scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

BADIIY ADABIYOTDA TARJIMA VA TAHLIL

Xushmamatova Umida Bobomurot qizi

Full text

205 BADIIY ADABIYOTDA TARJIMA VA TAHLIL Xushmamatova Umida Bobomurot qizi O‘zDJTU Roman-german filologiyasi fakulteti talabasi Email: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17450637 Annotatsiya: Maqolada chet tillaridan o‘zbek tiliga tarjima qilishda e’tibor berish kerak bo‘lgan hamda ularning tahlili uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan eslatmalar haqida so‘z yuritiladi. Shuningdek, yozuvchi va shoirlarning ijodiga murojaat qilinadi. Kalit so‘zlar: milliy mentalitet, materialistik g‘oyalar, badiiy asar germenevtikasi, motiv, romantizm, badiiy til poetikasi. Jahonda geografik globallashuv jarayoni madaniyat va adabiyot sohasida ham ulkan o‘zgarishlar yasadi. Tog‘ning ulug‘vorligi masofadan namoyon bo‘ladi. Badiiy asarning qimmati va ahamiyati ham milliy hududni yorib chiqqanida aniqlanadi. Jahon adabiyoti durdonalari shuning uchun ham buyukki, ular deyarli barcha xalqlar tomonidan birday qabul qilingan. Badiiy asarni o‘zlashtirish masalasida geografik masofaning milliylik bilan bog‘liq qirrasi bor. Bu o‘rinda uning tili oldingi qatorga o‘tadi. Asar yozilgan til, uni egallab turgan millat mentaliteti asar muvaffaqiyati bilan bog‘liq hodisa hisoblanadi. Biroq xalqaro kommunikatsiya yuqori cho‘qqiga ko‘tarilgan hozirgi vaqtda milliy mentalitet umuminsoniy xarakterga aylanmoqda. Bu hol qaysi tilda yozilgan bo‘lishidan qat’iy nazar badiiy asarni boshqa xalqlar tomonidan umuminsoniy xalqaro muammolarni ko‘targan manba sifatida qabul qilish mumkinligini isbotlanmoqda. Tarjima bir tilda yaratilgan badiiy tafakkurning yangi to‘lqinlarini ikkinchi tilda yanada jozibaliroq jaranglashi uchun xizmat qiladi. O‘zbek tarjimashunoslik maktabi o‘zining qadimiy an’analari va buyuk siymolariga ega. Islom madaniyatining ajralmas qismi sifatida arab, fors adabiy an’analari bilan bir qatorda hind, xitoy va boshqa xalqlar madaniyati namunalari o‘zbek kitobxonlarining san’at xazinasini boyitgan. Yangi zamon adabiyoti bevosita Yevropa madaniyati va dunyoqarashi taraqqiyoti bilan bog‘liq. Dunyoning yangi madaniyat o‘choqlari sifatida Angliya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Rossiya adabiyotlarining namunalari boshqa xalqlar uchun mahorat maktabiga aylandi. Bu tillarda yaratilgan asarlar jahonda deyarli barcha xalqlar tomonidan o‘qila boshlandi. O‘zbek tarjimonlari ham yangi zamon adabiyoti timsoli sifatida aynan shu tillarda yaratilgan yoki shu tillarda ko‘chirilgan kitoblarga keng murojaat qilmoqdalar. Bu tabiiy, albatta. Hozirgi kitobxonni eng avvalo dunyoning taraqqiy 206 topgan yoki aniqrog‘i Yevropa sivilizatsiyasiga o‘tgan mamlakatlardagi hayot va ijtimoiy psixologiya ko‘proq qiziqtirmoqda. Badiiy adabiyot bu o‘rinda bezavol va beminnat manba vazifasini o‘taydi. “Jahon adabiyoti” jurnali nashrining yo‘lga qo‘yilishi o‘zbek tarjima maktabi taraqqiyotida muhim burilish bo‘ldi, desak mubolag‘a emas. Avvalda tarjimalarni alohida manba sifatida faqat (agar yirik asar bo‘lsa) kitob hamda yoki uning tarjimasini yaratgan ijodkor to‘plami oxirida qo‘shimcha sahifa sifatida o‘rganishga