scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK TILINING DAVLAT TILI SIFATIDAGI TARAQQIYOTI

Xurshida NISHONOVA

Full text

20 O‘ZBEK TILINING DAVLAT TILI SIFATIDAGI TARAQQIYOTI Xurshida NISHONOVA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institute tayanch doktorant [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488565 Annotatsiya. Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasining davlat tili sifatida o‘zbek tilining taraqqiyoti va uning jamiyatdagi o‘rni tahlil qilinadi. Til siyosatidagi so‘nggi yutuqlar, qonunchilik bazasi, ta’lim tizimidagi davlat tilining o‘rni, ilmiy va texnik terminologiyaning rivojlanishi hamda tilning zamonaviy texnologiyalar bilan integratsiyasi muhokama qilinadi. Maqolada o‘zbek tilining rivojlanishida duch kelayotgan muammolar va ularni hal etish yo‘llari, shuningdek, milliy tilni rivojlantirish uchun amaliy tavsiyalar keltirilgan. Kalit so‘zlar: O‘zbek tili, davlat tili, til siyosati, terminologiya, ta’lim, tilning rivojlanishi, til integratsiyasi. O‘zbek tili qadim zamonlardan buyon Markaziy Osiyoda yashagan xalqlarning asosiy muloqot vositasi bo‘lib kelgan. Uning ildizlari qadimgi turkiy tillarga borib taqaladi. Shu til asosida yuzaga kelgan yozma adabiyot va ilmiy meros butun insoniyat sivilizatsiyasi tarixida muhim o‘rin tutadi. Jumladan, Alisher Navoiy o‘zining mashhur “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida o‘zbek tilining forsiy til bilan teng, ba’zan esa ustun jihatlarini tahlil qilib, bu tilning ifoda imkoniyatlari nihoyatda boy ekanini isbotlab bergan. Sovet davrida o‘zbek tilining mavqeyi sun’iy ravishda pasaytirilgan, ayniqsa rasmiy idoralarda va ilm-fan sohasida rus tili ustuvorlikka ega bo‘lgan. [Karimov, 2008: 23] Bu holat xalqning o‘z ona tilida erkin fikr yuritish va ijod qilish imkoniyatlarini cheklagan. Shuningdek, yozuv tizimining bir necha marta almashtirilishi – arab alifbosidan lotinga, keyinchalik kirillga o‘tish – o‘zbek tilining izchil rivojlanishiga to‘sqinlik qilgan. [Usmonov, 2005: 12] Shunga qaramay, til xalq orasida o‘z hayotiy kuchini saqlab qoldi. Xalq og‘zaki ijodi, maqollar, ertaklar va dostonlar orqali tilning so‘z boyligi, obrazlilik imkoniyatlari va madaniy qatlamlari davom ettirildi. [To‘xtasinov, 2011: 79] Til avloddan-avlodga og‘zaki va yozma shaklda o‘tib, o‘z o‘rnini saqlab qoldi. Tarixiy burilish esa 1989-yil 21-oktabrda yuz berdi. Shu kuni “O‘zbekiston SSRda Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat maqomi berildi. (O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi, 1989: 5) Bu hujjat o‘zbek tilining jamiyat hayotidagi nufuzi va qonuniy asoslarini mustahkamlab berdi. Ushbu qonunning qabul qilinishi milliy tiklanish, siyosiy mustaqillik va madaniy erkinlik yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. [Rasulov, 1999: 45] O‘zbek tilining davlat tili maqomi 1989-yilda qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi Qonun asosida rasmiylashtirildi. Ushbu qonun davlat organlari, ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari, sud-huquq tizimi va boshqa sohalarda 21 o‘zbek tilining rasmiy til sifatida qo‘llanishini belgilab berdi. Ammo qonunning qabul qilinishi bilan tilning jamiyatdagi mavqeyi birdaniga o‘zgarmadi, chunki uzoq yillar davomida shakllangan ijtimoiy-siyosiy mafkura til masalasini ikkinchi darajali deb hisoblab kelgan. [Rasulov, 2005: 123] Shu boisdan 1989-yildan boshlab tilning davlat til sifatida amaliy hayotga tatbiq etilishi uchun bosqichma-bosqich islohotlar talab qilindi. 