Full text
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 18, issue 01, 2025 ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431 www.wordlyknowledge.uz ILMIY METODIK JURNAL Normatov Muzaffarbek Abdug'ulomovich, Ortopedik stomatologiya va ortodontiya kafedrasi assistenti. Andijon davlat tibbiyot instituti UDK: 616.314-002-089.23-07 PARODONTAL XIRURGIYADA VESTIBULOPLASTIKA AMALIYOTINING KLINIK SAMARADORLIGI ANNOTATSIYA: Ushbu tadqiqot parodontitning kompleks davolashida vestibuloplastika amaliyotining klinik samaradorligini baholashga qaratilgan. Og‘iz bo‘shlig‘i dahlizining sayozligi va yetarli darajada yopishqoq milkning yo‘qligi parodontal kasalliklarning rivojlanishiga va davolash natijalarining beqarorligiga olib keluvchi muhim anatomik omillardan hisoblanadi. Tadqiqotda surunkali parodontit va og‘iz bo‘shlig‘i dahlizining sayozligi (chuqurligi < 5 mm) tashxisi qo‘yilgan 45 nafar bemor ishtirok etdi. Barcha bemorlarga parodontologik davolashning gigienik bosqichidan so‘ng Edlan-Mejchar usulida vestibuloplastika amaliyoti o‘tkazildi. Klinik holat amaliyotdan oldin va undan keyin 3, 6 va 12 oy o‘tgach baholandi. Asosiy ko‘rsatkichlar sifatida dahliz chuqurligi, yopishqoq milk kengligi, milk retsessiyasi darajasi, gigiena indeksi (OHI-S) va gingival indeks (GI) o‘lchandi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, vestibuloplastikadan so‘ng barcha klinik ko‘rsatkichlarda statistik ahamiyatga ega ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Og‘iz bo‘shlig‘i dahlizining chuqurligi o‘rtacha 3.8 ± 0.6 mm dan 8.9 ± 0.8 mm gacha (p<0.001), yopishqoq milk kengligi esa 1.2 ± 0.4 mm dan 4.1 ± 0.5 mm gacha (p<0.001) ortdi. Gigiena holatining yaxshilanishi va milkdagi yallig‘lanishning kamayishi kuzatildi. Olingan natijalar shuni isbotlaydiki, vestibuloplastika amaliyoti parodontitni davolashda samarali yordamchi muolaja bo‘lib, u individual gigienani amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratadi, milk retsessiyasining avj olishini oldini oladi va parodontologik davolashning uzoq muddatli barqaror natijalariga erishishga yordam beradi. Kalit so‘zlar: vestibuloplastika, parodontit, og‘iz bo‘shlig‘i dahlizi, milk retsessiyasi, mukogingival jarrohlik, yopishqoq milk, Edlan-Mejchar usuli. CLINICAL EFFECTIVENESS OF VESTIBULOPLASTICS IN PERIODONTAL SURGERY Normatov Muzaffarbek Abdug'ulomovich, Assistant of the Department of Orthopedic Dentistry and Orthodontics. Andijan State Medical Institute ABNOTATION: This study is aimed at assessing the clinical effectiveness of vestibuloplasty in the complex treatment of periodontitis. Shallowness of the oral cavity and the lack of sufficiently