odatlangan bo‘lsak, endi birinchi manba sifatida jurnal sahifalaridan mutolaa qilish mumkin. Tarjima bir yoki ikki odamning faoliyati bilan to‘xtab qolmaydi. Uumumxalq ishi. Adabiyot serqirra ong sohasi ekan, uning umumxalq mulkiga aylanishida millat ziyolilarining barchasi mas’uliyatlidir. Tarjimon - bir millat ruhi va qalbini ikkinchi millatga yetkazuvchi chopar. Uning beminnat mehnati o‘z qadrini topishi lozim. Zero, har bir millat madaniyati va adabiyoti jahon sahnasida aynan tarjima vositasida o‘z o‘rnini topadi. Badiiy tarjima faqat til bilish bilangina chegaralanmasdan millatning qalbini ochib beradigan xilqatni ham yetkazib berishi lozim. Ijodkor, tarjimon o‘ziga xos badiiy kashfiyot yaratuvchisidir. Badiiy kashfiyot, umuman kashfiyot sohasida eng avvalo shuni nazarda tutish lozimki, inson ongi, zakovati, buyuk haqiqat nurlarini yolqin asosida tushunadi Biroq o‘sha haqiqatga eltuvchi, nur turli yo‘l bilan namoyon bo‘ladi. Xususan, materialistlar fikriga ko‘ra ijod ko‘p yillik mehnat va tajribalar hosili. Uning zamirida insonning asrlar osha yig‘ilgan aqliy mehnati samarasi yotadi. Bu hol xuddi uzoqdagi ulkan va yorug‘ sayyoraning mavjudligi va yorug‘ligini biz faqat uning sochib turgan nurlari miqdorini aniqlash orqaligina tushunib yetganimiz kabi. Binobarin, yangi kashfiyot yoxud yangi g‘oya ham mana shu minglab assotsatsiyalarning so‘nggi nuqtasi bo‘lib yaraladi. Bu holatlar badiiy kashfiyot yo‘lidagi izlanishlarning turli qirralari har xilligini ko‘rsatar ekan, manzilning, maqsadning esa bittaligini tasdiqlaydi. Biroq bu manzilga eng yaqin va to‘g‘ri yo‘lni ijodiy yolqin egasigina topa oladi. Yolqin ulkan masofadagi shu’la sochib turgan yorug‘ kashfiyotni bir zabt bilan qamrab oluvchi ilohiy nur. Yolqin etapma-etap yo‘l bosmaydi, aksincha, bir vaqtda barcha etaplarni bosib o‘tadi. O‘sha uzoqdagi yorug‘ yulduz va unga eltuvchi masofa lahzalik operatsiyalar natijasiga aylanadi. Uning zamirida olam jarayonlarining moddiyligi, tajriba va ko‘nikmalar natijasi ekanligi, yana millionlab materialistik g‘oyalarni isbotlovchi jarayonlar soniyalarning juda mayda ulushlarida sodir bo‘ladi. Aynan shu jarayonlar tezligi hamma insonlarda ham bir xil kechmaydi. Shu hol 207 insonlarni asosan ikki katta lagerga – talantli va odmi insonlarga ajratadi. Talantli odamlar mana shunday ilohiy tezlik jarayoni sohiblari hisoblanadi. Bunday odamlarni intragenlar guruhiga ham kiritish mumkin. Intragenlar ichki his-tuyg‘ular bilan yashaydigan odamlar. Maqsad va his-tuyg‘ularini ichki monolog orqali bildiradi, o‘z orzularini yashiradi. Ularning ongidagi tezlik agarda tajriba natijasi bo‘lganda bu hol aniq materializm, realizm hisoblangan bo‘lar edi. Vaholanki, talant ko‘pincha yosh avlod, yosh inson faoliyatida namoyon bo‘ladi. Tajriba, uquv, bilim, zehn, idrok, ko‘nikma ikkinchi darajaga tushib qoladi. O‘rta asrlarda Yevropada avval fan taraqqiyoti uchun amaliy zarurat tug‘ildi. Yoki aniqrog‘i amaliy ehtiyojlar, amaliy texnik vositalar, texnik taraqqiyot (par mashinalar, poyezd, avtomobil, velosiped va boshqalar) qaysidir ma’noda insoniyat dunyoqarashi va fikrlash doirasini butunlay yangi yo‘lga soldi. Binobarin, ular o‘z navbatida qaysidir tamomila tasavvurga