LIBERAL TIL SIYOSATI
Full text
9 LIBERAL TIL SIYOSATI Yorqinjon ODILOV, Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti filologiya fanlari doktori, professor DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488555 Annotatsiya. Ushbu maqola liberal til siyosati tadqiqiga bagʻishlangan. Unda bunday siyosatning tabiatini aniq misollar asosida tushuntirgan, til liberalizmini yuzaga keltiradigan sabablarning tahlilini bergan. Kalit soʻzlar: til siyosati, liberal til siyosati, til vaziyati, til hayotiga aralashuv, til me’yorlarini yangilash, xorijiy soʻz va atamalar. Til siyosatidan kutilgan natijaga erishish davlatning tilga munosabati, koʻrilayotgan choralarning lingvistik toʻgʻriligi hamda mantiqiy izchilligiga bogʻliq. Masalan, sobiq ittifoqda katta-kichik xalqlarning adabiy tilini shakllantirish, yozuv tizimini yaratish siyosati mutlaqo to‘g‘ri hisoblangan. Bunday siyosat oʻsha xalqlarning til madaniyatini rivojlantirishga hissa qoʻshgani ma’lum, chunki avval ogʻzaki amal qilgan tillarning yozma adabiy me’yorlarining ishlab chiqilishini ma’qullamaslik mumkin emas. Biroq partiyaning zoʻri bilan yozma til me’yorlari shakllantirilgan ayrim ellar keyinchalik adabiy tili va milliy yozuv standartlaridan foydalanmadi, ularning ba’zilari ona tillaridan ixtiyoriy voz kechdi va ijtimoiydemografik ustun qo‘shni xalqlarning tillarida so‘zlashishni, yozishni odat qildi. Vaqtlar oʻtib, mutaxassislar bu siyosat ittifoqning ayrim hududlarida kutilgan natija bermagani, chunki muayyan tilning qoʻllanishi uchun zarur ijtimoiy-madaniy sharoit yetarlicha hisobga olinmagani, turli til vaziyatlariga bir xil yondashilaverganini – alohida dasturlar ishlab chiqib, tatbiq etilmagini toʻgʻri qayd etdilar [Никольский, 1968: 114-115]. Hozirgi kunga kelib, avvalo, til vaziyati, tillarning rivojlanish tendensiyalarini hisobga olib, til siyosati oʻtkazish lozimligi anglandi. Shu ma’noda liberal til siyosati til vaziyatini hisobga olgan, ishlamagan choralarni almashtirish yoki bekor qilishga izn beradigan, qisqasi, pragmatizmga asoslangan choratadbirlardir. Mohiyatan, til konservatizmiga zid pragmatik til siyosatining asosida “liberalizm” tushunchasi turadi. Mazkur tushuncha qadim lotinchada “erkinlik” ma’nosini anglatgan liberalis soʻzidan kelib chiqqan. Falsafiy atama sifatida “ijtimoiy hayotning barcha sohalarida erkinlik ustuvor boʻlishi, jamiyatning tadrijiy rivojlanish yoʻlini e’tirof etuvchi va asoslovchi nazariya, amaliyot, ijtimoiy-siyosiy va mafkuraviy oqim”ni bildiradi. Uni murosa falsafasi ham deyiladi [Назаров, 2004: 219]. Til siyosati tajribasida liberalizm gʻoyasi “erkinlik ustuvor boʻlgan”, “evolyutsion oʻzgarish va rivojlanish yoʻlini e’tirof etadigan”, “yangi qarashlar bilan murosa qila oladigan” faoliyat deb tushuniladi. Liberal til siyosati turli mamlakatlarda turlicha kechgan va hamma vaqt siyosiy, ijtimoiy hamda lisoniy vaziyatga bog‘liq
