scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

NIL ESHR ROMANLARIDA JANRLARARO POETIKA VA FANTASTIK OBRAZLARNING BADIIY TALQINI

Umarqulova Munira Zohidjon qizi

Full text

236 NIL ESHR ROMANLARIDA JANRLARARO POETIKA VA FANTASTIK OBRAZLARNING BADIIY TALQINI Umarqulova Munira Zohidjon qizi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tayanch doktoranti Toshkent, O‘zbekiston Email: [email protected] ORCID ID: 0009-0009-9648-2684 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17450671 Annotatsiya. Ushbu tezisda zamonaviy ingliz yozuvchisi Nil Eshr ijodi nazariy-poetik nuqtai nazardan ko‘rib chiqiladi. Eshrning “Polity” olamiga oid romanlari kosmik opera, kiberpank, texnotriller, gotika va horror janrlarining birlashuvi asosida tahlil qilinadi. Shuningdek, fantastik obrazlar tizimi - inson, postinson, kiborg, sun’iy intellekt va yot mavjudotlar tipologiyasi - nazariy asoslar hamda badiiy misollar orqali yoritiladi. Asher romanlari orqali postgumanizm va transgumanizm konsepsiyalari, identiklik, ong va shaxsiyat muammolari, texnodistopiya va Darko Suvin ta’riflagan kognitiv yotlashuv tamoyillari tadqiq qilinadi. Tadqiqot natijalarida Eshr ijodining janrlararo poetikasi ilmiy fantastika janrining imkoniyatlarini kengaytirgani hamda o‘quvchini falsafiy mulohazalarga undashi ko‘rib chiqiladi. Kalit so‘zlar: Janrlararo poetika, fantastik obraz, postgumanizm, transgumanizm, kognitiv yotlashuv, texnodistopiya, Asher. Kirish. Zamonaviy ilmiy fantastika adabiyotida inson va texnologiya, biologik va sun’iy hayot, yerlik va yot mavjudotlar o‘rtasidagi chegaralar tobora nisbiylashib borayotgani kuzatilmoqda. Bu jarayon, avvalo, janrlararo poetikaning kuchayishi va yangi estetik izlanishlar bilan chambarchas bog‘liqdir. Adabiyot nazariyotchilari ta’kidlaganidek, adabiy janrlar qat’iy chegaralarga ega emas, ular bir-biriga singib ketadi va natijada yangi shakllar yuzaga keladi [6:104–105]. Aynan shu jarayon Nil Eshr ijodida ham yorqin namoyon bo‘ladi. Nil Eshr - zamonaviy ingliz ilmiy fantastikasining eng mashhur yozuvchilaridan biri bo‘lib, u “Polity” deb ataluvchi yirik badiiy olamni yaratdi. Ushbu olam epik ko‘lamdagi kosmik opera janri bilan bir qatorda kiberpank ruhidagi texnologik distopiya, texnotrillerning shiddatliligi va horror janriga xos qo‘rquv elementlarini o‘zida birlashtirgan. Shu jihatdan Eshr ijodi janrlararo yondashuvning yorqin namunasi sifatida qaralishi mumkin. Asher romanlarining yana bir muhim jihati shundaki unda boy fantastik obrazlar tizimi mavjud. Oddiy odamlar, mutatsiyaga uchragan maxluqlar, kiborglar, sun’iy intellektlar va yot irq vakillari Politi olamida o‘zaro to‘qnashadi. Bu obrazlar orqali yozuvchi zamonaviy fan-texnika yutuqlarining imkoniyatlari va xavflarini badiiy talqin etadi. Shu bilan birga, postgumanizm va transgumanizm falsafiy konsepsiyalari, identiklik va ong masalalari, texnodistopik xavflar va kognitiv yotlashuv tamoyillari ham ushbu asarlarda badiiy izlanish markaziga aylanadi. 