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 18, issue 01, 2025 ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431 www.wordlyknowledge.uz ILMIY METODIK JURNAL adhesive gums are important anatomical factors leading to the development of periodontal diseases and instability of treatment results. The study included 45 patients diagnosed with chronic periodontitis and shallowness of the oral cavity (depth < 5 mm). All patients underwent vestibuloplasty using the Edlan-Mejchar method after the hygienic stage of periodontal treatment. The clinical condition was assessed before the procedure and 3, 6 and 12 months after it. The main parameters measured were vestibular depth, gingival width, degree of gingival recession, hygiene index (OHI-S) and gingival index (GI). The results showed that statistically significant positive changes were observed in all clinical parameters after vestibuloplasty. The depth of the oral vestibule increased on average from 3.8 ± 0.6 mm to 8.9 ± 0.8 mm (p<0.001), and the width of the gingival gap from 1.2 ± 0.4 mm to 4.1 ± 0.5 mm (p<0.001). An improvement in hygiene and a decrease in gingival inflammation were observed. The results obtained prove that vestibuloplasty is an effective adjunct procedure in the treatment of periodontitis, which creates favorable conditions for individual hygiene, prevents the progression of gingival recession and helps to achieve long-term stable results of periodontal treatment. Keywords: vestibuloplasty, periodontitis, oral vestibule, gingival recession, mucogingival surgery, adhesive gingiva, Edlan-Mejchar method. KIRISH Parodontal kasalliklarni muvaffaqiyatli davolash zamonaviy stomatologiyaning eng murakkab va dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Davolashning asosiy maqsadi nafaqat yallig‘lanish jarayonini bartaraf etish, balki kasallikning qaytalanishini oldini oluvchi barqaror natijalarga erishishdir. Parodontologik davolashning uzoq muddatli muvaffaqiyati ko‘p jihatdan bemorning individual og‘iz bo‘shlig‘i gigienasini qay darajada samarali amalga oshirishiga bog‘liq. Biroq, ba'zi anatomik xususiyatlar gigienik tadbirlarni qiyinlashtirishi va hatto imkonsiz qilib qo‘yishi mumkin. Ana shunday omillardan biri – og‘iz bo‘shlig‘i dahlizining sayozligidir. Og‘iz bo‘shlig‘i dahlizi – bu tish qatorlari va yonoq hamda lablarning ichki yuzasi orasidagi bo‘shliqdir. Uning chuqurligi va yopishqoq milkning yetarli kenglikda bo‘lishi tish cho‘tkasi bilan samarali tozalash, milk chetini massaj qilish va mikrobli blyashkani to‘liq bartaraf etish uchun muhim ahamiyatga ega. Dahliz sayoz bo‘lganida, lab va yonoq mushaklarining faol harakati, shuningdek, yuqori birikkan pardalar milk chetiga doimiy tortuvchi kuch (traktsiya) ta'sirini o‘tkazadi. Bu o‘z navbatida qon aylanishining buzilishiga, milk retsessiyasining (milk chetining pasayishi) rivojlanishiga, tish ildizlarining ochilib qolishiga va yallig‘lanish jarayonining surunkali kechishiga olib keladi. Bundan tashqari, sayoz dahliz bemorga tish cho‘tkasini to‘g‘ri joylashtirishga imkon bermaydi, bu esa tish bo‘yni sohasida blyashkaning to‘planib qolishiga va parodontitning avj olishiga sharoit yaratadi. Shu munosabat bilan, parodontitni kompleks davolashda nafaqat simptomatik, balki patogenetik yondashuv ham talab etiladi. Bu yondashuv kasallikning rivojlanishiga turtki bo‘layotgan mahalliy anatomik omillarni bartaraf