scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

ERKIN VOHIDOV FALSAFIY SHE'RIYATINING O'ZIGA XOSLIGI

Hafizova Muxlisa Abdig'ani qizi

Full text

142 ERKIN VOHIDOV FALSAFIY SHE’RIYATINING O‘ZIGA XOSLIGI Hafizova Muxlisa Abdig‘ani qizi O‘zDJTU O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi, f.f.f.d., (PhD) DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17450552 Annotatsiya: Maqolada Erkin Vohidov ijodining falsafiy o‘ziga xosligi haqida so‘z boradi. Kalit so‘zlar: ijod, she’riyat, Gʻafur Gʻulom, falsafiy she’riyat, shakllanish, adabiy muhit. Har qanday sohada bo‘lgani kabi adabiyotda ham har bir ijodkorning “yarq” etib ko‘zga tashlanadigan asarlari bo‘ladi. U shoir yoki yozuvchi bo‘lsin, o‘sha “yarq” etgan asar uning el orasida tanilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Cho‘lponning “Go‘zal”, Oybekning “Na’matak”, Gʻafur Gʻulomning “Vaqt”, Hamid Olimjonning “O‘rik gullaganda”, Usmon Nosirning “Yurak” singari XX asrning birinchi yarmidagi o‘zbek she’riy tafakkuri darajasini belgilovchi she’rlari bugungi kunda ham o‘z qimmatini yo‘qotmagan asarlaridan. XX asrning 60-yillarida Gʻafur Gʻulom nazariga tushgan E. Vohidov uning asarlarini mutolaa qilish jarayonidagina ulardan ta’sirlanib qolmagan, balki ulug‘ shoir ijod qilayotgan daqiqalarda uning yonida bo‘lib, g‘afurona she’rlarning yaratilish jarayonida ham ishtirok etishga muvaffaq bo‘lgan. Erkin Vohidov Gʻafur Gʻulomning ijod qilish jarayonidan, umuman, uning badiiy olamidan olgan taassurotlari haqida o‘rtoqlashar ekan, shoirning ijod qilish uslubidan lol qolganini aytib, bunday yozadi: “Bir kuni kelganimda shoirning gazeta buyurtmasi bilan she’r yozayotgani ustidan chiqdim. O‘sha katta stol atrofida Shoislom Shomuhamedov, yana bir necha odam gurunglashib o‘tirishar, shoir suhbatga qo‘shilib, kutilmagan gaplar bilan hammani kuldirib, shuning orasida she’r yozar edi. Bunday ijod usuli o‘sha vaqtda qanday xayolimga sig‘magan bo‘lsa, hozir ham hech tasavvur qilolmayman. She’r axir tanholikda, fikru tuyg‘ularni jamlash, katta bir ichki to‘lqindan tug‘iladi-ku! Gʻafur aka bo‘lsa, hangoma qilib o‘tirgan joyida she’r yozar edi. Har bir to‘rtlik bitganida hamsuxbatlariga o‘qib berar, ularni qoyil qoldirib, o‘zi ham maqtanib qo‘yardi. ... Esimdan chiqmaydi, she’r yoz to‘g‘risida edi. Mis barkash qayilgudek ustidagi yukidan, Yumaloq bol misoli har bitta qantak o‘rik... Shu so‘zlarni yozib, shoir o‘tirganlarga murojaat qildi: “Qani o‘rik so‘ziga qofiya qilamiz?” Birov “yetuk” dedi... Gʻafur Gʻulom: “Shoshmanglar, tilimizda 143 “yugurik” degan so‘z bor-a? Hozir shuni bog‘laymiz, deb ruchkani qo‘liga oldi. Bir daqiqa o‘ylanib turdi. Men bor xayol kuchimni, yosh shuurimni ishga solib, yoz mevalari ta’riflanib turgan she’rga “yugurik” degan so‘zning bog‘lanishini tasavvur qilolmadim. Shoir bu vaqt ichida