RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR ASOSIDA FILOLOGIYA TALABALARINING LINGVISTIK KOMPETENSIYASINI RIVOJLANTIRISHNING NAZARIY VA AMALIY JIHATLARI
Full text
220 RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR ASOSIDA FILOLOGIYA TALABALARINING LINGVISTIK KOMPETENSIYASINI RIVOJLANTIRISHNING NAZARIY VA AMALIY JIHATLARI Abdug‘affarova Arofat Shamsiddinovna O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tayanch doktoranti [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17450652 Annotatsiya. Mazkur maqolada raqamli texnologiyalarni ta’lim tizimiga joriy etishning ahamiyati, ularning lingvistik kompetensiyani shakllantirishdagi o‘rni va samaradorligi ilmiy jihatdan yoritilgan. O‘zbekiston va xorijiy davlatlardagi tajribalar asosida raqamli ta’lim vositalarining filologiya yo‘nalishidagi talabalarga ta’siri tahlil qilingan hamda ta’lim jarayonida raqamli resurslardan foydalanishning metodik imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tilgan. Kalit so‘zlar: raqamli texnologiyalar, lingvistik kompetensiya, raqamli ta’lim, filologiya talabalari, interaktiv platformalar, multimedia, veb-kvest, motivatsiya, sun’iy intellekt, adaptiv ta’lim. O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimining modernizatsiya qilinishi va raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayonida jadal rivojlanish strategiyasida muhim yo‘nalishlardan biridir. Xususan, raqamli ta’lim vositalarini keng ko‘lamda joriy etish orqali ta’lim sifatini oshirish va global tendensiyalarga mos keladigan ta’lim tizimini yaratish bugungi kunning zaruratiga aylangan. Bu islohotning asosiy maqsadi texnologik jihatdan rivojlangan millatlar qatoriga kirish uchungina emas balki, unib o‘sib kelayotgan yosh avlodning raqobatbardoshligini ta’minlash uchun ham muhimdir. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–6079son (05.10.2020) – “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqladi. [6] Strategiyaning asosiy maqsadlaridan biriraqamli jamiyat uchun kadrlar tayyorlash va aholining raqamli savodxonligini oshirishdir. Ushbu strategiya nafaqat texnik infratuzilmani rivojlantirish, balki ta’lim mazmunini tubdan yangilashga ham xizmat qiladi. Ushbu strategiyada ta’lim tizimini raqamlashtirish bo‘yicha bir nechta alohida bandlar bor. Xususan, ta’lim jarayonini avtomatlashtirish bo‘lib, strategiya doirasida ta’lim tizimiga zamonaviy AKTni joriy qilgan holda, ta’lim jarayonini boshqarishni avtomatlashtirish va tahlil qilish tizimini yaratish vazifasi qo‘yildi. Bu maktablardan tortib OTMlargacha yagona axborot tizimlari orqali boshqaruvni nazarda tutadi (masalan, Xalq ta’lim tizimida – Kundalik.com, EMIS, oliy ta’limdaHEMIS kabi tizimlar). Bundan tashqari raqamli kompetensiyalarni ham shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, Strategiyada ta’lim tizimining har bir bosqichi uchun raqamli iqtisodiyotning asosiy kompetensiyalari bo‘yicha talablar ishlab chiqish va ularning uzluksizligini ta’minlash vazifasi belgilandi. Bunda axborot, kompyuter,