10 boʻlgan. Quyida liberal til siyosatining mohiyati, bunday siyosat yuritishning sabab va oqibatlari yoritiladi. Liberal til siyosati oʻtkazishni ijtimoiy-lisoniy sharoit talab qiladi. Ya’ni ijtimoiy hayotning oʻzgarishi bilan jamiyat boshqa iqtisodiy sharoitda yashashni oʻrganadi, natijada, til ham oʻzgaradi – nimadir yangiradi. Shu vaqtgacha qoʻllangan me’yorlar yoki til shakllari til egalari yoxud ijtimoiy institutlarning ehtiyojini qondirolmay qoladi – ayrim til me’yorlari bunga imkon bermay qoʻyadi, shubois jamiyat uni rad qilib, yangilash yoʻlini tutadi. Bunday sharoitda davlat til amaliyotidagi ehtiyojni hisobga olib, mavjud me’yorlarni oʻzgartirish choralarini koʻradi. Masalan, oʻzbek-lotin yozuvida chorak asrdan ziyod ish yuritish tajribasi alifboda oʻ, gʻ, sh, ch harflarini yozishdagi murakkabliklarni, raqamlashtirish jarayonidagi qiyinchiliklarni ma’lum etdi. Shu bois Respublika ishchi komissiyasi tuzilib, alifbo takomillashtiririldi. Hukumatning alifboni takomillashtirishga izn berishi, vakolatli tashkilotlarning buni qoʻllab-quvvatlashi liberal til siyosatidir. Jamiyatning ehtiyoji bilan hisoblashgan, pragmatik yoʻnalgan liberalizmni ma’qullash joiz, biroq alifboni takomillashtirishga qarshi chiqqanlar ham boʻldiki, bunda konservatizm boʻy koʻrsatdi. Liberal til siyosati hukumat yoki siyosiy partiyalarning tilni qoʻllashni tartibga solishdan tiyilishi, davlatning til amaliyotiga minimal darajada aralashuvida namoyon bo‘ladi. Davlat tomonidan fuqarolarga ona tili yoki davlat tilini tanlash, o‘rganish va kundalik hayotda, ijtimoiy, madaniy, siyosiy faoliyatda erkin qo‘llash imkoniyati yaratiladi. Liberal til siyosati insonning shaxsiy huquqlarini hurmat qilish, tilni tanlash erkinligini konstitutsiyaviy huquq sifatida e’tirof etish, milliy-madaniy identitetini til orqali erkin ifodalash imkoniyatini berish demakdir. Shuningdek, ijtimoiy barqarorlik, etnik guruhlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va madaniy xilma-xillikni rivojlantirish hamdir. Xullas, liberal tutum lisoniy vaziyatni kuch bilan emas, huquq yordamida boshqarishga asoslanadi, til hayotini til amaliyotining oʻzi tartibga solishiga qoʻyib beriladi. Adabiyotlarda liberal til siyosati sifatida AQSh, Angliya, Niderlandiya tajribasi koʻrsatiladi. Bizning sotsiolingvistikaga oid tadqiqotlarni oʻrganishimiz natijasida hech bir davlatning avvalboshdan erkin liberal til siyosati yuritgani ma’lum boʻlmadi, harholda mavjud til siyosati tajribalari boʻyicha tahlillarimiz buni tasdiqlamadi. Xususan, Buyuk Britaniyada til siyosati hozir liberal deyilsa ham, bu davlatning XVIII – XIX asrlarda qattiq til siyosati yuritgani manbalardan ma’lum. Yoki AQShda bugun til amaliyotini nazorat qiladigan yoki tartibga soladigan davlat tashkiloti boʻlmasa ham, oʻtmishda davlat darajasida ingliz tilidan boshqa tillarning qoʻllanishiga toʻsqinlik qilinganligi haqida fikrlar bor. Bizningcha, birinchidan, ingliz tilida tilning kuchiga kuch qoʻshadigan ijtimoiy-iqtisodiy omillar bilan bogʻliq jiddiy
