O'ZBEKISTON RANGTASVIRIDA PORTRET JANRIDA MILLIY VA ETNIK OBRAZLARNING TASVIRI
Abstract
Ushbu maqolada O‘zbekistonda portret san’atida milliy qiyofalar, yangicha uslublardagi etnik madaniyat tasvirlanishi va davriy bosqichlardagi ijtimoiy-siyosiy omillarning portret janridagi asarlarga ta’siri borasida qisqacha so‘z boradi. San’atda milliylik evolyutsiyasi, tarixiy va o‘zbek millatining tipaji tasvirlangan san’at asarlari umumiy tahlili berilgan.
Full text
SCIENTIFIC AND THEORETICAL CONFERENCE “DECORATIVE AND APPLIED ART OF THE TURKIC WORLD: HISTORY, MODERNITY, AND FUTURE PROSPECTS”, OCTOBER 23, 2025 153 O‘ZBEKISTON RANGTASVIRIDA PORTRET JANRIDA MILLIY VA ETNIK OBRAZLARNING TASVIRI 1Nazarova Zuxra O‘rinboy qizi, 2Guli Xo'jamova Jumanazar qizi 1,2Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Rangtasvir: (dastgohli rangtasvir) yo‘nalishi 2-bosqich magistranti https://doi.org/10.5281/zenodo.17464020 Annotatsiya. Ushbu maqolada O‘zbekistonda portret san’atida milliy qiyofalar, yangicha uslublardagi etnik madaniyat tasvirlanishi va davriy bosqichlardagi ijtimoiy-siyosiy omillarning portret janridagi asarlarga ta’siri borasida qisqacha so‘z boradi. San’atda milliylik evolyutsiyasi, tarixiy va o‘zbek millatining tipaji tasvirlangan san’at asarlari umumiy tahlili berilgan. Kalit so‘zlar: Portret janri, etnik obraz, miniatyura, modernizm. klassitsizm, syujet, kolorit, tipaj, kompozitsion yechim. Аннотация. В статье кратко рассматриваются национальные образы в портретном искусстве Узбекистана, изображение этнической культуры в новых стилях и влияние социально-политических факторов разных этапов на произведения портретного жанра. Дан общий анализ эволюции национального колорита в искусстве, исторических и художественных произведениях, отражающих тип узбекской нации. Ключевые слова: Портретный жанр, этнический образ, миниатюра, модернизм, классицизм, сюжет, колорит, тип, композиционное решение. Abstract. This article briefly discusses the national images in portrait art in Uzbekistan, the depiction of ethnic culture in new styles, and the influence of socio-political factors at different stages on works in the portrait genre. A general analysis of the evolution of nationality in art, historical and works of art depicting the type of the Uzbek nation is provided. Keywords: Portrait genre, ethnic image, miniature, modernism. classicism, plot, color, type, compositional solution. Tasviriy san’at insoniyatning ilk paydo bo’lish davridan to bugungi kungacha turli soha va yo’nalishlar bilan bir maromda rivojlanib, takomillashib kelgan. Ijodkorlar makon va zamonga, turli siyosiy yoki ijtimoiy hodisalarga o‘z munosabatlarini bildirish hamda insonlarga badiiy tasavvurlarini kengaytirish uchun asar yaratganlar. Bu albatta XVII asrga kelib rangtasvir, haykaltaroshlik va grafika san’atlarida turli janrlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Janr o‘zi bu nima? Janr – fransuz tilidan olingan bo‘lib “jins”, “tur” degan ma’noda keladi. Badiiy g‘oyaviy mazmun, mavzu, shakl va boshqa mezonlar jihatdan chegralangan san’at asarining alohida turi. Portret janr sifatida doim tasviriy san’atning ajralmas va eng ahamiyatli bir qismi hisoblanadi. Portret