etishni o‘z ichiga oladi. Mukogingival jarrohlikning bir qismi bo‘lgan vestibuloplastika amaliyoti aynan shu muammoni hal qilishga qaratilgan. Vestibuloplastika – bu og‘iz bo‘shlig‘i dahlizini chuqurlashtirish va yopishqoq milk zonasini kengaytirish maqsadida o‘tkaziladigan jarrohlik amaliyotidir. Ushbu amaliyot orqali mushak va pardalarning birikish nuqtasi apikal (ildiz uchiga) tomonga siljitiladi, bu esa milk chetidagi tortishishni bartaraf etadi va gigiena uchun qulay sharoit yaratadi. Garchi vestibuloplastika amaliyoti bir necha o‘n yillardan beri ma'lum bo‘lsa-da, uning parodontologik bemorlarda klinik ko‘rsatkichlarning uzoq muddatli dinamikasiga ta'siri, bemorlarning hayot sifatini yaxshilashdagi o‘rni va parodontitni davolashning umumiy natijalariga qo‘shgan hissasi bo‘yicha ilmiy ma'lumotlarni umumlashtirish va tizimlashtirish
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 18, issue 01, 2025 ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431 www.wordlyknowledge.uz ILMIY METODIK JURNAL dolzarb bo‘lib qolmoqda. Ushbu tadqiqotning maqsadi parodontit bilan og‘rigan bemorlarda o‘tkazilgan vestibuloplastika amaliyotining asosiy parodontologik ko‘rsatkichlarga ta'sirini klinik jihatdan baholash va uning davolash rejasidagi o‘rnini ilmiy asoslashdan iborat. ADABIYOTLAR SHARHI Og‘iz bo‘shlig‘i dahlizini chuqurlashtirishga qaratilgan jarrohlik usullari XX asrning o‘rtalaridan boshlab rivojlana boshlagan. Dastlab bu amaliyotlar asosan protezlash uchun qulay sharoit yaratish maqsadida qo‘llanilgan. Keyinchalik, parodontologiyaning rivojlanishi bilan sayoz dahliz va mukogingival muammolarning parodont kasalliklari patogenezidagi roli aniqlana boshlandi. Friedman (1957) birinchilardan bo‘lib "yopishqoq milk" (attached gingiva) tushunchasini fanga kiritdi va uning sog‘lom parodont uchun ahamiyatini ta'kidladi. Uning fikricha, yopishqoq milkning yetarli kengligi (kamida 2-3 mm) milk chetini funksional kuchlardan himoya qiluvchi "amortizatsion to‘siq" vazifasini bajaradi. Vestibuloplastikaning turli usullari taklif etilgan bo‘lib, ularni asosiy ikki guruhga ajratish mumkin: shilliq parda osti (submukozal) va ochiq usullar. Kazanjian (1924) tomonidan taklif etilgan ochiq usulda, shilliq parda dahliz tubidan kesilib, suyak usti pardasidan ajratiladi va yangi, chuqurroq holatda fiksatsiya qilinadi. Bu usul natijasida hosil bo‘lgan yara yuzasi ikkilamchi tortishish orqali bitadi. Clark (1953) o‘z modifikatsiyasida suyak usti pardasini joyida qoldirib, faqat shilliq parda va mushak tolalarini siljitishni taklif etdi, bu esa bitish jarayonini yaxshilaydi. Parodontologiya amaliyotida eng keng tarqalgan usullardan biri Edlan va Mejchar (1963) tomonidan taklif etilgan "periosteal fenestration" (suyak usti pardasini "deraza" shaklida kesish) usulidir. Ushbu metodikaga ko‘ra, shilliq parda loskuti ko‘tarilib, suyak usti pardasi gorizontal kesiladi va apikal tomonga siljitiladi. Shilliq parda loskuti esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri suyak yuzasiga tikiladi. Bu