1991-yilda O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, o‘zbek tilining jamiyatdagi mavqeyini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochildi. Mustaqillik yillarida til siyosatiga oid ko‘plab qonunlar, farmonlar va qarorlar qabul qilindi. Xususan, 1995 va 2019-yillarda “Davlat tili haqida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar hamda 2019-yil 21-oktabrdagi Prezident farmoni o‘zbek tilining davlat til sifatidagi nufuzini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. [O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 2019: 5] Farmon asosida davlat organlarida hujjatlarni to‘liq o‘zbek tilida yuritish, xodimlarning davlat tilini bilish darajasini aniqlovchi attestatsiya tizimini joriy etish, ta’lim muassasalarida o‘zbek tilining sifatini oshirish kabi kompleks chora-tadbirlar amalga oshirila boshlandi. Shu bilan birga, o‘zbek tilining ilm-fan, axborot texnologiyalari, tibbiyot, yurisprudentsiya kabi sohalarga moslashgan lug‘aviy bazasini shakllantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Xalqaro miqyosda ham o‘zbek tilini targ‘ib qilish maqsadida xorijdagi elchixonalar huzurida “O‘zbek tili markazlari” tashkil etildi. Bu markazlar tilni o‘rgatish va madaniy aloqalarni rivojlantirish orqali o‘zbek tilining global maydondagi mavqeyini oshirishga xizmat qilmoqda. [Abdullayev, 2020: 37] Texnologik taraqqiyot sharoitida o‘zbek tilining raqamli muhitda rivojlanishi uchun ham katta ishlar qilinmoqda. “O‘zbek tilining milliy korpusi”, “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”, “Saytlar uchun imlo tekshiruv modullari” kabi loyihalar tilni zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. [Mirzayev, 2022: 52] Shu bilan birga, o‘zbek tilining rivojlanishi faqat huquqiy normalar bilan cheklanmaydi. Bu jarayon butun jamiyatning ongli harakati, tilga bo‘lgan hurmat va sevgi orqali amalga oshadi. Til kundalik muloqotdan tashqari ilmiy, texnik, iqtisodiy va tibbiy sohalarda ham keng qo‘llanilishi zarur. Til – bu nafaqat aloqa vositasi, balki mafkura, tafakkur va bilim uzatishning asosi hisoblanadi. Shu sababli o‘zbek tilining taraqqiyoti mamlakatning umumiy rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liqdir. [Islomov, 2018: 92] Bugungi kunga kelib, o‘zbek tili nafaqat milliy, balki mintaqaviy va global miqyosda o‘z o‘rnini topishga intilayotgan til sifatida namoyon bo‘lmoqda. Tilni rivojlantirish borasidagi davlat siyosati yildan-yilga takomillashib, zamonaviy 22 talablar asosida yangilanmoqda. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar asrida tilning zamonaviy kommunikatsiya vositalariga moslashuvi dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Bu esa tilni raqamli infratuzilmalarga integratsiya qilish, uni sun’iy intellekt, dasturiy ta’minot va global axborot tarmoqlarida faol ishtirok etishini ta’minlash zaruratini yuzaga keltiradi. 