janriga yakka shaxs yoki ikki kishidan iborat va bir guruh insonlar qiyofasini tasvirlovchi san’at asarlari kiradi. Inson qiyofasini tasvirlashni ham bir qator ko‘rinishlari mavjud. Bular portretning faqat bosh qismi, yelkagacha, belgacha va tizzagacha hamda butun gavda bilan tasvirlanishi mumkin. Portret janrining yuksalishi ilk uyg‘onish davri hisoblansa, yuqori uyg‘onish davri uning eng yuksak cho‘qqisidir. Taxminan XIV-XV asrlarda ijod qilgan ilk renessans davri rassomlari
SCIENTIFIC AND THEORETICAL CONFERENCE “DECORATIVE AND APPLIED ART OF THE TURKIC WORLD: HISTORY, MODERNITY, AND FUTURE PROSPECTS”, OCTOBER 23, 2025 154 tomonidan portret janriga juda ko‘p murojaat qilingan. Mozachcho, Sandro Botichelli, yevropa portret janrining asoschilaridan biri Van Eyk Yan va boshqa rassomlar tasvirlagan portretlarida inson shaxsiga e’tibor, ruhiy holatlarni ifodalashga katta ahamiyat qaratilgan. Yuqori uyg‘onish davri rassomlari Leonardo da Vinchi, Titsian, Rafael kabi buyuk rassomlar ijodida realistik tasvirlash, individual xususiyatlar yorug‘lik va soyaning tabiiy aks ettirilish darajasi mukammal darajada o‘rganilgan. Ilk uyg‘onish davridan tortib XXI asrgacha rassomlarning portret janriga murojaat qilishlarining asosiy sabablaridan biri vaqt va zamon, insoniyat evolyutsiyasi, ruhiy o‘zgarishlar hamda etnik obrazlar doimo ijodkorlarni o‘ziga jalb etgan. Shu boisdan portret janridagi asarlar ruhiy, tarixiy, milliy portretlarga bo‘linadi. Rangtasvir va portret haqida gap ketarkan O‘zbekistonda tasviriy san’at boshqa sohalar qatorida rivojlanmoqda. Ilk uyg‘onish davri O‘rta Osiyoga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. XV-XVI asrlardagi uyg‘onish davri tasviriy san’atida Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod hamda uning ustozi Mirak Naqqosh kabi san’at ahlining takrorlanmas ijod namunalari ulkan madaniy merosimiz hisoblanadi. O‘sha davrda Yevropada realizm nihoyatda mukamallikka erishgan bo‘lsa, O‘rta Osiyoda diniy shariatimizga binoan turli qarshiliklar sabab miniatyura, kitob grafikasi va naqqoshlik keng rivojlandi. Kitoblarga asarlarning voqealariga asnosida miniatyuralar tasvirlangan. Miniatyura bu kichik hajmli tasviriy san’at asari hisoblanib, unda inson, tabiat va jismlarda perspektiva yo‘qoladi, shu bilan asarlar reallikdan uzoqlashadi. Lekin mazmun va tushunarlilik jihatdan o‘z kuchini yo‘qotmaydi. Portret janri tasviriy san’atda ko‘p tomonlama tarixni o‘rganishda afzalliklar beradi. Negaki asar orqali makon, zamon aniq bo‘ladi. Bunda rassom tasvirda shaxsning ust kiyimi, turgan joyi, predmetlarini tasvirlar ekan qaysi davrga xos bo‘lsa o‘sha davr haqida ma’lumot berib turadi. Misol qilib, O‘rta Osiyoning ilk uyg‘onish davri namoyondalaridan biri Kamoliddin Behzodning faqat portretlarini olib qaraydigan bo‘lsak, uning Shayx Husayn Boyqaro, Shayboniyxon, Alisher Navoiy va boshqa shaxslarning portretlari orqali shu davrga xos bo‘lgan muhit, makon, obrazning libosiga qarab bir qancha tarixiy ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Kamoliddin Behzod asarlarida adabiy syujetlar ko‘p uchrasada real shaxslarning yakka portretlarini ko‘rish mumkin. Uning Husayn Boyqaro portretini miniatyura san’ati