237 Eshrning ijodi nafaqat sarguzashtli kosmik voqealar bilan, balki insoniyat kelajagi haqida falsafiy va axloqiy savollarni qo‘yishi bilan ham o‘z qadr-qimmatiga ega. Shuning uchun ham uning asarlarini nazariy tahlil qilish nafaqat adabiyotshunoslik, balki madaniyatshunoslik va falsafiy tafakkur uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu tezisning asosiy maqsadi - Nil Eshr ijodidagi janrlararo poetika va fantastik obrazlar konsepsiyasini nazariy asosda tahlil qilishdir. Shu maqsadda quyidagi vazifalar belgilandi: - Eshr romanlarida kosmik opera, kiberpank, texnotriller, gotika va horror janrlarining o‘zaro uyg‘unlashuvini ko‘rsatish; - Polity olamidagi fantastik obrazlar tizimini - inson, postinson, kiborg, sun’iy intellekt va yot mavjudotlar tipologiyasini tahlil qilish; - Postgumanizm va transgumanizm konsepsiyalarining badiiy talqinini, identiklik va ong muammolarini yoritish; - Eshr fantastikasidagi texnodistopik unsurlar va kognitiv yotlashuv tamoyillarini o‘rganib chiqish; - Janrlararo poetika: kosmik opera, kiberpank va qo‘rquv unsurlari; Nil Eshr ijodining eng muhim xususiyatlaridan biri - bu uning romanlarida turli janr elementlarining uyg‘unlashuvi, ya’ni janrlararo poetikadir. “Polity” olamiga oid romanlar bir qarashda klassik kosmik opera doirasida yozilgandek ko‘rinadi. Chunki ularda galaktik miqyosdagi janglar, yulduzlararo sayohatlar va yirik siyosiy voqealar tasvirlangan. Masalan, “Gridlinked” va “The Line of Polity” romanlarida Politi jamiyati bilan pradorlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik epik syujet sifatida namoyon bo‘ladi. Bu jihatlar kosmik opera an’analarini yodga solidi, ya’ni ulkan makon va vaqt miqyosi, galaktika miqyosidagi xavf-xatarlar, insoniyat va yot irq o‘rtasidagi to‘qnashuvlar [9:987]. Ammo Eshr kosmik operaning o‘ziga xos keskinlikni kiberpank elementlari bilan boyitadi. Kiberpank adabiyotiga xos bo‘lgan texnodistopik muhit, jamiyat va texnologiya o‘rtasidagi ziddiyat Polity olamida yaqqol ko‘rinadi. Polity fuqarolari hayoti to‘liq sun’iy intellektlar tomonidan nazorat qilinadi, odamlar ongini kompyuter tarmoqlariga bog‘lovchi implantlar keng tarqalgan. Bu tasvirlar kiberpankdagi “inson va texnologiya sintezi muqarrar” degan g‘oyani eslatadi [8:236]. Yozuvchi shu orqali zamonaviy insoniyatning texnologiyaga qaramlik masalasini fantastik vositalar bilan yanada jo‘shqinlashtirib ko‘rsatadi. Eshr asarlarida uchinchi muhim qatlam - bu qo‘rquv va horror unsurlaridir. Uning romanlarida mutatsiyaga uchragan maxluqlar, o‘lik sayyoralar va yovuz nanotexnologiyalar tasvirlanadi. Masalan, “Brass Man” va “The Line War” romanlarida 238 Spatterjey virusidan o‘zgarib ketgan jonzotlar yoki Jain nano-texnologiyasi tarqatgan halokat manzaralari horror janrini eslatadi [7:74–75]. Yozuvchi “body-horror” uslubidan ham foydalanadi, ya’ni odam tanasining qo‘rqinchili tusdagi o‘zgarishlari, kiborglashtirish jarayonlari o‘quvchida vahima uyg‘otadi [9:996]. Gotik unsurlar ham Asher olamida o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Masalan, koinot bo‘shliqlaridagi tashlandiq kemalar, aqldan ozgan sun’iy onglar, o‘lik sayyoralardagi sirli inshootlar klassik gotika muhitini yodga soladi. Bu elementlar kosmik opera va kiberpank bilan birlashib, Polity olamiga o‘ziga xos qorong‘i estetik ohang beradi. Umuman olganda, Asher ijodi janrlararo sintezni amalda ko‘rsatadi. U kosmik operaning epik kengligini kiberpankning texnologik muammolari bilan uyg‘unlashtirib, horror va gotikaning qo‘rqinchli muhitini qo‘shadi. Bu integratsiya esa o‘quvchida ikki tomonlama ta’sir uyg‘otadi: bir tomondan, hayrat va zavq, ikkinchi tomondan, qo‘rquv va tahlikani his qilish imkonini beradi. Shu bois Eshr romanlarini o‘qish nafaqat sarguzasht, balki murakkab estetik tajriba hamdir. Fantastik obrazlar tizimi: inson, postinson, kiborg va yot mavjudotlar. Neal Asherning Polity olamidagi eng muhim poetik xususiyatlardan biri bu - fantastik obrazlar tizimining boyligi va ko‘p qatlamliligidir. U yozuvchi dunyoqarashining badiiy laboratoriyasi bo‘lib xizmat qiladi. Oddiy odamlar, texnologik jihatdan transformatsiyaga uchragan kiborglar, postinsoniy qahramonlar, mustaqil ong egalari bo‘lgan sun’iy intellektlar hamda radikal tarzda yot biologik mavjudotlar birgalikda umr kechiradi. Inson obrazi. Eshr olamida oddiy odamlar hamon mavjud, biroq ular kelajak jamiyatida yangi texnologiyalar ta’sirida o‘z mohiyatini o‘zgartirib bormoqda. Masalan, agent Yan Kormak odatda biologik jihatdan inson bo‘lsa-da, uning ongini Politi sun’iy intellekt tarmog‘iga bog‘lovchi neyro-implant uni qisman kiborgga aylantirib turadi. Bu obraz orqali yozuvchi insoniylikning chegaralari tobora shaffoflashayotganini ko‘rsatadi. Fikrimizcha, Kormak obrazi o‘quvchini “inson degani faqat biologik mavjudotmi yoki ong va texnologiyaning uyg‘unligi bilan ham belgilanadimi?” degan savolga yo‘naltiruvchi obraz sifatida namoyon bo‘ladi. Kiborg va transinsonlar. Polity olamida kiborglashtirish juda keng tarqalgan bo‘lib, inson tanasiga o‘rnatilgan sun’iy a’zolar, texnik implantlar yoki ongni raqamli tarmoqqa ulash imkoniyati ularni “transinson”ga aylantiradi. Xarauey o‘zining mashhur “Kiborg manifesti” asarida mashina va insonning birligi haqida “Mashina biz bilan kechadigan jarayonlar va tanamizning bir ko‘rinishi” deb yozgan edi. [3:180]. Eshr kiborg qahramonlari orqali aynan shu metaforani badiiy shaklda ifodalaydi. Bu jihatdan Politi dunyosi texnologik evolyutsiyaning badiiy modeli sifatida qaralishi mumkin. 239 Postinsoniy qahramonlar. Eshr romanlarida inson o‘z chegaralaridan chiqib ketadigan postinsoniy obrazlar ham keng namoyon bo‘ladi. Masalan, “Jack Four” qahramoni genetik manipulyatsiya va ekstremal sinovlar natijasida insoniylik me’yorlaridan chiqib ketadi va yangi tur sifatida rivojlanadi [9:988]. Bunday obrazlar transgumanizm falsafasida tasvirlangan “yanada mukammal mavjudot” g‘oyasini ilgari suradi [1:7]. Jek For obrazi insoniyatning o‘zini qayta yaratishga bo‘lgan istagi va uning xavfli oqibatlari haqida ogohlantiruvchi badiiy timsol desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sun’iy intellektlar. Polity olamida sun’iy intellektlar nafaqat yordamchi texnologiyalar, balki mustaqil qahramonlar sifatida ham maydonga chiqadi. Yer Markaziy Sun’iy Intellekti (Earth Central AI) butun jamiyatni boshqaruvchi oliy hokimiyat sifatida gavdalantirilgan. Eshr sun’iy intellektlarni insondan yuqori tafakkur egalari sifatida ko‘rsatadi va shu orqali ongning tabiati, aqlning huquqiy va axloqiy maqomi haqida savollar o‘rtaga tashlaydi [11:22]. Sun’iy intellect obrazlar kitobxonni “insoniyatning kelajagi o‘z ixtirosiga qanchalik bog‘liq?” degan