221 media va kommunikativ savodxonlik, texnologik innovatsiyalarga ochiq munosabat kabi ko‘nikmalar yoshlar ongiga singdirilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, raqamli kompetensiyalarni shakllantirish ta’limning har bir bosqichida uzluksiz davom etishi lozim. Raqamli kompetensiya — bu faqat texnik ko‘nikma emas, balki axborot bilan ishlash, tanqidiy fikrlash, media madaniyat va kommunikativ savodxonlikni o‘z ichiga oluvchi kompleks tushuncha sifatida qaraladi. Oliy ta’lim muassasalarida esa “Sun’iy intellekt”, “Robototexnika” va “IoT” (“Internet of Things” deb ataladigan maxsus qurilmalar tarmog‘i) kabi yo‘nalishlarda maxsus laboratoriyalar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad-talabalarning bevosita raqamli texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmasini oshirishdir. Yana bir ahamiyatli tomoni, ta’lim materiallarini raqamlashtirish bo‘lib, bunda o‘quv materiallarini bosqichmabosqich raqamli formatga o‘tkazish, qog‘oz ko‘rinishidagi materiallarni raqamlashtirishning yagona talablarini ishlab chiqishdir. Bu kelgusida elektron darsliklar va raqamli kutubxonalarni joriy etilishiga asos bo‘ldi. Shunday qilib, bugungi ta’lim o‘z oldiga raqamli texnologiyalarni ta’limda qo‘llashda muhim ahamiyat kasb etadi. Adabiy manbalarni ko‘rib chiqish va tahlil qilish jarayonida lingvistik kompetensiyalarni raqamli texnologiyalar asosida shakllantirishning turli jihatlarini qamrab olgan dissertatsiyalarga duch keldik. Shulardan, J.M. Madmusayev,[3] M.B. Norqulova,[4] Sh. B. Yusupovalarning[5] PhD dissertatsiyalari bo‘lib, ushbu tadqiqotlarda raqamli ta’lim platformalaridan foydalanib samarali o‘rgatish usullarini ishlab chiqqan. Ular interaktiv mashqlar, video-darslar, gamifikatsiya elementlari va virtual sinflar yordamida talabalar faol ishtirokini oshirish, hamda ularning nutq kompetensiyasini rivojlantirish bo‘yicha muhim natijalarga erishgan. Raqamli texnologiyalarni dars jarayoniga to‘g‘ri integratsiya qilish lingvistik kompetensiyalarni shakllanishini tezlashtiradi va mustahkamlaydi hamda filologik talabalarning til qoidalarini real muloqotda qo‘llash faolligini oshiradi. MDH davlatlari olimlari tomonidan yozilgan ilmiy ishlarni ko‘rib chiqish jarayonida pedagogika fanlari nomzodi N.I Arshinova [2] ham ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘rganayotgan talabalar uchun o‘quv jarayoniga kompyuter dasturlarini ishlab chiqqan va ularni lingvistik kompetensiyani rivojlantirishga integratsiya qilgan. Xususan multimedia ilovalar, elektron darsliklar va trenajyor dasturlar orqali talabalar lug‘aviy-grammatik bilimlarini mustahkamlash hamda mustaqil ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish yo‘llari ko‘rsatilgan. Arshinovaning xulosasiga ko‘ra, kompyuter vositalarini integratsiya qilish nafaqat til o‘rganuvchilarning mustaqil ishlash faolligini oshiradi, balki lingvistik kompetensiya tarkibiy qismlarini –
222 talaffuz, grammatik birliklar va so‘z boyligini-tizimli ravishda shakllantirish imkonini beradi. Ushbu ish Rossiyada chet til o‘qitish jarayonini axborot texnologiyalari bilan boyitish bo‘yicha dastlabki poydevorlardan birini yaratgan deb hisoblanadi. Vorobyov G.A pedagogika fanlari nomzodi dissertatsiyasida Pyatigorsk lingvistika universitetida o‘tkazilgan tajribada veb-kvest texnologiyasini qo‘llash talabalarning mustaqil axborot izlash ko‘nikmasini, internetda samarali ishlash malakasini va madaniyatlararo muloqotga tayyorgarligini oshirgani qayd etilgan. Xususan, veb-kvest til o‘rganuvchilarni virtual aloqa vositasida chet el madaniy kontekstiga “sho‘ng‘ish” imkonini berganligi tufayli, sotsiomadaniy bilimlarni egallashda an’anaviy darslarga nisbatan ancha yuqori natija ko‘rsatgan. Xulosa o‘rnida aytishimiz mumkinki, Vorobyov tomonidan taklif etilgan uslub xorijiy til muhitini qisman imitatsiya qiluvchi internet loyihalar orqali talabalarda lingvomadaniy kompetensiyani samarali shakllantirishga erishgan va ushbu yo‘nalishda keyingi tadqiqotlarga asos solgan. F. Akobirov tomonidan AQShda himoya qilingan doktorlik dissertatsiyasida ham raqamli texnologiyalarning ingliz tilini xorijiy til sifatida o‘rganayotgan o‘zbek talabalari (EFL) va ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘rganayotgan amerikalik talabalar (ESL) o‘rtasida til o‘rganish jarayoniga ta’sirini qiyosiy o‘rgangan.