uslubida chizgan bo‘lsa ham unda shaxsning davr ruhi, ijtimoiy mavqei hamda o‘zgacha donishmandlik, ulug‘lik timsolini nozik ifoda eta olgan. Asar kompozitsiya jihatdan figura va fon uyg‘unligiga va detallarning har birining mazmuniga kuchli e’tibor qaratgan. Ranglarning yumshoqligi va uyg‘unligi ichki holatni ifodalashga yordam bergan. Nafis chiziqlar, kiyim bezaklari mukammal tarzda tasvirlangan. Portretning nigohi, qarashlari chuqur ma’no anglatishi inson xarakteri va tafakkurini ochadi. Asardagi har bir detal, har bir ranglar ma’naviy mazmunga ega bo‘lib shaxsning mavqei, maqomini aniqlashga ishora qiladi. Kamoliddin Behzodning Shayboniyxon portretini tahlil qilishda e’tiborliroq qaraydigan bo‘lsak barcha detallar va ranglar bejizga qo‘yilmaganiga yanada amin bo‘lamiz. Unda nafis ranglardan tashqari Shayboniyxon o‘tirgan gilamni qizil rang bilan tasvirlagan. Qizil rang zo‘ravonlik va qon ramzi sifatida berilgan. Shayboniyxon Movarounnahr taxtiga chiqish
SCIENTIFIC AND THEORETICAL CONFERENCE “DECORATIVE AND APPLIED ART OF THE TURKIC WORLD: HISTORY, MODERNITY, AND FUTURE PROSPECTS”, OCTOBER 23, 2025 155 P. Benkov. “Xivalik qiz” P. Benkov. “Jangchiga sovg'a" jarayonida ko‘plab qon to‘kkani bilan tanilgan. Uning orqasidagi yostiqni esa qora rangda tasvirlashi bu zulmat va shavqatsizlik, adolatning so‘nishi ramzi sifatida ma’no anglatadi. Aynan yostiqning qora rangda bo‘lishi uning zo‘ravonlik va zulm bilan hokimiyatga tayanishini yashirin va nozik tarzda ifodalagan. Shundan ko‘rinib turibdiki portret tasvirlashda uni tomoshabinga yashirin yoki ochiq tarzda detallar va ranglar orqali xabar berish, asardagi shaxs haqida ma’lumot berish vazifasini ham bajargan. Bundan tashqari o‘sha davr portretlariga qarab shu davrning qiyofalari, milliy liboslari va muhiti haqida ma’lumotga ega bo‘lish ham mumkin. O‘rta Osiyoda XIX asr oxiri XX asr boshlarida Turkistonni Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi bilan hududimizga bir qator yevropa va rossiyalik olimlar va san’at ahli ham ilmiy-etnografik ekspeditsiyalar maqsadida kelishi san’atning yangicha shakl-shamoyilda aks etishiga sabab bo‘ldi. Yevropacha klassik maktablar va rus badiiy akademik san’at maktablari O‘zbekiston tasviriy san’ati tarixida ulkan o‘zgarish va yangi rivojlanish bosqichlarini yaratib berdi. Bu davrdagi san’at avvalgi asrlardagi tasviriy san’atidan keskin farq qiladi. Rus akademizmi va yevropa realizmi paydo bo‘lishni boshladi. O‘sha davrda rus armiyasi bilan birga O‘rta Osiyaga kelgan Vasiliy Vereshshagin, Nikolay Karazin, Aleksey Isupov, Pavel Petrovich Benkov kabi rassomlarning shu yillardagi chizgan portretlarida o‘zbek milliy obrazlari, etnografik qiyofalari va mahalliy aholining turmush tarzi tasvirlangan. O‘sha yillardagi siyosiy voqealar san’at olamiga asosan o‘zbek tasviriy san’atiga ham tubdan ta’sir o‘tkazgan. O‘zbekiston tasviriy san’at maktabining shakllanishida katta rol o‘ynagan rassomlardan biri Pavel Petrovich Benkovning O‘rta Osiyoga kelishi uning ijodida tub burilish bo‘ldi. Garchi u Qozonda tug‘ilgan bo‘lsada, yurtimizning serquyoshligi, boy madaniy merosi, o‘zbek millati madaniyati va o‘ziga xos iqlimi ijodkorni o‘ziga jalb etgan. Uning “Xivalik qiz” (1931), “Dugonalar” (1940), “Dutorchi qiz” (1947), “Jangchiga sovg‘a” (1945), “Qaxramonning onasi” (1942) kabi portret asarlari o‘zbek milliy madaniyati, o‘ziga xos obrazlarini yorqin aks ettirgan. Benkovning ushbu portretlarida yevropa realizmini sharqona koloriti bilan uyg‘unlashtirgan holda o‘zbek milliy qiyofasini badiiy darajada ifoda eta olgan. Uning “Xivalik qiz” portreti o‘zining nafis ranglari, yosh qizning xivalik tipajini mohirona topa olganligi bilan ajralib turadi. Bu portret Benkovning
SCIENTIFIC AND THEORETICAL CONFERENCE “DECORATIVE AND APPLIED ART OF THE TURKIC WORLD: HISTORY, MODERNITY, AND FUTURE PROSPECTS”, OCTOBER 23, 2025 156 Samarqandda, Buxoroda va boshqa viloyatlarda ishlagan portretlariga nisbatan boshqacha. Xorazmning manzaralari, insonlari etnik jihatdan boshqa viloyatlardan farq qiladi. Pavel Benkov bunga alohida ahamiyat qaratgan. Vohaning issiq koloriti, milliy libosi, xivaliklarning tipaji, mahalliy aholining turmush tarzi haqida aniq ma’lumot bera oladigan bunday portretlar o‘zbek milliy madaniy merosiga aylanishga ulgurgan. Benkovning ijodi ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri kelgan va o‘sha davrning og‘ir turmush tarzi, yo‘qchilik, siyosiy tuzum rassomning asarlariga ta’sir o‘tkazmasdan qolmagan. Rassomning “Jangchiga sovg‘a” kartinasida sodda o‘zbek ayol obrazlari orqali xalqning ma’naviy quvvatini tarannum etishga harakat qilgan. Urush yillari davrida o‘zbek rassomlarining portret janridagi asarlari asosan etnologik evolyutsiya, o‘zbek xalqining milliy obrazlari va turmush tarzi haqida gapiradi. XX asr oxirida keng ijod qilgan rassomlardan biri bo‘lmish Ro‘zi Choriyevning milliy portretlari orasidan birgina “Sayroblik qariya” kartinasi o‘zining iliq ranglari orqali obrazning ham psixologik yuz qiyofasini hamda xarakterini ochib bergan. Ushbu portretda ko‘rinib turibdiki, yoshi ulug‘ Surxondaryolik qariya oq kiyim ustidan yashil yo‘l-yo‘l chopon kiygan va ko‘k sallali o‘zbek tipaji aks ettirilgan. Ko‘kragiga ilingan orden va horg‘in nigohi uning ikkinchi jahon urush yillaridagi og‘ir hayotni boshidan kechirganini anglatadi. “E’tiborni tortuvchi cho‘zinchoq tirishlar tushgan yuzida dono, ayni paytda tarang va qat’iy ko‘zlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomoshabinga boqib turibdi, bularning barchasi qaxramonning tashvishli va quvonchli, bardoshli hayoti haqida hikoya qilmoqda. Uning butun qiyofasidan mustaqil, erksevar xarakteri namoyon bo‘lgan, u qomatini stul suyanchig‘iga tashlab o‘tirishida, belbog‘ini ushlab turgan qo‘llari harakatida va yelkasida yaxshi o‘rnatilgan va safsar-ko‘k rangli salla kiygan boshida ko‘rinadi. Portret tilla rang, iliq yashil ranglar uyg‘unligi bilan tasavvur uyg‘otadi va uzoq xotirada qoladi. ” 1 Mustaqillik yillarida ham mamlakatimizda tasviriy san’atga keng ko‘lamda imkoniyatlar eshigi ochildi. San’atimiz rivoji uchun juda ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Bu nafaqat ijodkorlarning erkin ijodi uchun, balki, O‘zbekiston tasviriy san’ati merosini tiklash, tariximizni abadiylashtirish uchun ham yo‘l ochildi. Jumladan boy milliy tariximizni o‘rganish, tarixiy buyuk shaxslarning siymolarini aks ettirish, davlat