scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

BADIIY MATN BILAN ISHLASHNING ASOSIY PRINSIP VA MEZONLARI

Bobonazarova, Sevara Baxtiyor qizi

Abstract

Ushbu maqolada ona tili va o‘qish savodxonligi darslarida badiiy matn bilan ishlashga doir yondashuv va tamoyillar tahlil qilingan. Shuningdek, ona tili o‘qitish metodikasiga oid tadqiqotlar, monografiyalardagi yondashuvlarning ba’zi jihatlari ochib berilgan.

Full text

GOLDEN BRAIN ISSN: 2181-4120 VOLUME 3 | ISSUE 16 | 2025 Multidisciplinary Scientific Journal October, 2025 58 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17483036 BADIIY MATN BILAN ISHLASHNING ASOSIY PRINSIP VA MEZONLARI Bobonazarova Sevara Baxtiyor qizi bobonazarovasevar[email protected] Annotatsiya. Ushbu maqolada ona tili va o‘qish savodxonligi darslarida badiiy matn bilan ishlashga doir yondashuv va tamoyillar tahlil qilingan. Shuningdek, ona tili o‘qitish metodikasiga oid tadqiqotlar, monografiyalardagi yondashuvlarning ba’zi jihatlari ochib berilgan. Kalit so‘zlar. Kommunikativ yondashuv, ongli yondashuv, kashfiyotchilik yondashuvi, faoliyatga yo‘nalgan yondashuv, badiiy asar, ijodkorlik. Annotation. This article analyzes approaches and principles for working with literary texts in mother tongue and reading literacy classes. Also, some aspects of research on the methodology of mother tongue teaching, approaches in the monograph are revealed. Key words. Communicative approach, conscious approach, discovery approach, activity-oriented approach, artistic work, creativity O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizmini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida quyidagi vazifalar belgilangan:o‘qitish usullarini takomillashtirish, ta’lim-tarbiya jarayoniga individuallashtirish tamoyillarini tatbiq etish; –davlat ta’lim standartlarida ko‘zda tutilgan kompetensiyalar va o‘quv jarayonini interaktiv boshqarish mahorati tamoyillariga asolangan pedagogik faoliyatning baholash mezonlarini ishlab chiqish; GOLDEN BRAIN ISSN: 2181-4120 VOLUME 3 | ISSUE 16 | 2025 Multidisciplinary Scientific Journal October, 2025 59 –ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish maqsadida yangi, shu jumlada, muqobil yondashuvlarni o‘rganishga va ilmiy asoslashga yo‘naltirilgan amaliy xarakterdagi ilmiy izlanishlarni rivojlantirish; Yuqoridagi vazifalar ta’lim mazmunini yanada takomillashtirishni, xalqaro tajribalarga tayangan holda yangicha yondashuvlarni amaliyotga joriy qilishni hamda til ta’limida metodik yondashuvlarni yangilashni talab etadi. Ona tili ta’limida metodikaga bag‘ishlangan tadqiqot ishlarida, ilmiy adabiyotlarda va metodik qo‘llanmalarda til birliklarini tahlil qilishga doir prinsiplar, yondashuv va tamoyillar o‘rganilgan. Shuningdek, Davlat ta’lim standartlarida fanlar doirasida amal qilinishi zarur bo‘lgan prinsiplar bayon qilingan: O‘quvchi shaxsi, intilishlari, qobiliyati va qiziqishlarining ustuvorligi prinsipi. O‘quvchilarning o‘quv mashg‘ulotlariga munosabati uning ruhiy xususiyatlari, ya’ni idrok, qiziqishi, qobiliyatlari hamda kayfiyatida namoyon bo‘ladi. Ushbu jarayon bevosita o‘qituvchiga bog‘liq bo‘lib, har bir o‘quvchining psixologik imkoniyatlarini bilsa, darsda berilgan nazariy bilimlarni amalda qo‘llay olishni o‘rgatsa o‘quvchilarda katta qiziqish paydo bo‘ladi hamda dars samaradorligi yanada oshadi. Ta’lim, fan va ishlab chiqarishning