Full text
ISSN: 3030-3931, Impact factor: 7,241 Volume 10, issue 1, Oktabr 2025 https://worldlyjournals.com/index.php/Yangiizlanuvchi worldly knowledge OAK Index bazalari : research gate, research bib. Qo’shimcha index bazalari: zenodo, open aire. google scholar. Original article 1555 DIARKIYA (IKKI HOKIMIYATLI BOSHQARUV) DAVRIDA HINDISTONDA TA`LIM TIZIMI Kurolova Umida Maxmud qizi Education under Diarchy in British India Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti ANNOTATSIYA: XX asr boshlarida Hindiston Buyuk Britaniyaning muhim mustamlakalaridan biri hisoblangan. 1919-yilda Britaniya hukumati tomonidan qabul qilingan “Hindiston hukumati to`g`risidagi qonun” mamlakat tarixida muhim burilish yasadi. Ushbu qonun asosida Hindiston hududida diarkiya (ikki hokimiyatli boshqaruv) tizimi o`rnatildi. Bu tizimda markaziy hokimiyat (Britaniya gubernatori) va mahalliy viloyat hukumatlar o`rtasida turli sohalar bo`yicha vakolatlar taqsimlandi. Ta’lim sohasi aynan shu davrda mahalliy hukumatlarning vakolatiga o‘tkazildi. Bu esa Hindiston tarixida birinchi marta ta’lim siyosatini mahalliy darajada shakllantirish imkonini berdi. Aynan shu sababli 1919–1935-yillar oralig‘idagi ta’lim tizimi Hindiston tarixida “education under diarchy”, ya’ni diarkiya davridagi ta’lim tizimi deb nomlanadi. Mazkur davrda Hindiston ta`lim sohasida mahalliy hukumatlar maktablar tarmog‘ini kengaytirish, o‘qituvchilarni tayyorlash va savodsizlikni kamaytirish kabi muhim o`zgarishlarni amalga oshirish maqsad qilindi, ammo Britaniya hukumati tomonidan qo‘yilgan moliyaviy va siyosiy cheklovlar tufayli bu islohotlar to‘liq amalga oshmadi. Kalit so‘zlar: Hindiston, ta`lim tizimi, “Hindiston hukumati to`g`risidagi qonun”, diarkiya, Britaniya gubernatori ANNOTATION: At the beginning of the 20th century, India was one of the most important colonies of Great Britain. The “Government of India Act” adopted by the British government in 1919 marked a significant turning point in the history of the country. Under this Act, a system of Diarchy (dual government) was introduced in India. In this system, administrative powers were divided between the central authority (the British Governor) and the provincial governments in various sectors. The field of education was transferred to the jurisdiction of the provincial authorities. This gave India, for the first time, an opportunity to develop and manage its own educational policy at the local level. Therefore, the education system during the years 1919–1935 in India is known as “Education under Diarchy.” During this period, the provincial governments sought to expand the network of schools, train teachers, and reduce illiteracy. However, due to the financial and political restrictions imposed by the British government, these reforms could not be fully implemented. Keywords: India, education system, “Government of India Act,” Diarchy, British Governor 1919-yil 23-dekabrda Britaniya parlamenti tomonidan qabul qilingan “Hindiston hukumati to`g`risidagi qonun” orqali Britaniya hukumati Hindistonda “diarkiya” (ikki hokimiyatli boshqaruv) tizimini joriy etdi. “Diarkiya” atamasi yunoncha “di” (ikki) va “arkhein” (boshqaruv) so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, hokimiyatning ikki qismga — markaziy va mahalliy organlar o‘rtasida taqsimlanishini anglatadi. Qonun asosida markaziy boshqaruv — vitse-qiroli (Governor-General) va Britaniya parlamentiga, mahalliy boshqaruv esa viloyat gubernatorlari va ularning maslahatchilariga topshirildi. Shu bilan birga, ayrim sohalar “markaziy vakolatlar”, boshqalari esa “mahalliy vakolatlar” sifatida ajratildi.
