scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

LINGVISTIK HAMDA XALQONA POETIK TASVIR MAHORATI

Gulnoza Turdiyeva Sayfullayevna

Full text

165 LINGVISTIK HAMDA XALQONA POETIK TASVIR MAHORATI Gulnoza Turdiyeva Sayfullayevna OʻzDJTU Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi oʻqituvchisi ilmiy tadqiqotchi turdiyev[email protected]m https://orcid.org/0009-0000-0312-8745 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17450583 Annotatsiya:Maqolada Isajon Sultonning “Toshkelinchak” hikoyasida aks etgan til va badiiy xususiyatlar lingvopoetik hamda lingvomadaniy nuqtayi nazardan tahlil qilinadi. Asarda milliy ruh, xalqona tafakkur va og‘zaki ijod an’analari oʻzaro uyg‘unlikda namoyon boʻlishi, qahramonlar nutqida maqol va matallar, frazeologik birliklarning qoʻllanishi, ularning badiiy-estetik yuklamasi ilmiy asosda izohlanadi. Tadqiqotda hikoyaning badiiy tuzilmasi, syujet va motivlarning ramziy talqini orqali oʻzbek xalqining ma’naviy hayoti va milliy qadriyatlari ifodasi yoritiladi. Kalit soʻzlar: folklor, rivoyat, hikoya, uslub, motiv, ramz, “Toshkelinchak”, frazeologik birlik, lingvopoetika, xalqona tasvir. Bugungi kunda badiiy asar tili milliy adabiy til taraqqiyoti uchun eng asosiy manbalardan biri sifatida dolzarb tadqiq obyektlariga aylandi. Til birliklarining muayyan yozuvchi va shoirlarning ijod mahsullaridagi poetik xususiyatlarini tahlil etish, lisoniy hodisalarning nutqiy voqelanish imkoniyatlarini asoslash, umuman, lingvopoetik xususiyatlarini ochib berish lingvopoetik tadqiqotlarning markaziy yoʻnalishiga aylangan. Jumladan, Isajon Sulton asarlari lingvopoetik unsurlar, lingvomadaniy hodisalarga boy. Ayniqsa, hikoyalarining har birida oʻzbek xalqining milliy qiyofasini yaratish, xalq hayotini yorqin boʻyoqlarda tasvirlash uslubi ustuvor. Voqeadan voqeaga koʻchar ekan, tasvirlarda oramizdagi oddiy odamlarning turfa taqdirlari namoyon boʻladi, bu taqdirlarni birlashtirsa, bir butun oʻzbek hayoti koʻz oʻngimizda bor boʻy-basti bilan boʻylanadi. Isajon Sulton hikoyalarining bu qadar hayotiy va ishonarli boʻlishiga sabab, xalq hayotini yaxshi bilganligi, yozuvchining oʻtkir koʻziga ega boʻlganligi hamda xalq iboralari, maqol-matallaridan, xalqona tasvir va folklor elementlaridan xalq qoʻshiqlari-yu shoirlarning mashhur she’rlaridan oʻz oʻrnida muvaffaqiyatli foydalana olganligidadir. Ta’kidlash kerakki, xalqona tasvirlash mahorati zaminida xalq ijodini puxta oʻrganish yotadi. Bu xalqning turmush tarzi, urf-odati, an’analari, tarixi, buguni, kelajagini va ruhiyatini oʻrganish demakdir. Mustaqillik davri oʻzbek nasri taraqqiyotiga munosib ulush qoʻshib kelayotgan ijodkor Oʻzbekiston Xalq yozuvchisi Isajon Sultonning badiiy qurilmasi pishiq, bayon uslubida xalqona motivlar singdirilgan, sodda odamlarning turmush tashvishlari, oʻy-xayollari berilgan “Bog‘i Eram”, “Qoʻriqchi”, “Shamolli kecha”, “Avazboylik tantilar”, “Yusuf va Zulayho”, “Qish ertaklari”, “Xun”, “Yog‘och 166 kovush”, “Onaizor” kabi nomlanishiyoq e’tiborni jalb etuvchi qator asarlarida xalq tilining barcha badiiy xususiyatlari namoyon boʻlgan deyish mumkin. Isajon Sultonning analitik folklorizmlardan ijodiy foydalanilgan hamda leksik xususiyatlarga boy asarlaridan biri “Toshkelinchak” hikoyasidir. Unda sevgining kuchi, uning inson taqdirini, xarakterini nechog‘li oʻzgartirib yuborishi asosiy planda aks ettirilgan. “Toshkelinchak” hikoyasi voqealari turkiy xalqlar orasida qachonlardir boʻlib oʻtgan muhabbat rivoyati bilan bog‘liq holda tasvirlanadi, bunda tosh ramzi va Nazar obrazining ruhiy iztirobi lingvopoetik asosda talqin qilinadi. Yozuvchi hikoyaning asosiy qahramoni, hech kimga soʻz bermaydigan, qaytmas, shijoatkor Nazarning sevgisiga erisholmagach, qishloq chetidagi ziyoratgoh sanalgan qadim tosh yonida oʻz xayollariga bandi, odamovi boʻlib, kunni tunga ulashini tasvirlaydi. Nazar timsoli nafaqat sevganidan ayrilgan inson, balki ruhiy musofir — oʻz yurti, oʻz tanasi ichida ham joy topolmayotgan qalb sifatida tasvirlanadi. Hikoyaning “Ziyoratgoh yonidan katta yoʻl oʻtgan, bir yog‘i Oʻshdan Ergashtomga, bu yog‘i Qamchiq dovoni oralab, Toshkentdan Qozog‘istonning bepoyon choʻllariga qarab ketadi. Turli-tuman uzun-qisqa arobalar qatnovi bir zum boʻlsin tinmaydi” jumlalaridan anglash mumkinki, “Toshkelinchak” hikoyasi voqealari rivoyat unsurlari badiiy talqini fonida yoritilgan. Tosh hikoyada nafaqat jism, balki toshga aylangan kelinchak qismatining ramziga aylangan. Bu tosh insoniy tuyg‘ularning og‘rig‘i, sukunati, sabr va sadoqati va abadiyligi timsolidir. Isajon Sulton bu obraz orqali sevgi, sadoqat va fidoyilikning xalqona-falsafiy talqinini yaratadi. Yozuvchi asrlar osha mumtoz adabiyotimizda yashab kelayotgan cheksiz sadoqat va muhabbat timsoli Majnun obrazining qirralarini ham hikoya qahramoni Nazar qiyofasida gavdalantirgan deyishimiz mumkin. Ummugulsum hajrida kuyib, oʻrtangan Nazarning holatini hikoyachi tilidan quyidagicha tasvirlangan. “Ruhi koʻz oʻngimizda soʻnib bormoqda edi. Koʻrsangiz, avvalgi Nazardan asar ham qolmagan, yurish-turishidagi shiddati yoʻqolgan, hardamxayol, bir oʻziga kelib atrofga alanglasa, bir xayollari ichiga g‘arq boʻlib ketadigan yigitga aylanib bormoqda edi. Nasihatlar, oʻgitlar, misollar kor qilmas boʻldi”. Hikoya boshidagi Nazarni bu Nazar bilan solishtirsak, butunlay boshqa yigit qiyofasini koʻramiz: Nazar baquvvat, chayir, quyuq qoshlari chimirilgan, qora koʻzlarida oʻt chaqnab turadigan shijoatli yigitcha edi. U joʻraboshimiz boʻlib, hammamiz nima desa itoat qilardik. Chunki aqlda ham, kuchda ham bir pog‘ona baland turardi-da. Hikoyada xalq maqol va matallari, iboralaridan ham mahorat bilan foydalanilgan. Jumladan, adib