integratsiyasi mujassamligi prinsipida boshqa fanlar tizimi bilan bir qatorda, ona tili va adabiyot fanini o‘zaro bog‘lash ko‘zda tutilgan. A.G‘ulomov metodikaga oid qo‘llanmasida til ta’limida umumdidaktik prinsiplarni ta’kidlaydi: – “Til – me’yor-nutq mutanosibligi” prinsipi; –o‘zbek tilini o‘qitish orqali o‘quvchilar tafakkurining o‘sishiga erishish prinsipi; –o‘zbek tilini o‘qitishda mavzulararo, bo‘limlararo va fanlararo bog‘lanishga qat’iy amal qilish prinsipi; –o‘quvchilarni til hodisalarini ajratishga o‘rgatish prinsipi; –o‘zbek tilini o‘qitish orqali o‘quvchilarning nutq malakalarini mustahkamlash va til sezgirligini oshirish prinsipi; – ona tili o‘qitishda mahalliy sheva sharoiti va ta’sirini nazarda tutish prinsipi. GOLDEN BRAIN ISSN: 2181-4120 VOLUME 3 | ISSUE 16 | 2025 Multidisciplinary Scientific Journal October, 2025 60 “Ona tili didaktikasi” da til ta’limi prinsiplari quyidagicha tasniflanadi: –nutqdan tilga qarab boorish prinsipi; –tilni o‘qitishda tabiiylikka rioya qilish prinsipi; –til hodisalarini ajratishga o‘rgatish prinsipi; –so‘z va uning ma’nolarini ishlash; –o‘quvchilar nutqining ifodaliligi va emotsionalligini oshirib borish prinsipi; –nutq organlari va qo‘l muskullarini yetarli mashq ettirish prinsipi. Biz matn bilan ishlashga oid tadqiqot mavzusining maqsadidan kelib chiqib, asosiy tamoyillarga e’tibor qaratamiz. O‘quvchilarda ijodiy matn yaratish, nutqiy ko‘nikmalarni, shuningdek, o‘qib tushunish ko‘nikmasini rivojlantirishda kommunikativ yondashuv, faoliyatga yo‘nalgan yondashuv, ongli yondashuv, kashfiyotchilik yondashuvi, farqli yondashuvlar alohida ahamiyatga ega. Kommunikativ yondashuv – dunyo tajribasida keng qo‘llanilib, bu usulning yetakchi yo‘nalishi aloqa hisoblanadi. Ya’ni, so‘zlovchi yoki so‘zlashuvchilarning o‘rtasidagi muloqot, axborot almashinuvini ta’minlaydi. Retsipiyent badiiy matnni o‘qiganda ruhiyatiga, hissiyotiga ta’sir etadi, undan estetik zavq oladi, Ana shu jarayonda retsipiyent va badiiy matn o‘rtasida muloqot yuzaga keladi. Kommunikativ yondashuvning ahamiyatini tilshunos I. Azimova darsliklardagi mashqlar misolida izohlaydi. “Shu vaqtgacha ona tili va adabiyot darslarida matn ustida ishlash bo‘yicha mashqlarda matn mazmunini to‘liq ochish nazarda tutilmagan. Ona tili darslarida matn, odatda, ma’lum til qoidasining ifodalanishini topish maqsadida berilgan bo‘lsa, adabiyot darslarida matnda ifodalangan badiiy jihatlarga urg‘u berilgan. Kommunikativ yondashuv asosidagi mashqlar matnning mazmunini anglashga, yo‘naltiriladi, so‘zlar va gaplar mazmunini ifodalashda aynan qanday vazifani bajarayotganiga e’tibor qaratiladi”. 1 1 Azimova I. Ona tili bo‘yicha savodxonlik kurslarida kommunikativ yondashuvni qo‘llash. Global ta’lim va milliy metodika taraqqiyoti. Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari – Toshkent,2020 – 135-b. GOLDEN BRAIN ISSN: 2181-4120 VOLUME 3 | ISSUE 16 | 2025 Multidisciplinary Scientific Journal October, 2025 61 Kommunikativ yondashuv o‘z xususiyatiga ko‘ra, ta’lim jarayonini ham bilish, ham nutq o‘stirish faoliyati bilan bog‘laydi. O‘z navbatida, badiiy matn bilan bog‘liq jarayonlar, dars jarayoni faoliyatga yo‘nalgan yondashuvni taqozo etadi. K. Mavlonova aytib o‘tganidek, “o‘quvchilar ham, katta yoshdagilar ham ta’sirchan so‘zlashga harakat qilib, badiiy asarlardan go‘zal ifodalarni, “shirador” satrlarni qidiradilar, eslab qolib, nutqda ishlatishga harakat qiladilar. Ana shu faoliyat badiiy matn ustidagi ishlarga bag‘ishlangan ta’lim jarayoni uchun asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida ajratilishi to‘g‘ri bo‘ladi”. 