2020-yildan buyon olib borilayotgan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirish” dasturlari doirasida ko‘plab muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘zbek tilining milliy korpusining yaratilishi tilshunoslik tarixidagi muhim voqealardan biridir. Bu korpus tilning zamonaviy leksik, grammatik va stilistik holatini aniqlash, ilmiy izlanishlar olib borish hamda interaktiv ta’lim resurslarini yaratishda asosiy manbaga aylanishi mumkin. Bunday tashabbuslar tilni chuqur o‘rganish, standartlashtirish va zamonaviylashtirish yo‘lida xizmat qilmoqda. [Rasulov, 2021: 49] Tilning texnologik muhitda faol ishtiroki haqida gapirganda, o‘zbek tilining sun’iy intellekt tizimlariga integratsiyalashuvi muhim masalalardan biridir. Ovozli buyruqlarni tanish, avtomatik tarjima, matnlarni tahlil qilish, chatbotlar yaratish kabi xizmatlar o‘zbek tilining AyTi sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bu yo‘nalishda milliy va xalqaro kompaniyalar bilan hamkorliklar yo‘lga qo‘yilmoqda. [Saidova, 2022: 65] Shunga qaramay, o‘zbek tilining rivojlanishida hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar ham mavjud. Jumladan, rasmiy idoralarda davlat tilida hujjat yuritish madaniyatining sustligi, terminologik baza to‘liq shakllanmaganligi, ta’lim tizimida o‘zbek tilini sifatli o‘qitishda kamchiliklar, yoshlar orasida ona tiliga befarqlik va rus yoki ingliz tilining ustunligi kabi holatlar mavjud. [Abdukarimov, 2019:45] Bu omillar tilni amalda rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda. Tilni rivojlantirish faqat tilshunos olimlar yoki davlat organlarining zimmasidagi vazifa emas, balki butun jamiyatning umumxalq masalasidir. Har bir fuqaro tilning rivojiga, uning mavqeyini oshirishga hissa qo‘shishi shart. Buning uchun tilga hurmat, iftixor va ehtiyoj hissini shakllantirish muhimdir. Ayniqsa, ta’lim tizimida o‘zbek tiliga yondashuv tubdan o‘zgartirilishi lozim. O‘zbek tili faqat adabiyot yoki tarix darsi emas, balki fan, texnika, informatika, huquq va tibbiyot kabi sohalarda ham asosiy o‘quv tili sifatida qaralishi kerak. Bu esa zamonaviy darsliklar, terminologik lug‘atlar, ilmiy maqolalar va metodik qo‘llanmalar yaratishni talab qiladi. Yosh avlodda ona tiliga mehr uyg‘otish uchun ularning qiziqishlariga mos interaktiv ta’lim vositalari, multimedia platformalari va mobil ilovalar ishlab chiqish zarur. Masalan, ona tilini o‘rgatishga ixtisoslashgan o‘yinlar, viktorinalar, til 23 o‘rgatuvchi botlar orqali yoshlarni ona tiliga qiziqtirish mumkin. Tilni saqlashning asosiy omili uning amaliyotda faol qo‘llanilishidir [Abdullayev, 2020: 37]. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, ona tiliga alohida e’tibor bildirgan va til siyosatini milliy xavfsizlikka bog‘lagan davlatlar o‘z tillarini muvaffaqiyatli himoya qilib, rivojlantirishga erishgan. [Saidova, 2022: 60] Masalan, Fransiyada fransuz tilini muhofaza qilish uchun maxsus huquqiy normalar mavjud. Kanada ikki tillilik siyosatini davlat darajasida olib boradi, Janubiy Koreya va Yaponiya esa tilni texnologik jihatdan zamon bilan uyg‘unlashtirishga katta sarmoya kiritganlar. [Abdullayev, 2020: 34] O‘zbekiston ham mustaqillikdan so‘ng o‘ziga xos yo‘lni belgilab oldi, ammo til mavqeyini kuchaytirish barqaror natijalar uchun uzoq muddatli va tizimli yondashuvni talab etadi. [Rasulov, 2021: 47] Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek tilining davlat tili sifatida rivojlanishi – tarixiy zarurat, siyosiy iroda va madaniy uyg‘onish natijasidir. Tilning qadimiy ildizlari, boy leksik zahirasi va ma’naviy merosi uni boshqa ko‘plab tillardan ajratib turadi, lekin bu merosni asrab-avaylash – har bir fuqaroning ma’naviy vazifasidir. [Abdukarimov, 2019: 45] Tilni saqlash va rivojlantirish orqali milliy o‘zlik, madaniyat va tarix ham himoyalanadi. [Ismoilov, 2021: 110] O‘zbekiston tilining xalqaro maydondagi imijini oshirish masalasi ham muhimdir. Xorijdagi elchixonalar, madaniy markazlar va