sig‘maydigan ilmiy kashfiyotlarga yo‘l ochdi. Xuddi shu zarurat natijasida tabiiy fanlar taraqqiyoti, aniq fanlar, aniq hisobkitobga asoslangan fanlarning xususiy tomonlarini mukammal o‘rganish ehtiyoji tug‘ildi. Mana shu o‘rinda aytish mumkinki, badiiy asar germenevtikasini badiiy tilning ma’lum xususiyatlarini mukammal tahlilsiz amalga oshirish aslo mumkin emas. Shu borada badiiy asarning yaratilish jarayoni, adabiy tur, janr, uslub, yo‘nalish, mavzu, xarakter tomonlari badiiy asar tiliga, uning mazmun mohiyatini to‘g‘ri tushunish holatiga ta’sir qilmasligi mumkin emas. Badiiy asar namunasining tabiati, ya’ni uning adabiy tur, janr, uslub (metod), mavzu, motiv, xarakter, yo‘nalish kabi qator tashqi va ichki faktorlari asarning ma’lum g‘oyaviy holat tashishi uchun yo‘nalish belgilaydi. Badiiy asarning tashiyotgan g‘oyasi uning yuqoridagi xususiyatlari bilan chambarchas bog‘liq. Biroq ularni to‘g‘ri tushunib olish uchun masalaning mohiyatini to‘g‘ri belgilash uchun nafaqat ijodkor, balki bevosita o‘quvchi ham badiiy tilning aynan shu me’yorlardan, ya’ni badiiy ijodning badiiy germenevtika bilan bog‘liq xususiyatlardan xabardor bo‘lishi zarur. Adabiy asarni o‘rganish, uning mazmun-mohiyati aks etgan matn xususiyatlarini o‘zlashtirish qator psixologik jarayonlar orqali amalga oshadi. Unda ijodkor ichki dunyosi, u mansub bo‘lgan xalq mentaliteti hamda turli milliy-ijtimoiy imkoniyatlar o‘zaro to‘qnashadi. O‘quvchi taqdim etilgan matndan efemer fantaziya orqali xohlagancha badiiy tafsilotlar yaratishi mumkin. Biroq ularning haqqoniyligi yoki inson estetik yoki individual dunyoqarashini shakllantirishdagi effektiv imkoniyatlari turlicha baholanadi. 208 Badiiy adabiyot ijtimoiy ong sohasi sifatida jamiyat hayotining barcha tomonlariga kirib borgan. Shu bois ijtimoiy psixologiya, ilm-fan yutuqlari, iqtisodiyot mezonlari badiiy tafakkur ifoda aspektlarining ichida bo‘lib qoldi. Antik adabiyotdagi mifologik tafakkur o‘rta asrlarda realistik manzaralarda, yangi davrda esa romantizm va realistik tasvir usulining chatishgan mezonlarini shakllantirdi. XIX asr adabiyotida bosh planga ko‘tarilgan hol buinson ichki dunyosining poetik tasviri edi. Inson ichki dunyosining individual qirralarini topish, uning yangi shtrixlarini kashf qilish, binobarin, ijtimoiy psixologiyaning yangi-yangi tamoyillarini shakllantirish badiiy adabiyot, tafakkurning faqatgina falsafiy - estetik hodisa holatini istisno qildi. XX asrning 90-yillarida insoniyat ikkita buyuk inqilobni boshdan kechirdi. Bulardan birinchisi siyosatda, ikkinchisi texnologiyada amalga oshirildi. Siyosiy inqilob sosialistik lagerni barbod qildi, chegaralarni ochib yubordi yoki intizomni bo‘shashtirdi. Odamlarning dunyo bo‘ylab erkin aylanib yurishlari uchun sharoit yaratdi. Ilm-fan natijalarining inson faktori yoki ommaviy nashr, kitob vositasida xalqaro istilohga kirishi tezlashdi. Kommunikatsiyaning kuchayishi yangi badiiy asarlar bilan birga yangi adabiy qarashlarning ham o‘zlashtirilishida hududiy to‘siqlarni olib tashladi. Shu o‘rinda ikkinchi – texnologiya sohasidagi inqilobning ham o‘rni va ahamiyati buyuk. Odamlar kompyuter, mobil aloqa vositalari orqali qisqa muddatlarda borliqning turli chekkasida yuz