Nazarning Ummugulsumga mos juft sifatida tasvirlar 167 ekan: “Tegirmonga tushsa butun chiqadigan”, shaxt-u shiddati jismiga sig‘may toshib turgan Nazarga tegmasdan kimga ham tegardi? “Yoʻqni yoʻndiradigan”, “borni bor qiladigan” bunday yigitga qaysi qiz ham yoʻq derdi?” ifodalarini qoʻllaydi va shu singari bir nechta iboralar ijodkor niyatini amalga oshirishga xizmat qilgan. Yoki Ummugulsum amma xolalarining Nazarga aytgan gaplarida (“– Hoy, jon bolam, qoʻying, keting endi, – debdi xotinlarning yoshi kattarog‘i. – Nima qilasiz bechorani qiynab? “Og‘zidan qora qonini keltirdingiz-ku” qiz shoʻrlikni!”), Ummugulsumning toʻyida aytilgan tilaklarda (“Borgan joyingga toshday tushgin. Toshday tushginu toshday qolgin”) xalq og‘zaki ijodidan hamda frazeologik birliklardan keng foydalanilgan. Ummugulsumning toʻyida hofizlar tomonidan kuylangan, ramzan oshiq Nazar dilidan sitilib chiqqanday taassurot qoldiradigan quyidagi mashhur qoʻshiq misralariga diqqat qilamiz: Toʻylar muborak, Ey yori jonim, Toʻyona boʻlsin-a, Tan birla jonim... Tavba, bitta jon-u bir tanim boriydi, shuni endi sen olaqol, deganimi bu? Bu dunyoda kezib yurishimning hech ma’nosi qolmadi, har ikkisi ham toʻyingga toʻyona boʻlaqolsin, deganimi bu? Hikoyada ishlatilgan frazeologik birliklar (masalan, “bag‘rini yerga berib yotmoq”, “hafsalasi pir boʻlmoq”, “koʻngil qoʻymoq”, “yurakni dog‘lab qoʻymoq”) nafaqat xalqona nutqning boyligini, balki qahramonlarning ruhiy holatini aks ettirish vositasi sifatida xizmat qiladi. Bu birliklar orqali yozuvchi milliy fikrlash uslubini, dunyoqarashni va his-tuyg‘ularning tabiiy ifodasini jonli til orqali yoritadi. Asardagi oʻnlab frazeologik birikmalar asarning muvaffaqiyatini ta’minlashda katta oʻrin tutadi. Jonli xalq tilining bu imtiyozi badiiy asarlarning sodda, koʻchimli, oʻqishli boʻlishiga asqotadi. Frazeologik birliklar yozuvchi asarlari tilining obrazli va ta’sirchan ifodalanishiga xizmat qilib, voqelikni badiiylashtirishda, epik turga xos syujetning poetik xususiyatini kitobxon tafakkurida obrazli ifodalanishida yetakchi lisoniy vositaga aylangan. Isajon Sultonning ushbu hikoyasida qoʻllangan frazeologizmlarning tarkibi deyarli hech qanday oʻzgarishga uchramagan. Bu oʻzoʻzidan iboralarning mazmuniy va shakliy strukturasidagi invariant belgining saqlanishi hisoblanadi. Masalan, Ummugulsumning toʻyi kunidagi ayrim tuyg‘ular tasvirida:“Nazar Toshkelinchakda bag‘rini yerga berib yotaverdi-yu, bu yoqda barcha alyorlar Nazar tilidan aytilaverdi: Bu musofir dashtida har dam tutoshib yonaman, Har qayon borsam bu kun, yoʻldan adoshib boraman. Dog‘lab qoʻydi yurakni bu falakning gardishi, Qismatim shundoq ekan, men jumladin begonaman” parchadagi “bag‘rini yerga berib yotmoq” iborasi, qoʻshiqdagi “tutab yonmoq”, “yoʻldan adoshib 168 bormoq”, “yurakni dog‘lab qoʻymoq”, “falakning