11 muammo yoʻqligi va ilm-fani yangiliklari asosan ingliz tilida yaratilib, boshqa tillarga eksport qilinayotganligi, ikkinchidan, ingliz tilining global miqyos kasb etib boʻlganligi va uni boshqa tillarning ta’siridan himoyalash lozim boʻlmay qolganligi sababli ayni davlatlar til amaliyotida konservatizmga ehtiyoj sezmayapti. Qolaversa, ingliz tili global til sifatida amal qilib turishi uchun dunyo tillariga ochiq boʻlishi – turli tillardan soʻz va atamalarni qabul qilishga majbur. An’anaviy til shakllarini qo‘llash yuqori ijtimoiy toifaga mansublik va madaniy saviyaga egalik belgisi sifatida tushunilmay qoʻyilishi tilga munosabatni liberallashtiradi. Bunda umumfalsafiy liberalizm atamasidagi “jamiyatning tadrijiy rivojlanish yoʻlini e’tirof etish” qoidasi ustuvorlashib, tilni rasmiy qoʻllash bilan bogʻliq eksperimentlarni qoʻllab-quvvatlanadi. Jamiyatda xorijiy soʻz va atamalarni qabul qilish tabiiy va muqarrar jarayon deb bilinadi, tilning tashqaridan boyishiga qarshi choralar koʻrilmaydi. Liberal tutumni ma’qullamaydiganlar chet tillardan soʻz olish tendensiyasini til sofligiga putur yetkazadigan jarayon hisoblasa, liberalizm tarafdorlari tilning soʻz oʻzlashtirib boyishini xalqaro integratsiyalashuv vositasi deb biladilar. Fransiya, Islandiya, Turkiya kabi mamlakatlar til siyosatida leksikaning tashqi manba hisobiga boyishiga nisbatan konservativ munosabat kuchli, aksar davlatlarning til siyosatida liberal munosabat shakllangan, xorijiy so‘zlar (ayniqsa, inglizcha atamalar) milliy adabiy tillarga moneliksiz qabul qilinadi. Qisqasi, moslashuvchan yoʻl afzal ko‘riladiki, bu davlatning til globallashuviga ochiqligini bildiradi. Buyuk Britaniya va AQSh til globallashuviga ochiq davlatlardir. Masalan, “sushi”, emoji (yaponcha), “croissant” (fransuzcha), “kindergarten” (nemischa), “shampoo” (hindcha) kabi soʻzlar oson o‘zlashgan, Britaniya jamiyati va ta’lim tizimi tilning tabiiy rivojlanishiga yo‘l qo‘yadi 1 . Tarixan ham lotin, fransuz, nemis va boshqa tillardan so‘z o‘zlashtirib rivojlanish tendensiyasi amal qilgan. Mavridi kelganda shuni aytish lozimki, AQShda tilni tartibga soluvchi rasmiy tashkilot yo‘q va amerikacha ingliz tili britan ingliz tiliga qaraganda moslashuvchanroq. Ayni ikki omil Amerika ingliz tiliga xorijiy so‘z va atamalarni qabul qilishni osonlashtiradi, tezlashtiradi. Masalan, ispan tilidan aynan oʻzlashgan “taco”, “salsa”, “burrito” kabi soʻzlar adabiy til va ommaviy axborot vositalarida keng qo‘llanadi. AQShda XX asrning oxiri – XXI asr boshlarida yapon mahsulotlarining ommalashishi natijasida koʻplab yaponcha soʻz va atamalar to‘g‘ridan to‘g‘ri Amerika ingliz tiliga o‘tdi, ularning ba’zilarigina ingliz tovush tizimiga moslashtirilgan [Mair, 2024]. Hozirgi kunda yapon tilidan oʻzlashgan 1 Oxford English Dictionary. https://www.oed.com/?tl=true; – P. 231; https://ru.wikipedia.org/wiki/Английский язык (foydalanish vaqti: 14.07.2025)