usul chandiqli tortishishning oldini olishga va barqaror chuqur dahliz hosil qilishga yordam beradi (Borghetti & Monnet-Corti, 2008). Ko‘plab tadqiqotlar vestibuloplastikaning ijobiy natijalarini tasdiqlaydi. Masalan, Warrer va Karring (1992) o‘z tadqiqotlarida vestibuloplastika va erkin milk transplantati kombinatsiyasi yopishqoq milk zonasini samarali kengaytirishini va keyinchalik yallig‘lanishga chidamliligini oshirishini ko‘rsatgan. Shuningdek, amaliyotdan so‘ng bemorlarning og‘iz bo‘shlig‘i gigienasini yaxshiroq uddalashi va gigiena indekslarining pasayishi ko‘plab mualliflar tomonidan qayd etilgan (Wennström, 1996). Biroq, ba'zi munozarali jihatlar ham mavjud. Ba'zi tadqiqotchilarning fikricha, agar bemor ideal gigienaga rioya qilsa, yopishqoq milkning minimal kengligi ham parodont salomatligini saqlash uchun yetarli bo‘lishi mumkin (Miyasato, Crigger, & Egelberg, 1977). Lekin amaliyotda bemorlarning aksariyati uchun ideal gigienaga erishish qiyin bo‘lganligi sababli, yetarli anatomik sharoitlarni yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday qilib, adabiyotlar tahlili vestibuloplastikaning mukogingival muammolarni hal qilishda samarali usul ekanligini ko‘rsatadi, ammo uning parodontitning umumiy davolash natijalariga uzoq muddatli ta'sirini baholash uchun qo‘shimcha klinik tadqiqotlar o‘tkazish zarur. MATERIAL VA USULLAR
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 18, issue 01, 2025 ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431 www.wordlyknowledge.uz ILMIY METODIK JURNAL Tadqiqot prospektiv klinik tadqiqot sifatida rejalashtirildi va 2022-2024 yillar davomida o‘tkazildi. Tadqiqotga surunkali generalizatsiyalashgan parodontit (I-II bosqich, A-B daraja) va pastki jag‘ frontal tishlar sohasida og‘iz bo‘shlig‘i dahlizining sayozligi (< 5 mm) tashxisi qo‘yilgan 45 nafar bemor (19 erkak, 26 ayol) jalb etildi. Bemorlarning yoshi 30 dan 58 yoshgacha (o‘rtacha 43.2 ± 6.8 yosh) bo‘lgan. Tadqiqotga kiritish mezonlari: 1)Tizimli kasalliklar anamnezida yo‘qligi. 2) Chekmaslik. 3)Parodontal davolashga yuqori motivatsiya. 4) Pastki jag‘ frontal sohasida kamida 4 ta tishning mavjudligi. Tadqiqotdan chiqarish mezonlari: 1) Dekompensatsiyalangan qandli diabet. 2) Qon ivish tizimi kasalliklari. 3) Immunosupressiv terapiya. 4) Homiladorlik va laktatsiya. 5) So‘nggi 6 oyda antibiotik qabul qilish. Barcha bemorlar tadqiqotning mohiyati haqida ogohlantirildi va ulardan yozma rozilik xati olindi. Klinik baholash usullari: Parodontologik status amaliyotdan oldin (boshlang‘ich holat) va undan keyin 3, 6 va 12 oy o‘tgach quyidagi ko‘rsatkichlar yordamida baholandi: Dahliz chuqurligi (DCh): Pastki labni tortib, markaziy kurak tish sohasida o‘lchovchi parodontologik zond yordamida milk chetidan dahliz tubigacha bo‘lgan masofa (mm). Yopishqoq milk kengligi (YMK): Milk chetidan mukogingival chiziqqacha bo‘lgan masofa (mm). Lugol eritmasi bilan Shiller-Pisarev sinamasi yordamida aniqlandi. Milk retsessiyasi (MR): Emal-sement chegarasidan milk chetigacha bo‘lgan