SHUKUR XOLMIRZAYEVNING "QARIYA" HIKOYASIDA METAFORANING O'RNI
Full text
224 SHUKUR XOLMIRZAYEVNING “QARIYA” HIKOYASIDA METAFORANING O‘RNI Jalilova Mohira Alisher qizi [email protected] OʻzDJTU Rus filologiyasi fakultetining II bosqich talabasi Ilmiy rahbar: G.S. Turdiyeva OʻzDJTU Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi oʻqituvchisi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17450654 Annotatsiya: Mazkur maqolada metaforaning xususiyatlari va uning Shukur Xolmirzayev “Qariya” hikoyasidagi o‘rni hamda ahamiyati haqida so‘z boradi. Shuningdek, hikoyada metaforalarning obrazli, nominativ va kognitiv turlaridan yozuvchining unumli foydalanganligi ko‘rib chiqildi. Maqola davomida asosli fikr hamda mulohazalardan foydalanilgan. Kalit so‘zlar: metafora, “Qariya”, obrazli metafora, nominativ metafora, kognitiv metafora, qahramon obrazi Metafora (yunoncha “ko‘chirish”) — biror predmetlar, shaxslar, hodisalar, harakatlar yoki belgilar sinfiga tegishli so‘zni boshqa, unga o‘xshash sinf yoki yakka predmetni ifodalash uchun ishlatishdan iborat trop yoki nutq figuralaridan biridir. Masalan, odamga nisbatan bo‘ri, ilon, arslon kabi so‘zlarni ishlatish; inson aqli xususiyatlariga o‘tkir, o‘tmas kabi sifatlarni berish orqali metafora yuzaga keladi. Metafora yaratishda to‘rtta komponent ishtirok etadi: ikki obyekt kategoriyasi va ularning har biriga xos belgi. Metafora bir sinfning belgisini tanlab, uni boshqa sinfga yoki yakka subyektga qo‘llaydi. Masalan, odamni tulki deb atash orqali unga tulkiga xos ayyorlik va izini yo‘qotish qobiliyati yuklanadi. Bu bilan inson xarakteri ochiladi, uning obrazi yaratiladi va, albatta, yangi ma’no tug‘iladi, ya’ni — tulki “ayyor, hiylakor aldamchi” ma’nosini oladi. Aristotel davridan beri metafora qisqartirilgan taqqoslash sifatida qaraladi: unda o‘xshatish predikatlari (o‘xshaydi, eslatadi va b.q.) va komparativ bog‘lovchilar (kabi, go‘yo, xuddi) tushirib qoldiriladi. Shu sababli metafora ixcham bo‘ladi, taqqoslash esa aksincha, nutqni kengaytiradi. Metaforaning asosiy belgisi — uning ikki qatlamli semantik tabiati: unda haqiqiy subyektning belgilari va yordamchi subyektning obrazi birlashadi. Masalan, odamni ayiq deb atash orqali “ayiq” sinfiga xos baquvvatlik, dag‘allik, og‘ir qadamlik kabi belgilar inson obraziga ko‘chiriladi. Hayotda va badiiy adabiyotda metaforalardan unumli foydalaniladi, negaki metaforalar tufayli tasvirlarda obrazlilik paydo bo‘ladi, obrazlilik esa insonda ruhiyat, kayfiyat, bilim, ta’sir paydo qiladi va hayotni ko‘rkamlashtiradi. Shukur Xolmirzayevning “Qariya” hikoyasida metaforalar, frazeologik birliklar, badiiy tasvir vositalari orqali voqelik qanchalik aniq tasvir etilganligi kuzatildi. Quyidagi
225 monologda hikoyaniing bosh qahramoni Qobil cholning butun hayoti, xususiyat, fazilatlari ayon bo‘ladi: — Birovga yomonlik qilmadim, birovning haqini yemadim... Tog‘lik og‘aynilarni ham aldamadim. Ko‘pning duosini oldim... Ha, farzand ko‘rmadim. Senga bir yomonligim o‘tgandir-da... O‘zingga shukur. Bu satrlarda birov haqi, birov haqini yemoq metaforik ma’noga ega bo‘lib, kimgadir tegishli ulushni aldab, yoki bildirmay o‘ziniki qilmoq ma’nosida ishlatilmoqda. Ammo izohdan ko‘ra metaforik ma’no jumlada ham aniqlik, ham ta’sirchanlik, ham qisqalik nuqtayi nazaridan ustunlikka ega. Hikoyada “ovozi yetti mahalla nariga ketadi”, “ko‘zi