12 “anime”, “manga”, “karaoke” soʻzlari kundalik nutq va adabiy tilning bir qismiga aylangan [Schultz, 2025]. Niderlandiyada ham tilni qat’iy tartibga soladigan muassasa yo‘q, leksikaning oʻz holicha rivojlanishiga qoʻyib beriladi. Yoshlar va ommaviy axborot vositalari inglizcha so‘zlarni faol qo‘llaydi, bu so‘zlar adabiy tilga ham kiradi. “Weekend”, “baby”, “manager” kabi inglizcha so‘zlar adabiy va kundalik nutqda keng tarqalgan [Иванова, 2021; 2022]. Xorijiy soʻz va atamalarga liberal yondashuvga tilni qat’iy nazorat qiluvchi tashkilotning yo‘qligidan tashqari Niderlandiyaning xalqaro savdo, texnologiya va madaniyat markazida joylashgani, bu madaniyatning boshqa madaniyatlarga ochiqligi, xalqaro muloqotda qulaylikka intilishi kabilar sabab boʻladi. Bir qarashda demokratikdek tuyulgan mazkur yoʻl milliy so‘zlarning anchamunchasini siqib chiqaradi, milliy-madaniy o‘zlikka putur yetkazadi. Til siyosatida haddan ortiq liberallik noadabiy soʻz va iboralarning rasmiy nutqda qoʻllanishiga yoʻl ochadi. Masalan, AQSh, Kanadadagi ayrim siyosatchilar va jurnalistlar nutqida yoki hatto sud qarorlarida xalqqa yaqin ekanlikni bildirish uchun sleng va jargonlar koʻp uchraydi. S.Poʻlatova, N.Nurmuhammedovalarning qayd etishicha, mazkur davlatlar rahbarlari “folks”, “gonna”, “wanna” kabi norasmiy so‘zlardan foydalanadi [Pulatova, Nurmukhammedova, 2025: 269-274]. Ayrim davlatlar til siyosatida moʻtadil, oʻrta yoʻlni tanlaydi. Masalan, Germaniya til siyosatida qisman puristik, qisman pragmatik yoʻl tutiladi. Bu inglizcha atamalarni adabiy tilga qabul qilishda sezilarli erkinlik mavjudligida, texnologiya va biznes yuritishda yaqqol ko‘rinadi. “Denglisch” (Deutsch + English) ataladigan nutq shakli ham bejiz shakllanmagan, unda inglizcha so‘zlar nemis tiliga asosan aynan, qisman moslashtirib qabul qilinadi. Bu hodisa so‘z (downloaden – yuklash, jobben – ishlamoq), ibora yoki jumla (Let’s treffen uns heute Abend! (Let’s (inglizcha) + treffen uns (nemischa) darajasida uchraydi. Reklama matnlari (Just be you!, Think big – shop smart!), biznes (Meeting, Brainstorming, Outsourcing, Feedback kabi soʻzlar), AT (Software installieren, einloggen, backup machen kabi aralash iboralar) sohalarida, yoshlar nutqida “Denglisch”dan faol foydalaniladi. “Denglisch”ni ma’qullovchilar texnik-texnologik tushunchalarni aniq ifodalashi, xalqaro til sifatida ingliz tilining ta’siri muqarrarligini sabab qilib koʻrsatadilar. “Denglisch” nemis tilini buzishi, sofligini yo‘qotishi, yoshi katta nemislar yoki ingliz tilini bilmaydiganlar uchun tushunarsizligi, aksar nemischa soʻzlarni tildan siqib chiqarayotganligi sababli uni ma’qullamaydiganlar, “Denglisch” nemis tilini mensimaslik oqibati deb biladiganlar ham koʻp [Тиляходжаева, 2024: 140-143; Abubakirova, 2020: 40-42; Cantarini, 2023: 2-18]. Liberal til siyosati vakolatli tashkilotlar tomonidan til me’yorlarining erkinlashuvini salbiy tendensiya deb qabul qilinmay qoʻyishi sharoitida shakllanadi.