masofa (mm). Soddalashtirilgan og‘iz bo‘shlig‘i gigiena indeksi (OHI-S, Green & Vermillion, 1964). Gingival indeks (GI, Loe & Silness, 1963). Jarrohlik amaliyoti protokoli: Barcha bemorlarga dastlab parodontologik davolashning gigienik bosqichi (professional tozalash, individual gigienaga o‘qitish) o‘tkazildi. Yallig‘lanish belgilari so‘nganidan 2-3 hafta o‘tgach, Edlan-Mejchar usulida vestibuloplastika amaliyoti bajarildi. Amaliyot mahalliy anestetik (4% artikain 1:100 000 epinefrin bilan) ostida o‘tkazildi. Pastki jag‘ qoziq tishlar orasida shilliq parda bo‘ylab gorizontal kesim o‘tkazildi. Shilliq parda loskuti suyak usti pardasidan ajratilib, to dahliz tubigacha mobilizatsiya qilindi. Shundan so‘ng suyak usti pardasi (periost) gorizontal kesilib, apikal tomonga siljitildi va suyakka alohida choklar bilan fiksatsiya qilindi. Shilliq parda loskutining cheti esa yangi hosil qilingan dahliz tubidagi suyak usti pardasiga uzluksiz chok (Vikril 5/0) yordamida tikildi. Amaliyotdan so‘ng bemorlarga yallig‘lanishga qarshi nosteroid preparatlar va xlorgeksidin bilan chayish buyurildi. Choklar 1012 kundan so‘ng olib tashlandi. Statistik tahlil: Statistik tahlil SPSS 22.0 dasturida amalga oshirildi. O‘zgaruvchilarning o‘rtacha qiymati (M) va standart og‘ishi (SD) hisoblandi. Turli vaqt nuqtalaridagi ko‘rsatkichlarning farqi statistik ishonchliligini baholash uchun takroriy o‘lchovli dispersiya tahlili (ANOVA) va juftlik taqqoslash uchun Bonferroni tuzatmasi bilan t-testi qo‘llanildi. p<0.05 qiymati statistik ahamiyatli deb qabul qilindi. NATIJALAR VA MUHOKAMA Jarrohlik amaliyotidan keyingi davr barcha bemorlarda asoratsiz kechdi. O‘tkazilgan vestibuloplastika amaliyoti barcha o‘rganilgan klinik ko‘rsatkichlarga ijobiy ta'sir ko‘rsatdi. Boshlang‘ich tekshiruvda bemorlarda dahliz chuqurligi o‘rtacha 3.8 ± 0.6 mm ni tashkil etdi, bu esa gigienik muolajalarni o‘tkazish uchun yetarli emas edi (Jadval 1). Yopishqoq milk kengligi
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 18, issue 01, 2025 ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431 www.wordlyknowledge.uz ILMIY METODIK JURNAL ham minimal bo‘lib, o‘rtacha 1.2 ± 0.4 mm ga teng edi. Bu holatda bemorlarning ko‘pchiligida milk retsessiyasi (o‘rtacha 1.5 ± 0.5 mm) va qoniqarsiz gigiena holati (OHI-S = 2.4 ± 0.5) kuzatildi. 1-jadval. Bemorlarning boshlang‘ich demografik va klinik ko‘rsatkichlari (n=45) Ko‘rsatkich O‘rtacha qiymat (M ± SD) Yosh (yil) 43.2 ± 6.8 Dahliz chuqurligi, mm 3.8 ± 0.6 Yopishqoq milk kengligi, mm 1.2 ± 0.4 Milk retsessiyasi, mm 1.5 ± 0.5 OHI-S indeksi 2.4 ± 0.5 GI indeksi 1.8 ± 0.4 Amaliyotdan 3 oy o‘tgach o‘tkazilgan nazorat tekshiruvida dahliz chuqurligi keskin ortib, o‘rtacha 9.2 ± 0.9 mm ga yetdi (p<0.001). Yopishqoq milk kengligi ham 4.3 ± 0.6 mm gacha ortdi (p<0.001). Keyingi kuzatuv davrlarida (6 va 12 oy) bu ko‘rsatkichlarda biroz pasayish (relaps) kuzatildi, bu chandiqli bitish jarayoni bilan bog‘liq. Biroq, 12 oylik muddat yakunida ham dahliz chuqurligi (8.9 ± 0.8 mm) va yopishqoq milk kengligi (4.1 ± 0.5 mm) boshlang‘ich ko‘rsatkichlarga nisbatan statistik ishonchli darajada yuqori bo‘lib qoldi (Jadval 2). Anatomik sharoitlarning yaxshilanishi gigienik ko‘rsatkichlarga bevosita ijobiy ta'sir ko‘rsatdi. OHI-S indeksi 3 oydan so‘ng 0.7 ± 0.2 gacha pasaydi va bu natija butun kuzatuv davomida barqaror saqlandi. Gigienaning yaxshilanishi o‘z navbatida milkdagi yallig‘lanishning kamayishiga olib keldi – GI indeksi 1.8 ± 0.4 dan 0.5 ± 0.2 gacha pasaydi (p<0.001). E'tiborli jihati, milk retsessiyasi darajasi 12 oylik kuzatuv davomida deyarli o‘zgarmadi (1.6 ± 0.5 mm), bu esa amaliyot uning keyingi avj olishini to‘xtatganligidan dalolat beradi. 2-jadval. Klinik ko‘rsatkichlarning amaliyotdan keyingi dinamikasi (M ± SD) Ko‘rsatkich (mm) Boshlang‘ich 3 oy 6 oy 12 oy Dahliz chuqurligi 3.8 ± 0.6 9.2 ± 0.9* 9.0 ± 0.8* 8.9 ± 0.8* Yopishqoq milk kengligi 1.2 ± 0.4 4.3 ± 0.6* 4.2 ± 0.5* 4.1 ± 0.5* Milk retsessiyasi 1.5 ± 0.5 1.5 ± 0.5 1.6 ± 0.6 1.6 ± 0.5 OHI-S indeksi 2.4 ± 0.5 0.7 ± 0.2* 0.6 ± 0.2* 0.6 ± 0.2* GI indeksi 1.8 ± 0.4 0.6 ± 0.2* 0.5 ± 0.1* 0.5 ± 0.2* * Boshlang‘ich ko‘rsatkichga nisbatan statistik ishonchli farq (p<0.001)
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 18, issue 01, 2025 ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431 www.wordlyknowledge.uz ILMIY METODIK JURNAL Muhokama: Olingan natijalar parodontitni kompleks davolashda vestibuloplastika amaliyotining yuqori klinik samaradorligini tasdiqlaydi. Tadqiqotimizda dahliz chuqurligining 2 barobardan ortiqqa oshishi bemorlarga tish cho‘tkasidan erkin va to‘g‘ri foydalanish imkonini berdi. Bu o‘zgarish OHI-S va GI indekslarining keskin pasayishida o‘z aksini topdi. Bu topilmalar Borghetti & Monnet-Corti (2008) ishlaridagi xulosalar bilan hamohang bo‘lib, ular ham vestibuloplastikaning gigienik holatni yaxshilashdagi muhim rolini ta'kidlaganlar. Yopishqoq milk zonasining kengayishi parodont salomatligi uchun yana bir muhim omildir. Yopishqoq milk alveolyar suyakka zich birikkan bo‘lib, u milk chetini mexanik shikastlanishlardan va mikroblar invaziyasidan himoya qiladi. Tadqiqotimizda yopishqoq milk kengligining 3 barobardan ortiqqa oshishi milk retsessiyasining keyingi rivojlanishini to‘xtatishga yordam berdi. Bu Wennström (1996) ning yopishqoq milkning "to‘siq" funksiyasi haqidagi konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Garchi bizning tadqiqotimizda retsessiyaning kamayishi kuzatilmagan bo‘lsa-da (bu amaliyotning birlamchi maqsadi emas), uning barqarorlashuvi muhim ijobiy natija hisoblanadi. Retsessiyani yopish uchun alohida koronal siljitilgan loskut kabi usullar talab etiladi. Edlan-Mejchar usulini tanlashimiz o‘zini oqladi. Suyak usti pardasi bilan manipulyatsiya qilish orqali barqaror va chandiqlanishga moyil bo‘lmagan chuqur dahliz hosil qilishga erishildi. 