qayd etilgan. 1. Vaqtning tejalishi katta hajmdagi axborotlar bilan ishlashda muhimdir. Sun’iy intellektning topshiriqlar, loyihalar va boshqa vazifalar uchun zarur ma’lumotlarni qisqa muddatda tanlab topib berishi o‘quvchining vaqti va resurslarini tejaydi. 2. Xatolar ustida ishlash. Sun’iy intellekt o‘rganilayotgan tilda yo‘l 91 qo‘yiladigan grammatik xatolarini tuzatish, gaplarni to‘g‘ri shakllantirishga yordam beradi. Ushbu jihat ayniqsa yozma ravishdagi topshiriqlarni bajarishda muhim. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida jumlalarni tahrir qilish mumkin. Bu esa o‘quvchiga o‘zining xatolarini ko‘rib, tuzatishga ko‘maklashadi. 3. So‘z boyligini oshirish. Chat-botlar o‘quvchiga bir so‘zni qayta-qayta ishlatmasligi uchun turli sinonimlari taklif qiladi. Shuningdek, yaratilayotgan matn g‘oyasi qay darajada qiziqarliligi, uning qaysi qismlarini qayta ishlash zarurligi, matnda qanday imlo xatolari mavjudligi, gaplarni bog‘laydigan qaysi vositalar zarurligini ham sun’iy intellekt hal qiladi. Muayyan mavzuga oid maxsus terminlarni qo‘llash ham yaratiladigan nutqning boyishiga hissa qo‘shadi. 4. O‘quvchini obyektiv baholash. Sun’iy intellektning baholash borasida haqqoniyligi insondan ustun bo‘lishi mumkin. U belgilangan mezonlar asosida o‘quvchining bajargan ishini tez baholaydi. Bundan tashqari, sun’iy intellekt berilgan mavzu bo‘yicha nutqni nimadan va qanday boshlash, uning strukturasi qanday bo‘lishi borasida maslahatlar berishi, foydalanuvchining shaxsiy savollariga javob topishi, interfaol ta’limni rivojlantirishi, foydalanuvchi bilan istalgan mavzuda muloqot olib borishi, u bilan istalgan vaqtda va joyda ishlash mumkinligi, ta’lim olishni o‘quvchining imkoniyatlari va qiziqishlariga moslashtirishi kabi afzalliklarga ega. Bularning hammasi ta’limning samaradorligini ta’minlaydi. Sun’iy intellektning ta’lim jarayonida salbiy ta’sir qiluvchi jihatlarini ham aytib o‘tish zarur. 1. Mas’uliyatning pasayishi. Sun’iy intellektga ishonib, o‘quvchi mustaqil fikrlamaydigan bo‘lib qoladi. Berilgan vazifalarini sun’iy intellektga yuklab qo‘yadi. Undan olingan javoblarni tahlil qilmasdan va o‘rganmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zining javoblari sifatida taqdim etadi. 2. Kreativlikning rivojlanmasligi. O‘quvchi sun’iy intellektga ishonib, nostandart tarzda fikrlamay qo‘yadi. Mantiqiy fikrlash borasida ham o‘quvchining individualligi yo‘qolib boradi. 3. O‘ziga ishonchning yo‘qolishi. Muntazam ravishda sun’iy intellekt texnologiyalariga murojaat qilish o‘zining qobiliyati, layoqati va imkoniyatlariga ishonchni yo‘qotadi. Sun’iy intellektga qaramlik mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmasining rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. 4. Ta’limda o‘sishning kuzatilmasligi. Sun’iy intellekt texnologiyalari o‘quvchidan olgan ma’lumotlarini xolis baholaydi, lekin insondan farqli ravishda o‘quvchining o‘qishga motivatsiyasi, tirishqoqligi yoki, aksincha, befarqligi hamda vazifalarni baho uchun bajarayotganligini aniqlay olmaydi. 