gardishi”, “jumladin begona boʻlmoq” kabi frazeologik birliklari fikrimiz isbotidir. Hikoyadagi deyarli har bir jumlada bir nechtalab frazeologik birliklar voqeani hayotiy tasvirlashga xizmat qilgan: Nazarning kimni yaxshi koʻrib qolgani ma’lum boʻldi: narigi koʻchadagi Samad novchaning qizi Ummugulsum ekan. E, dedim hafsalam pir boʻlib matnida “yaxshi koʻrib qolmoq”, “hafsalasi pir boʻlmoq” iboralari; Shu bolaga bir-ikki og‘iz gapirib, epaqaga keltirib qoʻya oladigan kimsa yoʻqmikin, der edilar jumlasida “bir-ikki og‘iz gapirmoq”, “epaqaga keltirib qoʻymoq” iboralari; Ummugulsumning oilasi oʻziga toʻqroq boʻlgani uchun Nazarning oilasini mensimabdi, “Qizimni tagli-tugli, oʻqigan bolaga beraman” debdi jumlasidagi “oʻziga toʻq”, “tagli-tugli” iboralari; – Yigit uylansa esi kiradi, deyishardi. Qarang-a, qanaqa bezori bola edi, koʻngil qoʻydi-yu bosildi-qoldi, – deyishardi kishilar jumlasida “esi kirmoq”, “koʻngil qoʻymoq”; “Aytay desa, tili kuyadi, aytmay desa, dili”, Hah qizgina-ya, ota-onangni gaplariga qaramasdan, shu Nazarga tegib qoʻyaqolsang, osmon uzilib, yerga tusharmidi? Seni yer-u koʻkka ishonmay, umrini oxirigacha avaylab oʻtmasmidi, tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirmasmidi? parchasida “osmon uzilib, yerga tushmoq, “yer-u koʻkka ishonmay”, “tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirmoq” iboralarini misol qilish mumkin. Qachonki ishq otashi tutashsa, odam soʻzona boʻladi. Jigari laxta-laxta qon boʻladi. Indamasa, ichi lov-lov yonadi. Aytay desa, tili kuyadi, aytmay desa, dili… “Jigari laxta-laxta qon boʻladi”, “ichi lov-lov yonmoq” frazeologik birliklaridagi taqlid soʻzlarning takror holda kelishi ma’noni kuchaytirishga xizmat qilgan. “Oʻtakasi yorilmoq”, “Ogʻzi ochilib qolmoq”, “Hafsalasi pir boʻlmoq”, “Koʻngil qoʻymoq”, “Joniga tegmoq”, “Balanddan kelmoq”, “Osmon uzilib, yеrga tushmoq”, “Koʻkrak kermoq”, “Oʻz dunyosiga gʻarq boʻlmoq”, “Boshi oqqan tomonga ketmoq”, “Koʻz ostiga olmoq”, “Toshini termoq“, “Tosh kelsa kemirmoq, suv kelsa simirmoq”, “Boshi oqqan tomonga ketmoq”, “Boʻyin tovlamoq”, “Yer-u koʻkka ishonmay”, “Qovoq uymoq”, “Tegirmonga tushsa butun chiqmoq”, “Yoʻqni yoʻndirmoq”, “ Hafsalasi pir boʻlmoq”…kabi bir hikoyaning oʻzida 30 dan ziyod frazeologik birliklarning ma’lum bir maqsad bilan oʻz oʻrnida qoʻllanilishi, shubhasiz, asar badiiyati va xalqchilligini orttirishga xizmat qilgan. Yozuvchi hikoyalarida leksik vositalarning ifodalanishi, lingvopoetik xususiyatlarning boʻrtib turishi asarlarining badiiy-estetik qiymatli ekanligi bilan xarakterlanadi. Ijodkor zid ma’noli soʻzlarning lisoniy yoki nutqiy resursidan tasvir maqsadi va ruhiga muvofiq keladigan aniq soʻzni tanlab qoʻllash orqali mazmunning eng nozik nuqtalari, qahramonning ruhiyati, kontrast tasvirlar yaratish, tasvir 169 obyektining eng kichik qirralarigacha