pishib ketgan”, “otamni berib qo‘ydik”, “ta’bi kir bo‘ldi”, “Ko‘chaning bir boshi markaz tarafga ketar, bir boshi toshloq orqali soyga tushardi”. “Andak tobim aynib yotib qoldim deng”... “Shamol tegdimi, bilolmadim” kabi jumla va gaplarda fikrning ko‘chma ma’noda ifodalash orqali voqelik mavjud hayot haqiqatini oson va tabiiy qabulini yuzaga keltirgan. Shuningdek, yozuvchining hikoyada metaforalarning obrazli, nominativ va kognitiv turlaridan unumli foydalanganligi kuzatildi. Bu uch asosiy turda tahlil qilayotgan hikoyamizdagi metaforalarning xususiyati quyidagi misollarda namoyon bo‘ladi: 1.Obrazli metafora — ko‘p belgili tavsifiy ma’nodan xarakterlovchi predikatga o‘tish natijasida yuzaga keladi. Misol uchun: “Qo‘ziboy chol ko‘zidan shashqator yosh oqizib, atrofga xira ovozda jar solar edi”. Ushbu misolda ko‘z yoshning oqishi shashqa suv oqimiga o‘xshatilgan bo‘lsa, “Hozir uning botib ketgan ko‘zlari, za’faron yuzi, qo‘lidagi dag‘al hassasiga tikilib: «Ha, o‘ladi», deb o‘yladi” gapida esa, ko‘zlari botib ketganlik fonida charchoq va ozijlik tasvirlangan. Za’faron yuzi degan birikmada esa yuzning sariqligi zaiflik, kasallikka o‘xshatilgan. 2. Nominativ metafora — bir tasviriy ma’noni boshqasi bilan almashtirib, omonimiyani yuzaga keltiradi (masalan: oyoq — inson a’zosi va oyoq — mebel tayanchi). Shukur Xolmirzayevning “Qariya” hikoyasidagi ushbu parchada “Ovqatdan ham qoldim... Rizq-nasiba uzilyapti. Endi tayyorgarlik ko‘rish kerak”. Rizq-nasiba uzilyapti gapi hayotining tugayotganini anglatadi va o‘limni bo‘yniga olgan bir iymonli insonning buni oddiy qabul qilib aytgan so‘zlarida taqdirning g‘ussa-yu sinovlarini ko‘p ko‘rganligi aks etgan. 3. Kognitiv metafora — sifat va fe’llar sohasidagi uyg‘unlik siljishi orqali polisemiyani yaratadi. “Kun to‘lipti endi” – hayot kun bilan qiyoslanib, tugash vaqtning to‘lishi sifatida tasvirlangan. “E, qizishmang, inim, — dedi Qo‘ziboy chol beparvolik bilan. — Ajal vaqtiki kelib, har birimizning ham eshigimizni taqillatadi.
226 Musulmon odam o‘limni bo‘yniga olib qo‘ygani ma’qul...’’- o‘lim tashrif buyuruvchi kabi ko‘rilgan. “Pulni Qobil qassobga berib qo‘yib, jonini omonat qildi” – hayotni mol yoki omonat bilan qiyoslashi tasvirlangan. Shukur Xolmirzayevning “Qariya” asarida metafora qahramonning ichki kechinmalari va hayotiy tajribasini ifodalashda muhim estetik vosita sifatida qo‘llanadi. Muallif obrazli metaforalar orqali qariyaning ruhiy va jismoniy ahvolini tasvirlasa, nominativ metaforalar orqali xalq dunyoqarashi va qadriyatlarini yoritadi. Kognitiv metaforalar esa hayot va o‘lim masalasini falsafiy-anglash darajasida talqin etib, asarning ma’no doirasini kengaytiradi. Shunday qilib, metafora Shukur Xolmirzayevning “Qariya” hikoyasida badiiy nutqni bezash vositasi emas, balki qahramon obrazini teranlashtiruvchi, xalqona tafakkurni aks ettiruvchi va asarning g‘oyaviy mazmunini ochib beruvchi asosiy san’atkorlik usuli sifatida namoyon bo‘ladi. Adabiyotlar: 1. Do‘lanova O. Y. “Metafora va uning badiiy adabiyotdagi o‘rni” maqolasi 2. Arutyunova N.D. Metafora va nutq // Metafora nazariyasi: To‘plam: Trans. ingliz, fransuz, nemis, ispan, polyak tillaridan / Kirish va kompilyatsiya. Moskva.1990 3. N.D.Arutyunova; Bosh muharrirlar N.D.Arutyunova va M.A.Jurinskaya. – Moskva: Taraqqiyot, 1990. – 512 p. 4. Sh. Xolmirzayev. Qariya. - Toshkent., 1975.