ta’lim muassasalari orqali “O‘zbek tili va madaniyati” markazlari tashkil etilmoqda. Bu markazlar tilni o‘rgatish va madaniyatni targ‘ib qilish orqali mamlakatning ijtimoiy-siyosiy imidjini boyitadi. [Abdullayev, 2020: 36] Bunda ta’lim sohasining roli beqiyos: xorijlik talabalar uchun mo‘ljallangan kurslar va oliy o‘quv yurtlaridagi o‘quv modullari madaniy va ilmiy almashuvlarni kuchaytiradi. Tilimizning yutuqlari bilan birga ba’zi kamchiliklari ham ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, Ilm-fan va texnika sohalarida muammolar mavjud. Ko‘plab ilmiy-texnik atamalar tarixan rus tilidan kirib kelgan va ularni o‘zbekcha ekvivalentlarga aylantirish hamon davom etmoqda, shu sababli ilmiy terminologiyani mustahkamlash, darslik va ixtisoslashgan lug‘atlarni yaratish ustuvor vazifadir. [Ismoilov, 2021: 116; Abdukarimov, 2019: 47] Mustaqillikdan so‘ng o‘zbek tilida ilmiy nashrlar va darsliklar soni oshdi, ammo terminologiya va metodik baza to‘liq shakllanmagani sababli ishlar davom ettirilishi lozim. [Abdukarimov, 2019: 47] Kelajak istiqbollari jihatidan o‘zbek tilini raqamli muhitga integratsiyalash ustuvorligi ko‘zga tashlanadi. Bugungi kunda tillar uchun avtomatik tanish, matnni qayta ishlash, onlayn o‘quv platformalari va elektron kutubxonalar yaratilmoqda. [smoilov, 2022: 46] Bu yoshlar orasida tilning ommalashuvi va undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Tilni rivojlantirish davlat, nodavlat tashkilotlar, ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va jamoatchilikning birgalikdagi harakatini talab 24 qiladi. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda sifatli, zamonaviy o‘zbekcha kontent yaratish – til taraqqiyotining muhim jihatlaridan biridir. Xulosa qilib aytganda, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi barqaror rivoji qattiq qonuniy bazaga, tizimli ilmiy ishga, texnologik moslashuvga va xalqaro hamkorlikka bog‘liqdir. Tilga munosabatni jamiyat darajasida o‘zgartirish, uni hurmat qilish va amalda qo‘llash orqali til o‘z haqiqiy davlat tili maqomini mustahkamlaydi va milliy birdamlik hamda ma’naviy uyg‘onishga poydevor yaratadi. Foydalanilgan adabiyotlarati: 1. Abdullayev M. O‘zbek tilining xorijdagi targ‘iboti. Toshkent: Madaniyat nashriyoti, 2020. 34-40-betlar. 2. Abdukarimov J. O‘zbek tilining hozirgi kundagi muammolari. Toshkent: Tilshunoslik nashriyoti, 2019. 45-49-betlar. 3. Islomov D. Til va milliy taraqqiyot. Toshkent: Fan, 2018. 92-100-betlar. 4. Karimov I. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. Toshkent: O‘zbekiston, 2008. 22-30betlar. 5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni. O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirishga doir chora-tadbirlar. Toshkent, 2019. 3-9-betlar. 6. O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi. O‘zbekiston SSRning Davlat tili haqidagi Qonun. Toshkent, 1989. 3-7-betlar. 7. Rasulov B. Milliy korpus yaratish va tilshunoslik. Toshkent: Ilmiy nashrlar, 2021. 45-52betlar. 8. Rasulov B. Til siyosati va milliy o‘zlik. – Toshkent: Ma’naviyat, 1999. 45-50-betlar. 9. Saidova N. Sun’iy intellekt va o‘zbek tili. – Toshkent: Texnologiya nashriyoti, 2022. 60-65betlar. 10. To‘xtasinov. O‘zbek tili va xalq og‘zaki ijodi. – Samarqand: Ilm ziyo, 2011. 75-89-betlar. 11. Tursunov J. Davlat tilining amaliyoti va rivojlanishi. – Toshkent: Ilm-fan, 2021. 78-85betlar. 12. Usmonov Z. O‘zbek yozuvi tarixi. – Toshkent: Universitet nashriyoti, 2005. 10-18-betlar.