ISSN: 3030-3931, Impact factor: 7,241 Volume 10, issue 1, Oktabr 2025 https://worldlyjournals.com/index.php/Yangiizlanuvchi worldly knowledge OAK Index bazalari : research gate, research bib. Qo’shimcha index bazalari: zenodo, open aire. google scholar. Original article 1556 Qonunga muvofiq, har bir viloyatda ikki turdagi masalalar farqlanardi: “Reserved subjects” (zaxira sohalar) — Britaniya gubernatori bevosita boshqaradigan sohalar (masalan, mudofaa, moliya, tashqi aloqalar). “Transferred subjects” (o‘tkazilgan sohalar) — mahalliy hind vazirlari boshqaradigan sohalar (jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi). Shunday qilib, ta’lim “o‘tkazilgan” soha sifatida tan olindi. Bu esa mahalliy hukumatlarga ta’limni rivojlantirish, maktablar ochish, o`qituvchilarni tayyorlash va ta’lim siyosatini ishlab chiqish vakolatini berdi. Natijada, har bir viloyatda ta’lim tizimini boshqarish alohida shakl oldi. Ta`lim sohasi quyidagi ikki sababga ko`ra mahalliy boshqaruvga berildi: mahalliy aholining siyosiy faolligini ma`lum darajada bostirish va ta`lim va ijtimoiy sohadagi xarajatlarni mahalliy hukumat zimmasiga yuklash. Ta`lim sohasi mahalliy boshqaruvga berilgan bo`lsa-da, undagi asosiy masalalar – ta`lim siyosatining asosiy yo‘nalishlarini tasdiqlash, byudjet taqsimotini nazorat qilish va universitetlar faoliyatini litsenziyalash huquqi hali ham Britaniya gubernatori qo‘lida edi. Viloyat hukumatlari ta’limni xalq ehtiyojlariga yaqinlashtirish, savodsizlikni kamaytirish va o‘qituvchilarni tayyorlashni kengaytirish yo‘lida dastlabki qadamlarni tashladilar. Ayrim viloyatlarda (masalan, Bombay, Madras, Bengal) ta’lim komissiyalari tashkil etilib, maktab tarmoqlarini kengaytirish siyosati yo‘lga qo‘yildi. Bu davrda hukumat quyidagi yo`nalishlarda o`z islohotlarini boshladi. 1. Boshlang‘ich ta’limni kengaytirish — har bir tuman (district) darajasida yangi boshlang‘ich maktablar ochish rejalashtirildi. 1920–1930-yillar oralig‘ida ayrim viloyatlarda boshlang‘ich maktablar soni 30–40 foizga oshdi. Bu davrda “Mass Education Movement” (Ommaviy ta’lim harakati) nomi bilan mashhur bo‘lgan tashabbuslar yo‘lga qo‘yildi. Viloyat hukumatlari savodsizlikni kamaytirish maqsadida qishloq hududlarida bepul yoki arzon ta’lim beruvchi boshlang‘ich maktablar tashkil etdilar. 2. Majburiy ta’lim g‘oyasi — ba’zi viloyatlarda xususan, Bombay viloyati 1921-yilda majburiy boshlang‘ich ta’lim to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi Bengalda ham shu mazmundagi majburiy ta’lim to‘g‘risidagi mahalliy qonunlar qabul qilindi. Madras hukumati esa 1923-yilda o‘quv dasturlariga ona tilida o‘qitishni kiritdi. 3. O‘qituvchilar tayyorlash maktablari — pedagogik institutlar soni oshirildi. Oliy ta’lim sohasida esa 1919–1935-yillar Hindistonda aynan shunday universitetlar sonining sezilarli ortgan davri bo‘ldi. Masalan, Dakka, Lucknow, va Delhi universitetlari shu davrda tashkil topdi. Bu davrda universitetlar asosan Britaniya modeliga asoslangan bo‘lib, ularning boshqaruvi gubernatorlar tomonidan tayinlangan senatlar orqali amalga oshirildi. Oliy ta’limda ham mahalliy hukumatlarning roli oshdi: stipendiyalar joriy etildi, ayollar uchun alohida kollejlar tashkil qilindi. Aligarh Muslim University va Banaras Hindu University kabi muassasalar milliy uyg‘onish g‘oyalari bilan uzviy bog‘liq edi. Shunga qaramay, oliy ta’lim tizimi hali ham Britaniya siyosiy nazoratida bo‘lib, o‘quv dasturlarining mazmuni mustamlakachilik mafkurasidan to‘liq xoli emas edi. 4. Ayollar ta’limiga e’tibor — qizlar uchun maxsus maktablar tashkil etilib, ta’limda gender tenglik masalalari ilgari surila boshlandi. Xususan, Diarkiya davrida (1919–1935) Hindistonda ayollar, xususan, qizlarning ta’limi masalasi alohida e’tibor qozondi. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Britaniya mustamlakachiligi ta’sirida ta’lim tizimi erkaklar uchun nisbatan rivojlanayotgan bir paytda, ayollar ta’limi hali ham orqada edi. 1919-yilgi qonun bilan ta’lim sohasi mahalliy hukumatlar tasarrufiga o‘tgach, viloyatlar qizlar ta’limiga oid mustaqil siyosat ishlab chiqish imkoniga ega bo‘ldilar.