arboblari shoir-u olimlaridan tortib sarkardalar va davlat hukmdorlarini obrazlari ustida keng ilmiy izlanishlar olib borildi. Tarixiy obrazlar yaratish borasida O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Malik Nabiyevning xizmatlari beqiyosdir. Uning “Amir Temur” (1994) “Bobur”, “Abu Rayhon Beruniy” (1950,1972) “Kamoliddin Behzod” (2002)kabi tarixiy 1 Улугбек Маматов – ЎЗБЕКИСТОН МАДАНИЯТИДА ТАРИХИЙ ЖАНРДАГИ ТАСВИРИЙ САНЪАТ АСАРЛАРИ (ХХ аср иккинчи ярми - ХХІ аср бошлари); Тошкент «MUMTOZ SOʻZ» 2018. 104-b. R. Choriyev. "Sayroblik qariya", 1979
SCIENTIFIC AND THEORETICAL CONFERENCE “DECORATIVE AND APPLIED ART OF THE TURKIC WORLD: HISTORY, MODERNITY, AND FUTURE PROSPECTS”, OCTOBER 23, 2025 157 M. Nabiyev. Amir Temur portreti M.Nabiyev. Zahiriddin Muhammad Bobur portreti portretlari yurtimizning buyuk tarixiy shaxslarini keng ilmiy va hujjatli materiallar asosida yaratilgan asarlar dep tan olingan. Malik Nabiyevning tarixiy portretlaridan tashqari zamondoshlari obrazi, o‘z davridagi oddiy xalq qiyofalarini ham tasvirlarida gavdalantirgan. Uning “Qaxramon ona” yoki “Ota” portretlarida o‘zgachalik shundan iboratki, kartina o‘sha davr hayoti, milliy kiyimlari, matolari, manzalarari, iqlimi va har bir xalqning o‘ziga xos tipaji haqida so‘zlaydi. Nabiyevning “Qaxramon ona” portretida ko‘ksiga ko‘pgina medallar taqilgan, o‘z davridagi milliy libosi, gulli qora ro‘mollarini o‘rab turgani, uning bog‘da, ayvonchada o‘tirganini ko‘rishimiz mumkin. Uning kiyimiga taqib qo‘yilgan medallari, ayolning ikkinchi jahon urushi davrida front ortida ko‘plab mehnat qilgani, bundan tashqari o’sha davrdagi siyosiy muhitda faol shaxs hisoblanganini tushunib olish qiyin emas. XX asr oxiri XXI asr boshlarida samarali ijod qilgan rassomlardan O‘zbekiston xalq rassomi Rahim Ahmedov dastlab ijodini portret janrida, asosan oddiy qishloq ayollari, dehqonlar, cho‘ponlar va atoqli san’at arboblari obrazlarini tasvirlash orqali boshlagan. Ijodkorning “Cho‘pon yigit”, M. Nabiyev." Qaxramon ona" M. Nabiyev. "Ota" portreti R. Ahmedov. “Xalq bastakori – qo‘shnaychi Ahmadjon Umrzoqov”, 1963
SCIENTIFIC AND THEORETICAL CONFERENCE “DECORATIVE AND APPLIED ART OF THE TURKIC WORLD: HISTORY, MODERNITY, AND FUTURE PROSPECTS”, OCTOBER 23, 2025 158 “Xalq bastakori – qo‘shnaychi Ahmadjon Umrzoqov”, “Surxondaryolik qiz”, “Keksa kolxozchi portreti” va boshqa asarlari xalq hayoti, turmush tarzining o‘z davriga oid milliyligi bilan mukammal ifodasini topgan. R. Ahmedovning “Ona o‘ylari” kartinasi chuqur ruhiy ifodaliligi bilan kuzatuvchi diqqatini o‘ziga tortadi. Rassomning portretlarida o‘zbek millati, mahalliy xalqining qiyofalari o‘ziga xos davr va makonga monan ko‘rinishlari, siyosiy hayot va uning obrazlar psixologiyasiga ta’sirini yaxshi ifoda etganini kuzatish mumkin. Xalq sozandasi portretini o‘z mo‘yqalami orqali badiiy tasvir etgan rassom, bitta asarni o‘zida obrazni ham psixologik, ham portret atrofidagi predmetlar orqali shaxs o‘zligi professional tarzda ochib bergan. Ranglar yengil, umumiy koloritdan chiqib ketilmagan holda, nozik yashil daraxtlar sozandaning egnidagi san’atkorlar kiyadigan milliy olacha yashil-ko‘k choponning ranglariga uyg‘un qilib berilgan. Asar