to‘rtlikning ikkinchi bandini tugatib, o‘qiy boshladi: Quyoshda shakarzarra yaltiraydi tukidan, Pishiqchilik kunlari xayol kabi yugurik. “Qoyil”, demay iloj yo‘q. She’r bitdi. Uni ruscha alifbosiga ko‘chirib yozishni ustoz menga buyurdi. Shunday qilib, 1961-yil iyunda yaratilgan “Yoz boshi” she’rini men oqqa ko‘chirganman” [1.285-286]. Ushbu xotiradan ham ayon bo‘ladiki, yosh shoir ijodining dastlabki davridiyoq Gʻafur Gʻulomning she’r yozish madaniyatini, qofiya ustida ishlash mahoratini ko‘rib, hayratga tushgan. Gyote kotibi Yohann Peter Ekkerman bilan suhbatlaridan birida ijod olamiga kirib kelishi va shakllanishida ta’sir ko‘rsatgan ijodkorlardan biri haqida shunday yozgan: “Menga she’rning badiiy ta’siri haqida ko‘p gapirishar va buni birinchi o‘ringa qo‘yishardi; menga esa undagi mazmun muhim bo‘lib tuyulardi. ...Odatda birorta sermazmun asar menga qattiq ta’sir qilar va hayajonga solardi, Teodor Kyorner 1 she’rlari ham shunday ta’sir qildi. Poetik iste’dodi menga g‘oyatda yuksak va taqlid qilishga munosib bo‘lib tuyuldi, menda o‘zimga ham shu narsani sinab ko‘rsam, unga o‘xshab nimadir yaratish qo‘limdan kelarmikan, degan fikr tug‘ildi” [2.27]. Gyotening bu so‘zlari E.Vohidovning Gʻafur Gʻulom ijodiy laboratoriyasi bilan tanishishdan olgan taassurotini eslatibgina qolmay, adabiy ta’sirning shunday jarayonlardan boshlanishini tasdiqlagandek bo‘ladi. XX asr o‘zbek she’riyatiga nazar tashlaganimizda, har bir davrning o‘z she’riyati bo‘lganligini va bir davr she’riyati o‘zining g‘oyaviy, badiiy xususiyatlari bilan boshqa davr she’riyatidan ajralib turganini ko‘rishimiz mumkin. Gʻafur Gʻulom she’riyati falsafiyligi, insonparvarligi bilan o‘z davrining jabr-u jafosini ko‘rgan xalq dardiga malham bo‘la oladigan she’riyat bo‘lganligi bilan ajralib turadi. Erkin Vohidov ustozi Gʻafur Gʻulom bilan bo‘lgan ilk uchrashuvini shunday xotirlaydi: “1953 yil. Ostrovskiy nomli Pionerlar saroyida Gʻafur Gʻulom kelarmish degan xabar tarqaldi. Shoirning ellik yoshlik yubileyi nishonlanish arafasi edi. Hammada ko‘tarinki kayfiyat. Ayniqsa, biz – adabiyot to‘garagi qatnashchilarining quvonchimiz ichimizga sig‘maydi. Mashinadan oq jujuncha kitel-shim kiygan Gʻafur 1 Кёрнер Карл Теодор (1791-1813) – Наполеонга қарши озодлик учун кураш даври шоири. 144 Gʻulom tushib keldi. Kutib oluvchilar bilan ko‘rishib, ayniqsa, bizning to‘garak rahbari Gʻayratiy bilan alohida iliq so‘rashib ichkariga yurdi. Yo‘l-yo‘lakay atoqli shoir hammani kuldirib borar edi. Saroyning ochiq sahnasida uchrashuv bo‘ldi. Gʻafur Gʻulom she’rlar o‘qidi. U bir she’rini mana shunday tugatgani esimda: “Bu she’rni aytdi sizga bobongiz Gʻafur Gʻulom” [3.55]. Yosh shoir qalbiga mana shunday samimiylik bilan kirib kelgan Gʻafur Gʻulomning ijod olami uning bir umrlik yo‘ldoshiga aylandi. E. Vohidovdagi iste’dodni anglagan shoir