ISSN: 3030-3931, Impact factor: 7,241 Volume 10, issue 1, Oktabr 2025 https://worldlyjournals.com/index.php/Yangiizlanuvchi worldly knowledge OAK Index bazalari : research gate, research bib. Qo’shimcha index bazalari: zenodo, open aire. google scholar. Original article 1557 Diarkiya davrining dastlabki yillarida bir nechta viloyatlar qizlar ta’limini rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni qabul qildilar. Masalan: Bombay viloyati 1921-yildan boshlab qizlar maktablarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus grant tizimini joriy qildi. Madras hukumati 1923-yilda qizlar uchun o‘qituvchi tayyorlov kurslarini tashkil etdi. Bengalda esa 1925-yilda “Female Education Committee” (Ayollar ta’limi qo‘mitasi) tuzilib, qizlar maktablari sonini ko‘paytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi. Bu chora-tadbirlar natijasida 1920–1935-yillar oralig‘ida qizlar o‘rtasida savodxonlik darajasi ikki baravarga oshganligi qayd etiladi. Biroq, ayollar ta’limini rivojlantirish jarayoni ijtimoiy va diniy to‘siqlar sababli sekin kechdi. Jamiyatda ayollarning o‘qishi “nojoiz” yoki “keraksiz” deb hisoblangan an’anaviy qarashlar keng tarqalgan edi. Ayniqsa, qishloq hududlarida ota-onalar qizlarini maktabga yuborishdan bosh tortishar, bu esa ayollar savodsizligining saqlanib qolishiga olib kelardi. Shu bilan birga, ayrim musulmon va hindu islohotchilari — Raja Ram Mohan Roy,Ishwar Chandra Vidyasagar, Begum Rokeya,Mahatma Gandhi va boshqalar — ayollar ta’limining ahamiyatini targ‘ib etib, jamoatchilik fikrini o‘zgartirishda katta rol o‘ynadilar. Aynan yuqorida nomlari qayd etilganlarning sa`y harakatlari tufayli ayollar uchun oliy ta’lim eshiklari ham asta-sekin ochila boshladi. 1920-yillardan boshlab Calcutta,Madras va Bombay universitetlarida ayollar uchun alohida sinflar tashkil qilindi. 1930-yillarda esa ayollar kollejlarining soni ortdi — masalan,Lady Hardinge Medical College (Delhi, 1916) va Bethune College (Calcutta) bu sohada yetakchi o‘quv maskanlari bo‘lib qoldi. Diarkiya tizimi Hindistonda mahalliy hukumatlarga ta’lim siyosatini mustaqil yuritish imkonini bergan bo‘lsa-da, bu davr ta’lim tizimi bir qator jiddiy muammolar va cheklovlar bilan kechdi. Ta’lim sohasidagi asosiy muammo — moliyaviy manbalar yetishmasligi edi. 1919-yilgi qonun bilan ta’lim mahalliy hukumat vakolatiga o‘tkazilgan bo‘lsa-da, markaziy hokimiyat soliq siyosatini o‘z qo‘lida saqlab qoldi. Natijada, viloyatlar ta’lim uchun zarur mablag‘ni mustaqil yig‘a olmasdi. Ba’zi viloyatlar (masalan, Bombay va Bengal) o‘z byudjetining 10–12 foizini ta’limga ajratgan bo‘lsa, boshqalari bundan ham kam resursga ega edi. Oqibatda, ko‘plab maktablar binosiz yoki jihozsiz holatda faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, Britaniya hukumati mahalliy hukumatlarga vakolat bergan bo‘lsa-da, amalda siyosiy nazoratni to‘liq topshirmadi. Gubernatorlar istalgan paytda mahalliy ta’lim siyosati bo‘yicha qarorlarni bekor qilish, byudjetni to‘xtatish yoki mahalliy qonunlarni rad etish huquqiga ega edi. Bu holat mahalliy hukumatlarning mustaqil islohotlar o‘tkazish imkoniyatini chekladi va ta’lim sohasidagi tashabbuslarni siyosiy to‘siqlarga duchor qildi. Britaniya hukumatining o‘sha davr hisobotlariga ko‘ra, 1931-yilgi aholini ro‘yxatga olish natijasida Hindiston aholisi orasida savodxonlik darajasi atigi 9 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich, ayniqsa, qishloq joylarda juda past edi. Buning sabablari — maktablar sonining kamligi, o‘qituvchilar yetishmovchiligi, ta’lim xarajatlarining yuqoriligi va jamiyatdagi ijtimoiy to‘siqlardan iborat edi. Shuningdek, qizlar ta’limi borasida ayrim yutuqlar bo‘lganiga qaramay, bu sohada gender tengsizlik saqlanib qoldi. Ko‘plab oilalar qizlarini maktabga yuborishdan bosh tortgan, ayrim viloyatlarda esa qizlar uchun alohida maktablar umuman yo‘q edi. 1930-yillarga kelib, ayollar orasidagi savodxonlik darajasi atigi 2 foizni tashkil qilgan. O‘qituvchilarning kasbiy tayyorgarligi ham yana bir jiddiy muammolardan biri edi. Ko‘plab o‘qituvchilar maxsus pedagogik ta’limga ega bo‘lmagan, o‘quv dasturlari esa eski mustamlakachilik modeliga asoslangan edi. Bu holat ta’lim sifati va samaradorligini pasaytirgan, o‘quvchilarning bilim darajasini oshirish imkoniyatlarini cheklagan.