bahsli savol haqida tafakkur qilishga undaydi. Yot irq va begona mavjudotlar. Eshrning eng diqqatga sazovor obrazlaridan biri - pradorlardir. Ular yirtqich, qobiqsimon antropod irq bo‘lib, insoniyat bilan uzoq davom etgan urushlar tarixi bilan tanilgan. Pradorlar shafqatsizligi va mutlaqo boshqa qadriyatlari bilan “radikal yotlik” konsepsiyasini ifodalaydi [10:45]. Shuningdek, Spatterjay virusi sabab mutatsiyaga uchragan odamlar va hayvonlar ham “ilmiy asoslangan horror” obrazlari sifatida badiiy kuchga ega [7:75]. Umuman olganda, Neal Asher yaratgan fantastik obrazlar tizimi oddiy qahramonlardan tortib to radikal yot ong egalari va kiborglashgan mavjudotlargacha bo‘lgan keng spektrni o‘zida qamrab olgan. Menimcha, bu tizimning eng katta yutug‘i shundaki, u insonning kimligi, ong va texnologiya o‘rtasidagi murakkab dialektikani o‘quvchi uchun jonli va dramatik shaklda tasvirlab beradi. Nil Eshrning Politi olamiga oid romanlari zamonaviy falsafiy qarashlarni, xususan postgumanizm va transgumanizm konsepsiyalarini badiiy shaklda ifodalaydi. Bu ikki tushuncha ko‘pincha bir-biriga yaqin ko‘rinsa-da, mohiyatda turlicha yo‘nalishni bildiradi. Transgumanizm - bu insonning biologik imkoniyatlarini texnologiyalar yordamida kengaytirish g‘oyasiga asoslangan falsafiy oqimdir. Falsafachi N. Bostrom ta’kidlaganidek, transgumanizm “insonning jismoniy va aqliy chegaralarini yengib o‘tishga” qaratilgan [1:4]. Eshr romanlarida bu konsepsiya yorqin namoyon bo‘ladi: genetik modifikatsiya, klonlash, ong ko‘chirish va kiborglashtirish Politi jamiyatida odatiy jarayon sifatida qaraladi. Masalan, Sparkind jangchilari yoki Golem seriyasidagi kiborg agentlar insonning kuchaytirilgan 240 variantlari sifatida ko‘rsatilgan. Bu obrazlar o‘quvchida ikki xil hissiyot uyg‘otishi mumkin. Bir tomondan, inson imkoniyatlarining kengayishi hayrat uyg‘otsa, ikkinchi tomondan, insoniylikning yo‘qolishi haqida xavotirlar uyg‘otadi. Aynan Eshr shu yo‘l bilan transgumanizmning ikkiyoqlama mohiyatini - imkoniyat va xavfni birgalikda ko‘rsatadi. Postgumanizm esa bundan ham chuqurroq falsafiy qarashdir. Bu oqim antropotsentrizmni tanqid qilib, “inson” tushunchasining nisbiyligini ilgari suradi [4:16]. Eshrning Polity olamida insoniyat o‘zining mutlaq markaziy maqomini yo‘qotgan: Sun’iy intellektlar jamiyatni boshqaradi, pradorlar kabi yot irq vakillari insoniyatni doimiy xavf ostida saqlaydi, mutatsiyaga uchragan mavjudotlar esa “insonlik” tushunchasini tubdan o‘zgartirib yuboradi. Bunday dunyo postgumanistik manzarani yaratadi, unda inson boshqa mavjudotlar bilan yonma-yon, ba’zan esa ulardan ojizroq tarzda yashaydi. Eshr shu orqali zamonaviy jamiyatga quyidagi dolzarb savolni qo‘yadi: “Biz texnologiya va yangi ong egalari qarshisida o‘z o‘rnimizni qay darajada saqlab qololamiz?” Identiklik va ong masalasi. Postgumanizm masalalari bilan chambarchas bog‘liq muammo - bu identiklik va ong masalasidir. “Jack Four” romanidagi qahramonlar bunga yorqin misol bo‘ladi, ya’ni klonlarning bir-biridan farqi yo‘q, biroq ong va xotira orqali ular alohida shaxsiyat sifatida shakllanadi [7:79]. Bu esa klassik faylasuflar (Lok, Parfit)ning shaxsiyat uzluksizligi haqidagi qarashlarini yodga soladi. Ongni ko‘chirish