uni ijodiy safarlarida hamroh qilib olib yuradigan bo‘ldi, shunday paytlardagi ijodiy suhbatlari bilan yosh shoir she’rlarining yanada tyeranlashishiga, ijod olamining boyishiga o‘z hissasini qo‘shdi. “1966-yil, aprel, - deb yozadi E.Vohidov ustoz bilan kechgan shunday safarlardan birini eslab. - Tojikiston yozuvchilarining syezdiga Gʻafur Gʻulomga hamroh bo‘lib Shoislom Shomuhammedov va men boradigan bo‘ldik. Bu men uchun katta voqea, ulug‘ ustozning bildirgan ishonchi va mehri belgisi edi...” Shoir davom etib yozadi: “Tojikiston Ministrlar Sovetining bog‘ida besh kun Gʻafur Gʻulomning ajoyib suhbatlaridan bahramand bo‘ldim. Sovet adabiyotining ulkan vakillari orasida ustoz hammaning diqqat markazida, suhbatlarning joni bo‘lib yurdi. Klassiklardan forsiy va turkiy tillarda yod bilgan baytlari, latifalari, tarixiy voqealar bilan bog‘liq hikoya va hangomalari sira tugamas edi. Moskvalik rus yozuvchilaridan biri: “Gʻafur – tuganmas xazina, afsuski, bu gaplarni qog‘ozga tushirmaydi-da. Dunyoni hayratga soladigan gaplar-ku bu”, – degani esimda” [3.59]. O‘z davrining buyuk ijodkori bo‘lgan Gʻafur Gʻulomning nazariga tushib, uning ijod bulog‘idan suv ichgan yosh shoir to‘garak qatnashchisi bo‘lgan kezdaridayoq bunday nafis misralarni bitgan edi: Garchi shuncha mag‘rur tursa ham, Piyolaga egilar choynak. Shunday ekan, manmanlik nechun, Kibru havo nimaga kerak? Kamtarin bo‘l, hatto bir qadam O‘tma g‘urur ostonasidan. Piyolani inson shuning-chun O‘par doim peshonasidan [4.7]. Erkin Vohidovning bu she’ri ham ikki banddan iborat. Shoir bu she’rida ham voqelikdan olgan taassurotlarini qisqa satrlarda, realistik obrazlar yordamida ifodalashga erishgan. Ammo bu she’rning avvalgisidan farqi shundaki, bu she’rda o‘git, pand-nasihat zarralari yaltirab turadi. Lekin uning g‘oyasi E.Vohidovga xos 145 insoniy fazilatlarning “bayroqdor”i - kamtarlik motivi jaranglab turadi. Shu ma’noda bu she’rda lirik she’riyatdan ko‘ra falsafiy she’riyat unsurlari ustivordir. Aniqroq aytsak, bu she’rdan E.Vohidov bilan birga ustoz Gʻafur Gʻulomning ham nafasi eshitilib turgandek bo‘ladi. She’riyat - inson tuyg‘ularini, uning botiniy va zohiriy olamini ifoda etuvchi olam. Gʻafur Gʻulomning “Vaqt” she’rida har bir lahza, soniya, daqiqa, soatning inson hayotida, hatto taqdirida muhim ahamiyatga ega ekanligini yuksak mahorat bilan tasvirlangan bo‘lsa, shu hol va hodisa yosh E. Vohidov she’rlarida ham muayyan darajada o‘z ifodasini topgan: Fursat – oltin Sen ko‘krak kerib Oltiningni sochib borasan. Fursat quvar, Unga chap berib, So‘rog‘idan qochib borasan [4.35]. Shoir shu she’rida fursatni oltinga tenglashtirib, minglab fursatlardan iborat inson umrining har bir daqiqasi, har bir soati qimmatli ekani haqida, lirik qahramonning o‘z vijdoni oldida, ota-onasi, jamoasi oldida, Olloh oldida hisob berish fursati kelganida