12 oylik kuzatuvdagi minimal relaps bu usulning uzoq muddatli istiqbolda ishonchliligini ko‘rsatadi. Ushbu tadqiqotning amaliy ahamiyati shundaki, parodontit bilan og‘rigan bemorlarni davolash rejasini tuzishda mukogingival holatni (dahliz chuqurligi, yopishqoq milk kengligi) baholash majburiy bo‘lishi kerak. Anatomik nomuvofiqliklar aniqlangan taqdirda, parodontologik davolashning gigienik bosqichidan so‘ng va asosiy jarrohlik amaliyotlaridan oldin vestibuloplastikani o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Bu kelajakdagi davolash muolajalarining muvaffaqiyatini oshiradi va uzoq muddatli barqaror natijani ta'minlaydi. XULOSA Parodontit va og‘iz bo‘shlig‘i dahlizining sayozligi bilan og‘rigan bemorlarda Edlan-Mejchar usulida o‘tkazilgan vestibuloplastika amaliyoti yuqori klinik samaradorlikka ega bo‘lgan ishonchli jarrohlik muolajasi hisoblanadi. Amaliyot og‘iz bo‘shlig‘i dahlizini sezilarli darajada chuqurlashtirishga va yopishqoq milk zonasini kengaytirishga imkon beradi. 12 oylik kuzatuv yakunida erishilgan natijalar yuqori darajada barqaror bo‘lib qoldi. Yaratilgan qulay anatomik sharoitlar bemorlarga individual og‘iz bo‘shlig‘i gigienasini samarali amalga oshirishga yordam beradi, bu esa gigiena va gingival indekslarning ishonchli pasayishida namoyon bo‘ladi. Vestibuloplastika milk chetiga ta'sir etuvchi mushak tortishishini bartaraf etish orqali milk retsessiyasining keyingi avj olishini oldini oladi va parodontal to‘qimalarning holatini barqarorlashtiradi. Parodontitni kompleks davolashda mukogingival nuqsonlarni bartaraf etishga qaratilgan vestibuloplastika amaliyotini qo‘llash parodontologik yordam sifatini oshiradi va davolashning uzoq muddatli ijobiy natijalariga erishish uchun zaruriy shart-sharoit yaratadi.
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 18, issue 01, 2025 ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431 www.wordlyknowledge.uz ILMIY METODIK JURNAL ADABIYOTLAR RO‘YXATI 1. Borghetti, A., & Monnet-Corti, V. (2008). Mucogingival surgery. Quintessence Publishing. 2. Clark, H. B. (1953). Deepening of the labial sulcus by mucosal flap advancement: Report of a case. The Journal of Oral Surgery, 11(2), 165–168. 3. Edlan, A., & Mejchar, B. (1963). Plastic surgery of the vestibulum in periodontal therapy. International Dental Journal, 13, 593–596. 4. Friedman, N. (1957). Mucogingival surgery: The apically repositioned flap. The Journal of Periodontology, 28(4), 328–340. https://doi.org/10.1902/jop.1957.28.4.328 5. Kazanjian, V. H. (1924). Surgical operations as related to satisfactory dentures. Dental Cosmos, 66(4), 387-393. 6. Miyasato, M., Crigger, M., & Egelberg, J. (1977). Gingival condition in areas of minimal and appreciable widths of keratinized gingiva. Journal of Clinical Periodontology, 4(3), 200–209. https://doi.org/10.1111/j.1600-051x.1977.tb01893.x 7. Warrer, K., & Karring, T. (1992). The effect of vestibulo-plasty and free gingival grafts on the accumulation of plaque and development of gingivitis. Journal of Clinical Periodontology, 19(6), 433–437. https://doi.org/10.1111/j.1600-051x.1992.tb00676.x 8. Wennström, J. L. (1996). Mucogingival therapy. Annals of Periodontology, 1(1), 671–701. https://doi.org/10.1902/annals.1996.1.1.671