bergan, berayotgan yoki xattoki yuz berishi mumkin bo‘lgan yangilikdan xabardor bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lib qoldilar. Imkoniyatlarning kengayishi inson ongi, tafakkuri, badiiy-estetik qarashida ulkan o‘zgarishlar yasadi. Natijada odamlar borliqqa, hayotga, jamiyatga tamomila yangi ko‘z, yangi nigoh bilan qaray boshladilar. Avvallari inson mentalitetida iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy faktor bosh rol o‘ynagan bo‘lsa, endilikda inson ichki dunyosi, individual psixologiya, uning qalb manzaralarini o‘rganish, shu orqali borliqning, jamiyatning yangi ranglarini kashf qilish muhimroq bo‘lib qoldi. Badiiy asarning ham san’at namunasi, ham ijtimoiy – estetik ong namunasi sifatidagi imkoniyatidan foydalangan holda jamiyat psixologiyasining yangi ranglarini topish, yaratish va shakllantirish borasidagi imkoniyatlari germenevtikaning asosida yotadi. Badiiy matn tahlili orqali inson asarda aks etgan hayot manzarasini o‘zi imkoniyati darajasida o‘z mentalitetiga muvofiq shaklda qabul qilishi mumkin. O‘zbek mumtoz badiiy adabiyotida tarjima va badiiy asar tilini o‘rganish har doim ham dolzarb. Adabiy til umumxalq tilining muayyan qolipga solingan shakli bo‘lib, uning barcha lisoniy xususiyatlarini qamrab oladi, o‘zining barcha qirralari 209 bilan badiiy adabiyotda namoyon bo‘ladi. Biroq har qanday badiiy asarni adabiy til namunasi deb hisoblash noto‘g‘ri bo‘lar edi, chunki bu hol badiiy asarning individual ijod namunasi ekanligini istisno qiladi. Shoir (ijodkor) o‘z asarlarida goh hazil, goh chuqur falsafiy ma’noli fikrlarga tayangan holda tasodifan yangi, kutilmagan fikrlarni, tushunchalarni kashf qiladi . Ijodkorning badiiy fantaziyasi uning lisoniy imkoniyatlari, xalq tilidan qanchalar bahramand ekanligi va o‘zi egallab turgan til xususiyatlarini badiiy matnda qanchalar mahorat bilan qo‘llay olishidan iborat. Biroq yolg‘iz bilish va qo‘llashning o‘zi muallifning cheklangan imkoniyati xolos, u shuning uchun ham ijodkorki, tilning yangi badiiy imkoniyatlarini hosil qilishi, yaratishi lozim. Xuddi mana shu o‘rinda ijodkor okkazional holatlar vujudga keltiradi, badiiy fantaziya yaratadi, badiiy tafakkurning yangi qirralarini shakllantiradi. Binobarin inson ijodiyoti imkoniyatlarini kengaytiradi. Tilning leksiksemantik imkoniyati, o‘quvchi-kitobxon mentaliteti va uning ijodiy tayyorgarligi mana shunday sharoitda badiiy matn ifoda imkoniyatlarining germenevtik talqini asosida yotadi. Biroq bu hol har qanday ijodkorning ham imkoniyati darajasida emas. Badiiy asar orqali ijtimoiy ong, badiiy tafakkur taraqqiyotiga hissa qo‘shish, uning sayqal topishini ta’minlash yolg‘iz klassiklargagina nasib qiladi. Chunki klassik –bu shunday ijodkorki, toki undan inson hali o‘zi anglab yetmagan borliq ufqlarini, uning yangi qirralarini o‘rgansin. Ana shu jihatdan olib qaralganda badiiy asar matnini, u orqali aks etgan ijodkor badiiy dunyosini o‘rganish bir tomondan o‘ta murakkab bo‘lsa, ikkinchi tomondan nihoyatda muhim hamdir. Bu borada keyingi davrlarda jahon va xususan, o‘zbek adabiyotshunosligida qator jiddiy tadqiqotlar amalga oshirildi. She’riy asarlar inson badiiy-estetik dunyoqarashining o‘ziga xos shakli bo‘lganligi bois