real koʻrsatishga erishadi. “Chunki aqlda ham, kuchda ham bir pog‘ona baland turardi-da. ..Oʻzg‘irlikda va bezorilikda ham unga bas keladigan kimsa yoʻq”. Aqlda ham, kuchda ham - ijobiy baho emotsiyasiga ega boʻlsa, Oʻzg‘irlikda va bezorilikda ham ifodasi unga qarama-qarshi ma’noda ishlatilgan. Asar boshida qahramon haqidagi “Bizlar gohida ota-onamizning buyurgan ishlaridan boʻyin tovlasak ham, Nazar sira unday qilmasdi, qaytanga, yumushlarni jon-jahdi bilan, berilib bajarardi” kabi tasvir asar oʻrtalarida “Nazar esa… nazardan qola boshladi. Ishlagisi kelmas, hafsalasi pir edi. Hech qaerga sig‘masdi, kechalari daydib yuraverardi” tasviri bilan oʻrin almashib, kontrast tasvirlar yaratiladi. Adib zid ma’noli leksemalar, leksik-frazeologik vositalardan unumli foydalanish bilan birga, tilni boyitishga qoʻshgan hissasi bilan ham e’tiborlidir. Soʻzlarning shakl va ma’no munosabatiga koʻra sinonim, antonim kabi turlaridan, troplardan, barqaror birikmalardan unumli foydalanish, hikoyalarda qahramonlarning oʻziga xos xarakterini, milliy koloritni voqealar rivojiga munosabatini ifodalash va oʻquvchining diqqatini tortish, ekspressivlikni ta’minlash kabi xususiyatlarni ifodalashga xizmat qilgan. Xulosa qilib aytganda, Isajon Sulton hikoyalarida frazeologik birikmalardan badiiy asar qahramonlarining milliy-mental, milliy-madaniy sifatlarini yorqin aks ettiruvchi vosita sifatida unumli foydalanilgan. Yozuvchining nasriy nutqida poetik maqsadli soʻzlar, qoʻllanish doirasi chegaralangan soʻzlar, okkazional birikmalar, paremalar hamda koʻchimlar leksopoetik vosita sifatida badiiy-pragmatik mohiyat kasb etgan. “Toshkelinchak” hikoyasi oʻzbek nasrida lingvopoetik mahoratning yorqin namunasi sifatida alohida oʻrin tutadi. Asarda xalqona frazeologizmlar, ramziy timsollar va poetik tasvir vositalari uyg‘unligi orqali milliy tafakkur, ruhiy kechinmalar va ma’naviy qadriyatlar badiiy ifodasini topgan. Yozuvchi tili hayotiy, jonli va obrazli boʻlib, xalq ruhini, tili va madaniyatini ifodalovchi badiiy vosita sifatida xizmat qiladi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Исажон Султон. Тошкелинчак. / Асарлар. 1-жилд. – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги матбаа нашриёт уйи, 2017. – Б. 381. 2. Саримсоқов Б. Фольклоризмлар типологияси масаласига доир // Ўзбек тили ва адабиёти. – Тошкент, 1980. – 4-сон. – Б.37-45. 3. Qurbonova F.A, F.Y.Jumanboyeva I.Sultonning“Toshkelinchak” hikoyasida folklorizmlarning oʻrni. India international scientific online conference the theory of recent scientific research in the field of pedagogy 145-b 4. Habibullayeva S.A. Isajon Sulton hikoyalarining lingvopoetik tadqiqi f.f boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi Avtoreferati. Farg‘ona – 2024 5. Qobilova E. Isajon Sulton hikoyalarida xalq qoʻshiqlarining oʻrni. Qoʻqon DPI