ISSN: 3030-3931, Impact factor: 7,241 Volume 10, issue 1, Oktabr 2025 https://worldlyjournals.com/index.php/Yangiizlanuvchi worldly knowledge OAK Index bazalari : research gate, research bib. Qo’shimcha index bazalari: zenodo, open aire. google scholar. Original article 1558 Ta’lim tili masalasi ham diarkiya davrining eng bahsli jihatlaridan biri bo‘ldi. Mahalliy hukumatlar ona tilida o‘qitish tarafdori bo‘lgan bo‘lsa, Britaniya ma’muriyati ingliz tilini “yuqori ta’lim va zamonaviylik tili” sifatida saqlab qolmoqchi edi. Natijada, ta’lim tizimida ikki tillilik siyosiy va ijtimoiy qarama-qarshilikni kuchaytirdi. Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, diarkiya davridagi ta’lim tizimi Hindistonda ma’lum yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, uning rivojlanishini iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy cheklovlar keskin tarzda chegaralab qo‘ydi. Shu sababli, bu davr ta’lim tizimini o‘tish davri tajribasi sifatida baholash mumkin — u kelajakdagi avtonom boshqaruv va ta’lim islohotlariga zamin yaratgan, biroq mustamlakachilik siyosati doirasidan to‘liq chiqib keta olmagan edi. Diarkiya tizimi ta’limni mahalliylashtirish, milliy uyg‘onish g‘oyalarini kuchaytirish, va ayollar ta’limini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Ayrim viloyatlarda majburiy ta’lim joriy etilishi, ona tili asosida o‘qitish harakatlari, va pedagogik ta’lim tizimining kengayishi bu davrning sezilarli yutuqlaridir. Shu bilan birga, diarkiya tizimining ichki nomutanosibliklari — ya’ni moliyaviy resurslarning yetishmasligi, siyosiy nazoratning Britaniya gubernatorlari qo‘lida qolishi va ijtimoiy tengsizlikning davom etishi — ta’lim sohasining to‘liq rivojlanishiga to‘sqinlik qildi. Qizlar ta’limi, qishloq joylardagi savodsizlik, hamda o‘qituvchilar malakasi masalalari yechimsizligicha qoldi. Umuman olganda, diarkiya davridagi ta’lim tizimi Hindistonning mustamlakachilik davridan mustaqillikka tomon bosgan yo‘lida muhim ijtimoiy-siyosiy hodisa bo‘lib, mamlakatning keyingi ma’rifiy yuksalishiga zamin yaratdi. Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati 1. Government of India Act, 1919. London: His Majesty’s Stationery Office, 1920. 2. Hartog Committee Report (1929). Report on Educational Policy in India. Calcutta: Government of India Press. 3. Nurullah, S., & Naik, J. P. (1943). A History of Education in India (During the British Period). Bombay: Macmillan & Co. 4. Majumdar, R. C. (1951). British Paramountcy and Indian Renaissance. Bombay: Bharatiya Vidya Bhavan. 5. Basu, A. (1974). Indian Education in the Era of Reforms (1919–1935). Delhi: Delhi University Press. 6. Report on Progress of Education in India (1919–1935). Government of India Publication, Calcutta, 1936. 7. Sharp, H. (1920). Education in British India. Oxford: Clarendon Press. 8. Gandhi, M. K. (1938). India of My Dreams. Ahmedabad: Navajivan Publishing House. 9. Kumar, K. (2005). Political Agenda of Education: A Study of Colonialist and Nationalist Ideas. New Delhi: Sage Publications. 10. Richey, J. A., & Thomas, C. (1922). Education in India. Calcutta: Superintendent Government Printing.