yoki klonlash orqali yaratilgan mavjudot asl “Men”ni ifodalashga qodirmi? Eshr buni o‘quvchining o’ziga havola qiladi. Bu savol esa zamonaviy ilmiy-texnik taraqqiyot sharoitida yanada dolzarb tus olmoqda. Metaforik obrazlar. Eshr falsafiy g‘oyalarni badiiy metaforalar orqali ifodalaydi. Masalan, Spatterjay virusi - inson o‘lmaslikni orzu qilib, insoniy mohiyatidan ayrilib qolishi mumkinligi haqidagi metafora bo‘lsa, Jain texnologiyasi - nazoratdan chiqqan texnologiyaning apokaliptik oqibatlarining ramzi. Sun’iy intellekt hokimiyati - yaratuvchining yaratilganga tobe bo‘lib qolishi xavfining ramzidir. Bunday obrazlar orqali yozuvchi abstrakt falsafiy qarashlarni o‘quvchi his qiladigan dramatik voqealarga aylantiradi. Bu esa Eshrning eng katta yutug‘i bo‘lib, u nazariyani hayotiy misolga, falsafani sarguzashtli syujetga aylantira oladi. Texnodistopiya va kognitiv yotlashuv. Nil Eshrning Politi olamidagi romanlari nafaqat kosmik miqyos va obrazlar xilma-xilligi, balki texnologiya bilan bog‘liq xavflarni yoritishi bilan ham ajralib turadi. Bu xususiyat ularning texnodistopik ruhini kuchaytiradi va ilmiy fantastika adabiyotiga xos asosiy tamoyillardan biri bo‘lgan kognitiv yotlashuvni yuzaga keltiradi. 241 Texnodistopik unsurlar. Polity olamida texnologiyalar insoniyatni rivojlantiruvchi qudratli vosita sifatida emas, balki kuchli halokat manbai sifatida ham tasvirlanadi. Eng yorqin misollardan biri - Jain texnologiyasidir. Bu qadimiy nano-mexanik virus o‘zini o‘zi takomillashtirib, tirik mavjudotlarni ham, sun’iy tizimlarni ham nazoratdan chiqargan halokat quroliga aylantiradi [7:75]. Asher shu orqali insoniyat qo‘lidan chiqqan texnologiya uni o‘zi yaratayotgan xavf ostiga qo‘yishini ko‘rsatadi. Menimcha, bu tasvir bugungi kunda nano-texnologiya yoki sun’iy intellekt bilan bog‘liq global xavotirlarni o‘quvchiga estetik shaklda eslatib o‘tadi. Shuningdek, sun’iy intellektlarning totalitar rejimga aylanishi ehtimoli ham Eshr romanlarida muhim syujet chizig‘i sifatida beriladi. Masalan, ba’zi sun’iy intellektlar insoniyatni boshqarishda haddan tashqari qat’iylikka borib, odamlarning erkinligini cheklashadi. Bu jihatlar zamonaviy “Sun’iy intellekt xavfsizligi” muammolarining badiiy talqini sifatida o‘qilishi mumkin [2:167]. Ekologik falokat ham Eshr olamining ajralmas qismi. Ba’zi sayyoralar urush yoki bioinjeneriya natijasida butunlay vayron bo‘lgan - bu bizning davrimizdagi ekologik inqirozlar haqida ogohlantiruvchi metafora sifatida talqin qilinadi. Kognitiv yotlashuv. Darko Suvin tomonidan ishlab chiqilgan kognitiv yotlashuv (cognitive estrangement) tamoyili ilmiy fantastikaning eng muhim poetik qonuniyatlaridan biridir [12:4–7]. Unga ko‘ra, ilmiy fantastika o‘quvchini begona va noodatiy dunyoga olib kiradi (yotlashtiradi), biroq shu dunyo ichki mantiq va ilmiy asosga ega bo‘lgani uchun o‘quvchi uni kognitiv jihatdan qabul qiladi. Asher romanlari bu tamoyilni yorqin ifodalaydi. Polity olami biz uchun mutlaqo g‘ayritabiiy bo‘lib, unda sun’iy intellektlar hokimiyatda, pradorlar kabi yot irq mavjud, inson tanasi viruslar ta’sirida mutatsiyaga uchraydi. Ammo muallif bu dunyoni shunchalik batafsil va mantiqiy izohlar bilan quradiki, o‘quvchi unga ishonadi va real dunyo