[1] Olim o‘z ilmiy ishida raqamli ta’lim vositalari (interaktiv ilovalar, onlayn lug‘atlar, til o‘rgatish dasturlari va boshqalar)dan foydalanish holatlari ikki guruh o‘rtasida solishtirildi. Olingan natijalar texnologiya qo‘llash har ikki guruhda ham til o‘rganishga qiziqishni oshirishini, lekin turli motivatsion omillar ta’siri tufayli samarasida farq borligini ko‘rsatdi. Jumladan, o‘zbek talabalar uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yangi va qiziqarli bo‘lgani bois motivatsiyani kuchaytirsa, amerikalik ESL talabalari uchun texnologiya – odatiy ta’lim vositasi sifatida – motivatsiyani saqlab qolishga xizmat qilgan. Til o‘rgatish natijalari ham muhokama qilinib, texnologiya yordamida mashq qilgan guruhlarning test sinovlari ko‘rsatkichlari biroz yuqoriligi qayd etilgan. Yuqoridagi asosli fikrlarga xulosa qiladigan bo‘lsak, ta’lim jarayonini raqamli texnologiyalar bilan boyitish nafaqat til kompetensiyalarini shakllantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, balki o‘quvchilarning o‘rganishga bo‘lgan ichki va tashqi motivatsiyasini ham kuchaytiradi – ammo bu ta’sir o‘quv muhitining xususiyatlariga bog‘liq bo‘lib, shu omilni hisobga olgan holda moslashtirilgan yondashuv zarur. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, raqamli texnologiyalarni chet tillarni o‘qitish jarayoniga integratsiya qilish filologiya yo‘nalishidagi talabalarning lingvistik kompetensiyasini rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi. Ular o‘quv jarayonini interaktiv, adaptiv va talaba markazli shaklga keltiradi. Shu bois, o‘qituvchilar
223 raqamli savodxonlikni oshirish, onlayn resurslardan samarali foydalanish hamda metodik yangiliklarni amaliyotga tatbiq etishga tayyor bo‘lishlari zarur. Kelgusida esa sun’iy intellekt asosida ishlovchi ta’lim tizimlari, avtomatik baholash platformalari va raqamli portfoliolarni rivojlantirish orqali filologik ta’lim samaradorligini yanada oshirish mumkin. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Akobirov Farhod (Akobirov F.) – “The influence of technology on language learning and motivation with Uzbek EFL and United States ESL students” (Kanzas universiteti, AQSh, 2017) 2. Arshinova Natalya Ivanovna – “Formirovanie inoyazychnoy lingvisticheskoy kompetentsii studentov vuza s primeneniem sredstv kompyuternykh tekhnologiy (angliyskiy yazyk kak vtoraya spetsialnost)” (Petrozavodsk davlat universiteti, Rossiya, 2007) 3. Madmusayev Jaxongir Muxtorali o‘g‘li – “Raqamli ta’lim muhitida talabalarga ingliz tili leksikasini o‘rgatish metodikasi (boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi misolida)” (Namangan davlat universiteti, 2025) 4. Norqulova Muqaddas Baxriddinovna – “Qoraqalpog‘iston Respublikasi A2 darajadagi o‘quvchilarning ingliz tili grammatik kompetensiyasini shakllantirishda AKTdan foydalanish metodikasi” (Buxoro davlat universiteti, 2025) 5. Yusupova Shoxida Batirovna – “Ingliz tili darslarida talabalarning texnik tafakkurini rivojlantirish metodikasi” (Buxoro davlat universiteti, 2024) 6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–6079-son (05.10.2020) – “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi