O'ZBEKISTONDA DAVLAT TILI RIVOJINING MUHIM MASALALARI
Full text
15 O‘ZBEKISTONDA DAVLAT TILI RIVOJINING MUHIM MASALALARI Shuhrat KO‘CHIMOV Toshkent davlat yuridik universiteti filologiya fanlari doktori, professor DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488561 Annotatsiya. Mazkur maqolada O‘zbekistonda davlat tili rivoji bilan bog‘liq eng muhim masalalar tahlil qilinadi. Jumladan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda olib borilayotgan til siyosati, uning huquqiy asoslari, davlat tilini hayotga joriy etish yuzasidan yaratilgan yangi tizim va mexanizmlari tadqiq etiladi. Bu sohadagi xorijiy tajribalar o‘rganilib, ularni O‘zbekiston davlati va jamiyati faoliyatiga joriy etish yuzasidan taklif va tavsiyalar beriladi. Kalit so‘zlar: Til siyosati, davlat tili, o‘zbek tili, huquqshunoslik, tilshunoslik, yuridik terminologiya, yuridik lingvistika. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi o‘z taraqqiyot davrining yangi renessans davriga qadam qo‘ydi. O‘zbek davlatchiligi o‘zining uzoq yillik tajribalari asosida qaytadan rivojlantirilib, yangi O‘zbekiston barpo etilmoqda. Ma’lumki, millatning eng muhim ma’naviy qadriyatlaridan biri – bu uning milliy tili hisoblanadi. Shu bois O‘zbekistonda ijtimoiy hayotning barcha sohalaridagi singari – o‘zbek tilini milliy rivojlantirish, ayniqsa, uni davlat tili sifatida yanada yuksaltirish yuzasidan katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu ishlarni quyidagi quidagi ikki turga ajratish mumkin: Birinchidan, o‘zbek tilini davlat tili va xalqaro til sifatida rivojlantirishning quyidagi huquqiy asoslari ishlab chiqildi. Jumladan: - “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi (2020yil 10-aprel). Unga ko‘ra, mamlakatimizda har yilning 21-oktyabr kuni O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning 2020-yil 20-oktyabrdagi PF–6084-sonli “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni ona tilimiz – o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi rivoji uchun tom ma’nodagi yangi davrni boshlab berdi hamda uning yaqin kelajakda rivojlanish tendensiyasini belgiladi. Mazkur Farmonga asosan 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining davlat tilini rivojlantirish yuzasidan 20 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlari qabul qilindi. Ikkinchidan, o‘zbek tilini davlat tili sifatida rivojlantirish uchun O‘zbekistonda so‘nggi yillarda butunlay yangi noyob yangi tizim joriy etildi. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida “Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti” tashkil etildi. O‘zbekistondagi har bir vazirlik va idoralarda rahbarning davlat tili bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi.
16 O‘zbek tilini targ‘ib qilish hamda o‘zbek tilshunosligi sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qoshida “O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi” tashkil etildi. Mamlakatimizda davlat tilini hayotga to‘la joriy etishning mazkur yangi tashkiliy tuzilmasi nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda o‘ziga xos original tizim hisoblanadi. Umuman olganda, O‘zbekistonda davlat tilini hayotga to‘la joriy etish, uning samaradorligini oshirishning yangi bir tizimi joriy etildi. Uning huquqiy asoslari yaratildi, tarkibiy tuzilmalari tashkil etildi, uni amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqildi. Xo‘sh, nima uchun O‘zbekistonda o‘zbek tilini umumqadriyat darajasiga ko‘tarish, davlat tili sifatida yanada rivojlantirish, uning xalqaro til sifatidagi mavqeini oshirish yuzasidan juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu, birinchidan, xalqimizning xohish-irodasi shuni taqazo etmoqda. Ikkinchidan, bugungi kunda jahonda dunyo tillari fonida murakkab jarayonlar kechmoqda. Hozirda yer yuzi aholisi 8 mlrddan oshmoqda.Ular 7000 mingta tilda muloqot qilishmoqda. Bugun dunyo olimlarini: “kelayotgan 100 yilda, ya’ni XXI asrning oxiriga qadar yuqoridagi 7000 ta tilning taqdiri nima bo‘ladi? Ularni barchasi yashab qoladimi?” degan savol tashvishga solmoqda. Bu masalaning nihoyatda muhimligini hisobga olib BMT ham alohida e’tibor qaratmoqda. YUNESKO ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi paytda yer yuzida 7000 atrofida til mavjud. YUNESKO 2001-yildan nafaqat madaniy yodgorlik va binolar, balki xalqlarning og‘zaki va nomoddiy merosini (shu jumladan, tillarni ham) dunyo bo‘yicha himoya qilishga kirishdi. Ularni saqlab qolish va hukumat rahbarlari hamda keng jamoatchilikning e’tiborini qaratish maqsadida yo‘qolib borayotgan dunyo tillarining qizil kitobi va quyidagi xaritasini tuzdi.
17 Xaritada qora rangda o‘lik tillar, qizil rangda o‘lim arafasidagi tillar, sariq rangda o‘lishi mumkin bo‘lgan tillar berilgan. Unga ko‘ra, XXI asrning oxiriga qadar shu tillardan 2500 tasi yo‘q bo‘lib ketadi. Oddiy til bilan aytganda, hozirgi paytdagi mavjud tillarining 40-45 foizi yo‘qolib ketadi. Aniqrog‘i, har ikki haftada bitta til o‘lik tilga aylanmoqda. Bu dunyoning har bir qit’asiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, Rossiyada 136 ta, Markaziy Osiyoda 14 ta til shu ro‘yxatga kiritilgan. Yuqorida ta’kidlangan 7000 ga yaqin til huquqiy maqomi, jahon maydonida tutgan o‘rni, qo‘llanish doirasiga ko‘ra quyidagi uch toifaga bo‘linadi: 1. Xalqaro tillar (6 ta – fransuz, ingliz, ispan, rus, arab, xitoy tillari); 2. Davlat tili (200 ta atrofida – jumladan, o‘zbek, qozoq, nemis va boshqa tillar); 3. Mahalliy tillar (5800 ta atrofida – xalqaro va davlat tili maqomiga ega bo‘lmagan boshqa tillar). YUNESKO tomonidan yo‘qolishi mumkin bo‘lgan tillar asosan mahalliy tillarga to‘g‘ri keladi. Chunki bunday tillarning aksariyatida mayda milliy etnik guruhlargina muloqot qilishadi, davlat va jamiyat faoliyatida, ta’lim jarayonida deyarli qo‘llanmaydi, yoshlar bu tilni bilishmaydi, qariyalar gaplashadi, xolos. Keyinchalik shu yoshi katta kishilar olamdan o‘tganidan so‘ng bu til ham o‘lik tilga aylanadi. Tilning yo‘qolishi esa, o‘z navbatida, millatning o‘lishi demakdir. Shu bois har bir xalq o‘z ona tilining yuqori pog‘onalarga ko‘tarilishini istaydi. Agar mahalliy tillar darajasida qo‘llanayotgan bo‘lsa, davlat tili maqomini olishini, modomiki, davlat tili maqomiga ega bo‘lsa, uni xalqaro darajaga ko‘tarishga harakat qiladi, kerak bo‘lsa bu yo‘lda kurashadi.