alohida tadqiqotni talab qiladi. She’riyat tilining funksiyasi oddiy umumxalq tilining funksiyasiga mos kelmaydi, uning qandaydir o‘ziga xos timsoliy murakkabligini tashkil qiladi. She’riyat tili - murakkab til, unda tushunchalar bir xil timsollar vositasida belgilanib, o‘zga timsollarda izohlanadi, boshqalari bilan xulosalanadi. She’riy asarlar matnining o‘ziga xos xususiyati shundaki, u mana shu timsollar vositasida yangi, mavhum tasavvur-illuziyani uyg‘otadi. Shuning bilan bir qatorda she’riy timsolli so‘zlar real, mavjud so‘zlarning alohida funksiyasi sifatida in’ikos etiladi, chunki she’riyatning o‘zi bizni o‘rab turgan obyektiv borliqning xususiy bir in’ikosidir. Shoir xalq tilidan bir tushunchani olib boshqa xili bilan qiyoslaydi yoki 210 bir tushunchani ikkinchisiga chog‘ishtiradi, natijada sintez-uchinchi, yangi fikr hosil bo‘ladi. Lirik matnda stilistikaning o‘rni muhim, chunki oddiy nutqdagi bir ma’noli so‘zlar she’riyatda ko‘chma ma’no kasb etadi, bu hol stilistik yo‘l bilan amalga oshiriladi. Stilistika she’riyatda qanchalik muhim bo‘lmasin, g‘oya, ma’no-mohiyat tili doimo yetakchi o‘rinda turadi, chunki shoirning stilistik uslubdan ko‘zlagan maqsadi ham g‘oya-original g‘oya ifodalashdir. She’riy asar matni o‘zida nafaqat tilning ma’lum bir shakllarini mujassam etadi, balki eng avvalo tilda ifodalangan g‘oya, ma’no va hissiyotni aks ettiradi. Badiiy asar matni, badiiy matn lingvopoetikasini o‘rganish o‘ziga xos tarixga ega. Sharq ilmida badiiy asar matnini o‘rganish borasida Abu Nasr Farobiyning asarlari muhim ahamiyatga ega. U o‘zining she’r san’ati va shoirlarning she’r yozish san’ati qonunlari haqidagi asarlarida lirik asarlar matni, uslubi va ularni badiiy-estetik nuqtai nazardan tahlil qilish borasida qimmatli fikrlar bildirgan. Bevosita turkiy adabiy yodgorliklar janri, vazni va boshqa poetik xususiyatlari hamda matn va badiiy til xususiyatlariga bag‘ishlangan asarlardan Navoiyning «Mezon ul-avzon» va «Majolis un-nafois» asarlari muhim ahamiyatga ega. Bobur o‘zining «Muxtasar» asarida eski o‘zbek va fors-tojik tillarida yaratilgan lirik asarlar adabiy–lisoniy va matn xususiyatlari haqida qimmatli fikrlar bildirgan. Keyingi davrlarda o‘zbek mumtoz adabiyotining matn va poetik xususiyatlarini o‘rganish borasida qator yirik tadqiqotlar bajarildi . Shuningdek, o‘zbek mumtoz adabiyotining taniqli namoyandalari Navoiy, Bobur, Muhammad Solih va boshqalar asarlarining germenevtik imkoniyatlari qator tadqiqotlar markazida bo‘lgan. O‘zbekiston milliy mustaqillikka erishganidan so‘ng avvalda ta’qiqlangan qator yangi sohalarni o‘zlashtirish uchun imkoniyatlar yaratildi. Adabiyotda va adabiy ong taraqqiyotida ham tub islohotlar kuzatildi. Milliy madaniyatning yangi xususiyatlari belgilanayotgan hozirgi sharoitda uning ajralmas qismi bo‘lgan adabiyotni yaratish, o‘rganish va uning ijtimoiy – siyosiy tahlili alohida e’tiborni talab qiladi. Aynan shu hol bevosita jamiyatni, tilni, milliy psixologiyani o‘rganishda birinchi manba sifatida badiiy adabiyot namunasini ilgari suradi. Bas shunday ekan, xorijiy tilni o‘rganayotgan har bir talaba ona tilidagi milliy adabiyotni mukammal o‘rgangani holda o‘sha pozitsiyadan turib xorijiy tildagi adabiyot va adabiyotshunoslikni o‘rganishi hamda tahlil qilishi zarur. Bu zaruriyat uning o‘sha xalq tili, dunyoqarashi va milliy psixologiyasini chuqur o‘rgatishga xizmat qiladi, xalqning ichiga kirib borishiga yo‘l ochadi. 