13 Jamiyatda ijtimoiy-madaniy turgʻunlik, iqtisodiy-siyosiy stagnatsiya yuz berishi sharoitida, siyosiy beqarorlik va ziddiyatlar avj olganda til ikkinchi darajali masalaga aylanadi, vakolatli tashkilotlarning e’tibori real xavfni bartaraf qilishga qaratiladi. Masalan, Suriyada 2011-yildan boshlangan fuqarolar urushi, ijtimoiy-iqtisodiy resurslar taqchilligi sharoitida kurd va boshqa etnik ozchilik tillari oʻz holiga tashlab qoʻyildi. Endi tilning qaysi yashash shaklini birlamchi rivojlantirish belgilab olinishi kerak. L.Nikolskiy toʻgʻri qayd qilganidek, dastlab “kundalik hayotda faol qo‘llanadigan, ya’ni ommaviy va barqaror ijtimoiy-professional vazifada amal qilayotgan til shaklini rivojlantirib olish lozim boʻlar. Aksincha, cheklangan ijtimoiy guruhlar ishlatadigan, istiqboli noaniq til yashash shakllarini rivojlantirishga vaqti yetganda e’tibor qaratilar” [Никольский, 1968: 116]. Xullas, liberal til siyosati – davlatning til hayotiga minimal aralashishi bilan belgilanadigan yoʻli va bunday munosabatning shakllanishi fuqarolarning shaxsiy huquqlariga daxl qilmaslik istagi bilan ham bogʻliq. Xorijiy soʻz va atamalarning qabul qilinishini xavf sifatida koʻrmaslik, tilni rasmiy qoʻllash bilan bogʻliq tajribalarni qoʻllab-quvvatlash, xorijiy atamalar va grammatik konstruksiyalarni oʻzlashtirish til standartiga putur yetkazmaydi deb bilishdek harakatlar til liberalizmini namoyon etadi. Liberal til siyosatining tilni oldinga siljitish, tilning yangi ifoda imkoniyatlarini yuzaga chiqarishdek ijobiy tomonlari bor, buni inkor etib boʻlmaydi, ammo til sofligini saqlash, xalq oʻrgangan an’analardan chetga chiqish, tilda me’yor tushunchasining muallaqlashishi kabi xavflar ham borki, ular til masalasini oʻziboʻlarchilikka tashlab qoʻymaslik zarurligini koʻrsatadi. Til liberalizmini lisoniy boshboshdoqlikka aylantirib yubormaslik madaniyatlararo chegaralar nisbiylashgan ayni zamonda har qachongidan dolzarb. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Aubakirova A., Tusupova G., Ustelimova N. Экстралингвистические особенности применения Denglish в языке немецкой рекламы // Eurasian Union Scientists, 2020. №4. 2. Cantarini S. Anglicisms in German – An Overview with Reference to the Neologismenwörterbuch in the Online-Wortschatz-Informations system. Neophilologica, 2023. T. 35. 3. Иванова Е.В. Языковая политика в Нидерландах // Скандинавская филология, 2021. 1. Dutch Language and Its Openness to Loanwords // Journal of Germanic Linguistics, 2022. 2. 4. Lewis M.W. Afghanistan’s Language Policies and the Cartographic Marginalization of Persian (Farsi) / https://www.geocurrents.info/blog/2023/08/22/ afghanistans-languagepolicies-and-the-cartographic-marginalization-of-persian-farsi/ (foydalanish vaqti: 15.07.25) 3. Mair V. Japanese borrowings and reborrowings / https://languagelog.ldc. upenn.edu/nll/?p=63580. 4. Назаров Қ. ва бошқалар. Фалсафа: қомусий луғат. (тузувчи ва масъул муҳаррир Қ. Назаров) – Тошкент: “Шарқ” нашриёт-матбаа акциядорлик компанияси бош таҳририяти, 2004. 5. Никольский Л.Б. Языковая политика как форма сознательного воздействия общества на языковое развитие // Язык и общество. – М.: Наука, 1968.
14 6. Pulatova S., Nurmukhammedova N. Using jargons and slangs in formal speech process (on example program of tv, meeting) // Всемирный научный исследовательский журнал, 2025. №1. 7. Theodor A. Afghanistan: Taliban Forced Rift Between Country's Two Main Languages / https://www.rferl.org/a/1098593.html (foydalanish vaqti: 15.07.25) 8. Тиляходжаева Ф. Слияние английских слов с немецкими в современных немецкоязычных текстах // Eurasian Journal of Academic Research, 2024. 9. Shahab. The Taliban and the Language That Suffers in Its Rooted Origin Land / https://8am.media/eng/the-taliban-and-the-language-that-suffers-in-its-rooted-origin-land/ (foydalanish vaqti: 15.07.2025) 10. Schultz J. The Impact of Japanese on the English Lexicon Since 1900 // ԼԵԶՎԱԲԱՆՈՒԹՅՈՒՆ, 2017.