18 Endigi vazifa davlat xizmatchilarining kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, xalq bilan muloqotning samarali mexanizmlarini joriy etish; jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish, jismonan sog‘lom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega, davlat tilini mukammal biladigan yoshlarni tarbiyalashdir. Bunda, ayniqsa, maktab ta’limiga alohida e’tibor qaratish kerak. Bu sohada bugungi kunda ayrim holatlarda ota-onalar tomonidan noo‘rin harakatlar ham sodir etilmoqda. Jumladan, 1 sinfga borayotgan bolaning, rus tilini bilishi va bilmasligidan qat’i nazar, uni rus sinflariga berishga harakat qilishadi. Endi yangi ijtimoiy muhitga qadam qo‘yayotgan bola uchun ta’lim olish tilini bilmaslik juda katta ruhiy zarba bo‘ladi. Chunki u endi yangi muhitga moslashsinmi yoki til o‘rgansinmi? Tilni o‘rgangan taqdirda ham u o‘z ona tilida tafakur yuritadi. Shuning uchun bunday holatlar bolalarda depressiya holatini keltirib chiqaradi. Shu bois ota-onalar, albatta, bunday holatlarni hisobga olishlari zarur. O‘zbek tilini jamiyat faoliyatining har bir sohasida to‘la qo‘llashga erishishimiz kerak. Ayniqsa, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, yurisprudensiya, diplomatiya va harbiy ish kabi sohalarda o‘zbek tilining mavqeini yanada oshirishni bugun hayotning o‘zi taqozo etyapti. Mustaqillik davrida “Davlat tili haqida”gi qonun talablaridan kelib chiqqan holda ma’muriy devonxona hujjatlari uslubi ancha rivojlandi. Uning mamlakat va jamiyat faoliyatidagi mavqeyi, o‘rni va roli ortdi. Mamlakatimizdagi deyarli barcha muassasalarda ma’muriy devonxona hujjatlari davlat tilida yuritilmoqda. Tilshunos olimlarimiz tomonidan bunday hujjat turlarini ishlab chiqishga oid bir qancha amaliy qo‘llanma, risola va lug‘atlar tayyorlanib nashr etildi. Natijada ma’muriy devonxona hujjatlarining uslubi ham ancha takomillashdi, ilgari rus tilining grammatik qoidalari asosida shakllangan, o‘zbek tilining grammatik qoidalariga mos kelmaydigan “Berildi ushbu spraka shul haqdakim” singari grammatik birikmalardan voz kechildi. Bugungi kunda sof o‘zbekona uslub shakllanib bormoqda. Shu bilan birga uning lug‘aviy birliklari ham ancha boyidi. Rus tilidan noo‘rin o‘zlashgan avtobiografiya, spravka, shtraf, sekretar, gonorar singari so‘zlar tarjimayi hol, ma’lumotnoma, jarima, kotib, qalam haqi singari so‘zlar bilan almashdi. Bu o‘rinda shuni alohida ta’kidlash lozimki, hatto azaldan milliy-tarixiy, etnik qadriyatlarimizga oid ayrim so‘zlar, jumladan, vazir, vazirlik, hokim, hokimlik, mahkama kabi so‘zlar ma’muriy devonxona hujjatlari uslubini yanada boyitdi. Shu bilan birga atamashunosligimizda ayrim muammolar ham saqlanib qolmoqda. Jumladan: испольнительная власть – ijro hokimiyati, ijro etish
19 hokimiyati, ijro etuvchi hokimiyat; показание – ko‘rsatuv, ko‘rsatma, ko‘rgazma, ko‘rgazuv, guvohlik, so‘roq berish; умышленно – bilib turib, bila turib, bilgan holda, qasddan; уголовное дело – jinoyat ishi, jinoiy ish kabilar. Bundan tashqari, hozirgi yuridik terminologiyamizda shakl va mazmunning o‘zaro bir-biriga mos kelmaslik holatlari ham keng kuzatilmoqda. Masalan, Sirdaryo viloyati hokimiyati (aslida “Sirdaryo viloyati hokimligi” tarzida ishlatilishi kerak). O‘zbek yuridik terminlaridagi bunday muammolar amaliyotda ijro jarayoniga ham ma’lum ma’noda salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Eng yomoni – normativ-huquqiy hujjatlarning turli mazmunda tushunilishiga, oqibatda, ularning bajarilmay qolishiga sabab bo‘lmoqda. Umuman olganda, mustaqillik davrida O‘zbekiston til siyosatida mamlakatimizda yashovchi barcha xalqlarning millatlararo totuvligiga, bir-birini o‘zaro tushunishiga erishdik. Har bir millat o‘z ona tiliga davlat tomonidan g‘amxo‘rlik qilinayotganiga qat’iy amin bo‘ldi.