92 Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning ta’limda plagiat va soxtakorlik holatlari ko‘payishi, shaxsiy ma’lumotlarning daxlsizligiga putur yetishi, o‘quvchilarda ijtimoiy ko‘nikmalarning rivojlanmasligi kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi qayd etilgan [2]. Sun’iy intellekt texnologiyalarining salbiy ta’sirlariga qaramasdan, ta’limda yangiliklarga, ijodkorlikka, o‘zgarishlarga ochiq bo‘lgan pedagoglar undan samarali foydalanish yo‘llarini izlaydilar. Ta’lim jarayonida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning istiqbollari kengayib bormoqda. O‘qituvchi uchun bu texnologiyalarning afzalligi va qulayligi quyidagilarda namoyon bo‘ladi. Ta’limga individual yondashuv. Sun’iy intellekt o‘quvchilardan olingan ma’lumotlarni tahlil qilib, ularning bilimi, o‘qish uslubi va ehtiyojlarini hisobga olgan holda, individual yondashuvlarni taklif etadi. Bu samarali va shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlarini tuzishga asos bo‘ladi. Ta’lim jarayonini avtomatlashtirish. Sun’iy intellekt kundalik vazifalarni (testlarni tekshirish, ishlarni baholash, audioyozuvlarni tahlil qilish, o‘quv rejalarini tuzish va b.) avtomatlashtira oladi. Bu o‘qituvchiga o‘z vaqtini asosan ijodiy va interfaol ishlarga sarflashga imkon yaratadi. Ta’lim materiallarini ishlab chiqish. Sun’iy intellekt interfaol ta’lim materiallarini, jumladan, virtual darsliklar, ta’lim dasturlari va simulyatsiyalarni yaratishda yordam beradi. Bu ta’limni qiziqarli va samarali tarzda amalga oshirishni ta’minlaydi. Shuningdek, so‘rovga binoan bir necha soniya ichida dars rejasi, taqdimot, tasvir, matn, savollar, intellekt-xaritalar va boshqa turli o‘quv materiallarini tuzib beradi. Ma’lumotlarni tahlil qilish. Sun’iy intellekt katta hajmdagi ma’lumotlarni ta’lim tamoyillarini belgilash va ta’lim jarayonlaridagi kamchiliklarni aniqlash maqsadida tahlil qiladi. Bu o‘qituvchiga o‘zining ta’lim metodlarini takomillashtirish va asosli yechimlar topishga yordam beradi. Bugungi kunda til ta’limida chat-botlar samarali qo‘llanmoqda. Inson bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli aloqa o‘rnatish o‘rniga uning nima istayotganini tushunish uchun sun’iy intellekt tabiiy tilni qayta ishlashdan (Natural Language Processing) foydalanadi. Chat-botlar mijozning qisqa fursatda va qiynalmasdan kutilgan natijaga erishishini ta’minlaydi. Oxirgi vaqtlarda olingan ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda sun’iy intellektga asoslangan chat-botlar xizmatidan foydalanadigan insonlar bir yarim millarddan oshgan [3]. Umuman, chat-botlarning foydalanuvchi bilan suhbat qilish, savollarga javob berish, bajarilgan ishni izohlash, shuningdek, uning sifatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berish kabi imkoniyatlari til ta’limida ulardan foydalanishning tobora ommalashishiga 93 sabab bo‘lmoqda. Sun’iy intellekt texnologiyalarining ta’lim jarayoniga, xususan, til ta’limiga tatbiq qilish o‘qituvchining dars mashg‘ulotlariga tayyorlanish, topshiriqlarni tuzish va tekshirishga sarflaydigan vaqtini tejaydi. O‘quvchilar berilgan vazifalarni bajarishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanmoqdalar. Xulosa qilib aytganda, sun’iy intellekt o‘qituvchiga til ta’limida juda yaxshi va tezkor yordamchi bo‘la oladi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Innovative Approaches in Teaching Foreign Languages: Integrating Digital Tools, AI, Interactive Learning, and Creative Practices (Barcelona, Spain) https://schooleducation.ec.europa.eu/en/learn/courses/innovative-approaches-teaching-foreign-languagesintegrating-digital-tools-ai-interactive-learning-and-creative-practices-barcelonaspain?utm_source=chatgpt.com 2. Кондрахина, Н.Г.; Петрова, О.Н. Использование возможностей искусственного интеллекта для преподавания иностранных языков: новая реальность // Мир науки, культуры, образования. – 2024. – № 1 (104). – С. 360 – 363. 3. Шахмири, Ш. 13 лучших чат-ботов с искусственным интеллектом: важность и преимущества. URL: https://marketinglad.io/ru/best-ai-chatbots/