211 Jahonda ilg‘or madaniyat maktablari yaratgan xalqlar adabiyoti bevosita ularning insoniy go‘zalliklarni badiiy tafakkur vositasida tahlil qila olish imkoniyatini ham ta’minlagan. Tilning barcha ma’naviy, falsafiy va estetik rang – barangligi o‘z navbatida adabiyotning kamolotini ta’minlaydi. Ingliz filologiyasi tahsilida Shekspir, Bayron, Dikkens, fransuz filologiyasida Gyugo, Kamyu, Stendal, nemis filologiyasida Gyote, Geyne va ispan filologiyasida Servantes kabilarning ijodiy dunyosi, lug‘aviy boyligi tahlilisiz talabaga tilni mukammal o‘rgatish aslo mumkin emas. Badiiy adabiyotning ilmiy tahlili talaba lisoniy tafakkuri taraqqiyotidagi eng muhim bosqich. Har bir millat adabiyoti tarixi adabiyotshunoslik, tilshunoslik, tarix kabi fanlar bilan uzviy bog‘liq. Bas shunday ekan, millatning estetik - madaniy dunyoqarashida badiiy adabiyotning o‘rni va ahamiyatini kamsitib bo‘lmaydi. Tilning taraqqiyot bosqichlari bevosita adabiyotning taraqqiyot bosqichlari bilan uzviy bog‘langan. Badiiy adabiyot namunasini o‘qib – o‘rganish va tahlil qilish adabiyotshunoslik fanining asosini tashkil qiladi. Demak, adabiyotshunoslik fani shaxs estetik tarbiyasining eng muhim mezoni sifatida badiiy adabiyotning badiiy – g‘oyaviy ahamiyatini inson tomonidan o‘zlashtirilishida sintezator vazifasini o‘taydi. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda xorijiy Yevropa va Sharq tillarining tahsili jarayonida adabiyot tarixini bosqichma – bosqich o‘rgatish, hozirgi adabiy jarayonni esa alohida muhim bosqich sifatida o‘qitish zarurati tug‘iladi. Badiiy materialdagi lisoniy imkoniyatlar kitobxon so‘z boyligini, u o‘rganayotgan tilning grammatik qurilishi va morfologik tizimini o‘rganishida eng muhim va yagona yozma manba rolini o‘taydi. Hozirda badiiy asar matni tahlilining muhim qirrasi sifatida poetik tilni xorijiy tillarni o‘rganayotgan talabalarga jahon va o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalarini materiallarda o‘rgatish zarurati tug‘ilgan. Binobarin, germenevtika, badiiy til poetikasini o‘rganish borasida yangi qarashlar, g‘oyalar va nazariyalar ilgari surilgan. Ular badiiy asarni o‘zlashtirishning psixologik imkoniyatlarini kengaytirishi shubhasiz. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Navoiy, A. “Mezon ul-avzon”. – Toshkent: Fan, 1983. 2. Navoiy, A. “Majolis un-nafois”. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1997. 3. Bobur, Z. M. “Muxtasar”. – Toshkent: Fan, 1994. 4. Farobiy, A. N. “She’r san’ati haqida risola”. – Toshkent: Fan, 1975. 5. “Jahon adabiyoti” jurnali. – Toshkent, turli yillarda. 6. Karimov, I. A. “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”. – Toshkent: Ma’naviyat, 2008. 212 7. Rasulov, R. “Tarjima nazariyasi asoslari”. – Toshkent: O‘zDJTU nashriyoti, 2012. 8. Saidov, K. “Adabiyot nazariyasi”. – Toshkent: Universitet, 2015. 9. Qosimov, B. “O‘zbek adabiyotining tarixi”. – Toshkent: Fan, 2009. 10. Lotman, Yu. M. “Struktura xudojestvennogo teksta”. – Moskva: Iskusstvo, 1970.