1 Didaktik adabiyotlarda onglilik yondashuvi mavzuga doir axborot mazmunini tushunish, xulosa va umumlashmalarni chuqur va atroflicha fahmlash, mavzu yuzasidan bilimlarni sistemali bayon qilish, egallangan bilimlarning ishonch va e’tiqodga aylanishi, o‘rganilgan bilimlardan hayotda mustaqil foydalana olish tushuniladi. Yozuvchi asarda foydalangan til birliklari, badiiy tasviriy vositalar kabi nazariy tushunchalarni bilish ongli yondashuvni talab etadi. Kashfiyotchilik yondashuvida asosan, o‘quvchini muayyan vaziyatga nisbatan baho bera olish, muammolarga yechim topish, ana shu vaziyat va muammolardan foydalanib, kashf qilish, yaratish, bir so‘z bilan aytganda, kreativlik fikrlash nazarda tutiladi. Kreativ yondashuv esa bugungi kunning eng muhim tamoyillaridan biri sanaladi. Negaki, kreativlik orqali o‘quvchilar kundalik vaziyatlarga tayyorlanish, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish, yangi g‘oyalar, takliflar berib borish yo‘lidan boradilar. Bugungi zamonaviy ta’limning muhim talablaridan biri ham o‘quvchilarni kreativlikka yo‘naltirish, ijodkorlik qobiliyatlarini rivojlantirishdan iboratdir. Ta’lim tizimida o‘qib tushunish ko‘nikmasi bilan bir nechta muammolar mavjud. O‘quvchilarning nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga emas, balki grammatik bilimlarni o‘zlashtirishga qaratilganligi qator kamchiliklarni yuzaga keltirdi. Klara 1 Mavlonova K. Ona tili fanini adabiyot fani bilan badiiy matn orqali integratsiyalab o‘qitish metodikasini takomillashtirish – Toshkent, 2019 – 23-b. GOLDEN BRAIN ISSN: 2181-4120 VOLUME 3 | ISSUE 16 | 2025 Multidisciplinary Scientific Journal October, 2025 62 Mavlonova ushbu muammoga yechim sifatida matn bilan ishlashga doir quyidagi yondashuvlarni qo‘llashni tavsiya etadi: 1. O‘quvchilarning yosh xususiyatlari, bilim darajalarini inobatga olgan holda matn tanlash. 2. Matnning xususiyatidan kelib chiqqan holda topshiriq shaklini aniqlash. 3. Topshiriqlarni ishlab chiqish. 4. Mustahkalmlash darslarining 20 daqiqasini o‘qib tushunish mashqiga ajratish. 5. Matnni o‘qib tushunishga qaratilgan sinovni o‘tkazish. 6. Javoblarni taxminan belgilamaslik hamda bir-biridan ko‘chirmaslikka e’tibor qaratish. 7. Natijalarni tahlil qilish hamda umumiy xulosalar chiqarish. 8. O‘tkazilgan sinovlar monitoringini olib borish. Ushbu metodik tadbirlar dars jarayonida muntazam amalga oshirib borilsa, matn bilan ishlashga doir amaliy ko‘nikmalar samaradorligi yanada oshadi. Ona tilida adabiy tushunchalar, shuningdek, badiiy matn bilan ishlashning o‘ziga xos tamoyillari M. Mirqosimovaning tadqiqot ishida quyidagi tamoyillar keltirilgan. Ijodkorga yaratuvchi shaxs sifatida yondashish tamoyilida ijodkorning hayoti, yashagan davri emas, balki yozuvchining badiiy mahorati, asarning g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, o‘ziga xos uslubi hamda ijodining estetik qimmatiga e’tibor qaratish ko‘zda tutiladi. Badiiy asarning g‘oyaviy mazmunini o‘qituvchi tomonidan shunchaki hikoya qilib berilishidan voz kechish tamoyilida asarni faqat g‘oyaviy xususiyatlari emas, balki asar matni ustida ishlash ham muhim jihatlardan biri sanaladi. Qachonki, o‘quvchi asar matni bilan ishlasa, ya’ni uning til xususiyatlari, badiiy tasviriy ifodalarning nega qo‘llanganligi, ko‘chma ma’noli so‘zlarning ishlatilishi kabilarni anglasa, shundagina asarning tub mohiyatini tushuna oladi va badiiy asarga nisbatan e’tibor, mehr kuchaya boradi, “O‘quvchilarni she’riy asarlarni o‘qishga, umuman, badiiy asar matni ustida ishlashga o‘rgatish orqali asarning badiiy qudratini namoyon qiluvchi xususiyatlarini badiiy tahlil usullari yordamida yoritish yetakchi tendensiyaga aylandi”. 