bilan taqqoslay boshlaydi. Aynan shu yotlashtiruvchi ta’sir Eshr ijodining falsafiy kuchini belgilaydi, biz o‘z jamiyatimiz va insoniyat kelajagini begona oynadan qaragandek ko‘ramiz. Masalan, pradorlar bilan muloqot sahnalari “radikal yotlik” effektini beradi. Ularning qadriyatlari biznikidan tubdan farq qiladi, ular hatto o‘z bolalarini yeyishga moyil yirtqich irq sifatida tasvirlanadi. O‘quvchi bunday sahnalarni o‘qir ekan, “axloqiy me’yorlar mutlaqmi yoki nisbiy?” degan savolga duch keladi [10:45]. Xulosa Nil Eshrning Polity olamiga oid romanlari zamonaviy ilmiy fantastikaning janrlararo imkoniyatlarini kengaytiruvchi noyob hodisa sifatida e’tiborga loyiqdir. U kosmik operaning epik miqyosini kiberpankning texnologik distopiyasi, texnotrillerning shiddati, horror va gotikaning qo‘rqinchli muhitlari bilan 242 uyg‘unlashtirib, ilmiy fantastika poetikasini yangi bosqichga olib chiqadi. Asher yaratgan fantastik obrazlar tizimi - inson, postinson, kiborg, sun’iy intellekt va yot irq vakillari - postgumanizm va transgumanizm konsepsiyalarini badiiy shaklda yoritadi. Bu obrazlar orqali yozuvchi “inson kim?”, “ong va shaxsiyatning chegaralari qayerda?”, “texnologik taraqqiyot insoniyatga qanchalik xavfli?” kabi falsafiy savollarni qo‘yadi. Romanlarda texnodistopik unsurlar - Jain texnologiyasi, sun’iy intellektlar isyoni, ekologik falokatlar - global xavflarning badiiy in’ikosiga aylanadi. Shu bilan birga, Darko Suvin ta’riflagan kognitiv yotlashuv tamoyili Eshr ijodida yaqqol ko‘zga tashlanadi, ya’ni kitobxon begona olam orqali o‘z dunyosini yangicha ko‘ra boshlaydi. Nil Eshrning ijodi ilmiy fantastika uchun ikki jihatdan muhimdir: 1. Janrlararo poetika orqali adabiyotning badiiy imkoniyatlarini kengaytirishi. 2. Fantastik obrazlar orqali zamonaviy jamiyat va insoniyat kelajagi haqida ogohlantiruvchi falsafiy mulohazalarni yuzaga chiqarishi. Shu bois, Eshr fenomenini nafaqat ingliz adabiyotining, balki global ilmiy fantastika jarayonining muhim tarkibiy qismi sifatida o‘rganish lozim. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. Bostrom, N. (2005). Transhumanist Values. Oxford: Oxford University Press. 2. Bostrom, N. (2014). Superintelligence: Paths, Dangers, Strategies. Oxford: Oxford University Press. 3. Haraway, D. (1985). A Cyborg Manifesto. Socialist Review, 15(2). 4. Herbrechter, S. (2013). Posthumanism: A Critical Analysis. Bloomsbury. 5. Hayles, N. K. (1999). How We Became Posthuman. University of Chicago Press. 6. Ko‘chimov, A. (2022). Adabiy jarayon va janrlar nazariyasi. Toshkent: Fan. 7. Letson, R. (2021). Review of Neal Asher’s Jack Four. Locus Magazine, 74–79. 8. Nishonov, I. D. (2024). “Kiberpunk tushunchasi ilmiy fantastika janridagi kelajak dunyosi haqidagi tasavvur sifatida”. O‘zbekistonda xorijiy tillar, 10(1), 235–244. 9. Patra, I. (2021). “Science Fiction and Posthumanism in Neal Asher’s Polity Novels”. Journal of Literary Studies, 985–997. 10. Roden, D. (2014). Posthuman Life: Philosophy at the Edge of the Human. Routledge. 11. Stepanyan, K. (2019). Postgumanizm i literaturnaya fantastika. Moskva: Nauka. 12. Suvin, D. (1979). Metamorphoses of Science Fiction: On the Poetics and History of a Literary Genre. Yale University Press.