mulzam bo‘lib qolishi mumkinligi haqida yozgan. Gʻafur Gʻulom vaqtning qadriga yetish haqida fikr yuritar ekan, bu fikr o‘quvchining yurak torlarini titratib yuboradigan poetik obrazlarni, badiiy detallarni topadi. E.Vohidov ustozning poetik mahorati sirlarini qanchalik o‘rganishga intilmasin, u boshqa adabiy avlodning vakili, boshqa avlodning shoiri edi. Shu ma’noda u aruz vaznida yozgan she’rlarida mumtoz faylasuf shoirlarning poetik maktabidan olgan saboqlarini namoyish etsa-da, vaqtning qadriga yetishi lozim bo‘lgan yosh avlod uchun yozganida ularga yaqin til va uslubdan, poetikadan foydalanmaydi. Vaqt degan falsafiy kategoriyaning inson va zamon hayotidagi ahamiyatini, uning bahosiz ekanligini sodda, ammo nishonga borib tegadigan satrlarda ifodalaydi: So‘rar ekan fursat sarhisob. Benaf o‘tgan Hayoting uchun Vaqt oldida berursan javob [4.35]. Taniqli adabiyotshunos, O‘zbekiston qahramoni Ibrohim Gʻafurov Erkin Vohidov ijodi, uning noyob iste’dodi, ustozlarining shoir ijodining shakllanishida o‘rni haqida ko‘p va xo‘p fikrlarni bildirgan. “Shoirning ilk mashqlariga, - deb 146 yozgan u, - Oybek, Gʻafur Gʻulom, Gʻayratiy, Abdulla Qahhor, Uyg‘un, Mirtemir, Shayxzoda, Zulfiya, Turob To‘la singari adabiyot darg‘alarining nazari tushgan, uning shoirlik zakovati, aql-idroki, fasohat tuyg‘usi ularga yangi badiiy olam kirib kelganidan darak bergan edi. O‘zbek she’riyatining tolei va an’analari ishonchli qo‘llarga o‘tayotganidan ular mamnuniyat bildirgan edilar”[5.242]. Har bir inson kamol topar ekan, uning ulg‘ayishida, qobiliyatini namoyon etishida u yashagan tarixiy muhit katta rolь o‘ynaydi. Har bir ijodkor o‘z-o‘zidan shoir yoki yozuvchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Unga, ustoz yoki ustozlardan tashqari, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi, ijodiy ozuqa bera oluvchi adabiy muhit ham lozim. E.Vohidov taqdir tuhfasi bilan o‘ziga munosib ustozlarni topa oldi, o‘zining uslubiga, so‘ziga ega bo‘ldi. Uning shoir sifatida shakllanishida, falsafiy dunyoqarashida, XX asrning 60-yillarida o‘zbek adabiyotiga dadil kirib kelishida, Gʻayratiy, Gʻafur Gʻulom, M.Shayxzoda, Mirtemir singari adiblarimizning ijodi, Yozuvchilar uyushmasida o‘tkazilgan tadbirlar, matbuotda bo‘lib o‘tgan bahslar, ijodiy safarlar, dekadalar – bular bari adabiy muhit vazifasini bajardi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Воҳидов Эркин. Сайланма. Қалб садоқати. 5-жилд: мақолалар, баҳслар, адабий ўйлар. - Тошкент: “Шарқ”, 2018. 2. Эккерман. Й. П. Гёте билан гурунглар . – Тошкент: “O‘zbekiston”, 2016. 3. Воҳидов Эркин. Шоиру шеъру шуур: Адабий эсселар. – Тошкент: “Ёш гвардия” нашриёти, 1987. 4. Воҳидов Эркин. Танланган асарлар – Тошкент: “Шарқ”, 2019. 5. Ғафуров Иброҳим. Олтин қозиқ: мансуралар, эсселар, адабий ўйлар, суҳбатлар. – Тошкент: “Янги аср авлоди”, 2017.