1 Badiiy asarlarni tahlil qilish orqali hayot hodisalarini anglash tamoyilida o‘quvchi qahramonlarning his-tuyg‘ulari, ichki kechinmalarini his qiladi, asarga 1 Mirqosimova M. O‘quvchilarda adabiy tahlil malakasini shakllantirish va takomillashtirish asoslari – Toshkent: Fan nashriyoti, 2006. GOLDEN BRAIN ISSN: 2181-4120 VOLUME 3 | ISSUE 16 | 2025 Multidisciplinary Scientific Journal October, 2025 63 nisbatan qiziqish yanada kuchayadi. O‘quvchining mustaqil ijodiy faoliyati to‘g‘ri tashkil qilinsa, badiiy asar markazidagi savollarga javob topishga urinish, xohish-istak uyg‘onadi. Bu esa o‘qituvchidan ham ijodkorlikni, yaratuvchanlikni talab etadi. O‘quvchilarga nazariy bilimlar berishni bevosita adabiy tahlil jarayonida amalga oshirish tamoyili. Ushbu tamoyil asar tahlili mobaynida lirik she’riyatga xos bandlar tuzilishi, ohangdorlik, she’riy san’atlarning qo‘llanilishi, tashbeh, mubolag‘a, ko‘chim singari unsurlarning asar originalligini oshirishdagi ahamiyatini o‘rganishni talab etadi. “O‘quvchilar yuqoridagi vositalarning tabiatini tushunsalargina, muayyan asarning joziba kuchini anglab, badiiy ijodning bir umrlik muxlislariga aylanib qolishlari tayin. Har bir dars mashg‘uloti o‘qituvchining ijodkorlik qobiliyati asosida tashkil qilinishi tamoyili. Ona tili va o‘qish savodxonligi darslarida o‘qituvchining vazifasi matnning g‘oyasini tushuntirish bilan birga, badiiy matnda ifodalangan hissiyotga boy bo‘yoqdor so‘zlar, tasviriy ifodalarning ma’no qirralarini ochib berishdan iboratdir. Dars jarayonida o‘qituvchi ijodiy faoliyati va o‘quvchi bilan hamkorligi yaxshi tashkil qilinsa, dars bahs-munozara shaklida qiziqarli o‘tadi. Bugungi zamonaviy ta’lim o‘qituvchidan noan’anaviy yondashuvlarni qo‘llashni, o‘quvchini har tomonlama ijodkorlikka undashini talab etmoqda. Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, o‘quvchilarning o‘qib tushunish ko‘nikmalarini rivojlantirishda, darslikda berilgan o‘quv topshiriqlari bilan samarali ishlashda yuqorida tilga olingan yondashuvlar muhim ahamiyatga ega. Tizimli ravishda ushbu yondashuv va tamoyillar ona tili ta’limi mazmuniga aylantirilsa, matn tuzilishi, matnni tushunish ko‘nikmasi, badiiy asarning haqiqiy jozibasi o‘quvchilar ongiga chuqurroq singib boradi. GOLDEN BRAIN ISSN: 2181-4120 VOLUME 3 | ISSUE 16 | 2025 Multidisciplinary Scientific Journal October, 2025 64 FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI 1. Mirqosimova M. O‘quvchilarda adabiy tahlil malakasini shakllantirish va takomillashtirish asoslari – Toshkent: Fan nashriyoti, 2006. 2. Pedagogik tadqiqotlar. Ilmiy xabarnoma – Andijon, 2022 – 42 b. 3. Roziqov O. Ona tili didaktikasi – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2005. 4. Uzviylashtirilgan Davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturi – Toshkent, 2010. 5. G‘ulomov A. Ona tili o‘qitish metodikasi – Toshkent, 2012 – 60 b.