sodda, ammo, bir tomondan mukammal kompozitsion yechimi bilan ushbu shaxsning kasbini, qaysi davr va makonga xosligini ochiq ko‘rsatadi. Yillar o‘tishi bilan rassomlar janrlarga, yo‘nalishlarga yangicha uslublar, o‘zgacha qarashlar bilan badiiy ifodaviylik, ranglar koloriti, kompozitsion yechimlarning turlicha ko‘rinishlarini o‘z asarlarida yaratib kelmoqdalar. Bugungi kunda zamon rivojlanishning yuksak pallalarida yurgan bir vaqtda rassomlarning kartinalari zamonaviylik haqida gapira boshladi. Bu
SCIENTIFIC AND THEORETICAL CONFERENCE “DECORATIVE AND APPLIED ART OF THE TURKIC WORLD: HISTORY, MODERNITY, AND FUTURE PROSPECTS”, OCTOBER 23, 2025 159 bilan milliylikka bo‘lgan e’tibor kamayishi ko‘zda tutilmaydi. Aksincha milliy sharqona kolorit, uslub va modernizm uyg‘unligida o‘zgacha va yorqin kartinalar paydo bo‘ldi. Xulosa qilib aytish mumkinki, zamon rivojlanishi bilan hamnafas tasviriy san’at har bir davrda o‘sha davr haqida ma’lumot beruvchi badiiy ijod namunalarini yangicha uslublarda tarixda o‘z imzolarini qoldirmoqda. Uyg‘onish davri tasviriy san’at durdonalari, ikkinchi jahon urushi davri muhitidagi badiiy asarlar, mustaqillik yillaridagi san’at hamda hozirgi zamonaviylik ufurib turgan kartinalarning har biri O‘zbekiston rangtasviriga alohida ta’sir o‘tkazadi. Shu o‘rinda portret janrining ham ahamiyati katta. Har bir davrda undan oldingi asrdagi ishlangan milliylik va etnologik ko‘rinishdagi portretlar – shu millatning madaniy merosiga aylanib boraveradi. Chunki, aynan milliy obraz shu zamondagi muhit, manzara, qiyofa va libos – o‘z davri, millati haqida gapiradi. XXI asrning zamonaviy rangtasvirchi rassomlaridan Umar Rajabov, Furqat Bozorov, Saidbek Sabirbayev, Timur Raxmetov, Alisher Hamdamov kabi yosh o‘zbek rassomlari asarlari oldingi kartinalardan zamonaviylikka mos qarashlarning milliylikka yo‘g‘rilgan tasvirlari bilan keskin ajralib turadi. Hozirgi davrda modernizmning turli oqimlari keng qamrovda klassitsizm va realizmni siqib chiqarishga uringandek ko‘rinadi. Biroq, ko‘pchilik rassomlarning asarlarida ushbu ikkala oqimning o‘zaro uyg‘unlashib ketishi orqali noyob kartinalar, falsafiy fikrlashga chaqiruvchi badiiy asarlar vujudga keldi. XXI asrga kelib erkin ijod, fikrlashning chegarasizligi, ijod namunalarida bir nechta yo‘nalishlar, oqimlarning qorishib ketishi natijasida yanada yangicha kartinalar dunyoga kelmoqda. Zamon yangilanishni talab etsada rassomlarimizning juda ko‘pi murojaat qiladigan mavzu bu – milliylik bo‘lib qolmoqda. Negaki milliylikka e’tibor rassomning xalqi, millati, madaniy-tarixiy merosini aks ettirishga, o‘zligini anglab yetishiga bo‘lgan eng tushunarli yo‘ldir. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati 1. N. Abdullayev. O‘zbekiston san’ati tarixi. O‘zbekiston faylasuflar milliy jamiyati nashriyoti. Toshkent – 2007. 236 b. 2. Абдуллаев Неъмат Убайдуллаевич. Санъат тарихи: Икки жилд. “SAN'АТ” журнали нашриёти, Тошкент — 2001. 192 б. 3. Н.Абдуллаев. Ўзбекистон миллий портрет санъати. ”FaФур Fулом” нашриёти, Тошкент, 2011. 159 б. 4. Улугбек Маматов – ЎЗБЕКИСТОН МАДАНИЯТИДА ТАРИХИЙ ЖАНРДАГИ ТАСВИРИЙ САНЪАТ АСАРЛАРИ (ХХ аср иккинчи ярми - ХХІ аср бошлари); Тошкент «MUMTOZ SOʻZ» 2018. 104 b.